Gazeta-jurnallar mutolaasi bizga nima beradi?

Sohaga endi kirib kelayotgan yosh jurnalist sifatida shuni ayta olamanki, gazeta va jurnallar menga kuchli bilim berguvchi maktabimdir. Professional jurnalist ustozlarim aytganlaridek, jurnalistikaning qaysi sohasida bo'lishimdan qat'iy nazar, xoh u bosma, xoh telejurnalistika, xoh internet bo'lsin, avvalo, so'z bilan ishlashni, ya'ni maqola yozishni bilishim kerak. Bunda albatta, gazeta va jurnallar bizning eng asosiy o'rganish manbaimizdir.

Ustozlarimizning shunday bir maslahatlari bor “Qachonki jurnalist o'zi fikrlab o'zi yoza oladigan, o'zi mushohada va tahlil qila oladigan bo'lsa u sohaning qaysi yo'nalishida bo'lmasin, aslo qiynalmaydi. Shu ma'noda kimlarningdir ayni paytda bosma OAV eskirdi”, degan fik­ri ham bor. Zero, bu qarash mening nazarimda ham mutlaqo asossiz”dir. Menimcha, ayni bosma nashrlar hamisha barcha media yo'nalishlarining asl mahorat maktabi bo'lib qolaveradi.

Xo'sh, gazeta-jurnallar mutolaasi bizga nima beradi? Avvalo, ularning bizga tegadigan eng katta foydasi bu savodxonlik masalasidir. Chunki mazkur ommaviy axborot vositalarida azaldan shakllangan va qat'iy qoidaga aylangan imlo talablariga rioya qilish tartibi bor. Yana to'g'ri gap tuzish –stilistikani o'rganamiz. Bundan boshqa juda muhim va foydali saboq borki, bu ham bo'lsa, tahrirdir. Binobarin, tahrir   jurnalistning qalamini   charxlaydi. Masalan, o'zim ilk maqolalarimni tahririyatlarga olib borganimda ustozlarning tahriridan keyingi yozganimni ko'rib hali o'z ustimda ancha ishlashim kerak ekanligini bildim. Keyingi maqolalarimda ana shu tahrirlardan olgan saboqlarimdan foydalana boshladim. Shu ma'noda angladimki, jurnalist faqat yozadigan emas, tahrirni ham mukammal biluvchi muharrir ham bo'lishi lozim ekan.

Yana anchadan buyon o'ylab yurgan bir taklifimni aytsam: “Hurriyat” gazetasini o'qib boraman. Agar ma'qul ko'rilsa, bevosita sohamiz nashri bo'lgan ushbu gazetada biz, yosh jurnalistlar uchun “Mahorat darsi” rukni ham tashkil etilsa. Va unda tajribali ustozlar, jurnalis­tika oliy o'quv yurti professor-o'qituvchilari media bo'yicha qiziqarli maqolalar berib borishsa, yaxshi bo'lar edi.

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

Xo'jand davlat universiteti

jurnalistika fakulteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 3 =