Onamning duosi meni asraydi

Muallif haqida:

Asadulla JO'RAYEV — 1970 yil Kitob tumanidagi Iskana qishlog'ida tug'ilgan. 1994 yil ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida faoliyat ko'rsatgan.

Hozirda mustaqil jurnalist.

 

TALABALIK DAFTARIDAN

Qarg'aydi bir kuni go'zallar meni,

Qarovsiz muhabbat uchun qarg'aydi.

Men pinak buzmayman, hadik tortmayman,

Onamning duosi meni asraydi.

 

Qarg'aydi bir kuni do'stlarim meni,

Sotilgan sadoqat uchun qarg'aydi.

Men pinak buzmayman, hadik tortmayman,

Onamning duosi meni asraydi.

 

Qarg'aydi bir kuni she'rlarim meni,

Yolg'ona she'rlarim meni qarg'aydi.

Baribir qo'rqmasdan xo'rlayveraman,

Onamning duosi meni asraydi.

 

Etar, man na Jamshid, na Hotamtoyman,

Na orzusi poymol bo'lgan to'rg'ayman.

Sofligu muhabbat haqqi hurmati,

Bir kuni o'zimni o'zim qarg'ayman.

 

Do'stsiz, yorsiz o'tgin, O Asadulla,

Bitta she'r kuyida ranging sarg'aysin…

Javob bera qolgin o'shanda ona,

O'zimdan o'zimni qanday asraysan?

                                                             1990 y.

 

                    BO'RON

Tashqarida bo'ron o'kirar,

Qor yoprilar o'xtin va o'xtin.

Ayoz mening jismimga kirar,

Oyoqlarim qilaman o'tin.

 

Sandaldagi muzdek og'riqdan,

Titrab ketar beruh badanim.

Sen qaydasan, nechun yiroqda

Ko'k yopingan turkiy Vatanim?!!

 

Qog'oz ustin tozalab qordan,

Unga to'kay muzlagan siyoh.

To qalblarda qo'ngan g'ubordan

Asar qolmay yo'qolsin riyo.

 

Muzladingmi qonim ham endi,

Tomirlarim sindimi nahot.

Endi hamma narsa o'zgami,

O'zgamisan, menga ey, hayot?

 

Qobirg'alar yonadi zaif,

Suyagimda asrlar tutar.

Sevdigimdek go'zal va latif

Ko'z o'ngimdan parilar o'tar…

 

…Tashqarida to'xtaydi bo'ron

Yo tun qushlar urmaslar chah-chah.

Derazamdan qorli bog' tomon,

O'tib ketgan, u — Guliqahqah.

 

Guliqahqah menga qarama,

Bir jilvangni ko'ra olsam bas.

Keta olasanmi? — deya so'rama,

Kela olmasligim bilsam, bas.

 

Tashlab ketar hamma injimam,

Bag'irdoshlar ketar yiroqlab…

Tuni bo'yi chap ko'ksimda man,

Yuragimni yotgum quchoqlab…

                                             1990 y.

 

         TIRIKLIK FURSATI

O'zbekchilik emas — o'zbeklik kerak,

Tirikchilik emas — tiriklik kerak.

Erkakchilik emas — erkaklik kerak,

Kerak bo'lsa sherdek yuraklik kerak.

 

Millat illatini yashirish uchun,

O'ylab topilganda har xil “…chiliklar” –

Tiriklar siz endi boshqacha yashang,

Boshqacha yasholmas faqat o'liklar.

 

G'oyibdan imkonni berganda taqdir,

Sarflab yotibmiz tappi otishga.

Kimgadir yillarning qiymati yo'qdir,

Mening fursatim yo'q boshqa kutishga….

                                                                2018 y.

 

DARXON BEKATIDA KO'RGANLARIM

Bugun erta tongda bir qizni ko'rdim,

Metroda, charog'on vagon ichida.

U pari qarshimda o'tirar edi,

Qoldirib telbani armon ichida.

Go'zallik shunchalar qulf urar edi,

Shunchalar lobarlik, shunchalar malol…

Kokillar bir mayin zulf o'rar edi,

Dudoqlar, lablarda kezardi xayol.

Ko'zlar fazolarga olib ketardi,

Kipriklar chehraga soya solgudek.

Bekatlar shovqinsiz bir-bir o'tardi,

Go'yoki vaqt, hayot to'xtab qolgandek.

Faqat termulardim, hushsiz va hayron,

Bilmasdim, tongdagi bu tushmi, ro'yo.

Har safar manzillar qilinsa e'lon,

Go'yoki chirpirak bo'lardi dunyo.

Bugun erta tongda bir qizni ko'rdim,

Uni olib qoldi Darxon bekati.

Poezd qo'zg'olganda o'rnimda turdim,

Faqat shunga yetdi ojiz jur'atim.

Metro yelar edi, metro shoshardi,

Endi menga yo'qdir vaqtning qizig'i.

Yana bosh ko'tardi ko'milgan dardim,

Armonlar ichida yashash yozig'im.

Esga tusharmikan orazing yodi?

Bu tumonat aro parishon turdim…

Metroda, charog'on vagon ichida.

Bugun erta tongda bir qizni ko'rdim…

                                                         2011 y.

 

* * *

O'lguncha qolaman deyishdi,

O'lguncha olaman deyishdi.

Dunyoda ustun yo'q deyishsa

Ustun ham bo'laman deyishdi.

Oldilar, yedilar, to'ydilar,

Ochdilar, yopdilar, qo'ydilar.

O'limni bilmasdan qolishdi,

Bilmasdan kafanni kiydilar.

Ko'rdilar endi hech kishi yo'q,

Bandaning banda-la ishi yo'q.

Do'zaxu jannatu arosat

Yozi yo'q, kuzi yo'q, qishi yo'q.

Gunohlar botmonlab o'lchanur,

Savoblar misqollab yechilur.

O'lguncha qolaman deganlar

Shuurin qoplagach bitta nur

Bu foniy dunyoni ko'rdilar,

O'rnida boshqalar erdilar.

Zamona o'zgargan bo'lsa ham

Lekin bir illatda birdirlar

O'lguncha qolaman deyishar,

O'lguncha olaman deyishar.

Dunyoda ustun yo'q deyishsa

Ustun ham bo'laman deyishar.

 

* * *

Yomg'ir yog'ayapti Toshkentda,

O'tayotgan kunlarni eslab,

Ketayotgan kunlarni eslab,

Soat 3 da tungi Toshkentda,

Net ichida shahri bosh kentda,

Yomg'ir shivirini tinglamoq,

Yashash qadrin bilmoq anglamoq,

Xarobada yashasang hamki,

Nonni halol oshasang hamki,

Dilda kezsa go'zal tuyg'ular,

Qochib ketsa ko'zdan uyqular,

“Ey, hayot…” deb qichqirsang shunda,

Hayot qadrin anglasang tunda,

Hayot g'azal bo'lib ko'rinsa,

O'lim go'zal bo'lib ko'rinsa,

Soniyalar shirin sezilsa,

Hislar munchoq kabi tizilsa,

Ayting, bunday baxt qayda bordir,

Demak, Xudo bizlarga yordir.

Avgust yettisida bosh kentda,

Yomg'ir yog'ayapti Toshkentda…

 

* * *

Taqdir yo'llarimga yo'llagani kim,

Yana yo'llarmikan yo'lchi yo'ldoshni?

Men seni izlayman. U — sensan, balkim

Izlayman bir qizni… tungi quyoshni…

Izlayman bir qizni … notanish qizni

Mendan uzoqdagi… bilmagan meni…

Shunchaki unutmam men o'sha ko'zni,

O'sha nigohlarni, o'sha ma'noni-

Qaydasan?

Qaydasan?

Qaydasan, qayda?

Zangori ekranda har kun orazing-

Ko'raman… “qay tomon” degan bir o'yda…

Shimollik malika… balki, Xorazm

Ammo bilarmisan buni sen o'zing?

Bir umr intilgan senga… intilgan… —

Bir umr yashagan, topmagan to'zim

Intilgan, ko'rmagan, asli bilmagan —

Bir-birin bilmagan ayol va erkak,

Umr, kutish bilan yonayotgan umr…

Meni topish uchun senga tush kerak

Menga o'lim kerak, kengroq bir qabr…

 

     QIZLAR O'ZGARDILAR

Lablarda birinchi bo'salar izi.

Qaynona bo'ldilar, ona bo'ldilar.

Ayollik husnidan yashnaydi yuzi,

Eslaridan chiqdi tokim tonggacha,

Ko'chalarni kezib chiqqanlarimiz.

Biz bilan har qanday xatarga tayyor

Yoshlik daryosida oqqanlarimiz…

Qizlar o'zgardilar… Go'zallashdilar,

Ko'shkli saroylarda yasharlar omon.

Qizlar o'zgardilar… biz o'zgarmadik,

Yigirma yasharli oshiqlar hamon…

 

                               * * *

Men seni sevardim, sevardim fevral,

Ayozlaring bilan, qorlaring bilan,

Quyoshli kunlaring sevardim fevral,

Sevardim, sen misli yam-yashil gilam—

Kirib kelar eding rutubat to'lgan

Yuraklar darz ketgan ijara uyga.

Kirib kelar eding yurakni tilgan

Cholg'uni jo'r qilib eski bir kuyga,

Baribir, sen kelar eding kirmoyi.

Chiroyli, qadrdon, qadrdon eding.

Mening sevgilimdek sodda, chiroyli

Nechun, o'sha kabi ishqingdan tonding?!

Men seni sevaman baribir fevral,

Menga o'xshagansan, men ham — fevralman…

Sendek isitmayman issiqlik aro,

Sendek sovutmayman — muzlarda borman…

Kirib kelajaksan misli bir tug'yon

Lablaring shivirlar — otlaringdaman.

Yurak to'lg'ondingmi, yana bir to'lg'on,

Hamon fevraldaman — yodlaringdaman…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 19 =