Ertangi kun egalari siz — yoshlar!

Mamlakatimizning kelajagi bo'lmish yoshlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotganligi bejiz emas. Zero, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, “Yangi O'zbekistonni albatta yoshlarimiz bilan quramiz”, degan azmu shijoatni navqiron avlodning yuzi, ko'zida namoyon bo'layotganligi ham shundan, aslida.

Aytish kerakki, bugun yoshlarning barcha huquq va erkinliklari, imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar tobora takomillashib bormoqda. Birgina ta'lim tizimida masofaviy ta'limning yo'lga qo'yilishi ularning uzluksiz bilim olish huquqi ta'minlanganining yaqqol isbotidir. Shuningdek, bu jihat mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan ta'lim-tarbiya va ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning amaliy ifodasi desak, mubolag'a bo'lmas. Ayniqsa, so'nggi yillarda yurtimiz ta'lim tizimini yangi shaklga o'tkazish, xalqaro standartlarni joriy etish, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonda oliy ta'lim tizimini dunyo standartlariga moslashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, o'quv yurtlariga qabul qilishda adolatli va shaffof tizimni o'rnatishda katta o'zgarishlar kuzatilyapti. Bu jarayon Prezidentimizning 2019 yil 8 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bilan birgalikda faol kechmoqda.

Aslida, oliy ta'lim malakali kadrlar tayyorlashning eng muhim tizimi hisoblanadi. Mazkur maskanda talaba nafaqat bilim oladi, balki bevosita amaliyotga kirishadi. Ana shu bosqichda sohasi bo'yicha ishlash ko'nikmasini egallagan yoshlar salkam mutaxassisga aylanib, ish joyiga yetuk kadr sifatida boradi. Bu maqsadlarga erishishda oliy o'quv yurtlarida qo'shma ta'lim dasturlarining yo'lga qo'yilishi, xorijiy davlatlarda amaliyot o'tash jarayonlarining keng tus olishi, bitiruvchi talabalarning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o'tashi yaxshi samara bermoqda.

Jumladan, Jizzax poltexnika institutining Qurilish materiallari va kimyoviy texnologiyalar fakulteti Kimyoviy texnologiya kafedrasi hamda Qurilish materiallari buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish kafedrasi professor-o'qituvchilari hamkorligida fakultetning 2-kurs talabalari uchun Zafarobod tumanidagi “Huaxin Cement Jizzakh” MChJga qarashli zavodiga sayohat uyushtirildi. Talaba-yoshlar sayohat avvalida zavod ishchilarning yotoqxonasi va ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, zavod faoliyati, mahsulot turlari, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Ta'lim sifatini oshirishda nafaqat moddiy-texnik bazani mustahkamlash, balki yuqori salohiyatli va raqobatbardosh kadrlarni mehnat jamoasiga jamlash ham alohida ahamiyatga ega. Malakali o'qituvchi talabani to'g'ri yo'naltirib, ham ilmiy, ham kasbiy faoliyatida unga yaqindan ko'maklashadi. Iqtidorli talabalarni qo'shma ta'lim dasturlariga jalb qiladi.

Bugungi kunda Jizzax viloyatidagi 5 ta oliy ta'lim muassasasida 400 dan ziyod yigit-qiz qo'shma ta'lim dasturlarida ishtirok etmoqda. Jizzax politexnika instituti, asosan, 4 yo'nalish — transport va logistika, qurilish, energetika hamda sanoat texnologiyasi bo'yicha kadrlar tayyorlab keladi. Bu yerda bir nechta xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda qo'shma ta'lim dasturlari tashkillashtirilgan bo'lib, talaba ikki yil o'zimizda, keyingi ikki yil esa chet el universitetida tahsil oladi. Xuddi shu formatda Moskva davlat qurilish universiteti, Moskva energetika ins­tituti, Ivanovo davlat kimyo-texnologiya universiteti, Qozon Federal universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Har ikki tomonning ta'lim imkoniyatlarini uyg'unlashtirayotgan qo'shma dasturlar asosida birgalikda yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

Shuningdek, 2008 yildan boshlab xorijiy donor tashkilotlarning xalqaro loyihalarida faol ishtirok etib kelyapmiz. Ayniqsa, oxirgi yillarda xalqaro hamkorlik ko'lami jadal kengaymoqda. Xususan, 2017 yilda Germaniya davlatidan “O'zbekistonning aholi yashaydigan hududlarida iqlim o'zgarishiga moslashuv” nomli grant loyihasi doirasida zamonaviy quyosh panellari va laboratoriya uskunalari olib kelindi.

2019-2021 yillarda Yevropa Ittifoqining xalqaro Erasmus+ dasturi doirasida institutda magistratura dasturi ochilib, zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilindi. Ana shu dastur asosida 2021-2027 yillarga mo'ljallangan talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvi ham tashkillashtirilmoqda. Yana bir xalqaro loyiha — “REILEAP” doirasida esa hozirgi kunda institutimizning 11 nafar professor-o'qituvchisi Turkiyaning Egey universitetida malaka oshirdi.

Ayni kunlarda institutning Energetika kafedrasi professori Urishboy Yo'ldoshev bosh­chiligida Fizika kafedrasi assistentlari Muhriddin Eshqulov va Sherzod Kushakov Xitoy Xalq Respublikasida quyosh panellari ishlab chiqaruvchi “Wuhan Ooitech Trading Co., Ltd” kompaniyasida ilmiy o'rganishlar, texnik izlanishlar olib borib, stajirovka o'tamoqda. Kelgusida vakillarimiz Jizzaxda quriladigan quyosh panellari ishlab chiqaruvchi birinchi sexda faoliyat yuritib, talabalarga panel ishlab chiqarishning sir-asrorlarini o'rgatib boradi.

Transport logistikasi kafedrasi o'qituvchilari Azizbek Nishonov va Bekzod Turatov Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e'lon qilingan “Yosh olimlarni xorijiy tashkilotlarga qisqa muddatli stajirovkalarga yuborish” bo'yicha tanlovda g'olib chiqib, joriy yil may oyidan Slovakiya Respublikasi Zilina universitetida ilmiy stajirovka o'tamoqda. Zilina universiteti olimlari bilan “Road Safety and Public Transport”   mavzusida ilmiy tadqiqotlar bilan bir qatorda xalqaro loyihalar va adabiyotlar bo'yicha birgalikda ishlar olib borilmoqda.

Oliy ta'lim muassasamizda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda bitiruvchilarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali OTM talabalari uchun innovatsion yondashuvlar, tadbirkorlik ko'nikmalari va munosabatlarini rivojlantirish — TRIGGER loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida navbatdagi “Bitiruvchilarni ishga joylashtirishda ish taj­ribasi, amaliyot va ishga joylashtirishning roli”, “EntreComp asosidagi amaliyotlar, universitet o'qituvchilari va kompaniya murabbiylarining roli: Amaliyotning ENTER.MODE modeli”, “JizPIda talabalar uchun amaliyot rejasi namunasi”, “Universitetlar va korxonalararo sanoat o'rtasidagi hamkorlik”, “Bitiruvchilarning ishga joylashishini qo'llab-quvvatlash va mahalliy OTMlarda xizmat ko'rsatish” mavzularida seminar-treninglar bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda “KNAUF GIPS BUXARA” MChJ bilan birgalikda O'zbekis­ton Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 maydagi “Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar hamda “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim” yili dasturida keltirilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida “Yangi O'zbekiston: Ilm qaldirg'ochlari — 2023” II Res­publika ko'rik-tanlovi hamda talabalarning ilmiy-amaliy konferensiyasining tashkil etilganligi oliy ta'lim tashkilotlari magistrlari, talabalari va o'rta maxsus ta'lim tashkilotlari o'quvchilari uchun ham mahorat maydoni vazifasini bajaradi. Bunday de­yishga ko'plab sabablar bor, albatta. Boisi, ko'rik-tanlovda mahalliy xomashyolar, sanoat chiqindilari asosida yaratilgan eng yaxshi qurilish materiallari va konstruksiyalari, mineral va kimyoviy qo'shimchalardan foydalanib tayyorlangan yangi avlod betonlari, qurilish materiallari va konstruksiyalari, yangi qurilish materiallari, buyumlarini yaratish va ishlab chiqarish texnologiyasi, qurilish konstruksiyalari hamda energosamarador binolarni loyihalash kabi ilmiy yo'nalishlarda loyihalar ko'rib chiqildi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada arxitektura va qurilish sohasida kadrlar tayyorlash, ekologik va iqtisodiy muammolar, sohada AKTdan foydalanish, mahalliy xomashyolar, sanoat chiqindilari hamda mineral va kimyoviy qo'shimchalar asosidagi energosamarador qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish asosida zamonaviy energosamarador binolarni loyihalash xususida fikr-mulohazalar almashindi. Quvonarlisi, mazkur jarayonda respublikaning 12 ta OTMidan 300 nafardan ortiq professor-o'qituvchilar va talabalar ishtirok etgan bo'lsa, ko'rik-tanlovga 90 dan ortiq ilmiy ishlanmalar kelib tushdi. Demak, ilmiy izlanish yo'lida faollik ko'rsatayotgan yoshlarimiz soni tobora ortmoqda.

Jizzax politexnika institutida talabalarning ilmiy izlanish olib borishi, yetarli bilim, ko'nikma va malakalarni egallashi uchun zarur sharoitlar muhayyo. Ayni kunlarda talabalarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog'lom turmush tarziga keng jalb qilish, intellektual salohiyatini oshirish va ma'naviy yuksalishiga hissa qo'shish maqsadida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, Yoshlar oyligi doirasida “Kitobxon talaba” tanlovi va kitoblar yarmarkasining uyushtirilishi talabalar o'rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularda badiiy adabiyotga bo'lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilgan bo'lsa ne ajab.

Faxr bilan ayta olamanki, mazkur sa'y-harakatlar natijasi o'laroq, talabalarimiz, institut huzuridagi akademik litsey o'quvchilari orasida ham yuksak marralarni egallayotganlar ko'pchilikni tashkil etadi. Yaqindagina Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan Xiva shahrida ilk marotaba Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi tashkil etildi. Ushbu nufuzli olimpiadada O'zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Jizzax politexnika instituti akademik litseyi 2-bosqich o'quvchisi Muqaddas Ismoilova kumush medal sovrindori bo'ldi.

O'zbekistonda ilk bora o'tkazilgan xalqaro olimpiadada Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Vetnam, Jazoir, Braziliya, Belarus, Rossiya, Qozog'iston, Oman sultonligi, Gruziya, Turkmaniston, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 160 ga yaqin o'quvchilar orasida JizPI akademik litseyi o'quvchisining kumush medal sovrindori bo'lishi pedagogik jamoamiz mehnatining samarasi bo'ldi.

O'rni kelganda aytish lozimki, institutimizda talaba yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni amalga oshirish maqsadida turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Ayniqsa, “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida “Talabalar bahori” festivalining tashkil etilganligi keng jamoatchilikning institut haqida tasavvuri kengayishiga turtki berdi.

Festival doirasida uyushtirilgan sport musobaqalari yoshlarni sog'lom turmush tarziga jalb etish borasida institutda yo'lga qo'yilayotgan ishlarning ifodasi sifatida namoyon bo'ldi. Talaba yoshlar arg'amchida sakrash, darts (nishonga urish), arqon tortish, tosh ko'tarish, qirq tosh, oq terakmi, ko'k terak, turnikka tortilish, yengil atletika (60 va 100 metrga yugurish), shaxmat, shashka bo'yicha musobaqalarda faol qatnashib, bor kuch, salohiyat va imkoniyatlarini namoyish etganligi — o'qiyman, izlanaman, yangilik yarataman, degan yigit-qizlarga keng imkoniyatlar eshigi ochiqligini ko'rsatdi.

Yoshlarning estetik didini oshirish xususida so'z borar ekan, institutning “Ibrat” talabalar teatr studiyasi faoliyatiga to'xtalmay iloj yo'q. “Ibrat” teatr studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar, sahna ko'rinishlarining mavzusi dolzarbligi, talabalarning mahorati va sahna madaniyatiga rioya etishi, eng muhimi, tomoshabinlar e'tiboriga sazovor bo'lishi uchun ijro maromiga yetkazib tayyorlanishi kabi jihatlarga ahamiyat beriladi. Jumladan, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi “Bahodir”, “Oqpadar”, odam savdosiga qarshi “Ular odam emaslar”, bugungi kundagi dolzarb mavzu hisoblangan o'qituvchi va murabbiylarning obro'-e'tibori haqidagi “Ustoz” psixologik dramasi shular jumlasidandir.

“Ibrat” talabalar teatr studiyasi tomonidan o'tgan o'quv yillari davomida 60 marotabadan ortiq spektakllar, sahna ko'rinishlari, jumladan, oliy ta'lim muassasalarida 30 marotaba, tumanlarda 5 marotaba, mahallalarda 15 marotaba, umumta'lim maktablarida 7 marotaba va boshqa muassasalarda 10 marotaba namoyishlar tashkil etildi.

Joriy yilda Jizzax viloyati musiqali drama teatrida oliy ta'lim muassasalari talaba-yoshlar teatr jamoalari o'rtasida o'tkazilgan “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining II hududiy bosqichida institutning “Ibrat” talaba teatr jamoasi G. Xudoynazarovning “Odamfurush” spektakli bilan ishtirok etdi. Tanlov yakuniga ko'ra institutimiz jamoasi birinchi o'ringa sazovor bo'lib, ke­yingi III bosqichda ishtirok etishga yo'llanma oldi. Mintaqaviy bosqich Buxoro musiqali drama teatrida Toshkent davlat texnika universiteti, Jizzax politexnika instituti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti teatr jamoalari o'rtasida bo'lib o'tdi. Tanlovning mazkur bosqichida “Ibrat” jamoasi   N. Qobilov qalamiga mansub “To'da” spektakli bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdi hamda tomoshabinlar e'tirofi va olqishiga sazovor bo'ldi.

Shuningdek, Yoshlar oyligi davomida “Uch avlod uchrashuvi”, “Talant-shou” dasturi, “Yoshlar yetakchisining bir kuni” loyihasi ham amalga oshirildi. Ushbu jarayonlarda talabalarimiz nafaqat faollik ko'rsatdi, balki o'z tashabbus va takliflari bilan ham ishtirok etdi. Shaxmat, stol tennisi, voleybol va kibersport turlari bo'yicha “Rektor kubogi” musobaqalari qizg'in bahslarga boy bo'ldi.

Aytish lozimki, institut talabalar turar joyida ham turli ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar muntazam tashkil etib kelinadi. “Bilim va tafakkurimiz — shu el uchun, shu yurt uchun” shiori ostida fakultetlarning yoshlar yetakchilari o'rtasida “O'zbegim oshlariga marhamat!” nomli osh chempionati ham talabalar turar-joyida o'tkazilishining o'ziga xos sabablari bor. Osh chempionati talabalarning pazandalik mahoratiga baho berish barobarida do'stona muhitni yaratish, birdamlikni mustahkamlashga hissa qo'shdi desak mubolag'a bo'lmas.

Yaqinda O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Temurbek Poyonov institutimiz yoshlari bilan uchrashdi, suhbat qurdi. Uchrashuvda yoshlar yetakchilari, yo'nalish va fakultet koordinatorlariga tegishli tavsiya va ko'rsatmalar berildi. Shuningdek, boshlang'ich tashkilot faoliyatini yanada yaxshilash yuzasidan taklif va fikrlar tinglanib, kelgusida amalga oshiriladigan rejalar belgilandi, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas'ullarga tegishli tavsiyalar berildi.

Qadimda Aristotel maktab, Aflotun akademiya tashkil etib aholining bilim saviyasini oshirishga xizmat qilgan bo'lsa, jadidlarimiz o'z mablag'i hisobidan maktab ochgan bo'lsalar, yoshlar masalasi bugun ham eng dolzarb masaladir. Shu tufayli yoshlarni oliy ta'limga qamrab olish va bu bosqichda ularni mehnat bozorida raqobatbardosh kadr qilib yetishtirish dolzarb masala ekanligini inkor etib bo'lmaydi. Sharq Uyg'onish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, jamiyatning yangilanishida yoshlarning o'rni beqiyos bo'lgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yo'naltirib va qo'llab-quvvatlab turishni talab etadi. Demak, yoshlarning iqtidorlarini namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda ularni qo'llab-quvvatlash mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson hayoti odob-axloq, ta'lim-tarbiya bilan bevosita bog'liq. Bugun unib o'sayotgan yosh avlod esa yangi O'zbekis­tonning bunyodkorlaridir.

Alisher USMONQULOV,

Jizzax politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + five =