Bobodo'stov “shuhrat”ga munosib

Navoiy mashinasozlik zavodi mahalliylashtirilgan va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha respublikamizda eng yuqori o'rinlarda turadi. Bunga shubha yo'q. Boisi 3,5 ming nafardan ziyod muhandis-texnologlar, metallurglar, mexaniklar, konstruktorlar kabi kasb egalari fidokorona mehnat qilayotgan korxonada 15 ming turdan ortiq yuqori sifatli mahsulotlar, shu jumladan, metall va yog'ochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik kon texnikalari uchun detallar ishlab chiqarilmoqda. Kombinat ehtiyoji uchun zarur bo'lgan 97 foizlik ehtiyot qismlar, uskuna va jihozlar ushbu zavodda — “NMZ” yorlig'i ostida tayyorlanmoqda.

Zavodning quymachilik sexida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oshirish maqsadida joriy yilda 25 tonnalik zamonaviy metall eritish pechi ishga tushirilishi tarixiy voqea bo'ldi. Ushbu pech metall eritish quvvatini yiliga 30 foizgacha oshirish imkonini berishi bilan birga, sifatli metallarni ishlab chiqarishni ko'paytirdi. Sex bosh­lig'i Zafar Majidovich Bobodo'stov malakali, taj­ribali va fidoyi rahbar sifatida metallurgiya va mashinasozlik tarmoqlari ildam rivojlanishiga munosib hissa qo'shib kelayotgan soha fidoyilaridan biri. Kombinat tizimida qariyb 30 yillik mehnat faoliyati davomida u jamoasi orasida obro' qozondi. Shu bois Prezidentimizning “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilg'orlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoni bilan Zafar Bobodo'stov ham davlat mukofoti — “Shuhrat” medaliga munosib ko'rildi. Bu xushxabarni eshitgan mashinasozlik zavodi jamoasi behad quvongani ayni haqiqat.

1970 yilning 27 martida Jizzax viloyati Baxmal tumanining “Jarbuloq uyas” qishlog'ida tavallud topgan Zafar Bobodo'stov bolaligidanoq aniq fanlarga qiziqishi bois, metallurgiya sohasini tanladi. U harbiy xizmat davrida Belorussiya o'lkasining sanoat korxonalarida oz muddat ishlab, sanoatchi bo'lishni maqsad qiladi. 1990-1995 yillarda Toshkent davlat Texnika universitetining quymachilik ishlab chiqarishi mashinalari va texnologiyasi mutaxassisligi bo'yicha tahsil oladi. 1995 yilda yo'llanma bilan kelgan yosh mutaxassis Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Navoiy mashinasozlik zavodida quymachilik sexining qo'lda qoliplash o'zakchisi sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Unga tajribali metallurg, ancha yillar sex bosh­lig'i bo'lib ishlab kelgan Yo'ldosh G'aniyev ustozlik qiladi. U tez orada oddiy ishchidan muhandis-texnolog, eritish uchastkasi ustasi, eritish bo'limi ustasi kabi mas'uliyatli lavozimlarga ko'tarildi.

Hozirda sex jamoasi tomonidan korxonada tayyorlanayotgan o'ta yuqori aniqlikdagi sifatli metall konstruksiyalar, uskuna va jihozlar hamda turli o'lchamdagi ehtiyot qismlarning metallari quymachilik sexida tayyorlanadi. Shuningdek, kombinat bo'linmalari uchun turli rusumdagi dastgohlar, jihozlar, nostandart uskunalar, ehtiyot qismlar, nasos, armatura va konveyer roliklari kabi ko'plab mahsulotlarning zuvalasi ham ushbu sexda pishmoqda. Demak, har sohaning samarali ishlashida Zafar Bobodo'stov rahbarlik qilayotgan quymachilik sexining o'rni beqiyos. Ular kombinatda olib borilayotgan keng ko'lamli modernizatsiya va yangi korxonalarni qurish uchun zarur bo'lgan turli xil metall mahsulotlarni o'z vaqtida yetkazib berish bilan bir qatorda, mahalliylashtirilgan va import o'rnini bosuvchi mahsulotlar turini ko'paytirishga ham katta hissa qo'shishmoqda. Sexda 7 ming turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, yildan-yilga sifat va qamrov kengayib borayapti. Masalan, 2021 yilda zavodda quyma ishlab chiqarilgan mahsulotlar 28 ming tonnani tashkil etgan bo'lsa, 2022 yil yakuniga kelib bu ko'rsatkich 31 ming tonnadan oshadi.

Shuningdek, Zafar Bobodo'stov tajribali rahbar, texnik yangiliklarni aniqlash va o'zlashtirish borasida ham katta tajribaga ega. Uning ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqarishga samarali tatbiq etilmoqda.

2009 yilda u tomonidan taklif qilgan ratsionalizatorlik taklifi “Otashbardosh tarkibdagi DSP-6 pechining to'sma qopqog'i”, ya'ni suyuq shisha eritmali magnezit va o'tga chidamli g'ishtlardan foydalanish orqali to'sma qopqog'i variantini almashtirishga imkon berdi. Bu ilmiy taklif hozirgi kunda ham o'zining iqtisodiy samarasini bermoqda. 2012 yildagi ikkinchi ratsionalizatorlik taklifi esa “Qoplama tikilgan quyish kovshlarning joriy qilinishi” bo'ldi. Bu ratsionalizatorlik takliflari texnologik jarayonlarni takomillashtirishga, mehnat unumdorligini oshirishga imkon berdi.

Zafar aka ilmiy ish bilan doimiy shug'ullanib keladi. U bir necha patentlangan ixtirolar muallifi hamdir. Jumladan, 2015 yilda “Quyma cho'yan olish usuli”, 2018 yilda “Yuqori tozalikdagi ferraborni olish usuli”, 2021 yilda “Yuqori marganesli po'lat ishlab chiqarish usuli” va “Eyilishga chidamli po'lat”, 2022 yilda esa “Ferrovanadiyni olish usuli” kabi ixtirolar bugun ishlab chiqarishda o'zining yuqori samaradorligini ko'rsatdi.

Bundan tashqari, Zafar Bobodo'stov qora va rangli metallar metallurgiyasi bo'yicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy ish bilan shug'ullanmoqda.

— Seximizda 663 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Biz bitta oila bo'lib, baqamti mehnat qilayotganimizdanmi, barcha rejalarimiz o'z vaqtida bajarib kelinadi. Metall eritishdan tortib, uni sifatli qoliplashgacha bo'lgan jarayonni nazorat qilib yuraman. Xonamda kam o'tiraman. Asosan, metall quyuvchilar, texnologlar bilan birgaman. Shunga ilmiy ishim ham qariyb tayyor bo'lib qolgan. Keyingi yil himoya qilib olsam, bu ilmiy unvon ham nasib etib qolar, — deydi qahramonimiz o'ziga kamtarona baho berib.

Aytgancha, uning bevosita ishtirokida korxonani texnik va texnologik jihatdan yangilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ishlab chiqarish hajmiga ta'sir ko'rsatmagan holda energiya resurslari sarfi 67 foizga kamayib, joriy yildagi sof foyda 20 milliard so'mdan oshibdi.

Mohir rahbar yosh ishchilarga mehnat muhofazasi va yong'in xavfsizligini ta'minlash yuzasidan muntazam seminar va amaliy mashg'ulotlar o'tkazib keladi. Tajribali metallurg sifatida mustaqillik yillarida ko'plab mahalliy po'lat erituvchi mutaxassislarning yetishib chiqishiga hissa qo'shdi. Eritish bo'limi uchastka boshlig'i Jamol Hamroyev, rangli quyma uchastka boshlig'i Nodir Tursunov, sex ustasi Anvar Ismoilov kabi shogirdlari shular jumlasidandir.

Azamat ZARIPOV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + three =