Kelinlik sepi kutubxonaga poydevor bo'ldi…

Ism ham yarim davlat, degan gapning isbotiga ko'p bora duch kelganman. Bu gal ushbu hikmatning ayni o'zini uchratdim va buni hamrohlarim ham chin dildan ta'kidlashdi.
…Gavhar bilan Sherali oliy ta'lim dargohida birga o'qishgan — kursdosh bo'lib, dunyoqarashlari ham bir-birlariga monand edi. Bu ikki qalbni sevgi tutashtirdi. “Birgina iltimosim bor, onajonimning ko'ngliga qarasang, u istaganday kelin bo'lsang, hamma orzularingni amalga oshiraman”, — dedi Sherali. “Ha, albatta, sizning onangiz — mening onam bo'ladi-ku”, — dedi Gavhar va ko'nglidan o'tkazdi: “Onasini hurmat qilgan yigit boshqalarning ham qadriga yetadi”. So'ng dilidagini bo'lajak umr yo'ldoshiga bildirdi: “Mening ham bir orzuim bor. Menga imkoningiz bo'lganda kutubxona qurib berasiz”.
Sherali rozi bo'ldi.
Kelinning sepi uch sandiq kitob bo'ldi.
Gavhar muallimlar xonadonidan edi. Onasi To'xtagul aya va dadasi Mamarajab aka o'qituvchi. Gavhar bolaligidan enasi Shirat momoning ertak, rivoyatlarini eshitib ulg'aygan. Shuning uchun ham qalbi adabiyot, she'riyatga oshno bo'ldi. Baxtiga qaynonasi Gulbahor opa ham o'qituvchi edi. Ular tezda el bo'lishdi. Gavhar qanday qilsam qaynonamni xursand qilarkanman, deya qo'li olti, oyog'i yetti bo'lib xizmat qilar, maktabda dars, uyda ro'zg'or, dalada fermerlikka ko'mak berish uni horitmagan, g'ayratga endirgan. Farzandlar dunyoga keldi, oilaning shirin tashvishlari ko'paydi. Oilada hamma bir-biriga dildosh, yelkadosh, mehr-muhabbatli ekanligidan tashvishning bor-yo'qligi bilinmadi. Orzular ardoqlanib, ishtiyoq ko'ngillarga g'ayrat ulashdi…
Engil mashina katta ravon yo'ldan ikki tomoni jing'il, yantoqlar qoplagan yo'lga burildi. “Qishloqdagi ikki qavatli kutubxonaga borayapmiz”, deyishgandi. Adashmadikmi?! degan gaplar o'tdi xayolimdan. Ana qishloq uylari ko'rindi. Darvozaxona, hovlisi bog'-rog'larga tutash. Yetib keldik — qarshimizda ikki qavatli “Mumtoz” xususiy kutubxona turardi. Hayratlanmay ilojing yo'q. Naq qishloq o'rtasida eng chiroyli, mahobatli bino. Ichkariga kirgan kishining ko'zi beixtiyor bir-biridan chiroyli xona gullariga tushadi.
— Bu joyni ataylab, suhbatlar uchun hozirlaganmiz, yashillik har qanday insonga osoyishtalik va iliq kayfiyat bag'ishlashi tayin, — deydi qahramonimiz Gavhar Husanova. — Kitobxonlarimiz maktab o'quvchisidan tortib, mehnat faxriylarigacha. Bobojon va momojonlarimiz nevaralarini yetaklab kitob olishga kelishadi. Ular bilan kitoblar va qiziqishlari haqida suhbatlashamiz.
Gavhar Husanova — Sayhunobod tuman O'zbekiston xo'jaligidagi 23-o'rta ta'lim maktabi ona tili va adabiyoti o'qituvchisi. U haqda aytilganda muallima, shoira, fermer, tadbirkor, degan sifatlarni sanab o'tish joiz.
Aslida biz uning “Baxtlar aro topdim baxt” kitobi taqdimotiga sirdaryolik bir guruh jurnalistlar, shoir va yozuvchilar yig'ilishib kelgandik. Gavhar sabab ikki viloyatning ijod bulog'i tutashdi. Anchadan buyon bordi-keldi qilishayotgan Bo'ka tumani “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Guljahon Yomg'urova, shoira Dilfuza Hotamovalarning ham suhbatidan bahramand bo'ldik.
Sirdaryolik shoirlar Bahor Xolbekova, Noriniso Qosimova, Alisher Nur, To'xtamish Boqiyev, Baxtiyor Vatan, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi, shoir Boyjigit Abdullayev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, adiba, jurnalist Dilorom Ismadiyorova, Dilora Esonova, Muyassar Pardayevalarning e'tirofu e'zozlari Gavhar Husanova haqida edi. Sirdaryoliklarning har biri o'z muallifligidagi kitoblarini kutubxonaga tortiq etishlari eng yaxshi sovg'a bo'ldi.
— Hayotda to'lib-toshsam, suhbat istasam, dilimni to'kib solsam meni mana shu Gavhar eshitadi, — deydi Sayhunobod tumanidagi 3-maktab direktori Nazira G'aniyeva. — Suhbatidan ruhiyatim yengil, ko'zlarim porlab qaytaman. Unda mas'uliyat bor. U fermerlik dalasiga borsa yayrab keladi. Chinakam dehqonga aylanadi. Ro'zg'orda pazanda, nonvoy, sarishta beka. Maktabda darsni jonu dili bilan o'tadiki, o'quvchilar saboqdan ko'zlari yonib, qalbi to'lib chiqadi. U non yopayotganida ham, banka bekitayotganida ham o'quvchilarining savollarini javobsiz qoldirmaydi. Uning ilhomini hech narsa to'smaydi. U hech qachon rahbarlikka, katta mansablarga qiziqmagan.
…“Mumtoz” xususiy kutubxonasini qurish Gavharning 15 yillik orzusi edi. Yil sayin orzu uning yuragini o'rtayotganini umr yo'ldoshi Sherali ham sezar, bergan va'dasi ham yodida. Uylarining qarshisidagi ochiq maydon yantoq bosib, qarovsiz yotardi.
— Gavhar, kutubxona uchun joy tayyor, — dedi Sherali bir kuni. — Nasib qilsa qishloqning eng oldi binosi kutubxonang bo'ladi.
Harakat boshlandi. Kunlar, haftalar, oylar yugur-yugur bilan o'tdi. Har tong umid bilan yuz ochardi. Nihoyat, kutubxona qurilishi uchun mablag' to'plandi. O'ttiz nafar usta-quruvchi 8 oy ishladi. Mablag'ning yetmaganiga qaynotasi Xayrulla Husanovning “Sayhun nurli uchqun”, Sheralining “Sayhunobod oltin kuz” fermer xo'jaliklariga tegishli texnikalar jalb etildi. Aytishga oson, har bir g'isht, har bir zina orzuning pillapoyasi edi. O'tgan ham, ketgan ham uning tezroq bitishini kutar, qishloqning ko'z o'ngida ikki qavatli oq bino qad rostladi.
Xonalarning jihozlari zamonaviy, chiroyli, shinam. Kitob javonlarining oq rangdaligi ham xonaga ulug'vorlik bag'ishlagan. Stol-stullar kitobxonga juda qulay joylashtirilgan. Xonalarga konditsionerlar o'rnatildi. Qishin-yozin kitob mutalaa qiluvchilar uchun barcha shart-sharoit muhayyo. Kutubxonada 12 ming nusxadagi adabiyotlar bo'lib, ulardan 800 tasining elektron nusxasi mavjud. 4 nafar xodim 3 mingga yaqin kitobxonga xizmat ko'rsatadi. Ayniqsa, kitob va adabiyotga xos davra suhbatlari, tadbirlar “Mumtoz”da o'tkazilayotgani kitobxonlar safini kengaytiryapti.
Shuningdek, aholiga maishiy xizmat ko'rsatish uchun ham dastlab bir dona tikuv mashinasi keltirildi va chevar ham topildi. Yana 3 nafar tikuvchilik bilan shug'ullanadigan hamqishloq ayollar ham shu binodan qo'nim topishdi. “Go'zallik saloni”ning mijozlari hamma vaqt topiladi. Vaqt-behuda kimgadir muolaja, tibbiy yordamga ehtiyoj bo'ladi. Qishloq vrachlik punkti uzoqligi sababli ikki xona bir shifokor va hamshira uchun ajratildi. Soha egalarining birortasi ijara to'lamaydi. “Mumtoz” xususiy kutubxonasi “O'zbekiston” qishlog'i va yon qishloqlardagi aholi uchun ham xizmat ko'rsatadi.
— Tahririyatimiz qoshidagi kitobxonlarimiz orasida Prezident sovg'asini olganlar bor, — dedi “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Guljahon Yomg'urova. — Kitobxonlarimizni kitobning qadrini ko'tarayotgan, qishlog'i ahlining ma'rifatli bo'lishiga hissa qo'shayotgan ayol bilan tanishtiraman, deya bir avtobus o'quvchilar bilan keldik. Ular hayratlarini yashira olmadilar. Gavhar Husanovaning iltifoti, she'riyat, adabiyot, kitob haqida suhbatlaridan huzur qilishdi. Taassurotlarni eshitgan boshqa yoshlar, bizni ham olib boring, deb tinchlik berishmayapti. Bu holat kimni quvontirmaydi, deysiz. Kitobsevarlar ko'paysa qanday yaxshi!
Gavhar Husanova ilhombaxsh ijodkor, muhabbati cheksiz muallima, sevimli yor, ardoqdagi kelin, farzandlariga allasi-yu, niyatida ilm tilagan ona, tanti tadbirkor, Sayhunobod tuman Kengashi deputati, kitoblar olamini qishlog'iga tortiq etgan kutubxona bekasi. Qizlarining biri Toshkentdagi, biri Sirdaryodagi Prezident maktabi o'quvchisi, o'g'li ham opalari safiga kirishga tayyorlanayapti. Gavhar Husanovaning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko'ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi ham ayni bu e'tiroflarning amali bo'ldi.
Gavhar Husanova ismi jismiga mos, Sirdaryoning ma'naviy Gavharlaridan biri. Ana shunday Gavharlarning safi kengaysin.
Bahriniso NORJIGITOVA.
Guliston tumani