“Döstim haqida yomon gap topolmayman…”
Ötgan kunlarimni esga olsam, bundan qirq olti yil avval Qöqonni körgan ekanman. Xonlar yurti, Yaratganning fayzu barakoti yoğilgan Qöqon haqidagi ilk taassurotlarim kursdoşim, qadrdon döstim bölib ketgan Şavkatbek Isroilov bilan boğliq. Uning zuvalasi pokiza tuproqdan qorilgan bölsa kerak, deb öylab yuraman. Aqlu farosati, gözal muomalasi, heç kimni yomon körmaydigan bağrikengligi, borini ayamaydigan saxiyligi bilan barça hamkurslarimizdan ajralib turardi. Zehniyatimni qöqonliklar şunday böladi degan fikr egallab olgan.
Yaratganga şukrki, sanayversam adoği körinmaydigan, Alloh rizqlarini uluğ qilib qöygan önlab qöqonlik fazilatli insonlar bilan döst böldim. Xususan, ustozimiz, taniqli adib, “Sovet Özbekistoni” (hozirgi “Özbekiston ovozi”) gazetasini qariyb 25 yil boşqargan Maqsud Qoriyevning qadrdoni, navoiyşunoslar gultoji bölgan akademik Aziz Qayumov bilan köp marta davradoş böldim. Uning halol va madaniyatli olim ukasi Laziz aka Qayumov bilan öşa yillarning otaxon gazetasi — “Sovet Özbekistoni”da birga işladim. Domla desa, ahli Qöqon nazdida bir uluğ siymo gavdalanadigan Alijon Payğamov bilan ota-boladek yaqin edik.
Ularni osmondagi yulduzlarga öxşatsam, Qöqon közimga quyoşdek bölib körinaveradi…
Yaqinda yuqori idorada işlaydigan tanişim bir izdihomda keyingi paytlarda yozayotgan esse va oçerklarimni olqişlab, qöqonlik keksa nuroniy haqida yozişga meni daʼvat qildi. Uning taklifiga köra, Qöqonga bormoqçiligimni qadrdonim, Özbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qöllab-quvvatlaş “Nuroniy” jamğarmasining Qöqon bölimi raisi Manzur Abdullayevga aytsam, u birdan xursand bölib ketdi.
— Sohib Aliyev haqida albatta çiroyli bir narsa yoziş kerak. Şunga arziydigan ajoyib inson, kelavering, sizni özim kutib olib, taniştirib qöyaman, — dedi u.
“Nuroniy” jamğarmasi şahar bölimi binosi Qöqonning Çorsu maydonida — arçazorlar orasida joylaşgan ekan. Manzur akaning xizmat avtomaşinasi idorasi yonida körinmadi. Hali kelmagan, şekilli, deb öylab unga qönğiroq qildim.
— Ikki daqiqada yoningizda bölaman, — dedi u.
Yonimga velosiped mingan oqsoqol kelib töxtadi.
— Qoyil-e, şu yoşda ham dadilsiz, Manzur aka, — dedim unga özimni yaqin olib.
— Velosipedga ötirsam, ot mingandek bölaman, hadeb maşina haydaş ham jonga tegadi.
Taşqariga stol-stul olib çiqib ötiribmiz.
— Taklif qilib qöygan edim, mana, Sohibjon aka ham kelib qoldi, — dedi böylari ikki quloçdan balandroq, marvariddek oppoq soçli, tik qomatli nuroniyga işora qilib.
Sohibjon aka bilan beş-olti daqiqa suhbatlaşiboq, fikrlarimiz qovuşib ketdi.
— Kasbim geolog-geofizik, 1957-1962 yillari Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida öqiganman, — dedi Sohib aka. — Maktabni bitirayotganimda örtoğim Rustamjon Vorisov Moskva davlat universiteti haqidagi bir rusça kitobni olib keldi. Unda fizika, geologiya fakulteti haqida ham qiziqarli maʼlumotlar yozilgan ekan. Menga kitobdagi geologlarning formasi yoqib, şu kasbga qiziqib qoldim. Özbek maktabini bitirgan bölsam-da, rus tilida imtihon topşirganman. Yekaterina Mixaylovna degan ayol öqituvçimiz bizga rus tilini mehr bilan örgatgan muallima edi. Onalardek mehribon bu ayol şarofati bilan rus tili va grammatikasini yaxşigina örgandim. Ustozimiz bergan bilim tufayli rus tilidagi yuzlab jahon klassik asarlarini öqişga muyassar böldim. Mayakovskiy, Çexov, Yan taxallusi bilan yozadigan Yançevetskiy va boşqa köplab adiblarning deyarli barça asarlarini öqib çiqqanman. Rus tili bilan boğliq yutuqlarimning asl sababçisi bölgan bağrikeng ustozim Yekaterina Mixaylovna nomini bir umr eslab yuraman.
— Noyob kasbni tanlagan ekansiz, maşhur geolog olim, akademik Habib Abdullayevni yaxşi bilsangiz kerak-a?
— Özlari bilan körişmagan bölsam-da, kitoblarini öqiganman, ğoyibona ustozim deb bilaman. Bir voqea heçam yodimdan çiqmaydi. Moskva davlat universitetining uç ming nafar geolog-geofiziklar yiğilgan katta zalida nutq sözlayotgan maşhur rus olimi bir daqiqaga sözini töxtatib: “Yozib olinglar: örta osiyolik olim Habib Abdullayevning şu nomdagi kitobini, albatta, topib öqinglar”, degandi. Şunday katta joyda hamyurtimning nomini eşitib, faxrdan boşim osmonga yetgan. Yarim asrdan köproq davom etgan kasbiy faoliyatimda ham Habib Abdullayev kabi buyuk olimlarning ilmiy asarlariga suyanib iş olib bordim. Ilm ahliga, fanga suyangan odam kam bölmas ekan.
— Özbek yozuvçi-şoirlarini ham yaxşi bilsangiz kerak?
— Abdulla Qodiriy romanlarini, Abdulla Qahhor hikoyalarini qayta-qayta öqiganman. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning şeʼrlarini yaxşi köraman. Ular bilan uçraşib, ovozlarini eşitgan baxtli insonlardan biriman.
Yoşing bir joyga borganida qanday umr keçirdim ekan-a, deb ötgan kunlarni eslar ekansan, — deb Sohib aka sözini davom ettirdi. — Yaqindan buyon yaxşi kunlarimga sababçi bölgan ustozim haqida öylab yurgandim. Sizni xudo yetkazdi. Menga otadek uluğ ustozlik qilgan Toşpölat Bobojonov nomini mamlakatimizda köpçilik yaxşi bilişadi. Yaqinda u kişi töqson yoşga kirdi. Men kabi şogirdlari taqdirini farzandinikidek bilgan, ibratli va barakali umr keçirayotgan ustozimning boriga şukur.
— Sohib akaning ajoyib onasi bölgan, — deb Manzur aka suhbatga qör taşladi. — Tojioy xola mohir tikuvçi, hunarmand bölgan. Sözana, kaşta, röjo, palak tikadigan qöli gul ayol edi.
— Meni hamma onamga öxşatişadi, — dedi Sohib aka. — Onam rahmatli judayam pazanda edi. Bizning hovlimizda heç kim ovozini balandlatib gapirmagan. Janjal ham bölmagan. Onam yoqimli talaffuz bilan çiroyli sözlarni topib gapirardi. Islomdan xabari bor ayol edi. Mahalla-köy, qöni-qöşnilar “otinça aya” deb hurmat qilişardi. Uyimizdan odamlar uzilmasdi. Ular köp masalalarda maslahat sörab onamning oldiga kelardi. Onamga birov birovning ustidan arz qilsa, uning fikriga qöşilmasdi. Ayam uçun yomon odam yöq edi. “Eson bölsin, qöy, bolam, u ham Allohning bandasi”, der edi.
Otam rahmatli ham islom dinimizni yaxşi biladigan, Allohdan qörqadigan kişi edi, — dedi u hikoyasini davom ettirib. — Hamma ularni “mulla Ali” derdi. Arab alifbosini yaxşi bilardilar-da. Kam gapirardilar. Har kuni bomdoddan keyin bir soatlar çamasi ovoz çiqarib Qurʼon öqirdilar. Ovozi qorilarnikidek edi. Ha, kunimizni Qurʼon eşitişdan boşlardik. Şunça yillar ötgan bölsa ham erta tonglari otamning heç kimnikiga öxşamaydigan şirali ovozini, onamning şirin sözlarini, mehribon qöllarini soğinib qolaman. Qabrlariga borib ularni yöqlayman, duoi fotiha qilaman. Otam rahmatli Eşon buva degan qöşnimiz bilan ayniqsa juda inoq döst edi. U kişi taniqli ulamo bölgan. Ular deyarli har kuni ertalab körişib turişardi. Bu uluğ insonni Eşonbuva, Eşonbuva deb, hatto ismi kimligini ham bilmabmiz. Keyin anglab yetdimki, ular Alloh yölida döst bölişgan ekan. Iloho, ularni Yaratgan rahmatiga olgan bölsin!
Sohib aka mulla Ali otasi, otinça aya Tojioy onasi haqida gapirayotganida, u közimga ota-ona huzurida turgan qobil farzanddek bölib namoyon böldi. Ota-onasiga muhabbati bilan iymonini quvvatlantirib yuradigan Sohib akaga tikilib-tikilib qaradim. Rahmatli ota-onam esimga tuşdi. Qanday otalarimiz, qandayin onalarimiz bor edi-ya?
— Ota-onangiz ibratli umr keçirgan tabarruk insonlar bölgan ekan, — dedim suhbatdoşimga yuzlanib.
— Avvalo, şunday insonlar zurriyoti qilib yaratgani uçun şukur. Ularning duolari tufayli şu kunlarga yetdim, — dedi u.
Sohib akadan ota-onasining fazilatlari haqidagi ibratli hikoyalarni eşitib, uşbu hadis yodimga tuşdi: “Ota-onadan gözal axloq meros qoladi”. Nazarimda, Sohib akaga ham şunday meros qolganga öxşaydi.
— Sizdek uluğ yoşdagi samimiy inson bilan röbarö qilgani uçun şukur, — dedim unga hurmat bilan qarab. — Döstlaringiz haqida ham aytib bersangiz.
— Eng yaqin döstim rahmatli Mahmudjon Hoşimov edi, — deya ğamginroq ohangda Sohib aka xotirladi. — Mahmudjon basavlat, çiroyli yigit edi. U Samarqanddagi kooperativ institutini bitirib kelgaç, Qöqondagi savdo taşkilotlarida işladi. Qayerda işlasa, öşa joyga baraka kiritadigan, qadami qutluğ savdo xodimi bölgan. Öşa davrlardayoq qurgan yangi dökonlarini oçişdan avval dizayniga eʼtibor berar edi. Qaysi davrada ötirsa, u joyga xuşçaqçaqlik, fayz kirardi. Mahmudjon közi töq, didi baland inson edi. Saxovatli savdogarlari köp yurt obod böladi, degan hikmatni eşitsam, Mahmudjon yodimga tuşaveradi. Oşna-oğaynilariga saxovat qilişda unga teng keladigani yöq edi. Mahmudjonning dadasi rahmatli Hoşimjon toğa Qöqonda manaman degan oşpazlarning piri, ustozi bölgan. Mahmudjon ham pazandaçilikni qotirib qöyardi. Döstlar yiğilganimizda heç kimga işonmay, özi bozorlik qilib, özi ovqat tayyorlab rohatlanar edi.
Dadasi Hoşimjon toğaning “Gaz-21” “Volga”sini minib kelardi. Şunaqa yumşoq maşina ediki, unga çiqsak, özimizni xuddi dengizda suzib yurgandek his qilardik. Yoz oylarida tez-tez Şohimardonga dam olişga borardik.
Dökoniga yangi mollar kelsa, bitta-bittadan men kabi döstlariga ilinardi. “Pulim yöq”, desam: “Topganda berasiz”, derdi. Topganda pulini oborsam, “sovğa qilganman” deb pul olmasdi. Saxiy, qöli oçiq, muruvvat körsatib rohat oladigan mard inson bölgan. “Ziyoli odamning uyida çiroyli narsalar bölişi kerak”, der edi. Bundan ellik yil avval bergan gilamçani hozirgaça esdalik deb saqlab yuraman. Umri qisqa ekan, Alloh rahmatiga olgan bölsin, ellik ikki yoşida olamdan ötib ketdi. Agar hayot bölganida, bu yil sakson beşga kirgan bölar edi.
Sohib aka suhbatdoşlarining raʼyiga qarab muomala qiladigan inson ekan.
Telefoni jiringlab qoldi. Istihola bilan uzr sörab, nariroqqa borib kim bilandir gaplaşib, xursand bölib qaytdi.
— Şahar hokimimiz Maʼrufjon Usmonov telefon qilibdi, — dedi u. — Keça u oltmiş yoşga kirgani uçun nuroniylarga dasturxon yozgandi. “Kamçiliklar bölmadimi? Kelganinglar uçun rahmat”, dedi.
— Qöqonda katta işlar qilinmoqda, yaqinda hunarmandlar festivali böladi, — dedi Manzur aka.
— Turmuş örtoğim Barnoxon ayangiz uçun ham quvonçli kunlarda bizni yöqlab kelibsiz, — dedi Sohib aka. — Kuni keça sakson yoşini farzandu zurriyotlarimiz davrasida nişonladik. Iloho, umridan baraka topsin, baxtimizga soğ bölsin. Ellik olti yil turmuş qurgan bölsak, biror marta gapimiz ayro tuşmadi. Ota-onamning duolarini olib, bugun özi ham farzandlar ardoğida munisa onaxon bölib hayot gaştini surmoqda. Yetkazganiga şukur, Makkai Madinaga haj ziyoratiga boriş nasib qildi. Hoji ayangiz bilan bir öğil, ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Öqitdik, undirdik.
Öğlim Erkinning ismi tarixini aytib beraymi? 1969 yili Erkin Vohidovning “Yoşlik devoni” kitobi çiqqandi. Dadamga şu kitobdan “Özbegim” şeʼrini öqib bergandim. Dadam bu şeʼrdan nihoyatda taʼsirlandi. “Buni kim yozibdi?” deb söradi. “Erkin Vohidov”, dedim. “Agar öğil farzand körsang, ismini, albatta, Erkin qöyamiz”, dedilar şunda. Oradan bir neça oy ötib, öğil kördik. Ismi Erkin böldi. Oradan yillar ötib, ustozim Toşpölat Bobojonov va Erkin Vohidov bilan uçovimiz bir dasturxon atrofida suhbatlaşib qoldik. Bölgan voqeani aytib berdim. Erkin aka öşanda juda xursand bölib ketgandi. “Qöqonga borib, adaşimni ziyorat qilaman”, degandilar.
Iloho, umrlaridan baraka topsin, qizlarim ham baxtiyor oilalar sohibalari. Adibaxon — farmatsevt, Hulkaroy — iqtisodçi. Sakkizta nabiramiz, oltita evaramiz bor.
Suhbat orasida Sohib akadan: “Birorta döstingizni taklif qilaylik, siz haqingizdagi fikrlarini eşitsak”, dedim.
U kimgadir qönğiroq qildi. Oradan heç qança vaqt ötmay, dösti Anvar aka Hoşimov davramizga qöşildi. Undan Sohib aka qanday insonligi haqida söradim. U bir gap bilan savolimizga javob berib qöya qoldi: “Sohib Aliyev töğrisida axtarib ham yomon gap topolmayman”.
Sohib aka yetmiş beş yoşigaça “Özbekgeofizika” işlab çiqariş birlaşmasi Farğona geofizikasi ekspeditsiyasi boşliği bölib işlabdi. Prezident farmoni bilan 1996 yili “Şuhrat” medali, 2017 yili “Döstlik” ordeniga sazovor bölibdi.
Maroqli suhbatimiz çoği Sohib Aliyevning iş faoliyati davrlaridagi yutuqlar, oğir ötgan kunlari haqida yelkani yelkaga qöyib dildan suhbatlaşdik.
— Odamlarning yaxşilari bölganidek, yomonlari ham bor, — dedi Sohib aka. — Odamlarga foydasi yetib turuvçilar bölganidek, yaxşilarga ziyon yetkazuvçilar ham köpdir. Men kabilarga duşmanlik qilganlar köz öngimda qilmişlari jazosini körişdi. Menga esa Xudo murodimni berib, yuzim yoruğ yurdim.
Sohib Aliyevdan eşitganlarimni töliq yozsam, sahifalar yetmaydi.
Toşkentga qaytib, Sohib aka haqida yozayotgan kunlarim taniqli olim Nurboy Jabborov farzandlarining nikoh töyiga bağişlab yozgan ehson oşiga bordik. Dasturxon atrofida Özbekiston Qahramoni, xalq şoiri, rahmatli Erkin Vohidovning öğli Xurşid Vohidov bilan birga ötirib qoldik. Ançadan buyon Xurşid Vohidovga “ota-onasini eʼzozlaydigan sizdek farzandga ming rahmat” deb aytmoqçi bölib yurgandim. Niyatimga yetdim. Qöqonlik mulla Ali Erkin Vohidovning şoirlik isteʼdodiga mahliyo bölib, uning ismini nabirasiga qöygani tarixini aytib berdim. Xurşid juda xursand böldi. Biz bilgan Xurşid ham özbekça qilib, xalq tili bilan aytganda, haqiqiy ota öğil.
— Dilmurod aka, qöqonlik Sohib akamiz bilan taniştirib qöyasiz-a, — deb Xurşid men tomonga yuzlandi. — Kelgusi yili adamlarning tuğilganlariga 90 yil töladi. Xotira kitobini tayyorlaşni reja qilib turibmiz. Adamning qöqonlik adaşi Erkin ukamizning ismi tarixi haqida bilganlaringizni yozib berasiz-da!
— Albatta!
Yaxşilarni yöqlasangiz, yaxşilarga röbarö kelaverar ekansiz. Sohib Aliyev kabi elimizning pirubadavlat odamlari bilan tanişmoq nasib etganiga şukurlar bölsin!
Dilmurod QIRĞIZBOYEV,
Özbekiston Jurnalistlar
uyuşmasi aʼzosi.
