“Tutte le strade portano a Roma” — Barcha yo'llar Rimga olib boradi
O'zbekiston va Italiya azaldan bir-biriga intilgan, hamkorlik aloqalarini tiklagan mamlakatlardan hisoblanadi. Kuni kecha, aniqrog'i, shu yilning 10-11 noyabr kunlari Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning yurtimizga rasmiy tashrifi ham har ikkala davlatning o'zaro ishonchli va strategik hamkorlar ekanligini yana bir bora isbotladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan tashrif buyurgan Italiya davlatining rahbari bilan bo'lib o'tgan rasmiy uchrashuvlar juda yuqori darajada o'tganligidan, O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik darajasi yildan-yilga rivoj topib borayotgani quvonchlidir. Yana shuni alohida ta'kidlash joizki, har ikki davlat o'rtasidagi o'zaro munosabatlarda ta'lim sohasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko'tarilayotganini e'tirof etmaslik mumkin emas. Birgina poytaxtimizdagi Turin politexnika universitetining ayni paytdagi o'rni, faoliyati ko'pchilikka ma'lum. Italiya Prezidentining ana shu universitet faoliyati bilan ham tanishganligi, umuman ta'lim tizimidagi ijodiy yutuqlarning bardavomligining asosiy omillaridan biri O'zbekiston va Italiya o'quv dasturlari orasidagi tafovutlar uyg'unlashtirilganidan dalolatdir.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetida ham italyan tilini o'qitish, bu mamlakatdagi qator oliy ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Zero, Yevropa mamlakatlari madaniyati va tarixiga nazar solar ekanmiz, ular orasida moziy qa'ridan joy olgan hamda bugungi kungacha o'z viqori va millat sifatida o'zligini, buyukligini saqlab kelgan Italiya davlati hamda xalqini ta'kidlamaslikning iloji yo'q. Italyan madaniyati, adabiyoti, san'ati, sporti kirib bormagan mamlakat bo'lmasa kerak. Hatto ilk qomusiy olimlar ham qadimgi Rim diyorida tug'ilib, ijod qilishgan va ilm-fan rivojida tamal toshini qo'yishgan. Shoir Usmon Nosir aytganidek:
Seni yaxshi bilaman, go'zal
Petrarkani o'qiganim bor.
Buyuk Rimning Samfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Italiya o'rta asrlar Yevropa Uyg'onish davrining o'chog'i hamda insoniyat tarixida amalga oshirilgan ko'plab kashfiyotlar markazi sanaladi. Ona yurtimiz hamda Italiya o'rtasidagi o'zaro do'stlik va hamkorlik aloqalari uzoq tarixga borib taqaladi. Venetsiyalik mashhur sayyoh Marko Polo o'zining kundaliklarida Samarqand, Buxoro va Farg'ona kabi tarixiy shaharlarimiz haqida qimmatli tasvirlar va ta'riflar keltirib o'tadi. Ayniqsa, Samarqandning xushhavoligi, Zarafshon daryosi bo'yidagi shaharlarning obodligi hamda Farg'ona otlarining hatto Chin o'lkasida ham mashhur ekanligini taajjub bilan hikoya qiladi. Sohibqiron Amir Temur davrida ham Yevropa mamlakatlaridan ko'plab elchilar hamda savdogarlar tashrif buyurib, Movarounnahr, Xuroson haqida qiziqarli ma'lumotlarni yozib qoldirishgan. Xususan, Ispaniya elchisi Gonzales de Klavixo Temuriylar saltanati Fransiya, Italiya, Ispaniya kabi davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy va savdo-sotiq aloqalarini yo'lga qo'yganligini o'z asarlarida madh etadi. Italiya poytaxti Rim shahri sharq gavhari sanalmish Samarqand bilan tarixan va boqiylikda tenglashtiriladi. Dunyo davlatchilik tarixida G'arbda Rim va Sharqda Samarqand o'z o'rni va ahamiyatiga ega hisoblanadi, ya'ni shaharsozlik va madaniyat hamda san'atning ilk ko'rinishlari ham mazkur shahar-davlatlar tarixiga borib taqaladi.
Bundan tashqari, Samarqand Buyuk ipak yo'lining markazida joylashganligi uning butun dunyoga ma'lum va mashhur bo'lishiga zamin yaratgan, ko'plab sayyohlar-savdogarlar uchun unumdor makon sanalgan. XX asrda italiyalik mashhur qo'shiqchi Roberto Vecchioni tomonidan “Samarcanda” nomli qo'shiq yaratilgan bo'lib, unda askarning so'nggi panoh topadigan ilohiy joyi Samarqand ekanligi keltirib o'tiladi va italiyaliklar tomonidan sevib xirgoyi qilinadi.
Bugungi kunda Italiya va O'zbekiston munosabatlari yanada mustahkamlanib, hamkorlik aloqalari doiralari kengayib bormoqda. Xususan, O'zbekistonda italyan tili va madaniyatini o'rganishga bo'lgan talab ortib borayotganidek, Italiyada ham o'zbek tili va madaniyatini o'rganuvchi tadqiqot institutlari tashkil etilmoqda.
Qolaversa, O'zbekistonga har yili tashrif buyuradigan chet ellik sayyohlarning ulushiga ko'ra italyanlar inglizzabon sayyohlardan keyin 2-o'rinda turadi. Italiya O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan oldi hamda 1992 yil Toshkentda Italiya elchixonasi faoliyati boshlangan. 1998 yilda Italiyaning Rim shahrida O'zbekiston Respublikasi elchixonasi tashkil etildi. 2021 yildan Florensiyaning Toskana va Umbriya regionlarida, 2023 yildan esa Milanning Lombardiya va Liguriya regionlarida O'zbekiston faxriy konsulliklari faoliyati yo'lga qo'yildi. Har yili Rim shahrida o'zbek milliy qadriyatlari namoyishi, ko'rgazmalar, milliy kiyimlar va taomlar festivallari o'tkazilib kelinmoqda.
O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1996 va 2000 yillarda Italiyaga tashrif buyurgan hamda ikki davlat o'rtasida izchil hamkorlik munosabatlari memorandumlarda o'z tasdig'ini topgan. 1997 yilda Italiya prezidenti Oskar Skalfaro hamda o'sha yili Italiya bosh vaziri Romano Prodi O'zbekistonga keldi hamda shu yili 3 mayda ikki davlat o'rtasida tuzilgan o'zaro munosabatlar tamoyillari to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya hamda 1997 yil 17 sentyabrda kelishilgan O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi Do'stlik va hamkorlik shartnomasi asosida 22 ta hujjatdan iborat, jumladan: 1 ta davlatlararo shartnoma, 10 ta hukumatlararo bitim, 3 ta idoralararo kelishuv va 8 ta boshqa huquqiy bazalar asosida bugungacha hamkorlik munosabatlari davom etmoqda.
2023 yil 8-9 iyun kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga davlat tashrifida ham turli doiradagi kelishuv, shartnomalar va bitimlarga erishildi. Xususan, Venetsiyada O'zbekiston tarixi va madaniyati, turistik salohiyatini namoyish etuvchi katta ko'rgazma tashkil qilindi.
1999 yildan buyon mamlakatlarimiz o'rtasida Savdo-iqtisodiy, sanoat hamkorlik va eksport kreditlari bo'yicha hukumatlararo ishchi guruhi faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston Italiyaga, asosan, tekstil, rangli metall (ishlov berilmagan rux), teri va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiladi.
Asosiy import bo'ladigan mahsulot va xizmatlar esa, mexanik asbob-uskunalar, gaz, suyuqliklarni yetkazib berish yoki ishlab chiqarish uchun hisoblagichlar, elektr jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika mahsulotlari, transport vositalari va ehtiyot qismlaridir.
Investitsion hamkorlikka to'xtalsak, O'zbekistonda Italiya kapitali ishtirokidagi 54 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy faoliyat yo'nalishlari alkogolsiz ichimliklar, vinolar, shisha idishlari xomashyosi, parfyumeriya, muzqaymoq, trikotaj, xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo-sotiq va vositachilik xizmatlaridan iborat.
Italyan kinosi va musiqasi o'zbek auditoriyasi tomonidan hamisha iliq qarshi olingan bo'lib, italiyalik xonandalar tez-tez o'z konsert dasturlari bilan O'zbekistonga tashrif buyurishadi. Xuddi shunday 2-3 noyabr kunlari Samarqand shahrida Italiya qo'shiqchilik san'ati afsonalari ishtirokida badiiy uchrashuvlar va konsertlar bo'lib o'tdi. Qolaversa, an'anaviy o'tkazilib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ham italiyalik sozanda va xonandalar hamisha yuqori o'rinlarni zabt etishgan.
Hozirda Italiyada 1,5 mingga yaqin O'zbekiston fuqarosi istiqomat qiladi. Bundan tashqari, har yili yuzlab bitiruvchi talabalar magistratura bosqichini davom ettirish maqsadida Italiya universitetlariga yo'l olishadi. Italiya va O'zbekiston o'rtasida ta'lim sohasida ham keng qamrovli sherikchilik aloqalari yo'lga qo'yilgan. Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutlarida italyan tili va madaniyati markazlari tashkil etilgan bo'lib, yilning har choragida italiyalik professor-o'qituvchilar tomonidan qiziqarli tadbirlar va seminarlar tashkil etiladi.
Hozirda O'zbekistonda italyan tili va madaniyatini o'qitish bo'yicha bir nechta universitetlar va institutlarda yo'nalishlar tashkil etilgan bo'lib, O'zDJTU barcha oliygohlar uchun tayanch oliygoh vazifasini bajarib kelmoqda. Universitetda Italiyaning butun dunyo tomonidan tan olinadigan til bilish sertifikati “CELI” markazi tashkil etilgan bo'lib, yilning to'rt choragida talabgorlar imtihonlarda ishtirok etishlari hamda xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritishlari mumkin.
Universitetda 2022 yil 21 aprelda italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashkil etildi hamda Italiyaning Ka-Foskari, Milan IULM universiteti, Perudja xorijliklar universiteti va Siena xorijliklar universitetlari bilan o'zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Kafedra tomonidan joriy 2023 yilda mazkur hamkor universitetlar bilan birgalikda 3 ta xalqaro “Erasmus+KA171” loyihasi qo'lga kiritildi. Bu esa o'zbek talabalarining Italiya universitetlarida grant asosida o'qishlari uchun va professor-o'qituvchilarning xorijiy tajribalarni o'rganib kelishlarida moliyaviy tomondan ko'mak va imkoniyat beradi.
Hamkorlik doirasida har o'quv yilida Italiya universitetlaridan talabalar va magistrantlar kelib, O'zDJTUda amaliyot o'tashmoqda va o'zbek madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishmoqda. Qolaversa, Italiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan o'qish grantlarini qo'lga kiritayotgan talabalarimiz safi kengayib borayotganligi juda quvonarli. O'zDJTU va Italiya Respublikasining Toshkentdagi muxtor va favqulodda elchixonasi bir necha yillardan buyon do'stona munosabatlar bilan hamkorlik olib bormoqda.
Hozirda italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professor-o'qituvchilari tomonidan italyan adabiyoti durdonalarini o'zbek tiliga tarjima qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning “Birgalikda ulg'ayamiz” kitobi ham kafedra jamoasi tomonidan o'zbek tiliga mohirona tarjima qilindi. Ayni kunlarda kafedra professor-o'qituvchilari va Venetsiya Ka-Foskari universiteti o'qituvchilari hamkorlikda Marko Poloning 2024 yilda bo'lib o'tadigan 700 yillik yubileyi doirasida uning mashhur asarlari tarjimasi ustida ish olib borishmoqda.
Bundan tashqari kafedra qoshida “Italyan tilida gid-hamrohlik kompetensiyalarini shakllantirish” nomli kurs tashkil etilgan bo'lib, talabalarning bilimlari amalga tatbiq etilishida tayanch vazifasini bajarmoqda, O'zbekistonga tashrif buyuruvchi italyan sayyohlarga malakali va samarali xizmat ko'rsatish koeffitsienti oshmoqda. Universitetimizning italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri B.Ergasheva O'zbekistonda italyan tilini o'qitish bo'yicha qo'shayotgan hissasi hamda xalqaro hamkorlikdagi tashabbuskorligi uchun joriy yilda Prezidentimiz tomonidan ta'lim yo'nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Bizning ta'lim o'chog'imizning galdagi vazifalaridan – O'zDJTU va dunyo QS reytingi ro'yxatida birinchi 100 talikka kiruvchi Italiyaning Bolonya Alma Mater hamda Turin universitetlari bilan hamkorlikni amalga oshirish va qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yish kelajakdagi istiqbolli rejalarimizdan biri sanaladi. Bundan tashqari, Italyan tili va madaniyati markazi faoliyatini yanada takomillashtirib, rejali tarzda italyan madaniyati, kinosi, musiqasi, sporti, adabiyoti haftaliklarini tashkillashtirish tizimli yo'lga qo'yiladi.
Italyan tilidagi darsliklar sonini kengaytirish bilan bir qatorda mahalliy professor-o'qituvchilar tomonidan o'quv qo'llanmalarni yaratish jarayoni jadallashtiriladi. 2023-2024-o'quv yilining ikkinchi yarmida Italiyaning Milan IULM universitetidan malakali mutaxassislar o'quv jarayoniga jalb etilishi rejaga kiritilgan. Universitetimizda italyan tilini o'qitish sohasi kengaytirilib, talabalar almashinuvi dasturi va pedagoglarni xorijiy stajirovkaga yuborish dasturlari yanada kengaytiriladi.
Ilhomjon TO'XTASINOV,
O'zbekiston davlat Jahon tillari
universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori,
professor.