Ilmu ma'rifat qadrlangan yurt
O'zbekistonda davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarining ta'minlanishi ustuvor vazifa etib belgilanishi, bu bunyodkor xalqimizga, fidokor ota-onalarimizga, qolaversa, yosh avlodga bo'lgan e'tibor sanaladi. So'nggi yillardagi oliy ta'lim tizimida asosiy e'tibor mamlakatimiz yoshlarining ta'lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratilganligi, mamlakatimizda oliy ta'lim muassasalari sonining ko'payishi, bugungi kunda 210 taga yetganligi, ularga qabul 3,5 baravarga ortganligi biz uchun quvonarli holdir. Yurtimizda oliy ta'lim tizimi tubdan isloh qilinishi natijasida tizimda ko'plab muammolar o'z yechimini topmoqda. So'nggi yillarda oliy ta'lim maktab bitiruvchilarining 9 foizini qamrab olgan bo'lsa, bugungi kunga kelib yoshlarning 39 foizi oliy ta'limda tahsil olish imkoniyatiga ega bo'ldilar.
Yurtboshimiz: “Birinchi navbatda, e'tiborni Yangi O'zbekiston uchun eng katta investitsiya bo'lgan ta'limni qo'llab-quvvatlashga qaratamiz”, deb aytishlari bejiz emas. Davlat tomonidan yoshlarimizga nafaqat sifatli ta'lim beribgina qolmay, balki kasb-hunarga o'rgatish, ularning bandligini ta'minlashga ham e'tibor qaratilayotgani soha xodimlarini ham davlat rahbari singari fidoyi bo'lishga chaqiradi. Zimmalariga cheksiz mas'uliyat yuklaydi.
Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda ta'limdagi sifat katta ahamiyatga ega. Ilg'or ta'lim — yorug' kelajak, bag'rikenglik va insonparvarlik sari yo'l ochadi. Yoshlarni yuksak axloqli va intizomli qilib tarbiyalash, ularning sifatli ta'lim olishi va vatanparvarlik ruhida voyaga yetishi mamlakat iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotining kaliti hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari bejiz o'z ma'ruzalarida “Najot – ta'limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, deya alohida ta'kidlab o'tmaganlar. Bu bilan ular sifatli ta'lim xizmatlariga ega bo'lish darajasini oshirishni kun tartibiga qo'yyaptilar. Ta'lim sifatini oshirish – Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to'g'ri yo'lidir.
Muhtaram Yurtboshimizning nutqlarida belgilab bergan vazifalari ta'lim sohasini rivojlantirish, uning sifatini yangi darajaga ko'tarishga undaydi. Prezidentimiz taklif etgan mexanizm shu maqsadga xizmat qiladi. Bugungi kunda ta'lim sifatini tashqi ta'minlash bo'yicha 30 nafardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi va ular xalqaro darajada akkreditatsiyadan o'tkazuvchi mutaxassis sifatida nufuzli xorijiy ekspertlar tomonidan malakasi oshirildi.
Yurtboshimiz bergan imkoniyatlar tufayli hozirgi paytda 41 ta yetakchi universitetlarga akademik, iqtisodiy va tashkiliy sohada mustaqillik berildi, har bir oliy ta'lim muassasasining moliyaviy imkoniyatlari oshirildi. Bu esa oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga hamda professor-o'qituvchilar va talabalarning ijtimoiy himoyasi yaxshilanishiga imkon berdi.
So'nggi yillarda sog'lom raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali 65 ta nodavlat oliy ta'lim muassasalari tashkil etildi. Xorijiy oliy ta'lim muassasalari soni 30 taga, davlat oliy ta'lim muassasalari 115 taga yetkazildi. Birgina Sirdaryo viloyati bo'yicha aytadigan bo'lsak, 2016 yilga qadar 1 ta oliy ta'lim muassasasi mavjud bo'lib, unda 6,5 mingta talaba tahsil olar edi, bugungi kunda esa Sirdaryoda 3 ta oliy ta'lim muassasasi mavjud. Ularda 20 mingdan ortiq yoshlar tahsil olmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati G'uzor tumanida joylashgan “Uzbekistan GTL” zavodi ochilishida bergan ko'rsatmalari natijalari asosida, ta'lim klasteri tashkil etilib, iqtidorli talabalar bevosita ishlab chiqarish bilan uzviy bog'liq holda ta'lim olayotganligi hamda o'qishni bitirmasdan ishga kirayotganligini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Ta'lim klasterining tashkil etilishi 100 dan ortiq zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari uchun raqobatbardosh, o'z mutaxassisligi bo'yicha har tomonlama bilimli hamda xorijiy tillarni va IT-texnologiyalarini puxta egallagan kadrlar tayyorlashga zamin yaratib berishi muhim ekanligi anglab yetildi.
Bugun oliy ta'lim muassasalarida 1 mln.dan ortiq yoshlar ta'lim olishmoqda. Respublikamizda o'rtacha 4,5 mln. ta oila bor deb qarasak, har 3-4 ta oilaning 1 nafardan farzandi talabaligi bu oilalarning baxtidir. Davlat rahbarining ta'biri bilan aytganda, xalqni rozi qilish uchun keng sharoit yaratildi.
Bugungi kunda talabalarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda kunning muayyan vaqtida fanlar bo'yicha teledarslar o'tkazish tizimli yo'lga qo'yildi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun oliy ta'lim muassasalari umumiy qiymati 2 million 300 ming AQSh dollari bo'lgan sakson beshta zamonaviy server qurilmasi bilan ta'minlandi. Internet tezligi Gbit/sekundgacha oshirildi.
Prezidentimizning 2021 yil 24 dekabrda qabul qilingan “Davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan 41 ta davlat oliy ta'lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. Ushbu ta'lim dargohlariga moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kontrakt asosidagi qabul parametrlarini belgilashni mustaqil hal etish imkoniyati yaratildi. Har bir oliy ta'lim muassasasi tomonidan o'quv rejalar va o'quv dasturlarining mustaqil ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi tartibi joriy etildi.
Bu oliy ta'lim dargohlari qatorida Toshkent davlat texnika universiteti ham shunday imkoniyatlarga ega bo'ldi
Toshkent davlat texnika universitetiga berilgan moliyaviy-akademik mustaqillik tashkiliy boshqaruv sohalarida qo'shimcha vakolatlar, yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu yerda vasiylik kengashi tugatilib, kuzatuv Kengashi o'z faoliyatini boshladi.
Qisqa vaqt ichida oliy ta'lim tizimiga xorijiy tajriba olib kirildi, qo'shma dasturlar joriy etish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Bu borada Toshkent davlat texnika universitetida ham samarali ishlar amalga oshirildi. Toshkent davlat texnika universiteti va BMTU bilan qo'shma dasturlar tashkil etildi. Barcha tashkiliy masalalar va o'quv-uslubiy ishlar ikki tomon rektorlari boshchiligida hamda mutaxassislar sa'y-harakati bilan amalga oshirildi. Ikki yil davomida talabalar uchun onlayn darslar hamda TDTU professor-o'qituvchilari uchun Belarus Respublikasidagi hamkor universitetlarining pedagog kadrlari tomonidan o'quv jarayoni va ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirish bo'yicha tajriba almashishga qaratilgan turli seminar va treninglar tashkil etildi. 2023 yil iyun oyi oxirida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida Belarus milliy texnika universiteti (BMTU) bilan qo'shma hamkorlikdagi bitiruvchilarga diplomlarni topshirishga bag'ishlangan tantanali marosim bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirda TDTU rahbariyati, bitiruvchi talabalarning ota-onalari, Belarus Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi-elchisi Opimak Aleksandr Nikolayevich, BMTU rektori S.V.Xaritonchik boshchiligidagi delegatsiya va professor-o'qituvchilar “ZOOM” platformasi orqali ishtirok etdi. BMTU rektori: “Umid qilamizki, ushbu yangi kadrlar kelajakda nafaqat O'zbekistondagi, balki butun jahon texnika sohasini rivojlantirishga ham o'z hissasini qo'shadi. Boisi o'tgan o'quv yillari mobaynida o'zbek talabalaridagi bilimga chanqoqlik va yangilikka intiluvchanlikni sezdim va bundan quvondim. Bu kelajakda yanada ko'p va yetuk mutaxassislar yetishib siqishiga zamin yaratadi deb ishonch bildiramiz”, dedi.
Hamkorlikda amalga oshirilayotgan bunday ta'lim dasturlari, oliy ta'lim o'choqlarida olingan bilim diplom sifatida emas, balki talabalarning olgan nazariy va amaliy bilimlari, mamlakatning intellektual qiyofasi sifatida namoyon bo'la boshlaydi, yillar o'tib o'z samarasini albatta beradi, qolaversa, davlatlar bilan ta'limda hamkorlik o'zining ijobiy natijalari bilan bo'y ko'rsatadi.
Muhtaram Prezidentimiz mamlakatimiz mustaqilligining 32 yillik tantanalarida so'zlagan nutqlarida ham ta'lim haqida to'xtalib: “Ma'lumki, biz bir yil avval taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yo'nalishini belgilab olgan edik. Unda ta'lim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan.
Men doimo ta'lim, ta'lim, muallim, muallim, deb ta'kidlashim bejiz emas. Chunki ta'limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta'limdir”, degan edi.
Faxr bilan aytishni istardimki, respublika oliy ta'lim muassasalarining faoliyatini baholash maqsadida “Yil oliygohi” ko'rik tanlovining 2 bosqichi bo'lib o'tgan edi. “Yilning eng yaxshi oliygohi” nominatsiyasiga Toshkent davlat texnika universiteti sazovor bo'ldi.
Shu munosabat bilan, kuni kecha yoshlarni qo'llab-quvvatlash loyihasi asoschisi Egamnazar Abdulboqiyev universitet kengashida universitet rektoriga statuetka, diplom va talaba yoshlarni kurslarda o'qitish uchun 14 million so'mlik sertifikatni topshirdi.
Agarda universitetimiz professor o'qituvchilarining ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish faoliyatiga nazar tashlasak, yarim yillik natijalar ham yomon emas. Masalan, 2023 yilning birinchi yarmida fundamental loyiha 8 ta, amaliy loyiha 7 ta, innovatsion loyihalar 6 ta va loyihalarning umumiy soni 21 tani tashkil etdi. Shu jumladan, xalqaro loyihalar ham mavjud. Bular O'zbekiston-Belarus – 4 ta, O'zbekiston-Hindiston – 1 ta, O'zbekiston-Vengriya – 1 ta. Intellektual mulk agentligi tomonidan olingan guvohnomalar: ixtirolar – 4 ta, foydali model – 5 ta, sanoat namunasiga patent – 1, DGU – 38 ta, BGU (Ma'lumotlar bazasi) – 7 tani tashkil etdi.
Albatta, maqsad va maslagimiz yoshlarning yetuk mutaxassislar bo'lib yetishishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solish. Ta'lim — najot demak. Ertamizning, kelajagimizning yorug' ertasi, shak-shubhasiz, bugun o'qiyotgan farzandlarimiz qo'lida. Ana shu ulug' mas'uliyat hissini aslo unutishga haqqimiz yo'q.
Rahbar XOLIQOVA,
Toshkent davlat texnika universiteti
professori, tarix fanlari doktori.