Ustoz jurnalistlarga e'tibor

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b. Xolmurod Salimov boshchiligidagi Uyushma vakillari bir qator ustoz jurnalistlar xonadonlarida bo'lib, ularni 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni bilan tabriklab, faxriy ijodkorlarga Uyushmaning sovg'alarini topshirdi.

Uyushma vakillari dastlab uzoq yillar O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zAda mehnat qilgan faxriy jurnalist Tursunboy Botirbekov xonadonida bo'ldi. Suhbat davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda matbuot va so'z erkinligini ta'minlash, yoshi ulug'larni, ustoz jurnalistlarni  qadrlash va ularning tajribasidan samarali foydalanish bo'yicha amalga oshirilayotgan  ishlar xususida fikr almashildi.

— Odam ko'nglini odam oladi, – dedi T.Botirbekov. – Sizlar kelishingizni eshitib bir xursand bo'lgan bo'lsam, ko'rib yana quvondim. Televizor orqali Prezidentimiz boshchiligida odamlarni rozi qilish bo'yicha qilinayotgan islohotlardan xabardor bo'lib, ko'nglim tog'dek ko'tariladi. Ko'nglimdan qaniydi, yosharib qolsam, jurnalist sifatida ana shu ezgu ishlarning keng yoritilishiga hissa qo'shsam, degan o'y-xayollar o'tadi.

Sakson uch yoshni qarshi olayotgan T.Botirbekov mehnat faoliyatini 1967 yil O'zbekiston televideniesi tizimida boshlagan. 1975-1976 yillar “Axborot” muharririyatida muharrir, 1977-1990 yillar “Xorij xabarlari” bo'limi mudiri, bosh muharrir o'rinbosari, bosh muharrir lavozimlarida  faoliyat yuritgan. 1990 yildan pensiyaga chiqqunicha O'zbekiston Milliy axborot agentligida turli lavozimlarda ishlagan.  Ko'plab yoshlarga ustozlik qilgan.

O'zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynbergni xalqimiz yaxshi bilar edi.

O'zbekiston xalq shoiri A.Faynbergning umr yo'ldoshi, jurnalist Inna Kovalni biladiganlar ham ancha. Uyushma vakillarining keyingi manzili “Moskovskaya pravda”, “Kommuna”  gazetalarida muxbir bo'lib ishlagan, “Narodnoe slovo”, “Pravda Vostoka”,  “Vecherniy Tashkent” hamda  “Tashkentskaya pravda” gazetalarida dolzarb mavzulardagi maqolalari muntazam e'lon qilingan Inna Koval xonadoni bo'ldi.

Inna Koval Toshkent davlat universiteti, Moskva davlat universitetida o'qigan va ko'p yillar yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida jurnalistikadan dars bergan. Suhbat davomida ustoz jurnalist davlatimiz tomonidan o'z oilasi har jihatdan qo'llab-quvvatlanayotgani, tumush o'rtog'i Aleksandr Faynberg xotirasiga alohida e'tibor ko'rsatilgani, 80 yillik yubileyi keng nishonlanganidan g'oyat mamnunligini bildirdi. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi sobiq raisi (marhum) Sa'dulla Hakimga ham  saboq berganini faxr bilan esga oldi.

Uyushma vakillarining soha faxriylari xonadonlariga tashrifi davom etmoqda.

 

Oqqo'rg'onning fidoyi farzandi

 

Toshkent viloyatining Oqqo'rg'on tumanida taniqli jurnalist,  “Oqqo'rg'on ovozi” gazetasi muharriri Abdulla Ma'diyevning 75 yoshga to'lishi munosabati bilan ijodiy kecha o'tkazildi. Unda ustoz jurnalistning do'stlari, yaqinlari, shogirdlari, viloyat, tuman va shaharlardagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar, qo'shni respublikadan, Xorazm viloyatidan kelgan mehmonlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida matbuot va so'z erkinligini ta'minlash, yoshi ulug'larning hurmatini jo­yiga qo'yish, salomatligini mustahkamlash, ularning tajribalaridan samarali foydalanish, yubiley yoshini nishonlayotgan faxriylarni moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mazkur yo'nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda muhim omil bo'lmoqda.

Abdulla Ma'diyev mehnat faoliyatini 1966 yil xo'jalik boshqaruvi kotibligidan boshlagan bo'lsa, bir necha yillar mobaynida mahalliy boshqaruv tizimining turli bo'g'inlarida ishlagan. 1988 yildan “Oqqo'rg'on ovozi” gazetasiga ishga o'tib, roppa-rosa 35 yildan buyon tahririyatga rahbarlik qilib kelmoqda.

Ijodiy kechada Oqqo'rg'on tumani hokimi Alisher Karimjonov, O'zbekis­ton xalq shoiri Mahmud Toir, “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi vakili Narimon Dadaboyev va boshqalar tabarruk yoshni qarshilagan A.Ma'diyevning hayoti va ijodiy faoliyati haqida so'z yuritib, ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik, ijodiy quvvat tiladi.

Muxtasar aytganda, ijodiy kecha samimiy tabrik va qutlovlarga boy bo'ldi.  Abdulla Ma'diyev she'rlari asosida san'atkorlar tomonidan ijro etilgan qo'shiqlar tadbirga yanada fayz bag'ishladi.

Tadbir yakunida A.Ma'diyevga bir qator tashkilotlar, xususan, O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasi va uning Toshkent viloyati bo'limi sovg'alari topshirildi.

 

“TЫNЫShLЫQ SAQShЫSЫ” – “TINChLIK POSBONI” gazetasi — 20 yoshda

 

Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Tыnыshlыq saqshыsы” — “Tinchlik posboni” gazetasi tashkil etilganiga 20 yil bo'ldi.

2003 yil 14 mart kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyrug'i asosida gazetani tashkil qilish haqida qaror qabul qilindi. Dastlab gazetaning nomlanishi bo'yicha tanlov o'tkazildi. Tanlov yakuniga ko'ra, nashr “Tыnыshlыq saqshыsы” — “Tinchlik posboni”  deb nomlandi.

Shundan buyon “El-yurt tinchligi uchun!” shiori bilan chop etilib kelinayotgan gazeta bugungi kunda o'zining 20 yilligini nishonlamoqda.

“Tыnыshlыq saqshыsы” — “Tinchlik posboni” gazetasi sahifalarida Ichki ishlar vazirligining faoliyati, soha xodimlarining olib borilayotgan ishlari, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangiliklar keng yoritilmoqda. Gazetaga A.Abdimuratov bosh muharrirlik qiladi.

Bugun gazeta tahririyatida jurnalistlar Q.Seytmuratov, O'.Yermanov, P.Jiemuratov, fotomuxbir A.Paxratdinov va boshqalar nashrning sifatini yanada yaxshilashda, gazeta o'quvchilariga yangiliklar va xabarlarni yetkazib berishda jonbozlik ko'rsatmoqda.

“Tыnыshlыq saqshыsы” — “Tinchlik posboni” gazetasi ijtimoiy tarmoqlarda (https://t.me/tinishliq_saqshisi) ham o'z o'quvchilariga ega.

 

Faxriy jurnalist yoshlarni o'qitmoqda

 

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo'limi tomonidan nafaqada bo'lgan jurnalistlar bilan yaxshi aloqa o'rnatilgan. Faxriylar holidan tez-tez xabar olinib, ular moddiy va ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlab  kelinmoqda. 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida ham uzoq yillar matbuot sohasida ishlagan ustozlarga ehtirom ko'rsatildi.

Nafaqada bo'lishiga qaramasdan faoliyat olib borayotgan faxriy jurnalistlar bilan ijodiy hamkorlik yo'lga qo'yilgani ham e'tiborga molik. Xususan, “Qashqadaryo tomorqachilari va tadbirkorlari” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Dilbar Kenjayeva Uyushma viloyat bo'limi tomonidan o'tkazilayotgan tadbirlarda va “Yosh jurnalistlar” maktabi mashg'ulotlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Tajribali jurnalistning hayot yo'liga nazar tashlasak, Dilbar Kenjayeva 1978 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlab, “Qashqadaryo” (sobiq “Qashqadaryo haqiqati”)  gazetasida muxbir sifatida ish boshlagan. 2000-2012 yillar oralig'ida shu gazetaning ijtimoiy masalalar va ekologiya, ta'lim, ma'naviyat, davlat qurilishi, sud-huquq, mahalliy Kengashlar, siyosat va xalqaro hayot bo'limlarida muharrir bo'lib faoliyat yuritgan.

Qalami o'tkir Dilbar Kenjayeva viloyat va respublika miqyosida o'tkazilgan qanchadan-qancha ko'rik-tanlovlarda g'oliblar safidan joy oldi. 2012 yili “Oltin qalam” VII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning sovrindori bo'ldi.

Ayni paytda faxriy jurnalist D.Kenjayeva “Qashqadaryo tomorqachilari va tadbirkorlari” gazetasida  faoliyat olib borish bilan birga yoshlarga ustozlik qilib kelmoqda.

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi Axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + two =