Ishsizlik — eng katta muammo

Bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri IShSIZLIKdir. Bu jamiyatimizdagi ko'plab insonlarning yashashga bo'lgan ishtiyoqini sustlashtirib kelmoqda.
Mamlakatimizda ishsizlarning soni shunchalik ko'pki, siqilganingizdan hech qayoqqa sig'may qolasiz. Eng yomoni esa bu muammo kun sayin ortib bormoqda. Har kuni ishsizlikdan qiynalib boshini qaysi devorga urishini bilmay azoblanayotgan yurtdoshlarimiz oz emas.
Hatto qo'lida qo'sh oliy ma'lumotga ega bo'lib, munosib ish axtarib yurgan hamyurtlarimiz ham talaygina. Har kuni erta tongdan mardikor bozoriga borib “men bugun qanday ish qilib pul toparkanman” deya ich-etini yeb yurganlarni-ku qo'yavering. Mamlakatimizdagi ishsiz odamlar ham shu aziz yurtning fuqarolari. Shunday bo'lsa-da, bu insonlarning dardini eshitadigan odam bormi? Hamma o'zi bilan o'zi ovoradek. Amaldorlarning bu holatlarga loqayd bo'lib borayotganini tasvirlashga so'z yo'q, qalam ojiz. Agar bir bor chetdan nazar solinsa, aholimizning faol qatlami ham dunyoga ruju qo'yganiga guvoh bo'lamiz. “Qorni to'qning qorni och bilan nima ishi bor”, deganlari rost ekan-da!
Eng achinarlisi shundaki, muhim bo'lmagan ishlarga yopishib qolayotganimizda. Masalan: Gender tengligi haqida soatlab bahs qilinadi, lekin mardikor odamlarning aksariyati ayollardan iboratligi chetda qolib ketaveradi.
Ijtimoiy tarmoqlarga qarab bo'lmaydi.
“Bizni xo'rlashmoqda, aldashmoqda. Pasportlarimizni olib qo'yishgan. Uch oy tekinga ishlab berasanlar deb majbur qilishmoqda. Iltimos, yordam beringlar”, deb iltijo qilishadi kimlarningdir puch gapiga ishonib Rossiyaga ishga ketgan bir guruh hamyurtlarimiz.
Yana bir guruh odamlar: “Yarim yildan buyon faqat ovqatga ishlaymiz. Pulimizni berishmayapti. Hujjatlarimizni ham olib qo'yishgan. Hech kim yordam qilmoqchi emas” deya “bayonot” beradi.
Turli tarmoqlardagi bunday “oh-voh”larni eshitib, yurak eziladi. Agar shu bechoralarga ish bo'lganda edimi o'zga yurtlarda sarson-sargardon, xor bo'lib yurarmidi deb o'ylaysan. Hammasi ishsizlikdan.
Kuni kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yurtimizga davlat tashrifi bilan kelganidan hamma xabardor. O'zbekiston va Rossiya yetakchilari har tomonlama o'ta muhim va ko'plab kelishuvlarga erishdi. Shulardan biri mehnat muhojirlari masalasiga ham e'tibor qaratildi.
Endi Rossiyada ishlayotgan o'zbekistonliklarni himoyalash uchun hukumat barcha choralarni ko'rishini Rossiya Prezidenti alohida ta'kidlab o'tdi. Ochig'i, bu gapdan juda xursand bo'lib ketdim! Garchi, mening biror qarindoshim yoki yaqinim Rossiyada mehnat muhojiri bo'lib yurmagan bo'lsa ham. Axir kim bo'lsa ham ular mening ham yurtdoshim, millatdoshlarim-ku!
G'iyosiddin ASRANOV,
O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.