Mehr-oqibat degani shunday bo'ladi-da!

Mehr — bu insonning eng yuksak tuyg'ularidan biri bo'lib, uning zamirida rahm-shafqat, muruvvat, insoniylik, odamiylik kabi fazilatlar yotadi va ularning barchasi shu birgina sehrli so'zda mujassam. Yonimizdagi insonga baho berishda, eng avvalo, uning muomalasiga, odamlar bilan munosabatiga e'tibor qaratamiz. Biz bejiz yonimizdagi odamlar haqida so'z ochmadik. Ba'zan ular bilan yillab yonma-yon yashab, ishlab, fe'l-atvoriga, fazilatlariga e'tibor bermaymiz.

“Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sыrdarya” gazetalari kompyuterchi-dizayneri Yelena Kulshina bilan tahririyatda ko'p yillardan beri birga ishlaymiz. U juda kamtar, samimiy, oqibatli, hamisha jamoadagilarga e'tiborli, mehribon, shirinso'z ayol. Boshqa millat vakilasi bo'lishiga qaramay, xuddi o'zbek ayolidek oilasiga sadoqatli, mehribon.

Shu o'rinda jamoadoshimning bir nechta fazilatlari haqida to'xtalib o'tmoqchiman. Hozirgi kunda u nafaqat tahririyatda, balki viloyatdagi eng tajribali va mahoratli kompyuterchi-sahifalovchilardan biri sanaladi. Shuni alohida qayd etish kerakki, Yelena juda mas'uliyatli, garchi rusiyzabon bo'lsa-da, gazeta sahifalarida xato o'tmasligi uchun boshqalar bilan birdek jon kuydiradi. Boz ustiga, keyingi yillarda gazetani o'ziga xos yangicha dizayn asosida sahifalashga, ayniqsa, milliy qadriyatlarimizning turli qirralarini aks ettirishga, chop etilayotgan maqolalarning mazmun-mohiyatiga, ahamiyatiga qarab bezatishga alohida e'tiborini qaratmoqda. Eng qizig'i, ba'zida taj­ribali muxbir-navbatchilarning nigohidan chetda qolgan xato va kamchiliklarni ham topib, bizni hayratga soladi. Bir so'z bilan aytganda, chin ma'noda o'z ishining ustasi.

Endi maqolamiz qahramonining oilaviy hayoti bilan bog'liq muhim voqealarga o'tamiz. Yuqorida ta'kid­laganimdek, Yelena juda oqibatli, mehribon, oilaparvar, bolajon ayol, ayniqsa, yaqinlari, jumladan, turmush o'rtog'iga qarindosh bo'lgan odamlarning hurmatini joyiga qo'yadi. U yaxshi oila bekasi, uch nafar o'g'ilning onasi. Turmush o'rtog'i Andrey bilan chorak asrdan ko'proq vaqtdan beri baxt­­li yashab kelayapti. O'g'illari odobli, mehnatsevar, bilimli. Kattasi Roman — talaba, GulDUda o'qiydi. Qolganlari maktab o'quvchilari. Onasi Valentina Vasilyevna nufuzli tashkilotda ko'p yillar ishlab, pensiyaga chiqqan, hozir nabiralariga bosh-qosh. Andreyning onasi Olga Aleksand­rovna Kulshina ko'p yillar O'zbekis­tonda yashab, bundan bir necha yil avval Rossiya Federatsiyasining Ros­tov-Don shahridagi Pervomayskiy qishlog'iga katta o'g'li Aleksandr bilan ko'chib ketgan edi. Aleksandr oila qurdi, hozir u Moskvada yashaydi. 84 yoshli ona esa yolg'iz o'zi qoldi. Keyingi paytda onaxonning sog'lig'ida muammolar paydo bo'ldi, ko'zlari ko'rmay qoldi. Keksa onasining salomatligi yomonlashgani, yolg'izligi Andreyga tinchlik bermay qo'ydi. U umr yo'ldoshi bilan maslahatlashib, onasini O'zbekistonga — Guliston shahriga olib kelib, davolatishga qaror qildi. Joriy yil fevral oyida Andrey onasining yoniga ketdi (u bir yo'la qaytish uchun ham samolyotga chipta oldi). Bir necha kundan so'ng Yelenaning to'ng'ichi Roman ham o'qishidan bir necha kunga ruxsat olib, Rossiyaga — buvisini olib kelish uchun jo'nadi. O'sha kunlari Yelena qaynonasining kelishiga katta tayyorgarlik ko'rdi. O'zining xonadonida onaxonga qulay shart-sharoit yaratish mushkulligi bois, eri bilan kelishgan holda yaqin joydan vaqtincha 2 xonali uyni ijaraga olib, mehmon uchun barcha qulayliklarni yaratishga harakat qildi. Uyning kam-ko'stini to'g'riladi, zarur narsalarni xarid qildi. Nihoyat, 20 fevral kuni Yelena qaynonasi, eri va o'g'lini kutib oldi. O'sha kuni xonadonda to'kin dasturxon bezatilib, onaxonning sharafiga o'zbekcha palov damlandi. Anchadan beri oila davrasida o'tirmagan onaxon bundan juda quvondi. Qaynona-ona bu e'tibor, g'amxo'rlik uchun o'g'li, kelini va nabiralaridan behad minnatdor edi. Qaynonasi tibbiy ko'rikdan o'tgunicha kelin tinim bilmadi, tegishli tahlillarni topshirishga ham o'zi birga bordi. Nihoyat, ko'klamning ilk kunlarida shahardagi malakali ko'z shifokori jarrohlik amaliyoti o'tkazdi. Murakkab operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi. O'sha kuni Yelena “yonida o'g'li bor-ku, men ishdagi odamman”, demasdan, operatsiya tugamaguncha shifoxonadan ketmadi. Ertasi kuni ishga kelgan Yelena qaynonasining ko'ra bosh­lagani haqida xursand bo'lib gapirdi. U har kuni onaxonning holidan xabar olib turdi, tansiq taomlar pishirib, og'ziga tutdi va evaziga undan rahmatlar eshitdi. O'sha kunlari va hozir ham Yelena bir marta ham “bemorga qarab, qiynalayapman, tashvish­lar jonimga tegdi”, degani yo'q.

Mana, nihoyat, Olga Aleksand­rovnaning bir ko'zi bu yorug' olamni ko'rishga muyassar bo'ldi. Yelenaning aytishicha, onaxonning ikkinchi ko'zini 6 oydan so'ng operatsiya qilisharkan. To'g'risini aytish kerak, hatto o'zbek kelinlarining hammasi ham qaynonasi haqida bunchalik qayg'urib, mehr ko'rsatmaydi. Qanaqa “ahil” qaynona-kelinlar borligini “Oynai jahon”da namoyish etilayotgan teleseriallardan ham ko'rib turibmiz. Lekin baribir, Yelenaning qaynonasiga bu qadar e'tiborli, mehribon va g'amxo'r bo'lishining sababi nazarimizda, uning yurtimizda, o'zbekona muhitda ulg'aygani, oilaga bo'lgan hurmatni, mehr-oqibatni qalbiga singdirgani bo'lsa kerak. Ammo ming afsuski, vatanimizda tug'ilib-o'sib, butun umr shu yerda yashab ham milliy an'analarimiz, urf-odatlarimiz tugul bir og'iz o'zbekchani bilmaydigan, tushunmaydigan ba'zi yurtdoshlarimizga o'zbekona kelinlik fazilatlarini namoyon etayotgan Yelena Kulshinani ibrat qilib ko'rsatsa arziydi.

 

Xolida PARDABOYEVA.

Sirdaryo viloyati.

 

Suratda: Yelena qaynonasi Olga Aleksandrovna va turmush o'rtog'i And­rey bilan.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 5 =