Go'zal qiyofaga kirgan Milliy bog'

Yangicha qiyofada ochilgan O'zbekiston milliy bog'i Toshkenti azimning biz yashab turgan Kamolon darvoza mahallasiga, ishxonamiz — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga juda yaqin joyda. Piyoda besh-o'n daqiqalik yo'l.

Oqtepa anhori bo'yida qad rostlagan uylarimizni Adiblar shaharchasi desak bo'ladi. Sababi Prezident qarori asosida yozuvchi-shoirlar uchun qurilgan ko'p qavatli yettita uyda Yozuvchilar uyushmasining 100 nafardan ortiq a'zosi yashaydi. Imtiyozli ipoteka krediti asosida 20 yil muddatga berilgan bu xonadonlar ijarada yo kam xonali kvartiralarda yashayotgan ko'plab adiblarga boshpana bo'ldi. Ijodkorlar endi bu uylarda yashashyapti, yangi-yangi asarlarini yozishyapti.

Bu baxtli insonlar orasida men ham borman. Uch xonali kvartiramizda ayolim, o'g'lim, singlim va ukam bilan yashayman. Ayolim O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti, singlim Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi, ukam Abdulla Qodiriy ijod maktabi o'quvchisi.

O'g'lim yangi uylarning birinchi qavatida joylashgan bolalar bog'chasiga boradi.

Men ishlayotgan joy – Adiblar xiyoboni hududidagi Yozuvchilar uyushmasi binosi esa Milliy bog' bilan yonma-yon joylashgan. Toshkent shahar tarixi muzeyi, “Sehrli shaharcha” (“Magic sity”) ko'ngilochar markazi ham shundoq yaqinimizda. Ishdan bo'sh vaqtlarimizda kasbdoshlar bilan bu joylarni aylanamiz. Adiblar xiyobonidagi marhum adiblar haykallarini tomosha qilamiz.

Bog' hududi yo unga yondosh joylarda qilingan bu kabi maskanlardan so'ng Milliy bog'ning taqdiri nima bo'lar ekan degan xavotirim ham yo'q emasdi? Hayriyat, bog' qayta qiyofa kasb etdi.

Shu yilning 27 avgust kuni davlat rahbari O'zbekiston milliy bog'ida qilingan ishlarni borib ko'rdi, nuroniylar, adabiyot va san'at ahli bilan suhbatlashdi. Buni ommaviy axborot vositalaridan ko'rdik.

Prezidentning: “Bugun shaharlarimizda bo'layotgan o'zgarishlar yaxshi, lekin qadriyatlarimizni e'zozlash, xotira ham kerak”, degani yanada xursand qildi. Chunki zamonaviy shaharsozlik avvalgi Toshkent qiyofasiga putur yetkazmasligi shart. Shusiz ham avvalgi Toshkentning ko'p binolari buzilib ketdi.

Tarixga bir nazar soling. Uzoq yillardan beri Toshkentning eng mashhur joyi va ramzi bo'lgan bu boqqa kelgan odamlar miriqib sayr qilardi. Talabalarning eng esda qolarli damlari shu yerda o'tardi, axir. Adiblar esa ko'rkam tabiatdan ilhom olardi. Endi bu yerda bemalol she'riyat, kitobxonlik kechalarini, kitob taqdimotlarini o'tkazish, mazmunli konsertlar qo'yish mumkin. Shu yo'l bilan kelganlarni adabiyotga, san'atga oshno qilsa bo'ladi. Shunda tarix bilan bugungi kun uyg'unlashadi.

Meni bog'dagi yana ikki jihat juda xursand qildi. Jami maydoni 40 ming kvadrat metr bo'lgan ko'l qayta tiklanibdi. Ajoyib! Suv sizmasligi va loyqalanmasligi uchun ko'l tubiga maxsus qoplamalar yotqizilibdi. Xuddi rivojlangan mamlakatlardagi kabi. Qirg'oqlar tartibga keltirilib, cho'milish havzasi tashkil etilibdi. Mingdan ziyod daraxt, 200 mingga yaqin buta ko'chatlari ekilibdi. Bu xayrli ishlar nafaqat meni, balki butun poytaxtimiz ahlini, tabiatni sevuvchi boshqa yurtdoshlarimizni ham xursand qilayotganiga shubha yo'q.

1932 yilda hashar yo'li bilan qurilgan, endi esa zamon bilan uyg'unlashtirilgan bu maskanni borib ko'rib zavqlandim. Judayam so'lim va sokin go'sha bo'libdi. “Mahallada duv-duv” filmidagi o'sha mashhur “Go'zal Toshkent” qo'shig'i yangrab turibdi. Endi boqqa oilam bilan bormoqchiman. Chunki u yerda dam olish uchun hamma sharoitlar yaratilibdi. Bog'da nafaqat sayr qilish, balki ovqatlanish, shaxmat-shashka va tennis o'ynash, velosiped haydash ham mumkin ekan. Ayniqsa, meni bog'dagi piyodalar yo'lagi ko'proq qiziqtirdi. Sababi yil boshidan beri har kuni 10 000 qadam yuraman va buni bosh­qalarga ham targ'ib qilib kelaman. Endi ushbu bog' ham mening piyoda yuradigan maskanlarimdan biriga aylanadi.

Xullas, bir yosh ijodkor o'laroq bu kabi xayrli ishlardan judayam minnatdor bo'ldim. Nafaqat Toshkentimiz, balki butun O'zbekistonimiz bundan-da go'zal qiyofaga kirishini, dunyodagi eng ko'rkam yurtga aylanishini istayman. Bunga ishonaman ham.

Fozil FARHOD,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Axborot xizmati rahbari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 15 =