Farg'onada zamonaviy “Ekoshahar”

yoki cho'l bag'rida yashnagan maskan

Farg'ona viloyatida Yangi O'zbekistonning yangi shahar va qishloqlarini barpo etish yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar yanada jadallashmoqda. Ayni kunda Farg'ona shahri, Yozyovon va Farg'ona tumanlarida “Yangi O'zbekis­ton” turar-joy massivlarini qurish borasidagi ishlar avj pallasida. Bundan ikki-uch yil avval “giyoh unmas, tosh-shag'aldan iborat kengliklarda zamonaviy shaharlar quriladi” degan gapga hech kim ishonmagan. Bugun, bu haqiqatga aylandi.

Zamonaviy shaharsozlik an'analari asosida qad rostlayotgan yangi shaharlarda aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim bo'lgan infratuzilma tarmoqlari, dam olish maskanlari qurishga alohida e'tibor berilmoqda. Osmonga bo'ylashgan binolarga hamohang amalga oshirilayotgan yangi bog' va xiyobonlar, hordiq mas­kanlari, ta'lim, tibbiyot, sport majmualari, savdo va xizmat ko'rsatish, servis shaxobchalari qurilib ishga tushirilyapti.

Farg'ona shahridagi “Ilg'or” MFY hududida umumiy hajmi 300 gektar yerda zamonaviy ekoshahar — “Yangi O'zbekiston” massivi qurilishining birinchi bosqichi poyoniga yetmoqda. Qurilish-bunyodkorlik ishlarida qudratli texnikalar, 50 dan ortiq pudratchi korxonalar, 4 ming nafardan ziyod quruvchi-yoshlar mehnat qilmoqda. Shu kunga qadar bu yerda 73 ta zamonaviy ko'p qavatli uylar qurildi. Shuning­dek, 420 o'rinli 3 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 990 o'rinli 2 ta umumta'lim maktabi, 250 qatnov o'rniga ega markaziy poliklinika qurilishi poyoniga yetdi.

O'ziga xos me'moriy qiyofaga ega shaharcha lo­yihasi mamlakatimizda “kamyob” sanaladi. Bu yerda ekologik toza, yashil iqtisodiyotga asoslangan lo­yihalardan foydalanishga e'tibor qaratilgan. Har bir uy energiya tejashga moslashtirilgan. Shahar ob-havosini mo''tadillashtirish, hududni “obi hayot” bilan ta'minlash maqsadida, umumiy uzunligi 11 kilometrdan iborat kanal qurilishi poyoniga yetdi. Mavjud suv resurslaridan unumli foydalanish, isrof bo'lishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida ariqlar betonlashtirildi, aqlli sug'orish tizimlari joriy etildi. Sun'iy ko'l va zamonaviy favvoralar qurilishi poyoniga yetmoqda. Damko'l qishlog'idan 14, 2 kilometr toza ichimlik suvi, 7, 5 kilometr yuqori kuchlanishga ega bo'lgan elektr tarmoqlari tortildi. 11, 2 kilometr yangi kanalizatsiya quvurlari ishga tushirildi. Istiqbolli rejalar dasturiga ko'ra, bu yerda 500 dan ortiq bolalar maydonchalari, 300 ta o'yingoh, 10 ta bog'cha va 6 ta maktab quriladi. 50 gektar maydonda kichik sanoat zonasining ishga tushirilishi hisobiga 20 mingdan ortiq ish o'rinlari yaratiladi.

— Qurilayotgan uy-joylar mustahkam va sifatli bo'lishini muntazam nazorat qilib boryapmiz, — dedi Farg'ona viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Umidjon Uzoqov. — Avvalo, yer qatlamini kovlash, poydevor qurish, g'isht terish, issiq va sovuqdan himoya vositalari, energiya tejamkor jihozlar o'rnatish, zilzilabardoshlilik bilan bog'liq jarayonlar e'tiborga olingan. Bundan tashqari, xavfsizlik choralariga amal qilish, ishchi-xizmatchilar malaka va mahoratini oshirish, qurilish jarayonidagi yangi texnika va texnologiyalar borasida suhbat va ko'rgazmalar o'tkazib kelyap­miz.

Etmish gektarlik “Yangi O'zbekiston” bog'ida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahor va kuzgi mavsumining o'zida 15 mingdan ortiq daraxt va gul ko'chatlari o'tqazildi. Xonadonlarni issiqlik tizimi bilan ta'minlash maqsadida 21 ming megavatt quvvatga ega markazlashgan isitish qozoni qurilmoqda.

— Birinchi bosqichda uchta yetti qavatli 140 xonadonga mo'ljallangan uy-joylarni qurib bitkazdik, — deydi “Marg'ilon binokor ta'mir” MChJ direktori Fazliddin Tojiboyev. — Korxonamizda beton plitalari va g'isht ishlab chiqarishni yo'lga qo'yganmiz. Bu esa uylarni tez va sifatli, arzon bitkazishda o'ziga xos imkoniyatlar berdi. Viloyat hokimining tashabbusi bilan yangi uylarning yerto'la qismida kam ta'minlangan va boquvchisini yo'qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 10dan ortiq zamonaviy uy-joy qurib, foydalanishga topshirdik.

Latofatxon Shokirova Qo'shtepa tumanidagi “Qamishtepa” mahalla fuqarolar yig'inida yashaydi. Bir nafar farzandi bilan turmushdan ajrashgach, bir necha yildirki, akasining xonadonida yashab kelardi. Endilikda bu oila turmush tarzida yangi hayot boshlandi. Unga imtiyozli tarzda bepul uy-joy berildi.

— Har kim o'z uyi, Vatani bo'lishini orzu qiladi. Bunday quvonchli, unutilmas onlarni so'z bilan ta'riflab bera olmayman, — dedi yangi uy sohibasi L.Shokirova. — “Marg'ilon binokor ta'mir” korxonasida farrosh bo'lib ishlayman. Oilaviy sharoitimni hisobga olib, menga 3 xonali uy-joy berishdi. Uylarimiz juda shinam, hamma sharoitlari bor. Mana shunday uylarda yashashni orzu qilardim, niyatlarimga yetdim. Yangi uy oilam uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bizni qo'llab-quvvatlab, amaliy yordam bergan saxovatpeshalarga rahmat.

Yangi shaharchaga ko'chib kelgan aholi muhtasham uy-joylarda yaratilgan sharoitlardan juda mamnun. Uylar hovlisidagi sport-sog'lomlashtirish maydonchalari mahalla yoshlari bilan gavjum, fayzli.

— Ekoshaharga yaqin hududda yashaganimiz bois, yangi shahar qurilishi jarayoni bilan bevosita tanishman, — deydi farg'onalik Dilnoza Rahmonova. — Turmush o'rtog'im harbiy xizmatni o'tab, nafaqaga chiqdi. Bizga istalgan hududdan uy-joy tanlab olish imkoniyati berilgandi. Hech ikkilanmasdan bu yerga ko'chib keldik. Ko'rkam, chiroyli uylarda yashashning zavqi o'zgacha bo'larkan. Yangi uyda qo'ni-qo'shnilar bilan tez til topishib oldik. Uy-joy olaman degan har bir oilaga maqbul narxlarda, uzoq muddatli kredit, subsidiya asosida berilayotgani ayni muddao. Hamma qulayliklar mujassam, chiroyli. Yashash hududimizga tutash maktab, bog'cha, tibbiy xizmat, savdo singari kundalik hayot tarzi uchun muhim bo'lgan tarmoqlar qurilib, ishga tushirilgani og'irimizni yengil, uzog'imizni yaqin qilmoqda.

Ko'p qavatli uy-joy va boshqa ijtimoiy bino-inshootlar qurishda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilyapti. Bu uylarni qishda sovuqdan, yozda issiqdan himoyalash imkoniyatini beradi. Har bir uy tom qismiga o'rnatilgan quyosh panellari aholi va xizmat ko'rsatish tarmoqlariga uzluksiz elektr energiya yetkazib bermoqda. Yo'l va yo'lak­lar, uyning kirish qismiga o'rnatilgan aqlli chiroq hamda beminnat quyosh yoritish panellari o'ziga xosligi bilan e'tiborni tortadi. Uy-joy “Ipoteka markazi” tashkil etilgan. Bu yerda bank krediti, subsidiya ajratish, imtiyozlar bilan bog'liq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari qamrab olingan. Uy oluvchilar fuqarolik pasporti bilan markazga kelib, yangi uy sohibi bo'lib qaytish imkoniyati bor.

* * *

Farg'ona tumanidagi Mindonobod massivida umumiy maydoni 21 gektar maydonda qad rostlayotgan “Yangi O'zbekiston” massivi ko'hna maskan qiyofasini tubdan o'zgartirib yubordi.

Bu yerda jami 1428 ta xonadonli 33 ta uy-joy qurishga kirishildi. E'tiborli jihati, shu kunga qadar Farg'ona tumanida 7 va 9 qavatli muhtasham uy-joylar qurilmagan. Aksariyat hollarda “Suvimiz yuqoriga chiqmaydi, kommunikatsiyamiz ko'tarmaydi” degan bahonalarni ro'kach qilib, ruxsat berishmagan. Chunki uy-joy uchun yer maydonlari ajratish, qanday uy qurish yuqoridan belgilab berilgan. Bundan o'n yillar avval tumanda ko'p qavatli uy-joylar barmoq bilan sanarli edi. Bugun esa ularning sanog'iga yetib bo'lmaydi.

Farg'ona — Vodil katta avtomobil yo'li bo'ylab yastanib yotgan Mindonobod adirliklari asrlar davomida ko'pning e'tiboridan chetda qoldi. Yerlarni o'zlashtirish, uy-joylar qurish, suv, yo'l, elektr, tabiiy gaz singari infratuzilma tarmoqlari tortish ushalmas orzu sifatida qaralgan. Endilikda bunday ishonchsizlik o'rnini yaratuvchanlik, bunyodkorlik, ijodkorlik egalladi.

Osmon qadar yuksalib borayotgan “Yangi O'zbekiston” massivi odamlar hayot tarzida yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Yaxshi umidlar, ezgu maqsad yo'lida bu yerni Vatan tutganlar dasht yerlarni o'zlashtirib, obod maskanga aylantirish borasida barakali mehnat qilmoqda.

Umumiy maydoni 20 gektardan ortiq bo'lgan yangi massivda bunyodkorlik ishlari avjida. Bu yerda ko'p qavatli energiya tejamkor uy-joylar qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda. Bugunga qadar 990 o'rinli maktab, 120 o'rinli maktabgacha ta'lim tashkiloti, 50 qatnov o'rniga ega bo'lgan oilaviy poliklinika qurib bitkazildi.

Yer qazish ishlarini bajarayotgan buldozerlar, poydevor tiklayotgan, g'isht terayotgan, obodonchilik yumushlari bilan mashg'ul bo'lgan ishchi-xizmatchilar bir dam bo'lsa-da to'xtagani yo'q.

— Bu yerda 5 qavatli, bir pod'yezdli 20 xonadonga mo'ljallangan ko'p qavatli uy quryapmiz, — deydi “Imorat qurilish invest” MChJ rahbari Ahadjon Yakubov. — Yangi uylarni mustahkam, sifatli va arzon qilib qurishga e'tibor qaratyapmiz. Yigirmadan ortiq malakali quruvchilar jalb etilgan. Ayni kunda pardozlash ishlarini olib boryapmiz. Uy-joy olish istagida bo'lgan fuqarolar qurilish jarayonlari bilan bevosita tanishish, taklif berish, tanlash imkoniyatiga ega.

O'ziga xos me'moriy qiyofaga ega shahar lo­yihasi hududga ulug'vorlik olib kirmoqda. Umumiy maydoni 4 gektarga yaqin bo'lgan “Yangi O'zbekiston” bog'iga ming tupdan ortiq turfa manzarali daraxt­lar ekildi. Bog' hududida sayilgoh, dam olish mas­kani, ko'ngilochar o'yingohlar, umumiy ovqatlanish shaxobchalari quriladi.

— Keyingi besh yilda tumanimizda 67 ta ko'p qavatli va 230 ta namunaviy loyihadagi uy-joylar qurildi, — deydi Farg'ona tuman uy-joy bo'limi bosh mutaxassisi Odilbek No''monjonov. — Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O'zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni bu boradagi imkoniyatlar ko'lamini yanada kengaytirdi. Avvallari chekka hududlarda 5-7-9 qavatli zamonaviy uy-joylar qurish ushalmas orzu edi. Endilikda bunday osmono'par imoratlar qurilishi kundan-kunga rivojlanib borayotgani nafaqat hudud, balki atrofdagi qishloqlar, odamlar turmush tarziga o'ziga xos o'zgarish, farovonlik olib kirayotgani bilan ahamiyatli.

* * *

O'tgan asrning o'rtalarida qum barxanlari o'rnida bunyod etilgan Yozyovon tumani haqida gap ketsa, “qush uchsa qanoti, odam yursa oyog'i kuyadi” deya ta'rif berilgan. Bu bejiz emas. Markaziy Farg'ona yerlarining qoq o'rtasida qo'nim topgan maskanning issiq harorati, izg'irinli kuz-qishlarida jon saqlashning o'zi bo'lmasdi. Yaxshi umidlar, ezgu maqsad yo'lida bu yerni Vatan tutgan yozyovonliklar yerlarni o'zlashtirib, obod maskanga aylantirdi. Endilikda bu joylarni “cho'l” deyishga til ojiz.

U yerda keng va ravon yo'llar, zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari qurildi. Xalq farovonligi, yurt obodligi yo'lida amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar nafaqat tuman markazi, balki olis qish­loqlarda ham bo'y ko'rsatmoqda. Go'zal qishloq va mahallalar, xizmat ko'rsatish sohalari mujassam bo'lgan majmualar, sport, dam olish inshootlari, bog'cha, maktablar barpo etildi. Aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim bo'lgan barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Ko'lami keng islohotlar, eng avvalo, yozyovonlik­lar turmush darajasida o'z aksini ko'rsatyapti. “Yuqori Soybo'yi” mahalla fuqarolar yig'ini hududida barpo etilayotgan “Yangi O'zbekiston” massivida qurilish ishlari qizg'in pallaga kirgan. Yil yakuniga qadar bu yerda 104 ta yangi xonadon qurib bitkaziladi. Shu kunga qadar bitta maktab va bog'cha, poliklinika hamda boshqa xizmat ko'rsatish va savdo markazlari qurilishi poyoniga yetdi.

Katta avtomagistral yo'l yoqasida qad rostlayotgan ko'p qavatli turar-joy va maishiy binolar o'tgan-ketganning hayratiga sabab bo'lmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, bu hududda yer osti sizot suvlari yaqin joylashgan. Shuning uchun har bir binoning dastlabki poydevoridayoq mustahkamlikka e'tibor berish zarur. Poydevor izolyatsiyasi — himoya qatlami sifatli bajarilsa, inshootlar umrboqiyligi ta'minlangan bo'ladi. Har bir uy va inshootlar tomiga quyosh suv isitish kollektorlari, quyosh elektr panellari o'rnatilmoqda. Buning natijasida butun uy-joyda foydalaniladigan issiq suvning 25 foizi, elektr tokining 10-15 foizi muqobil energiya yordamida qoplanadi. Shuningdek, binolar fasad qismi bazalt qoplama bilan qop­lanishi, sendvich paneldan tayyorlangan eshik-romlar xonadonlarning qishda issiq, yozda salqin bo'lishini ta'minlaydi.

— Qurib bitkazilgan uydan yaxshi niyatlar bilan uch xonali xonadon sotib oldim. Bankdan imtiyozli kredit ham berishdi. Farzandlarim, oila a'zolarimning quvonchi cheksiz, — dedi Dilmurodjon Qodirov. — Ko'pchilik bu yaydoq hududda ko'rkam shaharcha bo'lishiga ishongisi kelmagan. Bugun ko'rganning ko'zi quvnaydi. Elektr, suv, tabiiy gaz li­niyalari tortilgan, oqova suv tarmog'i — kanalizatsiya barpo etilgan. Yaqin kunlarda bu yer gavjum shaharchaga aylanadi.

Bunyodkorlik, yaratuvchanlik xalqimizga xos qad­riyatlardan. “Yangi O'zbekiston” massivlari qurilishi esa har bir hududning o'ziga xos timsolini yaratmoqda. Bir-birini takrorlamagan, sharqona latofat va nafislik, zamonaviy me'morchilik an'analari bilan uyg'un tarzda yuksalib borayotgan qaddi baland yangi megapolis shaharlar ko'hna mas­kanlarga ulug'vorlik kasb etmoqda.

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 1 =