Kimlar boshin “egmagan”… yoki uning kasbi sartarosh

Kasbing – baxting, degan hikmat bejiz aytilmagan. Agar odam biror kasbga astoydil mehr qo'yib, uning sir-asrorlarini erinmay puxta o'rgansa, uni shu kasbi haqiqatan baxtli qiladi, el-yurt orasida obro'yini yanada yuksaltiradi, qut-barakali qiladi.

Oddiy, lekin hammaning ishi tushadigan kasblardan biri — bu, sartaroshlikdir. Darhaqiqat, sartaroshga bormaydigan, uning xizmatidan foydalanmaydigan odam topilmasa kerak. Ha, sartaroshlik ana shunday kerakli kasblardan biri. Toshkent shahrining Mirobod tumanida yashovchi Davron Mirzayev esa 20 yildan buyon mana shu savobli ish bilan shug'ullanadi.

— Yoshligimda mahallamizdagi ko'cha boshida joylashgan sartaroshxonaga ko'p borar edim. U yerdagi o'z kasbining ustasi bo'lgan adashim — Davron akaga shogird tushganman, – deydi u. — Shu kasbga bo'lgan qiziqishim sababli ancha vaqt davomida sartaroshlikning o'ziga xos sirlarini, mijozlar bilan qalban suhbatlashishni o'rgandim. Ustozimning duolarini olib, dastlab mahallamizdagi yoshlar, nuroniy otaxonlarning xizmatini qildim. Keyinchalik mustaqil ish boshladim. Mana, shunga ham hash-pash deguncha 20 yil bo'libdi.

Sartarosh Davron aka xizmatchilar oilasida katta bo'lgan. Ota-onasi bir umr aviakompaniya tizimida halol mehnat qilishgan. Farzandlarini halol ishlashga, to'g'riso'zlikka undashgan. Taqdir taqozosi bilan oliy ta'limga kira olmagan Davron aka bundan tushkunlikka tushmaydi. Chunki uning qo'lida hunari bor edi. Hunari bor odam kelajagidan xavotirlanmasligi tabiiy. Qolaversa, uning yana bir kasbi bor: elektrik. Bu sohada ham salkam 16 yildan beri ishlab keladi. “Sartaroshlik va elektrik kasbidan boshqa sohada o'zimni tasavvur qilolmayman”, deydi u biz bilan suhbatda.

— Har bir sartaroshning o'ziga xos uslubi bo'ladi. Ko'pchilik mijozlar doimiy ravishda bitta sartarosh xizmatidan foydalanishadi. Chunki o'sha sartaroshning uslubi, muomalasi mijozlar ko'nglidan joy olgan bo'ladi. Bunday e'tirofga sazovor bo'lish uchun sartaroshdan kasbiy malaka talab etiladi. Sartaroshlar har kuni turli xil mijozlar bilan ishlashiga to'g'ri keladi. Ular orasida har xil kasb egalari, turli yosh vakillari bo'ladi. Ko'pchilik mijozlar ishdan so'ng yoki bo'sh vaqtlarida sartaroshga boradi va ba'zan shunaqa holatlarni kuzatamizki, insonlar o'z hayotidagi muammo va dardlarini sartaroshlarga aytib yengil tortishadi. Ulardan biror-bir maslahat olishni ham xohlashadi. Bunday vaziyatlarda hayotiy tajribaga ega bo'lgan sartarosh bo'lsagina to'g'ri yo'l ko'rsatishi mumkin, aks holda, bir kelgan mijoz ikkinchi marta uning huzuriga qaytishi dargumon, – deydi D.Mirzayev.

Davron akaning aytishicha, u hech qachon mijozlari bilan narx-navo borasida tortishmagan. “Boriga baraka” deb, berganlarini olaveradi. Uning yana bir ajoyib xislati bor. Doimiy mijozlarining uylariga, agar bemor bo'lib kasalxonaga tushib qolishsa, u yerga ham borib xizmat qiladi. Savobtalab qahramonimizni shuning uchun, ayniqsa, keksalar ardoqlashadi. “Davrondan boshqasiga soch-soqolimni oldirmayman” degan gaplarni ko'p ishlatishadi. Chunki sartaroshxonaga kelisholmasa, uni uylariga chaqirishadi. Ko'pincha qahramonimiz nuroniy otaxonlardan pul olmaydi. Uning o'rniga: “Duo qilib qo'ysangiz bo'ladi”, deydi. Har haftaning bir kuni — jumada tekin (xolis xizmat)ga ishlaydi.

Ha, “Duo bilan el ko'karar, yomg'ir bilan yer”, deydilar. Qahramonimiz 2021 yil elektr tuzatish ishlari bilan yurgan mahali baxtsiz hodisa oqibatida o'ninchi qavatdan lift “shaxta”siga tushib ketadi. Bu o'ta jiddiy holat edi. Qo'l, oyoq, umurtqa, suyaklar sinishi kuzatiladi, xullas, bir o'limdan qoladi. “Avvalo, Alloh mehribonligi, keyin mijozlarning, nuroniy otaxonlarning duolari saqlab qoldi meni”, deydi u o'sha kunlarni xotirlar ekan. Qarang, o'sha og'ir kunlarda ham uning xonadonidan odamlarning qadami uzilmadi. Katta-yu kichik hol-ahvol so'rab turdi. “Odam taftini odam oladi”, deganlaridek, bemorning qalbida, yuragida ertangi kunga bo'lgan ishonch, yashashga bo'lgan ishtiyoq sabab u ko'p o'tmay ish joyida oldingidek faoliyatini boshladi.

Bugungi kunda yigirmaga yaqin shogirdlarni tarbiyalab kelayotgan sartarosh ularga ham hamisha halol mehnat qilish, birovning haqqiga xiyonat qilmaslik, to'g'riso'z bo'lish va albatta, ko'pchilikning duosi barchasidan muhimligini ta'kidlaydi. Eng asosiysi, sartarosh zotining barchasi rioya qilishi lozim bo'lgan qoidalar: tozalik, xushmuomalalik, e'tiborlilik, ijodkorlik, tezkorlik fazilatlarini egallash lozimligini aytishdan charchamaydi.

Biz ham savobli kasb egasi bo'lgan qahramonimizning kelgusidagi ishlariga rivoj tilagan holda doimo e'tiroflar va e'zozlar qurshovida bo'lishini tilaymiz.

Islom EGAMBERDI o'g'li

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − five =