Ziyoli ziyoga hamisha muhtoj, lekin…

Yangi gazeta sotib olmoqchi bo'ldim. Nazarimda, jamiyat dilidagilarni topib yozadigan gazeta-jurnallarni o'qish tandirda singdirib pishirilgan jaydari nonni shoshilmay chaynab, mazasidan huzur qilib, dehqonu nov­voy mehnatini his etib, borlig'ing ijobiy quvvatga to'lishiga o'xshaydi (mening fikrim!). “Lip” etib chiqib, yon-veringdagi “Matbuot” do'konidan gazeta-jurnallar xarid qilib kelish mumkin bo'lgan zamonlar o'tib ketdi. Endi buning uchun qo'shni mavzega borishim kerak. Lekin hozir shoshilib turibman, yo'lim u tomondan o'tmaydi. Darvoqe, “Shahriston” bekati chorrahasidagi “Matbuot” do'konidan olsam bo'ladi. Avtobus shundoqqina yonida to'xtaydi” degan reja bilan yo'lga chiqdim.

Haqiqatan ham, mashinadan tushdim-u, o'ylaganim do'konga ro'baro' bo'ldim. Faqat… peshtoqiga yirik harflarda “Matbuot” deb yozib qo'yilgan qadrdon do'konning ko'rinishi, mazmun-mohiyati tamoman o'zgarib ketibdi-ku. Peshoynasining bir tomoniga “Menyu: popkorn 14990, sosiska 5990, blinchiki 4990, chipsi 4990, chak-chak 4990, kukuruza 4990, oreshki 1990”; ikkinchi tomoniga “shokolad 12990, makkofe 9990, mandarin 9990, chay s lim. 7990, Ahmad tea 4990, saxarok 990” deb yozilgan  ro'yxatlar yopishtirilgan va hamma joyga bu mahsulotlar chiroyli qilib terib qo'yilgandi. Hattoki ayni shu yerda pensionerlar va o'quvchilarga ish topib berish xizmati ham bor ekan: “Rabota dlya pensionerov i shkolnikov” degan e'lon yopishtirilgan…

Kutilmagan yangilik odamni har doim avvaliga hayratlantiradi. Men ham “Ie-e!..” degancha bir muddat “Matbuot do'kon”chasi oldida turib qoldim. Shu paytgacha “Matbuot” deb atalmish kioskalarda gazeta-jurnallar bilan birga kitoblar, kanstovarlar, suvenirlar kabi narsalarni ham qo'yib (mayli-da, gazeta-jurnal xarid qilgani kelgan odamning bosh­­qa yumushiyam bitib ketsa, buning nimasi yomon?!) sotishayotganini ko'rgandik, biroq butun boshli ma'rifatxonaning ovqatxonaga aylantirib olingani men uchun kutilmagan voqea edi. Darvoqe, aytib qo'yay, pastki tomonidan ikki tarafga qo'ygani oziq-ovqat mahsulotlari yetishmaganmi yoki do'konning kechagi kunini unutmaslik uchunmi, uch-to'rt dona boshqotirmalar bosilgan gazetalar va xususiy nashrlardan namunalar sarg'ayib turibdi.

Yozuvlarning hammasi rus tilida. Yon-verimga qarayman: bekatda turganlarning deyarli to'qson foizi qorako'zlar. Atrofni kuzataman: chorrahadagi katta LED ekranda e'lonlar soniyalar sayin o'zgarmoqda, yozuvlari o'zbek tilida; qarshimda “Korzinka” do'koni, peshtoqidagi yozuvlarning hammasi o'zbek tilida, katta yo'ldan Yunusobod tumanini poytaxtning uzoq-yaqin hududlari bilan bog'laydigan avtobuslar, elektrobuslar ketma-ket o'tib turibdi, ularning peshonasidagi va yon tomonlaridagi yozuvlar ham davlat  tilida.

Ko'zing, ko'ngling quvonadi. O'zingning uyingda, o'zingning ota chorbog'ingda, atlas ko'ylakni kiyib olib, iroqi do'ppi ustidan sochni chambaraklab, Halimaxonim Nosirovaning “Chaman ichra” qo'shig'ini eshitib o'tirib islimiy naqshli belbog' tikayotgandek bag'ring, ruhing yayraydi. Allohga beadad shukronalar bo'lsin!

Lekin… ayni damda Vatanimiz poytaxti Toshkenti azimda yuzma-yuz turganim vaziyatga qaytmaslikning iloji yo'q. Peshoynasiga nomlariyu narxlari rus tilida yozilgan ro'yxatlar, xorijiy kofe ishlab chiqarish firmasining yorlig'i yopishtirilgan “Matbuot” do'koniga qarab turib buzilgan kayfiyat ichra o'yladim: “Bu ishni kim qilgan va unga kim ruxsat berdiykin? Axir, “Matbuot” do'konlarining o'z nomidan kelib chiqqan aniq vazifasi bor, ya'ni aholiga matbuot tarqatish. Shu vazifa bajarilishini nazorat qilish zimmasida bo'lgan mas'ullar ishlab turibdi, ular bosma ommaviy axborot vositalari shu do'konlar orqali halqqa o'z vaqtida yetkazilishi uchun mas'ul, javobgar…”

Mana shu joyga kelganda… ikki ko'cha boshida yo'l tanlashga o'ylanib turgan kishi holiga tushdim. Faqat boshqalardan xato izlash, o'zgalarni aybdor qilaverish oson. Shu yo'l bilan suvdan quruq chiqaversang, bu odat hayot tarzingga ham singib ketarkan. Qachongacha?  Boshing devorga urilgunicha!

Ko'z o'ngimdan deyarli har ko'chada har kuni ishlab turadigan gazeta-jurnallar sotiladigan do'konchalar; ular oldida ertalablari qator tizilishib navbatda turib tandirdan yangi uzilgan nonga qiyos yangi gazeta, jurnallarni sotib olgach, uyga borguncha ham sabrimiz yetmay yo'l-yo'lakay sahifalarni varaqlagan paytlarimiz o'tdi. Ba'zi gazetalar yetmay qolsa, astoydil xafa bo'lardik, uni boshqalardan surishtirib topib o'qirdik. Kimningdir yaxshi maqolasi chiqsa, uni tabriklardik, bir-birimizga suyunchilardik, muhokama qilardik, o'zimiz ham ana shunaqa ko'pga manzur bo'ladigan narsalar yozishni orzulardik, intilardik…

Olimlarning “Tuxum oldin paydo bo'lganmi yoki tovuq?” degan savoliga bandasi javob topa olmasligi aniq. Ammo “Avval “Matbuot” tarqatish do'konlari kamayib ketib, qolganlariyam o'z vazifasini chala-yarim bajaradigan bo'lib qoldimi… yoki avval bu do'konlarning asl xaridorlari kamayib, yo'qolib ketdimi?” degan savolning javobi tilimizning uchida turibdi: fidoyi jurnalistlarning mehnatini, ular yozgan dolzarb xabarlar, tahliliy maqolalar, publitsistik asarlarni o'qib mushohada qilish, unda ko'tarilgan masalayu muammolarni o'zimizning va jamiyatning hayotiga nechog'li dahldor ekanidan kelib chiqib yo'l tanlashdan ko'ra aksariyatimiz uchun teleekranlarning seriallari, shoulari, konsert dasturlariga mubtalolik; ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlar, kiyimbozliklaru so'z­bozliklar girdobidan chiqolmaslik ko'ngilliroq, qiziqarliroq bo'lib qoldi.

Shu o'rinda yodimga tushib ketdi. Bolalik, o'smirlik, yoshlik yillarimni eslayman: pochta tashuvchi Marg'ilondagi uyimizning darvozasidan deyarli har kuni “top” etkizib bir dasta gazeta-jurnal tashlab ketardi. Unda shahar gazetasidan tortib respublika markaziy gazeta-jurnallarigacha bo'lardi. “Atlas” ishlab chiqarish birlashmasida oddiy to'quvchi bo'lgan dadam (Alloh rahmatlariga g'arq etsin!) kechqurun taomlanishdan keyin, albatta, hamma gazetani birma-bir ko'rib chiqardilar. Qay bir materiallarni saralab bizga: “Mana buni o'qinglar”, derdilar. Hattoki badiiy asar bo'lsa, menga: “Mana bu she'r (hikoya)ni ovoz chiqarib o'qib ber”, derdilar… Shu tariqa oiladan boshlab biz gazeta-jurnallar bilan tanishganmiz, kattalarning “Gazetada undoq yozibdi. Mana bu narsa haqida o'qidim”, degan gaplarini eshitganmiz, qiziqib varaqlaganmiz, o'qiganmiz. Bugungi kunda, agar yozuvlarning shaklu shamoyilidan ajratmasa, gazetaning oyog'ini bosh, boshini oyoq qilib tomosha qiladiganlar ham topilsa kerak.

Hozir ham yo'q emas, avvalgiga nisbatan  juda kamchilikni tashkil etsa-da, vaqtli matbuotni muntazam o'qib boradiganlar bor. Lekin, afsuski, statistik ma'lumotlardan kelib chiqib so'zlasak, mana shu insonlar respublikamiz ziyolilarining bir foizini ham tashkil etarmikin? Yurtimizda chop etilayotgan vaqtli matbuot nashrlarining adadi keyingi yillarda odam aytishgayam xijolat bo'ladigan darajada kamayib ketgani, sanoqligina gazeta, jurnallar ham sotilmay qolib ketaverganidan “Matbuot” tarqatish shaxobchalari fayzu ahamiyatini yo'qotib, oxir-oqibat kamayib, popkorn, kofe sotadigan do'konga aylangani yuqoridagi fikrimizning oynadagi aksi.

Bugun respublikamizda kattami-kichikmi har bir niholning besabab kesilishiga ham jiddiy e'tibor qaratilyapti. Mantiqan qiyoslab ko'raylik: yarim, chorak asr yoki o'n yillar davomida shakllanib, ming, millionlab o'quvchilari qalbiga ziyo, ma'rifat taratib kelgan gazetalar, jurnallarni kamaytirib, yo'qotib yuborishning ijtimoiy oqibatlarini nimaga tenglash mumkin? “Qurishdan buzish oson” deganlaridek, avvaliga jurnalistlarning oladigan uch-to'rt so'm qalam haqi ham yil oxirida hisoblanib, soliqqa tortildi. Buning uchun yil oxirida hujjatlar to'plab soliq idoralariga taqdim etish, agar yillik gonorar miqdori belgilanganidan uch-to'rt tiyin ko'proq chiqib qolsa, jarimaga tortilishi qalamkash-jurnalistlarning tinkasini quritdi, xafsalasini pir qildi. Hozir bu fikrlarni achchiq alam bilan aytyapmiz. Lekin bundan bir necha yilgina muqaddam bir “mehribon dono” “Obuna ixtiyoriy bo'lsin!” deb buyruq berganda, aksariyatimiz yengil tortganmiz, “Haqiqat bor ekan-ku!”  deb chapak chalganlardan biri edim. Bir-ikki avlodni tarbiyalagan gazeta, jurnallar ikki-uch yilda adadini, xodimlarini ta'minlab turgan daromadini, qay birlari joyini, mavqeini yo'qotdi…

Rivoyatda aytilishicha, Luqmoni Hakim bir odamning “Asalni juda ko'p yesa bo'ladimi?” degan savoliga javob berish uchun o'zi ko'p miqdorda asal yeb, uning natijasini tanasida kuzatgandan keyin javob bergan ekan.

Imom Abu Hanifadan bir qul “Jamoat orasida qul ozod etishning afzalliklari haqida mav'iza qilsangiz”, deb so'raganda, ulamo o'zi qul sotib olishga pul jamg'arib, sotib olib, uni ozod etgandan keyin bu mavzuda ma'ruza qilgan ekan… Ming yillardan buyon yashab kelayotgan bunday rivoyatlar biz kabi yetti emas, bir marta o'lchar-o'lchamas kesadiganlarga, zora, ta'sir etsa. Ulug'lar qalbidan, zora, ziyo olsak!

Boshqalarini qo'ya turaylik, birgina “Ma'rifat” gazetasinining ahamiyati haqida ozgina to'xtalaylik. Institut diplomini olib maktabga kelgan yosh o'qituvchi bu kasb sirlarini o'rganishi, tajriba orttirishi uchun kamida 5-10 yil izlanib, o'rganib, bilim va malakasini oshirib ishlashi kerak (ba'zilarda bu jarayon bir umrga cho'zilishi mumkin). “Ma'rifat” gazetasida bosiladigan ilmiy-uslubiy maqolalar, el hurmatiga sazovor bo'lgan fidoyi ustozlar haqidagi ocherklar, maktablar hayotidan hikoya qiluvchi lavhalar barcha o'qituvchilarga, ayniqsa, yosh muallimlarga tayyor “ko'rgazmali qurol”, qo'pol bo'lsa-da, xalq tili bilan aytganda, “ko'rga hassa” edi. Obuna keskin kamaydi, tahririyat chirqillagancha “o'tirib qoldi”… Mutolaa, aqliy rivojlanishga intilish eng qiyin, irodatalab, tinimsiz mehnat. O'qituvchilikni tanlagan har bir kishida bu fazilat bo'lishi kerak. Farzandi, shogirdi hayotda mustahkam o'rin egallab yashaydigan shaxslar bo'lishi uchun aqlli, tajribali ota-onalar, ustozlar o'g'il-qizlarini o'z ixtiyoriga tashlab qo'ymaganlar, vaqti kelganda  zarur ilmlarni olishga, foydali ishlarni bajarishga majburlaganlar. Bu haqda ulug' olimu ulamolarning o'z ota-onalari, ustozlari to'g'risidagi yorqin xotiralarda ko'p o'qiganmiz. Saviyasi, dunyoqarashi, yoshi turlicha bo'lgan o'qituvchilarning hammasi ezgu niyatli bu talab mohiyatini tushunmasliklari mumkin, ammo jamiyat, soha uchun mas'ullar hayot hikmatlaridan chuqur saboq olmasdan turib xulosa chiqarmaslik­lari shart!

Bu birgina “Ma'rifat” gazetasi bilan bog'liq muxtasar shaxsiy fikrlarim. Ammo bugun “Qishloq hayoti”, “Saodat”, “Mushtum”, “Fan va turmush”, “Oila va jamiyat”, “Gulxan”, “G'uncha”, “Tong yulduzi”… bularning taqdiri ham gurkirab o'sib ulg'ayib, mevaga kirganda kesib tashlangan daraxtlarga qiyos.

Obuna narxlari ko'tarilib ketdi, deb norozi bo'lamiz. (Oltita farzandli ro'zg'orni 70 so'm oylik bilan bir o'zlari ta'minlaydigan ishchi otam 5-6 nomdagi nashrlarga obuna bo'lish uchun qancha pul sarflaganlarini bilmayman, lekin biror marta gazeta-jurnalning, kitoblarning narxidan noliganlarini eshitmaganman.) To'g'ri, respublikamiz hayoti, iqtisodining ichki va tashqi dunyo bilan bog'liq imkoniyatu sabablar tufayli narxlar oshdi. Lekin qarangki, shunday sharoitda iqtisodiy imkoniyati baquvvatlardan tortib tirikchilikni uchma-uch o'tkazib kelayotganlargacha (aksariyatimiz) kiyinish, uy-joy qurish va uni jihozlash, to'yu motam marosimlarini o'tkazishda bir-birimizdan qolishmaslik, shaxsiy mashinalar olish poygasida bir maromda “tezlikni oshirib boryapmiz”. Bir nechtalab uy-joylari bo'lgan boyu badavlat insonlar ichida gazeta-jurnallarga shaxsiy obuna bo'lganlari nechta topilarkin? Ziyolilar orasida-chi?

To'g'ri, axborotlar ummoni ichra yashayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlardan topib bo'lmaydigan ma'lumotu axborotning o'zi yo'q hisobi. Biroq g'animat fursatlarni o'zing bilmagan holda axborotlar to'rida o'ralashib, adashib boy berish holatlari ozmi? Jurnalist har bir aytgan so'zi uchun javob berishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarni qay biri “yulduz”lik, qay biri o'zini ko'rsatib qo'yish, qay biri soddayu ishonuvchan odamlarni yo'ldan ozdirish, qay biri insonlararo nizolar chiqarish, qay biri boylik ilinjida minbar qilib olganlarga yaqin yurib, ularning “qorasini yuqtirib” olganlar taqdiri, baxtsizligiyu fojiasi uchun kimning yoqasidan tutasan? Mana shu jihatlardan olganda ham, o'z so'zi uchun javob beradigan, Vatanimiz va xalqimizga aniq maqsadlar yo'lida xizmat qilishni burch qilib xonadonlarga kirib borgan gazeta, jurnallar o'sha oila a'zolarini jamiyat bilan bog'lovchi rishta, qalblarni eng muhim va kerakli yangilik, ma'lumotlar bilan boyitadigan do'st, oila a'zolarini qiziqarli mavzular, masalalarda birgalikda mulohaza yuritishga, hamfikrlikka o'rgatadigan muallim, desa bo'lar.

Qaerdadir o'qigandim: Yaponiyaning bir chekka hududiga qatnaydigan elektrpoezd yo'lovchilari kam bo'lgani uchun  iqtisodiy zarar bilan ishlar ekan. Shunda uni yo'nalishdan olib tashlash masalasi qo'yilibdi-yu, lekin avval buning oqibatlari nima bo'lishi mumkinligini aniqlash vazifasi qo'yilibdi. Yo'lovchilar kimlar, nima maqsadda markazga borib kelishini o'rganilishi jarayonida bitta o'quvchi qiz chekka joydan shaharga shu poezdda qatnab o'qishi ma'lum bo'libdi. Xuddi shu qiz taqdirini o'ylab, elektropoezd qatnovi to'xtatilmaydigan bo'lgan ekan. Insoniylikning mana shunday olijanob nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, yarim asr davomida ming-ming­lab xonadonlarga kirib borib, kichkintoylarga tabiat va hayvonot olamini tanishtirib, axloq-odobu badiiy adabiyotdan  ilk saboqlar bergan, ularni fikrlashga, ravon so'zlashni o'rgatishga hissa qo'shib kelgan “G'uncha” jurnali ayni kunda 2500 adadda chop etilayotganiga (fevral oyidan yana 500 ta qo'shilar emish) qanday izoh berish mumkin? Bu adaddagi jurnalni hozir mamlakatimizning maktabgacha tarbiya yoshida bo'lgan va maktablarning boshlang'ich sinflarida o'qiyotgan 5 mln 200 mingdan ortiq bolajonlarlarga taqsimlab chiqsak, nechta bolaga bittadan jurnal to'g'ri kelarkin? – bu yog'i  oddiy arifmetika. O'tgan asrning 80-90-yillarida adadi milliondan ortiq bo'lgan “Saodat” jurnali kirib bormagan xonadon kamdan-kam edi. Asosan oddiy uy bekalari bo'lgan obunachilar uchun “Saodat” farzandlar tarbiyasi, gigiena, bekalik sirlaridan saboq beradigan  muallim, pazandachiligu tikuvchilik malaka-mahoratini o'rgatadigan murabbiy edi…

Yoki O'zbekistonda yakkayu-yagona mustaqil nashr nomi bilan nashr etiladigan “Hurriyat” gazetasini olaylik, bir paytlar jadid bobolarimiz ham tashkil etgan  qutlug' nomdagi ushbu minbar bundan uch-to'rt yil avval butunlay chiqmay qolmaganmidi? Bugun ham ne-ne sa'y-harakatlar evaziga nashr etilib turgan gazetaning ayni paytdagi adadi Yangi O'zbekis­ton uchun qoniqarlimi? Axir yurtimizda nechog'lik ulug' ishlar ro'yobga chiqarilayotgan, aqlni shoshiradigan darajadagi yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotgan mamlakatda davlatimiz siyosatini, Yangi O'zbekiston g'oyasini singdirishga xizmat qiladigan res­publika darajasidagi, boringki, jami bo'lib 20-25 ta asosiy nashrlarini ko'ngil to'ladigan, har bir xonadonga yetib boradigan imkoniyatni yaratish shunchalar qiyinmi?!

Mas'ullar “Obuna ixtiyoriy bo'lsin”, dedik; yillab to'plagan mablag'imizni tug'ilgan kun, gapu gashtak, to'y va motam marosimlariga “obro'keltirar” deb sovurdik. Hozir mahallalarda oliy ma'lumotlilar, doimiy bilimni oshirib, dunyoqarashni kengaytirib borish zarurati, ahamiyati haqida institut, universitet domlalaridan, professorlardan ma'ruza eshitganlar, saboq olganlar safi yildan yilga kengayib boryapti; ammo ularning orasida qarindosh urug'lar, qo'ni-qo'shniga kitobxonlikda, gazetxonlik, jurnalxonlikda ibrat bo'layotganlari juda kam. Boshlang'ich sinf o'qituvchilaridan biri ko'nglini ochib so'zladi: “Biz o'quvchilik, talabalik yillarimizda shahar, viloyat gazetalari uyimizga kelardi. Ularni o'qib bormasak, ustozlarimiz xijolat qilishardi. Endi esa… bundan uch-to'rt yil oldin ota-­onalarga “Sinf uchun “Gulxan”, “G'uncha” jurnallariga obuna bo'laylik. Bolalar bilan birgalashib o'qiymiz, muhokama qilamiz. Obuna narxini taqsimlasak, har bir bolaga 4-5 ming so'mdan tushadi”, dedim. Gapimga javoban birorta ota-onadan sado chiqmadi. Aslida, shu ota-onalarning ayrimlari bolasining cho'ntagiga har kuni 20-30 ming so'mgacha pul solib maktabga jo'natishadi”.

2023 yil 22 dekabr kuni bo'lib o'tgan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishidagi ma'ruzasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda  “Ilgari o'z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o'tkazish, qarama-qarshilik va to'qnashuvlar yo'liga o'tgani… bunday keng ko'lamli va o'ta ziddiyatli jarayonlarning ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo'lgan mamlakatimizni ham chetlab o'tmayotgani” haqida to'xtalib, tarixdan “Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg'oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san'at namoyandalari, ma'naviyat va ma'rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”ini ta'kidlab o'tdi. Bu – jamiyat ziyolilari munosib bo'lgan katta ishonch va shu ishonchga asoslanib ular zimmasiga yuklanayotgan mas'uliyat ifodasi.

Ziyolilarning yurak urishlari, qalb tug'yonlari, orzu-intilishlari jamiyatni eng ulug' maqsadlar yo'lida uyg'oqlikka chorlaydigan, birlashtiradigan, istiqbol yo'lini yoritadigan qo'ng'iroq, mayoqdir. Buning uchun ular, avvalo, o'z ongu shuurlarini ilmu ma'rifat, ma'naviyat, madaniyat, hayot hikmatlari, saboqlari, yangiliklari bilan boyitib, charxlab yashaydilar. Zero, ziyo taratish uchun ziyo manbalaridan doimiy ziyo simirmoq kerak.

So'ngso'z o'rnida: Mening bu takliflarim, mulohazalarim balki kimlargadir kulgili, kimlargadir biryoqlama, hatto xomxayol bo'lib tuyular, lekin yaxshi niyat-umid, ishonch bilan o'rtaga tashlamoqchiman. Keling, azizlar, o'zimiz va oila a'zolarimiz uchun shu kunlarda qalbimizga yaqin bo'lgan gazeta, jurnallarga imkonimiz yetganicha obuna bo'laylik. Bir-birimizga shu haqda xabar beraylik. O'ylaymanki, bu ishimizdan, avvalo, o'zimiz xursand bo'lamiz.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 3 =