Yaqinda Nakurtga bordim…

Nakurt qishlog'ini eshitmagan odam kam bo'lsa kerak. Chunki uning go'zal tabiati, oliyjanob va mard insonlari haqida ko'p­lab yozilgan. O'zbekning taniqli shoiri Azim Suyun ham ana shu qishloqda tavallud topgan edi. Rahmatli Azim aka ona qish­log'ining yanada go'zal, obod, yo'li ravon bo'lishini doim orzu qilardi. Buning uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qilishga harakat qilardi. Chunonchi, o'tgan asrning 90-yillarida Nakurt qishlog'iga boradigan yo'lni ta'mirlash, bir qismiga asfalt yotqizish yuzasidan soha mutasaddilariga bir necha bor murojaat qilganiga shaxsan guvoh bo'lganmiz. Ammo 18 km. uzunlikdagi qishloq yo'lini ta'mirlash va asfalt yotqizish ishlari bir boshlanardi-yu, o'lda-jo'lda qolib ketaverar edi.

Shubhasizki, yo'l hamisha juda muhim ahamiyatga ega. Yo'li abgor manzilga mehmon ham og'rinib boradi. Lekin o'tgan yillar davomida bu tabiati betakror, odamlari sodda va samimiy qishloqqa qanchadan-qancha taniqli, mashhur kishilar qadam ranjida qilmagan deysiz.

Yaqinda do'stlar bilan diydorlashish maqsadida Nakurtga bordim. Marjonbuloq – Zarmitan yo'lidan qishloq tomon burilar ekanman, yangi asfalt yotqizilgan, kaftdek tekis, oynaday ravon yo'lni ko'rib ko'nglim yorishib ketdi.

Ma'lum bo'lishicha, yo'lsozlarning nazari nihoyat Nakurtga ham yetib kelibdi. Samarqand viloyati hokimining farmoyishiga ko'ra, byudjetdan 1 milliard 400 million so'm mablag' ajratilibdi. Payariq tuman yo'l qurilish-ta'mirlash idorasi jamoasi esa juda uzoq kutilgan ishni juda   qisqa muddatda amalga oshirib, Nakurt yo'lini to'liq ta'mirdan chiqaribdi.

Norbobo ShAKAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + 9 =