Nishonni aniq olgan Nishonov

Atrof-javonibda kuz nafasi kezadi. Daraxtlarning yaproqlari tilla rangga kirgan. Mayin epkindan butoqlardagi barglar chirt-chirt uziladi. Ikki tarafida bo'ychan daraxtlar o'sib yotgan yo'l bo'ylab yuramiz. Birdan ko'z oldimizda qo'sh qavatli qizg'ish bino chiroy ochadi. Bu Sardoba tumani, “Qo'rg'ontepa” mahallasidagi 16-umumiy o'rta ta'lim maktabining o'quv binosidir.
Bundan ikki yil muqaddam sirdaryolik bir guruh jurnalistlar Sardoba tumaniga media-tur uyushtirgan edik. Sardoba suv omborining o'pirilishidan zarar ko'rgan ob'yektlarda bo'lib, odamlar bilan “horma-bor bo'l” qilgandik. Biz qadam ranjida qilgan ob'yektlar sirasida 16-umumta'lim maktabi ham bor edi. Maktabga boraverishdagi yo'ldan suv omborining dambalari ko'zga tashlanib turardi. Toshqindan bino katta zarar ko'rmagan: faqat birinchi qavatini suv bosgan, dimoqqa zax hidi urilardi. Maktab qaytadan ta'mirlangan, devoru pollar yangiday yaltirardi. O'shanda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo'limi maktab kutubxonasini otaliqqa olgan edi.
Oradan ikki yil o'tib, maktab butunlay yangicha qiyofa kasb etibdi. 2022 yilning yanvar oyida Zokirjon Nishonov maktabga direktor etib tayinlanibdi. Rahbar tashkilotchi bo'lsa, mehnat jamoasiga ham yuqadi. Xalqimizda: “Katta arava qaerdan yursa, kichigi ham shu yerdan yuradi”, degan naql bor. Yangi rahbar nima karomat ko'rsatibdi, deb savol berishingiz tabiiy. Avvalo, jamoada ijodiy muhitni shakllantiribdi. Mahalla va ota-onalar bilan mustahkam aloqa o'rnatibdi.
Jurnalistikada faktlar gapiradi, degan ibora bor. Keling, yaxshisi, o'sha faktlarni raqamlarda ifodalaylik. Nishonov direktor lavozimiga tayinlangan 1 yilu 10 oy oralig'ida maktabga 60 ta kompyuter jamlamasi, 10 ta printer, 2 ta noutbuk, 19 ta “Shang Gong” rusumli Xitoyda ishlab chiqarilgan tikuv mashinasi, 5 ta dazmol, 19 ta interaktiv doska, 25 ta doska, 23 ta televizor, 5 ta videoproektor, faollar zali uchun 137 ta yumshoq mebel, oshxona uchun 20 ta stol, 120 ta stul, 45 ta kuzatuv kamerasi, 24 ta “Wi-Fi” tezligini oshiradigan router jihozi, turli rusumdagi konditsioner va ovoz kuchaytirgichlar olib kelingan. Bu hali hammasi emas. Maktab qoshida qiymati 450 million so'mlik sun'iy qoplamali futbol maydonchasi barpo etildi. Bularning barini pulga chaqsangiz, allambalo summa kelib chiqsa kerak.
Nima, Zokirjon Nishonov kishi bilmas g'azna topdimi? Yo bobosidan qolgan katta boylik bormidi? Yo'q! U imkon qidirdi. Xalqimiz aytadi-ku: “Qalovini topsang, qor ham yonadi”, deb. U tashabbusli byudjet (open budget) tanloviga o'qituvchilar va ota-onalarning boshini qo'shib ovoz yig'di. Ikki bor tanlovda qo'li baland kelib, 2 milliard 500 million so'm mablag' yutib oldi. Mana shu mablag'ni joy-joyiga qo'yib, maktab o'quv-moddiy texnika bazasini a'lo darajaga yetkazdi. Ayni chog'da mazkur maktab texnika vositalari bilan jihozlanishi bo'yicha hatto shaharlardagi manaman degan ta'lim o'choqlarini ham ortda qoldiradi.
— Ushbu yo'nalishdagi ishlarimizni yana davom ettirmoqchimiz, — dedi Z.Nishonov. — Hozir hisob-kitob qilayapmiz. Qo'lga kiritgan texnika vositalarimiz soz soatdek chiqillab ishlab turishi uchun uzluksiz elektr ta'minoti kerak. Galdagi nishonimiz maktabimizga quyosh panellarini o'rnatishdir.
Zamonaviy texnika vositalaridan ustozlar samarali foydalangandan keyin ta'lim sifati ham oshib boraveradi. Yaqinda o'tgan fanlar olimpiadasining tuman bosqichida maktab o'quvchilari eng yuqori natijani qayd etishdi.
Z. Nishonov yetovida sinf xonalari va fan kabinetlarini aylandik. Hamma joyda eng oxirgi texnikalar o'sib kelayotgan yosh avlodga puxta bilim berishga shay bo'lib turibdi. “Shang Gong” rusumli tikuv mashinalari hozircha ikkinchi qavatning zaliga joylashtirilibdi. Yaqin kunlarda ushbu mashinalarga alohida xona ajratilarkan. Prezidentimizning: “Bitiruvchi maktabdan bitta kasbni o'rganib chiqib ketsin”, degan topshiriqlarini ro'yobga chiqarish uchun qulay muhit yaratilmoqda. Qiz bolaning birinchi navbatda bichish-tikishni eplashi talab etiladi. Qolaversa, chevar qizni barcha kelin qilishni orzulashi ham bor gap.
Maktabda 536 nafar o'g'il-qiz tahsil oladi, darslar bir smenada olib boriladi. Tushdan keyin fan va sport to'garaklari gurillab ishlab turadi. Biz maktabda bo'lgan kuni kuzgi ta'til davom etayotgan bo'lsa-da, sinf xonalari to'la edi. Oliy toifali rus tili o'qituvchisi Ra'no Karimova, I toifali tarix o'qituvchisi Behzod Ismatovlar bilan qisqagina suhbatlashdik. Ular rahbarlarining tadbirkorligi, ishning ko'zini bilishini maqtab ketdilar.
Kamina qaysi maktabga borsam, kutubxonani ko'rmay qaytmayman. Ziyo maskani to'liq kompyuterlashgan. O'quvchilarning elektron kitoblardan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq har to'kisda bir ayb deganlaridek, badiiy kitoblar soni anchagina kam — 585 jild. Bu har bir o'quvchiga 1 tadan sal oshiqroq kitob to'g'ri keladi, degani.
— Kitob fondimizni ham boyitish yo'llarini qidirayapmiz, — dedi Z.Nishonov. — Ota-onalar, yuqori sinf o'quvchilari orasida turli kitob aksiyalari tashkil qilayapmiz. Elektron kitoblar soni ham ortib borayapti.
Maktabda byudjetdan tashqari mablag' topishga ham e'tibor qaratilmoqda. Sun'iy qoplamali futbol maydoni kechki payt mahalla aholisiga ijaraga berilayapti. Tikuv sexi ishga tushsa, o'quvchi-qizlar tayyorlagan tayyor mahsulotlarning sotuvi yo'lga qo'yiladi. Mo''jazgina hovuzda baliq yetishtirish tajriba qilib ko'rilmoqda.
Maktabda olib borilayotgan xayrli ishlar bilan tanishmoqchi bo'lsangiz, birinchi qavatdagi kresloda mustahkam joylashib o'tirgancha televizor murvatini burasangiz, bas, unga joylashtirilgan turli tadbirlarning videolavhalari birin-ketin ko'z oldingizdan kino tasmasidek o'taveradi. O'zingizga kerakli faktlarni yon daftaringizga yozib olaverasiz.
Maskanda yana bir ajoyib yangilikka ko'zimiz tushdi. Shundoq maktabga kiraverishning botish tomonida velosipedlar uchun qo'nalg'a qilinibdi. Chunki 50 nafardan ziyod o'qituvchi va o'quvchi ta'lim maskaniga velosipedda qatnar ekan. Bu ham salomatlikka yaxshi, ham atmosfera havosi bulg'anmaydi.
Chiroyli gulzorga asalari ham, kapalak ham parvona bo'ladi. Biz maktabda bo'lgan kuni tuman o'qituvchilarining qurultoyi, 9 noyabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan viloyat seminari ham shu maktabda o'tayotgan ekan. Barcha mehmonlar maktab jamoasining ahilligi, rahbarining ishbilarmonligiga havasda. Xayolimga beixtiyor: “Rahbarning yaxshisi undirar, yomoni so'ldirar”, degan maqol keldi.
Maktab sinf xonalari va zallarini aylanib, hovliga chiqdik. Ko'kka bo'y cho'zgan daraxtlar yonidagi bo'sh joylarga navnihollar qadalibdi.
— “Yashil makon” umummilliy loyihasiga ishtirokimizni “Ustozlar bog'i”ni yaratish bilan boshladik, — dedi Zokirjon Nishonov. — Hali bajaradigan ishlarimiz ko'p.
Nishonov nishonni to'g'ri oladigan rahbarlar sirasiga kiradi. Chunki u turli lavozimlarda ishlab obdan pishgan. Mazkur maktabga rahbar bo'lib kelgunga qadar tumandagi qurilish kollejida direktor vazifasida faoliyat yuritgan. Ta'lim tizimimizda shunday rahbarlar qancha ko'p bo'lsa edi, jamiyatimizning intellektual salohiyati shuncha o'sardi.
Muhammadali AHMAD.
Suratda: Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev maktab rahbarini faxriy yorliq va qimmatbaho sovg'a bilan taqdirlamoqda.