Yangi O'zbekistonning yorug' odimlari
Kuni kecha televidinieda bir ko'rsatuv namoyish etilayotgan ekan. Jurnalistlar poytaxtimizning markaziy ko'chalaridan birida shundoq “Tashkent city” ro'parasidan turib yurtdoshlarimizdan intervyular olishmoqda edi.
Hozir gap o'sha ko'rsatuv haqida emas, aksincha, teleekranda namoyish etilayotgan tasvirlar xususida. Ochig'i, g'ururlanib ketdim. Chunki poytaxtimizda qisqa vaqtlar ichida shunday ko'rkam binolar qad rostladiki, xuddi dunyoning eng katta shaharlari qiyofasi aks etib turibdi: salobatli, baland va go'zal inshootlar katta ko'chaning narigi tarafidan har qanday kishini o'ziga jalb qilib turardi. Kechki payt edi, tinimsiz qatnayotgan avtomobillar, yoniq chiroqlar fonida ajoyib manzara edi bu!
Bilasizmi, oldingdan oqqan suvning qadriga hamisha ham yetaverilmaganidek, bu go'zal maskanlar o'z-o'zidan paydo bo'lib qolgani yo'q, albatta.
Ayniqsa, o'tgan pandemiya davrida ham aslo bo'linmay, uzluksiz ish ketishi jarayonida poytaxtimiz ko'rki jamoli butunlay o'zgarib bormoqda. Umuman, yurtimizda kechayotgan, ro'yobga chiqayotgan amaliy ishlarni ko'rib har qanday kishining dilidan faraxbaxsh o'ylar kechishi tabiiy. Axir, bundan 5-6 yil ilgari shuncha ishlar qisqa vaqt ichida amalga oshiriladi desa, ishonish mumkinmidi?
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiyoti keskin oshdi. Odamlarning turmush tarzi o'zgardi. Eng muhimi, avvallardagidek “Davlat bo'lgandan keyin sharoit yaratishi kerak-da”, deydigan boqimanda kayfiyat yurtdoshlarimizda yo'qolib bormoqda. Endi har bir inson o'z o'rnida kerak. Mehnat qilsin, harakat qilsin, izlansin va yaxshi yashasin. Marhamat, qanday muammo bor, qanday ko'mak kerak —Yurtboshimiz hal qilib beryapti.
Davlatimiz rahbari bir necha yillardan buyon nega mahallalarga katta e'tibor qaratayapti. Chunki mahallalarga ko'p yillar davomida rahbarlar bormay qolgan edi. Mahallaning asosiy vazifasi go'yo yashirib nima qilamiz, mahalla ahlining to'yi, ma'rakasida bosh bo'lib turish bo'lib qolgan edi.
“Menga 1000 kilo, 500 kilo osh damlash musobaqasi bilan mashg'ul mahalla raislari kerak emas”, dedi Yurtboshimiz. Darhaqiqat, bugun har bir mahalla obodlik maskaniga, odamlar dardi tashvishiga sherik, kerak bo'lsa, mas'ul idoraga aylandi. Mahallalarning har birida hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari faoliyat boshladi.
Hech kim eslolmasa kerak. Hatto bu tajriba o'zimizdan bo'lak boshqa biror yurtda bormi, ochig'i, bilmadik. Chunki qachon har bir xonadonlarga uyma-uy yurib bank xodimlari, mahalla, hokimiyat vakillari “Sizda qanday muammo bor, davlatdan qanday yordam kerak? Oilangizga nima yetishmaydi, qo'shimcha qanday ish tashkil qila olasiz. Pul kerakmi, marhamat, mana imtiyozli kredit oling”, deb yurishgan edi? Bunaqa e'tibor bo'lmagan. Bular nima uchun? Prezidentimiz har bir oila intilsa, harakat qilsa, daromadini oshirsa, davlat rivojlanishi, el-yurt farovonligi oshishi uchun jon kuydirmoqda. Bu bari—inson qadrini, farovonligini oshirishga qaratilgan ya'ni amaliy ishlar.
Umuman, mamlakatimizda qaysi soha bo'lmasin, ta'lim, sog'liqni saqlash, ilm-fan, adabiyot yo'nalishi bormi, yo iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo'jaligi bo'lsin, uzoq vaqtlar davomida qancha muammolar yig'ilib, to'planib qolganligi rost, albatta. Ana shu qisqa 5 yil ichida hech bir soha e'tibordan chetda qolmadi. Bari-bariga O'zbekiston Respublikasining Harakatlar strategiyasida yechim ko'rsatib berildi. Yangi O'zbekistonni bunyod etishdek ulug' maqsad sari qadamlar, zalvorli odimlar tashlandi. Tashlandigina emas, bu ulug' maqsadlar ichra do'stlar suyunadigan, dushmanlar kuyadigan natijalarga erishildi.
Sir emas, bugun oyiga manaman degan xorijiy yurtlarda topadigan katta-katta daromadlarni oddiy qishloq odamlari ham topayapti. Hech kim bunga halal berayotgani ham yo'q. Bular ehtimol kimlargadir osonlik bilan bo'layotganday tuyular. Lekin aqli-hushi joyida bo'lgan odam uchun bu natijalar qancha zahmat, o'y va rejalar bilan Yurtboshimizning shaxsiy irodasi bilangina hayotga tatbiq etilayotgani kunday ravshan.
…Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 16 fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tganidan barcha xabardor. Bilasizmi, bu yig'ilishda shu qadar dolzarb masalalar ko'tarildiki, nafaqat chorvachilik sohasiga daxldor yurtdoshlarimiz yo fermerlar, balki kasbi-koridan qat'iy nazar har bir yurtdoshimiz quvondi, yuragi o'tga to'ldi desak xato bo'lmaydi. Chunki har bir vatandoshimiz befarq bo'lishi mumkin bo'lmagan masalalar o'rtaga tashlandi. Negaki, har bir kishi u kim bo'lishidan qat'iy nazar bozorlarimizning obod, dasturxonlarimizning to'kis bo'lishidan umidvor. Qolaversa, ta'kidlanganidek, aholining kundalik iste'mol xarajatlarining 30 foizini go'sht, sut va tuxum mahsulotlari tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari bu yil chorvachilikda kamida 300 ming, qo'y-echkichilikda 150 ming, pillachilikda 1 million 200 ming, jami 1 million 650 ming aholi bandligini ta'minlash imkoni borligini ta'kidladi. Joriy yil fevraldan boshlab xorijiy kreditlar 10 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan ajratilishi, aholiga esa hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 50 million so'mgacha garov ta'minotisiz ajratilishi, yana kredit foizining yarmini qoplashga kompensatsiya berilishi… aholiga kooperatsiya asosida 350 ming bosh qo'y va echki tarqatilishi, bu maqsadlar uchun 100 million dollar mablag' yo'naltirilishi ma'lum qilindi.
Ayting, bunday imkoniyatlar qachon bo'lgan? Endi imkoniyati bo'lib, ayniqsa, qishloqda yashab “ishsizman” deyishga birovning haqqi bormi?
Bugun o'z tomorqasidan 100 million so'm daromad ko'rayotgan, bir bosh novvosini 15-20 million so'mga, bir bosh qo'chqorni 4-5 million so'mga sotib, oilasida bir yilda topgan daromadiga bir emas, ikkita mashina xarid qilayotgan odamlar kam emas.
Ha, albatta, ishlamayman degan odamga hamisha bir bahona topiladi. Ammo endi davr o'zgardi. Harakat qilgan, halol peshona teri to'kkan inson kam bo'layotgani yo'q.
Inson qadri deymiz. Uni kim yuksaklikka ko'taradi? Shubhasiz, bu faqat davlatgagina bog'liq bo'lmay, har bir insonning o'ziga ham tegishli mas'uliyat emasmi? Zero, yurtimizda har bir kishining to'kis umrguzaronlik qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
…Joriy yilning 18 fevral kuni Prezidentimiz mahallalar hayoti, sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Yangihayot tumanida bo'ldi. Bu yerda ro'yobga chiqarilgan ishlar, korxonalar faoliyati bilan tanishdi davlatimiz rahbari. Ammo yana mahallalar faoliyatiga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, Yangihayotdagi Do'stlik mahallasi bilan tanishdilar. Mahallada so'nggi vaqtlarda ro'yobga chiqarilgan obodlik bilan tanishgan Prezidentimiz: “Xalqimiz mana shunday obod, chiroyli joylarda yashashga munosib. Ishlarni mahallabay tashkil etayotganimizdan maqsad shu. Endi bu yerda muhit, qo'ni-qo'shnichilik, ahillik ham mustahkam bo'lishi kerak. Milliy qadriyatlarimizdagidek tadbirlar uyushtirish mumkin”, dedi.
— Bu davlatning zamini, — dedi Prezidentimiz mahalla haqida. — Mahalla obod bo'lsa, mamlakat obod bo'ladi.
E'tiborlisi, obodlik, yuksalish, o'zgarishlar odamlar turmush tarzidagina emas, vatandoshlarimizning ongida, fikrida, quvvai hofizasida ham namoyon bo'lmoqda. Bu baxt. Katta baxt. Yangi O'zbekistonning nurli ertasiga qo'yilayotgan yorug' odimlar. Bu so'zlar shunchaki chiroyli gap uchun emas, albatta. Bu ulug' ezguliklarga barchamiz guvoh bo'lib, ishtirokchi bo'lib turganimiz ayni haqiqatdir.
Abdurasul PARDAYEV,
jurnalist