Dang'ara yo'llari
Yo'l qurmoq – ulug' ish, savob amal, deyiladi muqaddas kitoblarda. Ha, yo'llar shaharu qishloqlarni, aytish joiz bo'lsa, ko'ngillarni bir-biri bilan bog'laydi, tekis va ravon yo'llar esa dillarni xushnud etadi. Har bir mamlakat va hududning taraqqiyoti, odamlarining yashash tarzi va kayfiyati aynan shu manzildagi yo'llar sifatiga qarab baholanishi ham bor gap.
Bugun Farg'ona viloyati Dang'ara tumaniga kelgan odam borki, bu yerdagi bunyodkorlik va obodonchilikni ko'rib, bir hayratiga o'n hayrat qo'shiladi, turli soha fidoyilari mehnatiga tasanno aytadi. Ayniqsa, keyingi yillarda tuman “Yo'llardan foydalanish” unitar korxonasi amalga oshirgan ishlar tahsinga sazovor.
Tuman markazining shundoq biqinidagi Uvaysiy mahallasi yo'llari turli sabablarga ko'ra ko'p yillardan buyon ta'mirlanmay kelinardi. Abgor holatga kelib qolgan mahalla ko'chalari ayni kunlarda asfaltlashtirilyapti. E'tiborlisi, 2 km. masofadagi ichki yo'llar kengaytirilib, zamonaviy infratuzilma asosida yangicha qiyofa kasb etyapti. Eski simyog'ochlar o'rniga temir-betonli tayanch ustunlar o'rnatilib, ko'chani yoritish uchun alohida tarmoq tortilyapti. Yo'lning ikki tomoniga gulu rayhonlar ekish uchun joy tashlanib, piyodalar va velosiped yo'laklari tayyor holga keltirilmoqda. Mahalla ko'chalari to'liq asfaltlashtirilishi, shu bilan birga, elektr, suv tarmoqlarini tortish ishlari Istiqlolimizning 31 yilligi bayramida eldoshlarimizga tuhfa bo'ldi.
— Garchi tuman markazida yashasak-da, ko'chalarimizning ahvolidan kayfiyatimiz tushib ketardi, — deydi Dehqonboy Alimsaidov. — Yo'lsozlarga, tuman rahbarlariga ming rahmat, ko'chalarimiz butunlay yangi ko'rinishga kelyapti. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi, “Suvoqova”, Obodonlashtirish tashkilotlari mutasaddilari ham har kuni shu yerda. Xalqimiz farovonligi yo'lida tinim bilishmayapti.
Dang'araning “Qashqar” va “Istiqlol” MFYlarida ham “Obod qishloq” dasturi asosida obodonlashtirish ishlari ketayapti. “Qashqar” MFY.da jami 4 km. masofada semento-beton yo'l, 3 km. asfaltbeton yo'l qurilishi, 10,2 km. masofadagi yo'llarga shag'al yotqizish ishlari belgilangan bo'lsa, “Istiqlol” MFYda jami 12,5 km. asfaltbeton yo'l qurish va 6,4 km. ichki yo'llarga shag'al to'kish yumushlari davom etmoqda.
— Ikkala qishloqning jami 36 km. masofadagi ichki yo'llarini to'liq ta'mirlash va zamonaviy ko'rinishga keltirish ko'zda tutilgan, buning uchun 11 295 mln. so'm mablag' ajratilgan, — deydi Dang'ara tuman “Yo'llardan foydalanish” UK direktori Zarifjon Nazirov. – Shuningdek, zaxira mablag'lari evaziga qo'shimcha qurilish-montaj ishlari ham amalga oshirilmoqda. Joriy yilning olti oyi davomida yo'l qurilishi sohasida salmoqli ishlar qilindi. Yurtimiz obodligi va xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga hissa qo'shayotganimizdan mamnunmiz.
Bundan tashqari, tuman hududidagi umumfoydalanuvdagi davlat va mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo'llarining 154 km. qismi asfaltbeton qorishmasi yordamida ta'mirlandi. Davlat ahamiyatidagi 4R-150 “Qo'qon-Mulkobod-Gulbog'-Pungon”, mahalliy ahamiyatdagi 4K-889 “Qo'qon-Qirqlar-Oqjar”, “Kichik Oqtepa qishlog'iga kirish” va “Dang'ara shaharchasiga kirish”, 4N-957 “Sobirjon-Ganjiravon” avtomobil yo'llari chetiga 5,6 km. masofada piyodalar yo'lakchasi qurildi, 4R-126 “Baliqchi-Mingbuloq-Jomasho'y-Pungon”, 4R-150 “Qo'qon-Mulkobod-Gulbog'-Pungon”, 4K-888b “Qumqiyaliga kirish” avtoyo'llariga 55 dona harakat xavfsizligi uchun yo'naltiruvchi ustunchalar o'rnatildi.
“Ochiq byudjet” portali orqali yo'naltirilgan mablag'lar evaziga Yashik, Mang'it, Qora Ko'rpa, Qashqarlik, Navbahor, Sanam MFYlardagi ko'chalar to'liq asfalt qilinib, foydalanishga topshirildi.
Keyingi paytda yo'lsozlikda ham innovatsion va tejamkor texnologiyalarni qo'llashga katta e'tibor berilmoqda. Jumladan, har bir yo'lning xususiyatiga qarab, mos aralashmadagi qoplamalardan foydalanilmoqda. Shuningdek, yo'llar chetiga ko'kalamzorlashtirish ob'yektlari, velo va piyodalar yo'laklari, tungi yoritish moslamalari o'rnatilmoqda. Bularning barchasi odamlarimiz olqishiga, shuningdek, yurtimizga kelayotgan sayyohlar tahsiniga sazovor bo'lmoqda.
O'z muxbirimiz.