Machay darasida…

yoki kinotasmaga muhrlanayotgan betakror qishloq hayoti

 

Surxon vohasining   tog'li Boysun tumanida yangi badiiy filmni suratga   olish jarayoni qizg'in   bormoqda. Bu haqda   keyinroq…

Saratonning jaziramasini hisobga olgan holda ertalab   soat beshda yo'lga otlandik.   AYoQShlardagi uzoqqa cho'zilgan navbat, yo'ldagi   tezlikni taqiqlovchi belgilar,   har chaqirimdagi ko'zga   cho'pdek suqulib turgan “radar”lar og'ushida Machay   darasiga soat to'qqizdan o'taverib   kirdik. Turkiyadan kelgan mehmonimiz   qiziqishi bois daraga   kiraverishdagi suvtegirmon   yonidagi katta tol   tagida to'xtadik…

Hamrohlarimizdan kimdir televidenie xodimlari dam   olishga chiqishgan shekilli, deyishdi. Qarasam uchta   maxsus mashina,   yana ikkita “Damas”,   davlat raqami Toshkent shahriniki…   odamlar ham notanishdek. Haydovchining mashinani o'ta ehtiyotkorlik bilan boshqarishiga qaraganda bunday qo'rqinchli   va xavfli yo'llardan birinchi bor   yurishi…

— Termizdan, hamkasblaringizmi deyman, — so'radi yo'ldoshlarimizdan biri.

— Vohaliklar bu yo'llarda qaltirab, mashinani tosh­baqa   yurish qilib haydashmaydi. Bular poytaxtdan, mehmon bo'lishsa kerak. Yo'lida ketaverishsin-chi, baribir bilib olamiz, — dedim ishonch bilan. Mehmonlar suvtegirmonda mayingina qilib tortilgan undan tandirda hozirgina yopilgan issiq nonlardan xarid qilishib,   daryoning muzdek suviga   botirib tanovul qilgan bo'lishdi. Yarim   soatlardan o'tib biz ham dara bo'ylab yo'limizni davom ettirdik.

Sirtdan qaraganda, usta-hunarmand hozirgina bahaybat tolkosani tarashlab to'nkarib qo'ygandek. Ana shu tepalikni mahalliy aholi Kosatarosh, deb ataydi. Kunbotar tarafi   besh yuz metrlik tik qoya   Machay daryosini va darasini yanada vahimali hamda g'oyat mo''jizali qilib ko'rsatadi. Ha, mo''jizaning o'zi! Kosatarosh tepaligi, tik qoya   tagida bir otar qo'y qo'tonlaydigan kamarlar bor. Bugun bu kamarlar sayohatchilar va ziyoratchilar   xizmatida. Biz daryo bo'ylab   “Xo'jamayxona” ziyoratgohi va dam olish maskanlaridan o'tib,   kamarlarga yetganimizda boyagi notanish kishilar biri kamera,   biri sepoya, biri sun'iy yoritgich ko'targancha, o'zaro nimanidir astoydil muhokama   qilishayotgandek ko'rindi. Biz tanishish maqsadida xizmat mashinalari yoniga borib to'xtadik. Shu payt   kalta bo'ylik, quyoshda qoraygan, latta qalpoq kiyib olgan kishi jig'ibiyron bo'lib, bizni ogohlantira boshladi. “Oka, betta turish, to'xtash   mumkinmas. S'yomka ketvotti, hozir   bosh­lavommiz”. O'zimni tanishtirib, bizning ham vaqtimiz   yo'qligini aytdim. Haligi yigit juda   dilkash inson ekan.   Bir pastda hamma gapning tagiga yetdik.

— Sizlarni shu yerda dam olishga   kelganlardan bo'lsa kerak, deb   o'ylabman, — dedi   O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, mohir   kinorejissyor Farhod Xudoyberdiyev. — Taniqli yozuvchimiz   Nazar   Eshonqul asari   asosida “Sunbula yoxud   sust xotin” nomli   to'liq metrajli badiiy   filmni suratga olayapmiz. Bu kinoasarda boshdan oyoq qishloq   odamlari hayoti tas­virlanadi. Turli sahnalar   olinadigan joylar tabiati va xususiyatini obdon o'rgandik. Bugun kattagina   sahna mana shu mashinalar yonidagi   kamarda suratga olinishi   kerak. Daraga atigi bir   kunda yarim soatdan ko'proq quyosh   nuri tusharkan, xolos. Biz shunga ulgurishimiz kerak, — dedi soniyalarni   qizg'anayotgan bosh rejissyor.

Ijodiy jamoa zumda   o'z o'rnini egallab, ishga   kirishib ketdi. Operatorlar,   aktyorlar, chiroq ustalari bosh rejissyorning ishorasini kutmoqda. Quyosh nurining   daraga to'liq tushishiga   o'n daqiqacha qolgan. Biz ham   suratga olish maydonidan ancha uzoqroqqa ketdik. Suhbatni   bo'lajak kartina direktori Mirsoliq Azizov bilan   davom ettirdik.

— Bu film O'zbekiston   milliy teleradiokompaniyasi buyurtmasiga asosan “O'zbekkino” agentligi tomonidan suratga olinmoqda. Ssenariy ijodiy jamoa­­ga ma'qul keldi. Uni asar muallifining o'zi yozgan. Sahnalashtiruvchi rejissyor Husnora Rozimatova, bosh operator Elmurod Yo'ldoshev,   sahnalashtiruvchi rassom Jamshid   Valiyev, asardagi bosh rolni O'zbekiston   xalq artisti Karim Mirxodiyev   ijro etmoqda. “Sunbula yoxud sust xotin” badiiy filmini suratga   olish uchun bejiz Boysun tumani manzaralari va sharqiroq daryo   oqib o'tayotgan Machay darasi tanlanmadi. Bu yerda hamma narsa tabiiy   va betakror. Bunday tabiat manzaralari boshqa joylarda kam uchraydi. Eng muhimi, bular asardagi voqealar jarayoniga, personajlar ruhiyatiga, milliy koloritetga juda-juda mos keladi. Noyob manzara va jug'rofik muvofiqlik kino mazmun-mohiyatini   boyitadi, deb o'ylayman. Suratga olish jarayonlari tugaguncha ijodiy   jamoamiz bilan Boysun   tumanida bo'lamiz. To'g'risi,   bu joylar jamoamizga   yoqib qoldi.

Suhbat shu yerga   yetganda kartina direktorini kimdir yo'qlab qoldi. Biz esa   ijodiy jamoaning ishlariga   rivoj va omad tilab yangi badiiy   film premyerasida   uchrashguncha, deya xayrlashib   yo'limizda davom etdik…

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri

 

SURATLARDA: (chapdan o'ngga) kartina direktori M.Azizov,   kamina, sahnalashtiruvchi rejissyor   Husnora Rozimatova, bosh   rejissyor Farhod Xudoyberdiyev va suratga olish   jarayonlaridan lavhalar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + twelve =