Qo'shni qo'shniga ko'zgumi?

Ertalab ishga sal shoshilib chiqdim. Ko'chamiz boshiga yetganda qo'l telefonimni unutib qoldirganim   yodimga tushdi. Noiloj ortga qaytdim. Bizdan uch-to'rt uy beridagi qo'shnimiz yangi imorat quryapti. Darvozasi oldiga to'kilgan mashina-mashina g'isht yoyilib, ko'chaning ancha qismini egallab olgani bois, aynan o'sha uy bo'ylab o'tishga majbur bo'ldim.

O'n-o'n besh chog'li quruvchilar ishlashyapti. Eski uy yiqitilgani bois, ochiq ayvondagi o'choqda Zamiraxonning kelini   ovqat pishirayotganligi shundoq ko'rinib turardi. Quruvchilarning biri sheriklaridan ajralgan holda kelinga hazilnamo gaplar qilayapti. Ayniqsa, og'zidan chiqqan bir beparda luqmadan ensam qotdi. To'g'risi, qo'shni sifatida dilim og'ridi. Beixtiyor baland ovozda “Befarosat!” deb yuborganimni bilmay qoldim.

Uydan telefonimni olib qaytayotganimda o'sha quruvchi yigit haligi zardamga javoban menga tegizib, sherigiga qaragancha pisanda qildi: “Sherali, shunday qilib befarosatlik qilibmiz-da, a?”

“Ha, judayam befarosat ekansan, ukam, — to'xtab, dilimdagini ro'y-rost aytdim. — Birovning uyida ishlashning ham o'z qoidasi bor. Boshida eri bor kelinga shunaqa muomala qiladimi?

— Uzr, bizdan xatolik o'tibdi, — yoshi kattaroq usta gapga aralashgandi hovurimdan tushib, yo'limda davom etdim.

 Ketarkanman, xayollar domida qoldim: “Xato qildimmi, a? Balki kelin usta bo'lgani uchun unga ochiq chehra bilan muomala qilgandir. Gap qaynona-qaynotasiga yetib borsa, qanday tushunisharkin? Meni ba'zi g'iybatchi, g'arazgo'ylar qatoriga qo'shib qo'ymasmikinlar? Tinchgina yo'limda ketavermaymanmi? Yo'q, to'g'ri qildim. Axir, ota-bobolarimiz bejiz: “Bir bolaga yetti qo'shni ota-ona”, deyishmagan-ku! Qolaversa, qo'shni qo'shniga – ko'zgu. Biz kattalar mahallada, ko'chamizda yuz berayotgan nojo'ya ishlar,   xatti-harakatlardan ko'z yumib, menga nima, deb ketaverishimiz kerakmi?

Ana, qo'shni mahalladagi Obidxo'ja tog'aning kenja kelini qo'ltelefonida begonalar bilan yozishmalar qilib yurarkan. Ovsini buni sezsa ham bir og'iz qo'ying, bunday qilmang, hazilning tagi zil bo'lmasin, deb aytmagan.   Yoki uyidagilarga bildirmagan. Oqibati nima bo'ldi? Nazira kelin o'n oylik bolasini eriga tashlab, telefonda tanishgani bilan ketib qoldi. Agar shu   “SMS”lar vaqtida to'xtatilganda, ehtimol bunday ko'ngilsizlik yuz bermagan bo'larmidi? Biz o'z oilamiz, bola-chaqamizdan tashqari mahalladagi yigit-qizlar, yosh oilalar holidan xabardor bo'lishimiz, qo'shnilarimizning yurish-turishi, axloq-odobiga o'zimizning mas'ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak. Chunki biz o'zbekmiz. O'zimizga xos an'analarimiz, urf-odatlarimiz bor. Bu borada yoshlarga ta'sir o'tkazishimiz shart. Ammo… bir oilaning or-nomusi, sha'nini himoya qilaman deb pokiza kelinni badnom qilib qo'ysam-chi? Eri, qaynota-qaynonasidan bir umr baloga qolaman…

Shunday o'ylar og'ushida avtobusga chiqdim. 18-19 yoshlardagi qiz o'rindiqdan surilib yonidan joy berarkan, ko'ylagi etagini tortib tizzasini yopishga urindi.

— Chiroyli, hayoli qiz ekansan, nega shu ko'ylakning sal uzunrog'ini kiya qolmading? — so'radim qizdan.

U qizarib ketdi.

— Oyim bilan   butun boshli bozorni uch marta aylandik. Hozirgi urfdagi hamma ko'ylaklar shunaqa kalta. Hatto plash, paltolar ham… — dedi qiz xijolatomuz.

O'ylab qarasam, chindan ham hozir bozorlarimizni ochiq-sochiq, o'ta ro'dapo liboslar egallab olgan. Kimdir uning sifatli gazlamasiga, kimdir hamyonbop narxiga yana kimdir zamonaviyligiga qiziqib xarid qiladi. Shunday ekan, savdogarlar bozorlarni ayollarimiz kiyganda nafaqat husni, balki o'zligimizga xos bichimdagi liboslar bilan ta'minlashsa bo'lmaydimi?

Yonimdagi qizga sekin razm soldim. U oynadan tashqariga qarab ketardi.

— Qizim, noo'rin gapirgan bo'lsam, sendan uzr so'rayman, — dedim unga ohista. — Ertalab bir shilqim yigit qo'shni qizga xiralik qilib asabimni buzdi. Shuning ta'sirida edim, shekilli? Seni yomon ko'zlardan Yaratganning o'zi asrasin!

Siz qanday o'ylaysiz, azizlar, birovlarning ishiga aralashib to'g'ri qildimmi?

Muhabbat HAMIDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 20 =