Tangri ijodining mumtozi – ayol!

G'ayrat MAJID

 

                                    AYoL

 

Sen borsan, hech qachon bilinmaydir g'am,

Mehru muhabbatdan yaralgan olam,

Hech shikast yetmasin senga qobirg'am,

Tangri ijodining mumtozi – ayol.

 

Kundan enib yoqqan issiq so'zim bu,

Oydan oqib kelgan tansiq so'zim bu,

Mushfiqqina so'zim, oshiq so'zim bu –

Qalbimning eng munis bayozi – ayol.

 

Jannat kalitidir onalar beshak,

Arzir kaftimizda tutib yashasak,

Haqning Habibidan o'git muborak,

Sizga ehtiromi, e'zozi, ayol.

 

Manim kiprigimdan tomgan hislarim,

Ey, jayron ko'zlarim, ohu ko'zlarim,

Aziz singillarim, erka qizlarim –

Yurak taronasi, kuy-sozi – ayol.

 

Yor, sening visoling, firoqing ham gul,

Soching gul, taragan taroqing ham gul,

Qoshlaring, mujgoning – yarog'ing ham gul –

Olamning gul nozi, shoh nozi – ayol.

 

Bir yerda ko'kargan daraxt misoli,

Sen asl sadoqat, vafo timsoli,

Muhabbat – har dilning toza iqboli,

Er-o'g'lon matlabi, parvozi – ayol.

 

Sen borsan, hech qachon sezilmaydir g'am,

Mehru muhabbatdan yaralgan olam,

Hech shikast yetmasin senga qobirg'am,

Tangri ijodining mumtozi – ayol.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =