Bandixonliklar shukronasi

Bandixonliklar qadimdan chorvachilik, bog'dorchilik, dehqonchilik hadisini  puxta egallashgan. Ammo,  bitta lekini bor: suv  masalasi chatoq. Salkam ekin maydonlarining 80  foizi ko'tarma  nasoslar orqali sug'oriladi. Qurg'oqchilik  kelib, suv  taqchil bo'lgan yillari daromaddan xarajat ortiq bo'ladi. Bandixon muzofotidagi   qish­loq xonadonlari ichimlik  suvini sotib olishadi, imkoni borlari  juda uzoqlardan tashib ichishadi. Tuman  tugatilgach, shunday  katta  hudud  oddiy  xo'jalik maqomiga tushib qoldi. Aholining madaniy turmush sharoiti va qishloqlar infratuzilmasi yildan yilga og'irlashib borardi.

Har  qanday  muammoning  yechimi keladigan o'z  vaqti bo'larkan.  Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan 2019  yilda  Bandixon  tumani  qayta tashkil etilib, asosiy  e'tibor  qishloq va qo'rg'onlarni obodonlashtirish, fuqarolarning hayot  tarzini  har tomonlama yaxshilashga qaratildi. Qisqa  vaqtda yangi  maktablar, qishloq vrachlik puntlari, oilaviy poliklinikalar, bolalar bog'chalari, savdo, maishiy xizmat nuqtalari bun­yod etildi. Uzoq qishloqlardagi texnika tugul odam yurishga qiynaladigan ichki yo'llar  tekislanib, tosh to'kildi. Mavjud ijtimoiy binolar va inshootlar  holati o'rganilib, joriy hamda mukammal ta'mirdan  chiqarildi. Bandixon qo'rg'onidagi mahallalar yo'llariga beton yotqizildi. Tuman ahli  uchun toza ichimlik suv quvuri tortildi. Zamonaviy xiyobonlar, piyo­dalar yo'lak­lari qurildi. Xullas, uch  yilda  Bandixondagi  qish­loqlar va qo'rg'onlar zamonaviy  hamda  jozibali qiyofa  kasb etdi.

Tuman markazidan o'tuvchi tor  va o'nqir- cho'nqir yo'lga 21,6 milliard  so'm  mablag'  sarflanib, bugungi  talablarga to'liq javob beradigan to'rt qatorli  zamonaviy  avtomobil  yo'li bunyod  etildi. Tuman  hokimligining  uch qavatli ma'muriy binosi qurib  foydalanishga topshirildi. Eng   muhimi, tuman  markazidagi “Bandixon”, “Bektepa”, “Saroy”  mahallalarida istiqomat qiluvchi  1500 xonadon hovlisi va tomorqasiga  oqar suv keladigan bo'ldi. Yana bir yangilik: fermer  xo'jaliklariga qarashli 1600 gektar ekin maydonini endilikda  bemalol sug'orish imkoniyati  yaratildi. “Oqqapchig'ay” kanalidan suv oluvchi  R-1 anhorining 8,6 kilometri irrigatsiya  inshootlari bilan birgalikda 6  milliard so'm mablag' evaziga  qayta  ta'mirlanib, ekin maydonlariga  baraka yog'dirildi. Xullas, Tumanning “Zevar”, “Obod turmush”, “Birdamlik” kabi  mahallalarida  barcha jabhalarda qurilish  obodonlashtirish,  ko'kalamzorlashtirish ishlari  ko'tarinki ruhda  olib borilmoqda.

Yangi yil  arafasida bandixonliklar foydalanishga topshirilgan yangi binolar, zamonaviy  yo'l va  yo'laklar,  maktab va bog'chalar  bahonasida  bayram tadbiri  uyushtirishdi. Quruvchi va bunyodkorlarga to'nlar kiygizilib, sovg'alar ulashildi.  Yurtimizdagi farovonlik, tinchlik-osoyishtalik, ulkan bunyodkorlik  shukronasiga  jonliq so'yilib,  Qur'on  tilovat  qilindi. To'g'risi, elim,  yurtim deb mehnat  qilayotgan xalqqa tadbir ham, bayram ham,  to'y  ham juda-juda  yarashadi…

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =