Yo'qni bor qiladigan kasb

Borni yo'q qilish oson, ammo, yo'qni bor qilish osonmas –mehnat va matonat kerak. Qurilish – faqat bino yoki inshoot emas, balki insonning ijtimoiy hayoti, kelajagi barpo etiladigan soha. Butun umrini qurilish sohasiga bag'ishlagan, Zarafshon qurilish boshqarmasida uchastka boshlig'i vazifasida samarali faoliyat olib borayotgan Davlat Boboqulov yurtga muhabbatli, kasbiga sadoqatli inson.

Asli navoiylik Davlat Boboqulov yoshligidan mehnatkash va jonkuyar. Otasi Yavqoch Boboqulov avtobus haydab, onasi Gulsanam Qosimova esa hisobchilik qilib oila tebratishgan. Qahramonimiz katta farzand bo'lib, ikki singlisi va ikki ukasiga bosh bo'lib ulg'aydi. U texnika bilim yurtida o'qib, qurilish sohasi bo'yicha mutaxassislik diplomiga ega bo'ldi. Katta hayotga dadil qadam tashlagan bo'lajak bunyodkor harbiy xizmatni Afg'onistonning Qandahor shahrida, razvedka bo'linmasida o'tadi.

— Bu kasbni nega tanlaganman? Bu shunday kasbki, yo'qdan bor qilasiz, — deydi u biz bilan suhbatda. — To'liq jarayonni o'z ko'zingiz bilan ko'rasiz, poydevordan boshlab, asta-sekin bino tiklanadi, ichki-tashqi fasad ishlari… Bino tayyor bo'lganda esa mehnatingiz samarasini ko'rib, ko'zingiz quvnaydi! Bobom Aliakbar Qosimov ham quruvchi bo'lgan. Men bobomning kasblarini davom ettirdim. Harbiy xizmatdan qaytganimda – u davrlar ikki oy yurib, so'ng qaergadir ishga kirish majburiy edi – bobom “Bir oy o'tdi. Bo'ldi. Endi men senga haqiqiy ish qanday bo'lishini ko'rsataman”, dedilar-da, “Janubsanoatmontaj” tresti rahbari yoniga olib bordilar va muddaoni u kishiga aytib, “Go'shti saniki, suyagi maniki” dedilar-da,  meni ilk mehnat jamoam sari yo'llab qo'ydilar…

Mehnat faoliyatini mazkur trestda montajchi vazifasida boshlagan quruvchi o'ziga topshirilgan vazifalarni sidqidildan ado etib, ko'pchilikning nazariga tushdi. Bir muddat “Navoiyazot” korxonasida ham faoliyat olib bordi. Ammo qurilish tashkiloti uni yana o'z bag'riga oldi. Zarafshon shahridagi qurilish ishlariga yuborildi. Bir necha yil shu yerda qolib ketdi. Unga 2001 yilda Zarafshon qurilish boshqarmasidan taklif tushib, o'zi boshqarayotgan brigada bilan birga yangi korxonaga kelib qo'shildi. Uning taqdir yo'li Zarafshon bilan bog'landi.

Qariyb qirq yillik faoliyati davomida “Qizilqumsement” zavodining 3-navbati qurilishida ish boshlagan bunyodkor “Navoiy IES”dagi qurilish ishlarida ishtirok etdi. Qishloqlarga toza ichimlik suvi quvurlari tortish kabi yirik loyihalarda qatnashdi. Zarafshondagi faoliyatining asosiy qismi esa 2-gidrometallurgiya zavodining qurilishi bilan bog'liq bo'ldi. Bundan tashqari, 3-,7-gidrometallurgiya zavodlari qurilishlarida ham samarali faoliyat olib bordi. Qizilqum fosforit kompleksi, Sugrali, Qoqpatasdagi yangi sexlar qurilishlarida faol ishtirok etdi.

— Qurgan binolarni, u yerdagi hayotni kuzatib qalbimning tub-tubida iftixor tuyg'usi paydo bo'ladi, – deydi u. — Odamlar manfaat ko'rmoqda, farovon turmush kechirishmoqda. Quruvchilikning jozibasi ham shunda, chamamda…

D.Boboqulov faoliyati davomida Nariman Avezov, Sanoqul Iskandarov, rahmatli Valeriy Quyonov kabi bir qator fidoyi ustozlardan tajriba o'rgangan, ularning maslahatlariga quloq tutgan. Hozirda o'zi ham ko'plab shogirdlarga ustozlik qilmoqda. Davlat akaning qo'l ostida hozirda 115 nafar montajchi, payvandlovchilar, temir konstruksiya ustalari mehnat qilishmoqda.

Davlat Boboqulov bir qiz va bir o'g'ilning otasi. Oila davomchilari bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mehnat qilib kelmoqda. Mehribon otaning turmush o'rtog'i ta'lim sohasida ishlagan, hozirda nafaqada. Besh nafar nabiralariga bobo-buvi bo'lib, sururbaxsh keksalikka qadam qo'yishmoqda…

— Agar qaytib dunyoga kelsam, yana quruvchi bo'lardim. Boshqa kasbga menda mehr yo'q! Xonada o'tirib ishlolmayman, — deydi-da. — Kelgusida kombinatimizda bunyod etiladigan zavodlar, konlar va ijtimoiy ob'yektlar qurilishida poydevoridan to oxirigacha quruvchi sifatida ishtirok etish niyatim bor! Xalqimiz uchun, mamlakatimiz uchun ushbu loyihalar juda muhim ahamiyatga ega.

Davlat Boboqulovlar borligi tufayli Qizilqum sarhadlarida bunyodkorlik shashti aslo so'nmaydi.

Azamat ZARIPOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =