Yoshlar orzusidagi dorilfunun
Yoki jahonning eng nufuzli universitetlari ro'yxatidan joy olgan TATU
Abiturientlar bilan muloqotda bo'lsangiz, ular orasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olishni orzu qiladiganlar ko'pchilikni tashkil qilishiga amin bo'lasiz. Darhaqiqat, mazkur oliy ta'lim o'chog'ida o'qish niyatidagi yoshlar safi yildan-yilga kengayib boryapti. Buni so'nggi yillardagi qabul mavsumi ma'lumotlarini taqqoslab ham bilish mumkin.
Buning boisi nimada? TATUning qanday jihatlari yoshlar e'tiborini jalb qilyapti?
Biz shu va boshqa savollar bilan mazkur universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor MAHKAMOVga murojaat qildik.
— Baxtiyor Shuxratovich, o'zingizga ma'lum, bugun axborot texnologiyalarisiz hayotni tasavvur etib bo'lmaydi. Albatta, bu borada yetuk kadrlar yetishtirish, yurtimizni dunyoga tanitishda iqtidorli mutaxassislarni tayyorlash vazifasi siz rahbarlik qilayotgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Shunday emasmi?
— Albatta, ilm-fan rivojlangan, ta'lim-tarbiya yaxshi yo'lga qo'yilgan joydagina taraqqiyotga erishiladi. Bugungi kunda mamlakatimizning qay bir jabhasiga nazar tashlamang, rivojlanish va yuksalishga guvoh bo'lasiz. Bu o'z-o'zidan yuz berayotgan hodisa emas. Shubhasiz, ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasi ham desak, xato bo'lmaydi. Chunki zamon talabiga javob bera oladigan ta'lim maskanlarida sifatli ta'limni yo'lga qo'yishga erishish mumkin bo'ladi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ana shunday oliy ta'lim dargohlaridan biridir. Oliy ta'limni yanada rivojlantirishga bo'lgan e'tibor tufayli respublikamizdagi barcha oliy o'quv yurtlarida keyingi yillarda katta o'zgarishlar ro'y bermoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ham ana shunday o'zgarishlardan bebahra qolgani yo'q. Qisqa qilib aytadigan bo'lsak, universitetimiz malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun barcha imkoniyatlarga ega.
Universitetning bugungi kunda 6 ta hududiy filiali hamda 13 ta axborot texnologiyalari texnikumi va 4 ta akademik litseyi mavjud.
TATU va uning hududiy filiallarida bugungi kunda 939 nafar professor-o'qituvchi faoliyat yuritib kelmoqda. Professor-o'qituvchilarimizning 55 nafari fan doktori hamda 348 nafari fan nomzodlaridir. Universitet va uning hududiy filiallarida 27148 nafar talaba tahsil oladi. Ta'lim yo'nalishlari soni 21 tani va magistratura mutaxassisliklari soni esa 30 tani tashkil etadi.
Qolaversa, dorilfununimiz bilan Avstriyaning Klagenfurt universiteti va Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti hamkorligida “Kompyuter injiniringi”, “Dasturiy injiniring”, “Axborot xavfsizligi”, “Axborot texnologiyalarining dasturiy ta'minoti”, “Dasturlanuvchi mobil tizimlar”, “Sun'iy intellekt” yo'nalishlari bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlari mavjud. Bundan tashqari, nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun “O‘zbektelekom” AK, “O‘zbekiston pochtasi” AJ, “Matbuot tarqatuvchi” MChJ, “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” korxonasi, “UNICON.UZ” DUK, “Elektromagnitlar moslashuv markazi” DUK, “Aloqa bank” ATB, “RAKM” DUK, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida amaliyot bazalari tashkil etilgan.
—Universitetda olib borilayotgan yangi ilmiy izlanishlar haqida ham to'xtalib o'tsangiz.
—Hozirda universitetimizda akademik Mirzayan Kamilov, professorlar — Salim G'aniyev, Muhammadjon Musayev, Marat Rahmatullayev, Rixsixo'ja Isayev, Akram Nishanov, Hakim Zayniddinov kabi taniqli olimlar faoliyat yuritib kelishmoqda.
Universitetning 10 dan ziyod ilmiy maktablari mavjud. Bu ilmiy maktablarda raqamli iqtisodiyot, intellektual tizimlarni loyihalash, signallar va tasvirlarga raqamli ishlov berish, elektron resurslar xavfsizligini ta'minlash, tarmoq xavsizligini ta'minlash kabi bir qator yo'nalishlarda loyiha tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Umumiy aytganda, hozirgi kunda universitetda 124 nafar tadqiqotchi tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. TATU va uning hududiy filiallarida umumiy qiymati 20855 milliard so'mdan ortiq bo'lgan 38 ta ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilmoqda. Shundan 21 ta loyiha Davlat dasturlari doirasida (3 ta fundamental, 8 ta amaliy, 12 ta innovatsion, 2 ta qo'shma xalqaro loyiha va 2 ta Startap loyiha) va 17 ta xo'jalik shartnoma asosida bajarilayotgan tadqiqot ishlari hisoblanadi. Universitetda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda o'tgan yili jami 45 dan ortiq dissertatsiya ishlari himoya qilindi. 2022-2023-o'quv yili mobaynida 18 nafar (3 nafari DSc, 15 nafari PhD) professor-o'qituvchi doktorlik ishini himoya qildi. Natijada ilmiy salohiyat darajasi 38,3 foizdan 43 foizga ko'tarildi.
Hozirgi kunda PhD ilmiy darajasini olgan 20 nafar yosh professor-o'qituvchi faoliyat yuritib kelmoqda hamda 29 nafar professor-o'qituvchimiz Koreya Respublikasi, Avstriya, Rossiya Federatsiyasi, Ispaniya, Finlyandiya, Belorussiya va Germaniya oliy ta'lim muassasalarida o'z dissertatsiya ishlari ustida izlanish olib borishmoqda.
Universitet va uning hududiy filiallari professor-o'qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilari, xodimlari va talabalari uchun ScienceDirect, IEEE XPLORE Raqamli kutubxonasi va Web of Science ilmiy bazalaridan TATU korporativ tarmog'i orqali erkin foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Universitet professor-o'qituvchilarining ilmiy faolligi natijasida Xirsh indeksi (H-indeks) “3” ko'rsatkichdan katta xodimlar soni xalqaro e'tirof etiladigan SCOPUS ilmiy bazasida 7 barobarga xususan, 2017 yilda – 9 nafar, 2022 yilda – 61 nafarga oshgan.
— Talabalarning ta'lim olishlari borasida muammolar yo'qmi?
— Bilim olaman degan yoshga bugungi kunda bir muammo bo'lishi mumkin emas. Universitetda talabalarning bo'sh vaqtini unumli o'tkazish bo'yicha axborot texnologiyalari va sport yo'nalishlarida 79 ta to'garak yo'lga qo'yilgan hamda to'garaklarga jami 2741 nafar talaba jalb qilingan. Universitet talabalar turar-joylarida ularni bo'sh vaqtini unumli o'tkazish bo'yicha axborot texnologiyalari va sport yo'nalishlarida 19 ta to'garak yo'lga qo'yilgan va to'garaklarga jami 741 nafar talaba jalb qilingan. Shu qatorda talabalar turar- joylarida yashayotgan yoshlarni san'at, madaniyat va rassomchilikka bo'lgan qobiliyatini yanada oshirish maqsadida “Talabalar ashula va raqs ansambli” va turli musiqa to'garaklari tashkil etilgan. “Havaskor gitara ishqibozlari va sa'natkorlar” to'garagiga talabalar turar-joyida alohida xona ajratilgan bo'lib, kerakli musiqa anjomlari bilan jihozlangan. Ushbu to'garak a'zolari 200 nafardan ortiqni tashkil etadi.
“TATU Quvnoqlar va zukkolar” ko'rik-tanlovi doirasida fakultetlar hamda universitetning “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalari shakllantirilgan. “Talabalar teatr studiyasi” faoliyati yo'lga qo'yilgan hamda ular tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etib kelinmoqda.
Universitetning kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan 3051 nafar talabamiz esa ish bilan ta'minlangan. 2022-2023 o'quv yilida tashkil etilgan karyera markaziga 756 nafar talaba ishlash istagini bildirib murojaat qilgan hamda hozirgi kunda turli tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning bandligi ta'minlangan. Shuningdek, universitetning bo'sh vakant lavozimlariga 99 nafar talaba ishga joylashtirilgan.
2022-2023 o'quv yilida tahsil olayotgan talabalarning bandligini ta'minlash bo'yicha soha tashkilotlari bilan aloqalar o'rnatgan holda mavjud ish o'rinlari aniqlanmoqda, 400 dan ortiq talabaga amaliy yordam berildi. Jumladan, may oyining o'zida 75 nafar talabaning bandligi ta'minlandi. Hozirda talabalarning o'rtacha olayotgan oylik maoshlari 2-7 mln. so'mni tashkil etadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida 1-2-guruh imkoniyati cheklangan, chin yetim, ota-ona qaramog'idan mahrum talabalarni navbatsiz, bepul talabalar turar joylariga joylashtirish, ikki va undan ortiq farzandi shartnoma bo'yicha o'qiyotgan oilalardagi talabalarga, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”dagilarga pulli, ammo navbatsiz joylashtiriladi. Universitet ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni ish bilan ta'minlash choralari ko'riladi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida yilda 1 martalik moddiy yordam ajratiladi.
Universitetimizda xodimlarning bo'sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida yuqorida ta'kidlanganidek, doimiy turli sport to'garaklari faoliyat yuritmoqda. Shu qatorda, haftaning har shanba kuni professor-o'qituvchilar va xodimlar o'rtasi sportning mini-futbol turi bo'yicha musobaqalar tashkil etiladi. Shuningdek, universitetda badminton, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka to'garaklari ham faoliyat yuritadi.
2022-2023 o'quv yilida TATU va uning hududiy filiallari talabalari bir qator ijobiy natijalarga erishdi. Jumladan, 3 nafar talabamiz O'zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi, 4 nafari Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohibi, 1 nafar talaba Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sohibi, 5 nafari “Vazirlik stipendiyasi” sohiblari hamda 11 nafari esa “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya”ga, jami 24 nafar talaba nomdor stipendiyalar sohibi bo'ldi.
Respublika fan olimpiadasida faol ishtirok etgan 2 nafar talabamiz esa “Informatika va axborot texnologiyalari” fanidan 2-darajali, 1 nafar talaba 3-darajali diplom bilan taqdirlandi. 20 nafardan ortiq talaba esa xalqaro va respublika miqyosida o'tkazilgan tanlov sovrindorlari bo'ldi.
Shuningdek, universitetning 10 nafardan ortiq talabasi boks, kurash va boshqa sport musobaqalarida munosib qatnashib, Osiyo va O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritdi.
— Universitetda xalqaro aloqalar ham yaxshi yo'lga qo'yilganidan xabardormiz…
— Rahmat, e'tirofingizdan mamnun bo'ldim. Chindan ham, universitetimiz 35 ta ilg'or davlatlarning 72 ta universiteti, 5 ta ilmiy-tadqiqot markazlari, 14 ta tashkilot va kompaniyalari bilan o'zaro hamkorlik shartnomasi, kelishuv va anglashuv memorandumlariga ega. 2023 yilda yana yangi 16 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi. Umumiy memorandumlar soni 107 tani tashkil etmoqda.
Universitetimizga 2022-2023 o'quv yilining iyun oyiga qadar Malayziya, Xitoy Xalq Respublikasi, Tatariston, Amerika Qo'shma Shtatlari, Janubiy Koreya, Germaniya, Isroil, Rossiya Federatsiyasi, Singapur, Ispaniya, Indoneziya, Italiya kabi davlatlarning 20 dan ziyod xorijiy delegasiyalari tashrif buyurdi.
Universitet va uning hududiy filiallari Janubiy Koreyaning KOICA agentligi bilan birgalikda 2022-2026 yillarga mo'ljallangan 5 million dollar qiymatdagi grant loyihasi hamda Erasmus+ va boshqa dasturlar doirasida 6 ta halqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.
66 nafar professor-o'qituvchi va xodimlar Bolgariyaning Sofiya texnika universitetida, Belorussiya davlat universiteti, Ruminiyaning Brashov Translivaniya universiteti, Avstriyaning Klagenfurt universiteti, Fransiyaning Sarbonna universiteti hamda Litvaning Gediminas texnika universiteti va boshqa hamkor universitetlarda qisqa muddatli stajirovka va malaka oshirish kurslarida bo'ldi.
Universitetda Janubiy Koreya davlatidan 4 nafar, Rossiya Federatsiyasidan 1 nafar xorijlik professor-o'qituvchi kelib, professor lavozimida faoliyat yuritmoqda.
2022-2023 o'quv yilida Germaniya, Tojikiston, Turkmaniston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Amerika Qo'shma Shtatlari, Italiya, Hindiston, Avstriya, Qozog'iston kabi davlatlardan 20 dan ortiq professor-o'qituvchilar TATU talabalari va professor-o'qituvchilari uchun ma'ruza va seminarlar o'tkazdi.
TATU quyidagi nufuzli xalqaro SCImago reytingida umumiy ko'rsatkichlar bo'yicha O'zbekiston OTM va institutlari o'rtasida 4-o'rin hamda dunyo bo'yicha 729-o'rinda qayd etildi. Shuni ta'kidlash kerakki, universitetimiz ilk bor THE Impact Ranking 2022 reytingiga kiritildi va umumiy ko'rsatkichlar bo'yicha TATU dunyoning 1406 ta universiteti o'rtasida 1001-o'rinda qayd etildi. Times Higher Education agentligi tomonidan e'lon qilingan hisobotga ko'ra, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti World University Rankings-2023 reytingida “REPORTER” maqomiga ega universitetlar ro'yxatiga kiritildi. UI GreenMetric World University Rankings Xalqaro reytingida TOP universitetlar qatorida 638-o'rinni egalladi.
2023 yilda esa universitet nufuzli “THE Impact Ranking 2023” reytingiga kiritildi. Reyting bo'yicha universitetlar faoliyati davomida mazkur maqsadlarni tatbiq etish va rivojlantirish yo'nalishida amalga oshirayotgan ishlar baholanadi. Reytingning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari yuzasidan alohida mezonlari bo'yicha quyidagi o'rinlar belgilangan: munosib ish o'rinlari va iqtisodiy o'sish ko'rsatkichi bo'yicha TATU 601-800-o'rinda qayd etilgan. Bu esa so'nggi yillarda talabalarni ish bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar samarasi hisoblanadi. Arzon va toza energiya manbalari ko'rsatkichlari bo'yicha 401-600-o'rinda, Iqlim o'zgarishiga qarshi kurash choralari ko'rsatkichlari bo'yicha 301-400 o'rinda, Barqaror rivojlantirish yo'lida hamkorlik mezonlari bo'yicha esa 1001-o'rinda qayd etilgan.
— Baxtiyor Shuhratovich, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. TATU doimo yoshlarning sevimli bilim dargohi bo'lib qolishiga tilakdoshmiz.
O'ktam ABDULLAYEV
suhbatlashdi.