Bu hali boshlanishi

Vohaning eng kenja tumani bo'lmish Bandixonda shu paytgacha birorta ham sanoat korxonasi yo'q edi. Nihoyat, tumandagi “Chinor” mahallasida yangi paxta tozalash zavodi ishga tushirildi.

“Bandixon agroklaster” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 26 milliard so'm, zavod eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo'lib, 150 ta yangi ish o'rni yaratildi. Eng muhimi, tuman dalalarida yetishtiriladigan paxta hosili shu yerning o'zida qayta ishlanadi. Bu klaster uchun ham, dehqonlar uchun ham mahsulot tannarxining arzonlashuvidan tashqari, real daromadning barqaror oshishiga olib keladi.

Hali bu boshlanishi, yuqoridagi loyihaning davomi sifatida shu yerning o'zida paxta va sun'iy toladan ip-kalava ishlab chiqaruvchi kattagina korxona bunyod etiladi. Buning natijasida 450 nafar bandixonlik yoshlar foydali mehnat bilan band bo'lishadi. Yana bir muhim jihati, tikuvchilik fabrikasi binosi qurilishi ham jadal sur'atlarda olib borilmoqda.

Yaqinda yangi zavodning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tantanali tadbir o'tkazilib, tuman faollari, viloyatdan kelgan mutasaddilarga birin-ketin sanoat korxonalarining ishga tushirilishi tumanning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatining oshishida muhim omil bo'lishi haqida batafsil ma'lumot berildi. Bu esa aholi turmush farovonligiga, yoshlar bandligini ta'minlashga zamin yaratadi. Tuman hokimi Abdumalik Allamurodov lo­yiha tashabbuskorlariga, muhandis va quruvchilarga minnatdorlik izhor etdi. Ip-kalava, tikuvchilik fabrikalari ham kelgusi paxta terimi mavsumigacha ishga tushirilishiga umid bildirdi.

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − fifteen =