Halol mehnatning rohati

yoki marjonbuloqlik Nuriddin og'a fazilati
Jizzax viloyatining G'allaorol tumani, asosan, tog' va adirlardan iborat. Uning tabiatiga xos insonlarining xarakteri ham o'zgacha. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish korxonalari, konlari bir-biridan uzoqligi sabab har doim ham u yerga xizmat safari asnosida borish nasib qilavermaydi. Poytaxtdan kelgan ijodiy guruh bilan borganda yoki biror navbatdagi kitoblar uchun suratlar uyushtirish maqsadida yo'limiz Marjonbuloq tomonlarga tushib qolsa, albatta, oldimizdan Nuriddin aka Berdiyorov chiqib qolgan paytlar ko'p bo'ladi. O'zi oq-sariqdan kelgan, doimo tabassum qilib turadigan bu keksa texnolog to'g'risida shundan beri biror so'z aytish, yozish niyati meni bezovta qilib yurardi. Marjonbuloq oltin koni va oltin ajratish sexi boshliqlari u kishini “ustozimiz”, — deya yuksak baholashlarining o'ziyoq bu istakka meni tobora yaqinlashtirardi.
O'tgan yili kombinatimizning 65 yilligi tantanalari arafasida bu inson Prezidentimiz Farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Va nihoyat, men uchun kamtarin, oddiy va samimiy bir texnolog to'g'risida maqola bitishga “bahona” topildi.
Nuriddin aka 1984 yilda konchilarga havas qilib Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) talabasi bo'ldi. U 1989 yilda oliy ta'lim dargohini rangli metallar metallurgiyasi mutaxassisligi bo'yicha tamomlab, yo'llanmaga binoan Qirg'iziston Respublikasi O'sh viloyati Toshko'mir yarim o'tkazgich materiallar zavodida apparatchi sifatida ish boshladi. Qisqa muddatda ishlab chiqarish ustasi sifatida jamoa orasida e'tibor qozondi. Keyin esa o'zi tug'ilib o'sgan tumanda joylashgan “O'zbekoltin” ishlab chiqarish birlashmasiga qarashli “Marjonbuloq” oltin qazib olish koni oltin boyitish fabrikasiga ishga taklif etildi. U 1991-1999 yillar mobaynida fabrikada dastlab katta usta, so'ng bosh muhandis, smena ustasi, texnik nazorat bo'limi boshlig'i lavozimlarida astoydil mehnat qildi.
2002 yilda “Marjonbuloq” oltin qazib olish koni va oltin boyitish fabrikasi Navoiy kon-metallurgiya tizimiga o'tkazilgandan so'ng ham Nuriddin aka avval bosh texnolog, muhandis, bugungi kunda esa muhandis-texnolog lavozimlarida mas'uliyat bilan faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
— Ustozimiz Nuriddin aka yurtimiz kon-metallurgiya sanoati ravnaqiga munosib hissa qo'shib, sohada to'plagan tajribasi bilan biz kabi o'nlab shogirdlarni tarbiyaladi. Muhimi, sidqidildan ishlashni, halol mehnatning rohati ham farovonlikka olib kelishini o'rgatdi, – dedi “Marjonbuloq” oltin ajratish sexi boshlig'i Elyor Rustamov.
Janubiy kon boshqarmasi “Marjonbuloq” konida ishlash jarayonida har tomonlama bilimli, yuqori saviyali, o'z ishining mutaxassisi, aql-zakovatli va tashkilotchilik qobiliyatiga ega, o'ziga va boshqalarga nisbatan talabchan, xushmuomala, murakkab vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qila oladigan jonkuyar sifatida tanilgan Nuriddin akaning kimligini el-ulus tuzuk biladi. Undagi qobiliyat, o'z ishiga doimo va har tomonlama ijodiy munosabatda bo'la olishi doimo e'tirofga sazovordir.
Fidoyi, kamtarin va mehnatkash inson asosiy ishlab chiqarish topshiriqlarini o'z kasbiy tajribasiga suyangan holda, belgilangan muddatda bajarib kelmoqda. Masalan, Marjonbuloq oltin ajratish sexida 2021 yilda oltin ishlab chiqarish rejasi 104,4 foizga ado etilgan bo'lsa, o'tgan yilda bu ko'rsatkich belgilanganidan-da yuqori bo'ldi. Ushbu raqamning o'ziyoq bu yutuqda tajribali texnologning mehnati samarasi ham borligidan daolat beradi.
Jamoasida ustoz-shogird an'analariga sodiq qolgan holda, zavod bo'limlarida ishlab kelayotgan yosh mutaxassislarga murabbiylik qiladi. Ularni yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash borasida o'zining kasbiy tajribasini ayamasdan kelayotgan qahramonimiz bu kamyob fazilatni ustozlaridan o'rgangan. Zotan, oltinga daxldor barcha amallar nozik ish hisoblanadi.
Azamat ZARIPOV.