Prokuror otalarni nega ogohlikka chaqirdi?

(Sirdaryo viloyatida 12 nafar o'quvchi qiz ona bo'lgan)

…viloyat maktablarida haftasiga 20 000 nafardan ortiq o'quvchilar darslarga qatnashmaydi. Bu ko'rsatkich bir kunda 3 200 nafardan ortiqni tashkil etsa, 1 000 nafardan ortig'i sababsiz.

87 nafar o'quvchi surunkali darslarga qatnashmaydi.

Xalqimiz azaldan biror gap yoki hikmatni aytsa bilib aytgan, topib aytgan. Bugun barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud. Ulardan unumli va samarali foydalanmay ijtimoiy illatlarga berilib, ularning yanada ko'payishiga sabab bo'layotganlar uchun “Eshakning yuki yengil bo'lsa, yotoq bo'ladi” purhikmati mos keladi.

Biz bu jihatni yoshlarimizning aksariyati ilm olishga qunt qilmayotganligida, ba'zi kattalar esa “menga nima, senga nima” qabilida ish tutayotganligida kuzatamiz. Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat Maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi boshqarmasi tomonidan viloyatda mavjud 314 ta umumta'lim maktabi o'quvchilarining otalari uchun “ZOOM” platformasi orqali yig'ilish o'tkazildi.

Ushbu yig'ilishda Sirdaryo viloyati prokurori Savid Imatov tomonidan berilgan ma'lumotlar har bir kishini yanada sergaklikka, ogohlikka chaqiradi.

– Sirdaryo viloyatida o'tgan 2023 yil mobaynida ajrashgan 1 500 nafardan ortiq oiladan 1 000 nafardan ortiq bolalar yo otasiz yoki onasiz qolgan;

77 nafar voyaga yetmaganlar orasida sodir etilgan jinoyatlarning 43 nafari maktab o'quvchilari tomonidan sodir etilgan. Bu jinoyatlarning aksariyatini  o'g'irlik, bezorilik, tan jarohati yetkazish, odam o'ldirish va boshqa  jinoyatlar tashkil etmoqda.

Voyaga yetmaganlarning 630 nafari huquq­buzarlik sodir etgan. Shundan 168 nafari tegishli hujjatlarsiz avtomobil vositalarini boshqargan;

29 nafar ota-onaga nisbatan otalik, onalik huquqidan mahrum etish bo'yicha sudga da'vo arizasi kiritilgan;

voyaga yetmagan farzandlariga aliment to'lashdan bo'yin tovlagan 459   nafar   ota   ma'muriy va 52 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi    majburiyatlarni bajarmagan 3837 nafar ota-ona ma'muriy javobgarlikka   tortilgan;

Nazorat tadbirlari davomida, maktab o'quvchilari yonida 48 ta sovuq qurollar (!) mavjudligi aniqlangan.

O'rganishlar jarayonida shu narsa oydinlashdiki, viloyat maktablarida haftasiga 20 000 nafardan ortiq o'quvchilar darslarga qatnashmaydi. Bu ko'rsatkich bir kunda 3 200 nafardan ortiqni tashkil etsa, 1 000 nafardan ortig'i sababsiz. 87 nafar o'quvchi surunkali darslarga qatnashmaydi. 215 nafar o'quvchi deviant xulqqa ega. 24 nafar o'quvchi Misr davlatiga diniy ta'lim olish uchun ketgan. 17 nafar voyaga yetmaganlar orasida suitsid holati sodir etilgan. 12 nafar o'quvchi qiz ona bo'lgan. Ularning 2 nafari 9-sinf, 10 nafari 10-sinf o'quvchilaridir.

Bir millionga yaqin fuqarolarga ega viloyatda voyaga yetmaganlar o'rtasida shuncha jinoyat, huquqbuzarlik, nomusga tegish, suitsid kabi noxush holatlar bo'lsa.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kuni “2024 yilda ta'lim, sog'liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar” yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bu haqda aytib o'tgan edi.

Bu og'riqli masala yuzasidan kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar, vazifalarni o'rtaga tashlagan edi.

— So'rov maktab direktoridan bo'layapti, lekin Bolalar masalalari bo'yicha milliy komissiyaga mas'ul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, o'quvchilarning sharoiti va tar­biyasi bilan shug'ullanmayapti.

Shu munosabat bilan maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o'tkazilishi belgilandi…

Farzand tarbiyasi, ta'limi bilan jiddiy shug'ullanish bizga ota meros emasmi? Voyaga yetmaganlar o'rtasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatlar soni, turi yildan-yilga oshib borayotganligi jamiyatimiz uchun jiddiy muammodir. Yoki voyaga yetmagan maktab o'quvchi qizlarining nomusini toptash, ularning kelajagiga raxna solishdek jirkanch holatning tobora ko'payib borayotganligi millat uchun achinarli emas, ayanchli holdir. Hali ham yuqoridagi ko'rsatkichlar aniqlangan holatlardir. Odamlardan istihola qilib, el-xalq nima deydi, deb yashirib, yashirinib yurganlar qancha?

Ta'lim-tarbiya, ma'naviy rivoj­lanish faqat insonga berilgan ulug' ne'mat. Shu sababdan yaxshilik va ezgulik jihatdan kamolotga yuz tutishda yoshlarga to'g'ri yo'l ko'rsatishimiz, namuna bo'lishimiz lozim. Ularning ta'limi, tarbiyasini birlamchi, asosiy masala deb qaramas ekanmiz, har qancha chiranmaylik, ko'zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 1 =