Do'stlik va birdamlik ramzi

So'nggi yillarda O'zbekiston hamda Qirg'iz Respublikasi o'rtasidagi o'zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi. Bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning siyosiy irodasi, qat'iyati muhim asos bo'ldi.

O'zbekiston yaqin istiqbolining muhim dasturilamali bo'lgan 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish” vazifasi alohida ustuvor maqsad sifatida qayd etilgan.

Ushbu maqsadning hayotiy in'ikosi 2023 yil boshida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan shu mamlakatda bo'lgani  hamda mazkur tashrif doirasida imzolangan tarixiy hujjatlarda yaqqol namoyon bo'ldi. Mazkur uchrashuvda Tomonlar ko'p qirrali hamkorlikning muhim yo'nalishlarini batafsil muhokama qilib, uni chuqurlashtirish bo'yicha aniq qarorlar qabul qildilar. Ushbu qarorlar ikki qardosh va yondosh mamlakatlar o'rtasidagi madaniy aloqalarning rivojiga, ta'lim sohasidagi hamkorlik istiqboliga ham xizmat qildi desak, mubolag'a bo'lmaydi. Qachonki qo'shnilar tinchlik va hamjihatlikda hayot kechirishsa, ular uchun umumiy manfaatlarga daxldor mintaqaviy xavfsizlik masalalaridan tortib ta'lim, energetika, qishloq xo'jaligi, mashinasozlik va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni amalga oshirishgacha bo'lgan har qanday muammolarni hal etish oson kechadi. Shu nuqtai nazardan Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi muloqot strategik sherik­lik maqomiga ega bo'lgani, ikki mamlakat yetakchilari ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirishga bel bog'lagani quvonarlidir. Ma'lumotlarga nazar tashlansa, o'tgan 6 yilda o'zaro tovar ayirbosh­lash hajmi 7 barobarga oshganini ko'rish mumkin. 2023 yil yanvar-avgust oylarida ushbu ko'rsatkich 700 million AQSh dollariga yetgan. Mamlakatlarimiz o'rtasida savdo hajmini 2 milliard AQSh  dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjudligi mutaxassislar tomonidan qayd etilmoqda.

Joriy yil O'zbekiston va Qirg'iziston munosabatlari rivojida tarixiy davr bo'ldi. Xususan, gumanitar hamkorlik masalalari bo'yicha amalga oshirilgan ishlarning o'ziyoq so'zimiz tasdig'i bo'la oladi. Shu o'rinda o'zbek va qirg'iz xalqlari an'analari, madaniyati va qadriyatlari mushtarakligini alohida qayd etish joiz. Bizning tilimiz, dinimiz, tariximiz va merosimiz bir. Bu jihatlar madaniy-gumanitar aloqalar rivojida muhim omil bo'lmoqda. O'zbekistonda qirg'iz tili va madaniyatini, Qirg'izistonda o'zbek tili va madaniyatini o'rganishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Birgina Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti misolida gapiradigan bo'lsak, shu kungacha Qirg'iz Respublikasining 8 ta universiteti bilan hamkorlik o'rnatilgan. Universitetimiz qo'shni mamlakat ta'lim muassasalaridagi o'zbek tili va adabiyoti ta'lim yo'nalishlari uchun tayanch hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, o'tgan yillar davomida dorilfununimizda Qirg'iz Respub­likasidan 32 nafar o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchisi o'z malakalarini oshirishdi. Bizning professorlarimiz muntazam ravishda Qirg'izdagi hamkasblari bilan muloqot qilib, o'zbek tili va adabiyotini o'qitish sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, metodik usullar, muammo va yechimlar haqida ma'ruzalar tashkil qilishadi.

Mana shu ezgu ishlarning davomi sifatida 2023 yilning 3-4 oktyabr kunlari Qirg'izistonning O'sh shahridagi B.Sidiqov nomidagi Qirg'iz-O'zbek universitetida “Oliy ta'lim tizimida integratsiya, hamkorlik va innovatsiyalar” mavzusidagi O'zbekis­ton-Qirg'iz Respublikasi oliy ta'lim muassasalari rektorlarining I xalqaro forumi o'tkazildi. Qirg'iz Respublikasi bilan konstruktiv, serqirra hamda o'zaro manfaatli muloqot O'zbekiston tashqi siyosatining strategik yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Ikki tomonlama munosabatlar ijobiy tarafga siljib, aniq amaliy mazmun bilan boyimoqda. Ushbu forum ana shu hamkorlikning yana bir samarasi o'laroq tashkil etildi, shu forum doirasida ToshDO'TAU bilan Qirg'iz Respublikasining 6 ta oliy ta'lim muassasasi o'rtasida hamkorlik shartnomalari tuzildi. Botken davlat universiteti bilan talabalar (bakalavr, magistr, ilmiy tadqiqotchilar) akademik almashinuvi tizimini yo'lga qo'yish va faollashtirish, o'qituvchilar stajirovkasini tashkil etish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, Karasayev nomidagi Bishkek gumanitar universiteti bilan ilmiy, o'quv-uslubiy yo'nalishlarda hamkorlik o'rnatildi. Jusup Balasagin nomidagi Qirg'iziston milliy universiteti bilan ilmiy salohiyatni yanada oshirish bo'yicha, T.Sodiqov nomidagi Qirg'iziston Respublikasi Milliy Badiiy Akademiyasi esa qirg'iz tadqiqotchilari va pedagog xodimlarining o'zbekistonlik hamkasblari bilan hamkorligini yanada yaxshilash, ularning Tosh­DO'TAUda ilmiy izlanishlar olib borishi uchun imkoniyat yaratish bo'yicha, A.Mirsabekova nomidagi O'sh gumanitar-pedagogika universiteti bilan  hamkorlikda ilmiy seminarlar, konferensiya va forumlar tashkil etish, qirg'izistonlik talabalar uchun ToshDO'TAUda onlayn va oflayn o'qish imkoniyatini kengaytirish bo'yicha, B.Sidiqov nomidagi Qirg'iz-o'zbek xalqaro universiteti professor-o'qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalarning maqolalarini hamkor OTM ilmiy nashrlarida chop etish yuzasidan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Shu kunlarda biz yana bir tarixiy voqea guvohi bo'ldik, 4 oktyabr kuni Qirg'iz Respublikasining O'sh davlat universitetida O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi.  Bu markazni ochish tashabbusi bizning Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan bildirilgan edi. O'sh davlat universiteti bilan hamkorlik o'rnatgan ilk kunlardanoq shunday markaz ochish haqida taklif bildirganmiz. Sababi, O'sh viloyatida o'zbeklar aholining qariyb 48 foizini tashkil etadi. Bu millatdoshlarimiz o'zbek tili va adabiyoti bilan yaxshi tanish, ammo ularga ko'proq imkoniyat yaratish, qolaversa, o'zbek tili va madaniyatiga qiziquvchi ko'p sonli ziyolilarning talablarini ham inobatga olgan holda, ushbu markazni tashkil etish taklifi bilan chiqdik. Taklifimizni O'sh davlat universiteti vakillari ma'qulladi. Elchixonalar tomonidan ham bu taklifimiz ijobiy qabul qilindi. Tez orada barcha zaruriy hujjatlar taxt qilindi va biz O'sh davlat universitetida O'zbek tili va madaniyati markazi faoliyatini bosh­lashga muvaffaq bo'ldik.  Universitet tomonidan mazkur markazga 209 nomda o'zbek tilidagi badiiy va ilmiy kitoblar, bir nechta tasviriy san'at namunalari va ko'plab o'zbek milliy hunarmandchilik buyumlari sovg'a qilindi.

Tarix va bugungi kun qirg'iz-o'zbek xalqlari nafaqat etnik kelib chiqishi jihatidan, balki ruhiyatiga ko'ra ham haqiqiy qardosh xalqlar ekaniga yaqqol guvohlik beradi. Bu ikki qardosh xalq tarixiy taraqqiyotning barcha evrilishlariga qaramasdan, shiddat bilan o'zgarayotgan dunyoda raqobatbardosh bo'lib qolish uchun zarur islohotlarni amalga oshirgan holda o'z milliy davlatchiligini matonat va mehnatsevarlik bilan  mustahkamlab kelmoqda. Qirg'iz Respublikasi OTMlari bilan turkshunoslik, turk tili va adabiyoti, o'zbek tili va adabiyoti, mintaqashunoslik, Markaziy Osiyo xalqlari tarixi yo'nalishlarida hamkorligimiz bardavom bo'lsin. Zotan, ezgu maqsad yo'lidagi birdamligimiz ikki xalq vakillari uchun ham manfaatlidir. Munosabatlarning bunday tarzda kurtak yozishi O'zbekiston va Qirg'izistonning xalqaro maydonda yanada nufuzi ortib, ikki davlat iqtisodiyoti o'sish sur'atlarining barqarorligi, mamlakatlar xalqlari ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi va yaratuvchanlik salohiyatining to'liq ro'yobga chiqishini ta'minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori,

filologiya fanlari doktori, professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =