Sherobodlik oila tuya boqmoqda

Hilol enam (bobomning onalari) yuz yoshlarida ham echkining qilidan arqon, otga ayil, yugan, no'xta, o'tovga bag'ish, qora uy keragasi, chambarak va uvuqni bog'lovchi tizmalar, bog'ichlar qilardilar. Padari buzrukvorimiz: “Moma, sizga nima yetmaydi? Qo'ni-qo'shni uyat qilishadi, bu ishlarni yig'ishtiring”, deya qayta-qayta zorlanardilar. Hilol enamiz: “Bekorchidan xudo bezor, hali ozgina darmonim bor, o'zimni o'zim ovutaman, bolam. Ulim yasagan oq o'tovni birov so'rab kelsa, bu to'qiganlarim bir bandaning kamiga asqotadi”, derdilar.

Kelinlari, nabira, chevara qizlarini koyirdilar: “Non pishirdim, sigir sog'dim, deb o'tiraverasanlarmi? Qanor-qanor jun, tivit uvol bo'layapti. Uni titib, yigirib, qoli, g'ajari, qoqma, shol gilam qilsanglar, uli-qizlaringning sebini bezaydi. Hademay qish keladi: bolalaringga, erlaringga jundan nimcha, chakmon, paytava, qo'lqop qilib bering­lar, o'risning do'konidan bir pulga arzimaydigan kalta kiyim-kechakni sotib olguncha. Bekning arki, bekaning sarfi, degan gapni ota-enalaring yoshlikda quloqlaringga quymaganmi?!” Shundan so'ng gurungchi qiz-juvonlar qoshlarini chimirgancha uy-uyiga ravona bo'lardi.

Bugun-chi, bugun ko'pgina oilalarda besh-olti jon bo'lsa-da, erkakning topganiga qarab o'tirishadi. Go'yoki ro'zg'or yumushlarini bajarib, bolalarni ovqatlantirish, ust-boshiga qarash bilan uy bekasi kun-oy o'tganini bilmay qolarmish. Bugun mamlakatimizning shaharu qishloqlarida qanday yumush bajarishi, kasbidan qat'i nazar, er oilaning har tomonlama ta'minotini rasamadlashi kerak, degan aqida bilan yashayotgan ayollarimiz, kelinlarimiz ham ko'plab topiladi. Ammo yuqoridagidek muhitda ulg'ayib, tarbiya olganlar juda kam qolgan bo'lsa-da, bor. Ana shulardan biri Sherobod tumanining “Gulchinor” (sobiq Usmon Yusupov nomli davlat xo'jaligi) mahallasida istiqomat qilayotgan Nargiza Abdurayimovadir.

Bundan o'n yil ilgari oilasi va bolalarining kelajagini o'ylab, o'zicha reja tuzib, turmush o'rtog'i Normurod Niyozovga maslahat sola boshladi: “Ikkalamizning ham muqim kasbimiz yo'q. Mavsumiy ishlab kosamiz oqarmaydi. Ro'zg'orni, uch bolaning ertasini o'ylashimiz kerak”. Turmush o'rtog'i rozilik bildirdi. Shundan so'ng so'radi, surishtirdi, bilmaganini bildi, o'rgandi. Hisob-kitobiga ishonch hosil qilgach, 2016 yil bankning 7 million so'm krediti evaziga tuya sotib oldi. Shu tariqa “Gulchinor” mahallasida uy sharoitida oilaviy tuya­chilik xo'jaligini tashkil etdi.

— Tuya ham xazinaning biri ekan, harakat qilsangiz, barakatni ayamaydi, — deydi Nargiza opa. — Hozir oltita tuyani sog'amiz. Jonivorlarga yaxshi qaralsa, kuniga 10-12 litrgacha sut beradi. Juda zarurat tug'ilganda kuniga to'rt mahal soqqan kunlarimiz ham bo'ldi. Elchilik-da, talabgorlar ko'p, ra'yini qaytarolmaysiz.

— Bugun Prezidentimiz oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratganlari ham bejiz emas. Aholi bandligi ta'minlanishidan tashqari, turmush sharoiti yaxshilanadi, bozorlarimiz obod bo'ladi, — deya fikrlarini bildirdi “Gulchinor” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Rahmatulla Ro'ziyev. — Mahallamizdagi 984 ta oilada 3823 nafar aholi umrguzaronlik qiladi. Qaniydi, Niyozovlardek mehnatkash oilaviy tadbirkorlar yanada ko'paysa! Mahallamiz faollari bilan birgalikda bu borada doimiy targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borayapmiz.

Darvoqe, mutaxassislarning fik­richa, tuya suti tarkibida noyob darmondorilar bo'lib, jigar, oshqozon, o'pka, o'n ikki barmoqli ichak, o't, qand kasalligidan shifo topishga yordam beradi. Bu jonivorlarning juni, tiviti juda noyob bo'lib, nafis matolar tikiladi. Har biridan 4-5 kilogacha jun qirqib olinadi. Oilaviy tadbirkor — Nargiza Abdurayimova tuya­dan kelajakda go'sht, ayron yetishtirishni yo'lga qo'yish niyatida. Muhimi, tuya­lar alohida parvarish talab qilmaydi, juda chidamli va bardosh­­li, unga qirlar hamda yantoq bo'lsa bas.

— Odamlar ishongan, naf ko'rgan narsasiga intiladi. Ayniqsa, xonadonimizdan yosh bolali oilalarning keti uzilmaydi. Bolalardagi tomoq og'rig'i, yo'tal, surunkali shamollashga qarshi tuya sutidan ikki kunda bir piyola ichirilsa, ko'rmaganday bo'lib ketadi. Buning foydasini ko'pchilik yaxshi bilib qoldi-da, — dedi Nargiza opa.

Ishonavering, qilingan xarajatdan tashqari, Normurod Niyozov va Nargiza Abdurayimova oilasi o'rtacha tuyachilikdan oyiga o'n million so'mgacha daromad topayotgan ekan. Shuning evaziga xonadoni but, dasturxoni obod, el ham, yurt ham manfaatdor. Ana endi tuyani mingan uzoqni ko'zlaydi, bekning arkidan bekaning sarfi afzal, degan mashoyixlar hikmatini tushungandirsiz…

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =