Qishning chillasiga qaramay…

Sho'rchi tumanida yil bo'yi yer bilan tillashib, dehqonchilik tufayli farovon hayot kechirayotgan oilalar talaygina. Tumanning “Kushon” mahallasi ahli qulupnay yetishtirish borasida katta tajriba to'plagan.

— Tomorqalarida issiqxona qurib, qulupnay yetishtirayotgan har bir xonadon yiliga 60-70 million so'mdan daromad olishyapti, – deydi “Kushon” mahalla fuqarolar yig'ini hokim yordamchisi Abdualim Qudratov. — Issiqxona qurish uchun bankdan olingan 32-35 million so'mlik kreditni uddaburon dehqonlarimiz bir yilda qoplash bilan birga, o'zlari ham yaxshigina manfaatdor bo'lishmoqda.

Darhaqiqat, qishning chillasiga qaramay, aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan qulupnay hosili tuman va viloyat bozorlari peshtaxtalarini bezab turibdi. Bozorda  qulupnayning kilosi 80-100 ming so'mdan sotilyapti. Bu qaerda yetishtirilgan deb so'rasangiz, sotuvchilar bir ovozdan “Sho'rchining Qulupnay mahallasida” deyishadi.

— Issiqxonada oila a'zolarimiz bilan mehnat qilamiz, – deydi “Kushon” mahallasida istiqomat qiluvchi Muslima Rahimova. — Qulupnay ko'chati to'rt yilgacha hosil beradi, bundan tashqari, har bir tupidan yuztagacha yangi ko'chat olish mumkin. Yana bir gap, dehqonchilikda bu bo'ldi, men qoldim, deb hasad bilan emas, havas va ixlos bilan ishlash kerak, shundagina hosilga baraka, xonadoningizda fayz bo'ladi. Qulupnay ko'chatiga ehtiyoj katta bo'lganligi sababli bu ham yaxshigina foyda keltiradi. Xullas, yil davomida foydali mehnat bilan band bo'lishdan tashqari, oila byudjetimizga uzluksiz qo'shimcha daromad kelib turadi. Shuning ustidan mahalladoshlarimiz uylar qurib, to'ylar qilishyapti.

So'nggi yillarda mahallada yetishtirilgan hosilning ichki bozordan ortganini xorijga ekport qilish borasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Safar OMON,

“Hurriyat”  muxbiri.

SURATLARDA: sho'rchilik qulupnaychilar

faoliyatidan lavhalar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =