Sammitning asl maqsadi
Har bir narsaga ichkaridan turib qarash – bor va tashqaridan turib qarash ham – bor. Agar Shanxay Hamkorlik Tashkilotining shu yilning 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda o'tgan sammitiga tashqaridan turib qarasak, unga a'zo 8 davlatda dunyo aholisining 40 foizi istiqomat qiladi. Bu – juda katta kuch. Yer yuzida aholining bunday ulkan qismini qamrab oladigan xalqaro tashkilot ham u qadar ko'p emas.
Lekin hayotda bitta “oltin” qoida – bor: har kim o'z aravasini o'zi tortishi kerak!
O'z aravasini o'zi tortishi uchun ana shu 40 foiz aholi Yer yuzining eng kamida 40 foiz mahsulotini ishlab chiqarishi lozim-da. O'shanda bu hududlardagi xalqlar dunyoning bugungi o'rtacha iqtisodiy darajasiga yetib olgan bo'ladi.
Demak, sammitning asosiy maqsadi – taraqqiyotga erishish!
Birlashmay turib, taraqqiy etib bo'lmasligini bashariyat tarixi ming karra isbotlagan.
Yuksak taraqqiyotga erishish uchun birlashayotganimiz muborak bo'lsin! Jonida joni bor odam o'zini, oilasini, xalqini bu umumiy qoloqligimizdan qutultirmoq uchun tirishmog'i darkor!
Axir, nega biz o'zimizni birovlardan kam olib, o'ksib, qaram bo'lib yashashimiz kerak ekan?!
Nima, bizdan yuqori taraqqiyotga erishganlarning boshida shoxi bormi?
Yo'q, albatta. Shu boisdan ham yangi O'zbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish g'oyasi — ulug' maqsad. Yana Prezidentimizning “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobini bugun hamma, ayniqsa, katta-kichik rahbarlarning bari o'qishi, uqishi kerak deb o'ylayman. Nima uchun? Chunki bu kitobda barchasi dasturilamal tarzida, nafaqat bugun va ertamiz, balki yaqin kelajakda amalga oshiriladigan ishlar juda chuqur, juda tushunarli tarzda bayon etilgan. Unda milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishdan tortib, erkin va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishdan tortib, qishloq xo'jaligini jadal rivojlantirish, turizm va raqamli iqtisodiyot muammolari-yu sog'lom turmush tarzi madaniyatiga e'tibor, sog'liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, ma'naviy-ma'rifiy islohotlar, sud-huquq tizimida amalga oshirilishi lozim bo'lgan va boshqa ko'pdan-ko'p masalalar qamrab olingan.
Ochig'i, ming afsuski bugun ana shu kitobdan, unda yoritilgan ulug' maqsadlardan lozim darajada foydalana olayapmiz deb aytolmaymiz.
Butun dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg'otgan Samarqand sammiti tafsilotlari bilan matbuotda tanishar ekanman, kaminaning ko'nglidan yuqoridagi mulohazalar kechdi.
Sultonmurod OLIM,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi