Qarindoshdan ayrilmang!
Farzandlarimiz voyaga yetgach, ko'pincha “o'zimniki”, deb yaqin qarindoshning qizini kelin qilishga, hatto tug'ishganimizning o'g'lini kuyov qilishni maqsad qilamiz.
Emishki, qarindoshning farzandlarini kelin yoki kuyovlikka tanlasak, bordi-keldi kuchayib, qarindoshlik yanada mustahkamlanadi. Aslida ham shundaymi?
Yaqin qarindoshlar quda-anda bo'lgach, yosh kelin-kuyovlar oldida turli hayotiy muammolar paydo bo'lib, oqibatda ba'zi yosh oilalar parokandalikka yuz tutadi, shu bilan bor qarindosh-urug'chilik rishtalari ham uziladi. Bunday muammo bo'lmagan taqdirda ham qarindoshlar nikohidan dunyoga kelgan farzandlar nimjon, kasalmand, nogiron tug'ilishi ham tez-tez kuzatiladi. Kasalmand farzandni tarbiyalashdek o'ta og'ir ko'rgulik hech kimning boshiga tushmasin.
Xuddi shunday yaqin qarindoshlardan oila qurgan oilalarning birida 18 va 20 yoshdagi oyog'i shol bo'lgan ikki qiz tarbiyalanmoqda. Bechora ota-ona opa-singillarning farzandlari hisoblanadi. Yaqin qarindoshlik nogiron farzandlarning dunyoga kelishiga sabab bo'lgan.
Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun yaqin qarindoshlarning quda-andaligini cheklovchi huquqiy norma bo'lishi kerak nazarimizda. Ana shunda bugun tug'ilayotgan va nogironlik degan taqdir bitigi peshonasiga yozilganlar soni kamayarmidi?
Sarvara ABDURAHMONOVA