Gazeta o'qimaydigan, televizor ko'rmaydigan, radio ham kerak bo'lmagan DOKTORANT
yoxud ma'naviy tanazzulga nima sababchi?
Magistraturada tahsil olaman. Ba'zan fan ustozi biror-bir muhim ish bilan ushlanib qolsa, o'rniga doktorantlar darsga kirishadi. Bu gal ham shunday bo'ldi. Mashg'ulotimiz samimiy boshlandi. Turgan gapki, biz, magistrantlar “doktorant opa”ning qaysi mavzuda ilmiy ish himoya qilayotgani bilan qiziqdik. Mavzusi televidenie bilan bog'liq ekan. Biz unga havas qildik. Axir ko'pchiligimizning maqsadimiz magistraturadan keyin faoliyatimizni doktoranturada davom ettirish…
Ochig'i, 90 daqiqalik “dars”ning dastlabki 40-50 daqiqasidan keyin hafsalamiz pir bo'la boshladi. Ayniqsa men tishimni-tishimga qo'yib o'tirdim. Axiyri bo'lmadi. Yorildim…
Nega deysizmi? Doktorant opamizning aytishicha, bugun hech kim na gazeta o'qir ekan, na televizor ko'rar ekan, na radio eshitarkan. Ulardan voz kechish payti kelibdi. Gapiga e'tibor bering! Ayniqsa, “hech kim” degan so'zlarga. Avvaliga odob va hurmat yuzasidan ham indamay o'tirdim. Ammo keyin o'ylandim. “Nega jim turishim kerak? Har kim o'z fikrini bildirish huquqiga ega”, dedim-da:
– Ustoz, agar ruxsat bersangiz, men ham kamtarona fikrlarim bilan bo'lishsam. Zero, har bir fikr aytilishga haqli. Garchand u o'rinsiz, ahamiyatsiz gap bo'lsa-da. Hozir siz, hech kim gazeta o'qimayapti, televizor ko'rmayapti, radio tinglamaydi, hamma elektron nashrlarga o'tgan, raqamli dunyoga ketishyapti, degan mazmunda fikr bildirdingiz. To'g'ri, bugun hayotimizga internet juda tez sur'atlarda kirib keldi. Masalan, o'zim ham deyarli barcha ijtimoiy tarmoqlarda faolman. Biroq biz lift chiqdi, deb zinadan voz kechmadik-ku. Yoki hamma ommaviy tarzda liftdan foydalanib, zina bir chetga surilib qoldimi? Siz aytayotgan hech kim o'qimayapti degan so'zning o'rniga ba'zan, ayrimlar degan fikrni ishlatsak to'g'ri bo'lardi. Bugun biz odamlarni, yoshlarni gazeta-jurnal o'qishdan, kitob mutolaasidan uzib qo'ysak, ertaga bir guruh savodsizlar avlodini tarbiyalab qo'yamiz. O'zi shunday ham bo'ldi, ochig'i. Mana sizga bir oddiy misol: yaqinda bizning ishxonaga jurnalistikani tugatgan bir talaba ish qidirib keldi. Ish topishda yordam so'radi. Biroz suhbatlashdim. Ko'rinishidan binoyidek ko'rindi…
– Eng so'nggi o'qigan kitobingiz?
– Hozir o'qishga vaqt topolmayapman, oldinlari o'qib turardim…
– O'sha oldin o'qigan oxirgi kitobingiz qaysi unda?
– Qodiriyning “Sariq devni minib asari”…
– A-a-a, Abdulla Qodiriyning shunaqa asari ham bor ekanmi?
– Qiziq ekansiz-ku, gazetada ishlab, shuni ham bilmaysizmi? — dedi uddaburonlik bilan o'zining “kitobxon” ekanligini isbotlashga urinib…
Gaplarimdan butun guruhdagilar kulib yubordi. Jumladan, boyagi doktorant opamiz ham. “Ko'rdingizmi, gapim kulgili tuyuldi. Agar biz bugun gazeta-jurnallardan butunlay siz va siz kabilardek voz kechsak, ertaga ana shunday avlodlarning zamoni bo'lib qolmaydimi?”.
O'qituvchi fikrlarimga o'zining munosabatini bildirar ekan: “O'sha yigit gazeta-jurnal o'qisa asarning nomini bilib qoladimi? Siz buni qanday isbotlaysiz?” — deb qolsa bo'ladimi?
Attang! Ming afsus… Bunisiga nima deysiz? “Boshimni qaysi devorga ursam ekan?” deb turganimda, har tugul, guruhda qat'iyatli kursdoshlarim bor ekan, fikrlarimga qo'shilishdi. Bugun odamlar hammasi ham OAVdan uzoqlashib ketmagani, faqat ular ham o'z navbatida bugungi davr ruhiga moslashishi kerakligi to'g'risida gapirishdi. Kamina esa boshimni devorga urish fikridan qaytdim. Lekin shuni anglab yetdimki, “doktorantimiz” bilan tortishish befoydaligini. O'zining fikrida turib olgan edi. Gazetalarda uzoq yillardan beri bitta odam ishlashi, yoshlarga yo'l bermasligi, zamonga mos fikrlamasligi, yoki televizorda ham butun boshli ko'rsatuvni hayot haqida, xayol haqida gapirib o'tkazib yuborishi kabi jarayonlarni tanqid qildi. Menda savol tug'iladi. “Ha, televidenie yomon ekan, nega unda shu sohada ilmiy ish qiladi bu opa?” Xullas kalom, gaplar ko'p bo'ldi. “O'zingniki o'zagingga tepib tursa” nima ham qilasan?..
Gazeta — jurnalistika maktabi
Ba'zilar gazetalar bosma shakldan voz kechib, tezroq elektron formatga o'tishi zarurligini aytsa, ayrimlar bosma shaklning o'ziga xos ahamiyati borligi, shu uchun ham “bosma nashrlar” deya atalishini ta'kidlaydi.
Xo'sh, nega o'zi gazetalarga obuna qilish va gazeta tahririyatlarini qo'llab-quvvatlash zarur? Gazeta tahririyati jurnalistika sohasida eng yaxshi maktab hisoblanadi. O'z faoliyatini bosma nashrda boshlagan jurnalist keyinchalik istagan OAVda bemalol ishlab ketadi.
Bugun milliy jurnalistikada publitsistika, felyeton, pamflet kabi janrlarda ijod qiluvchilar deyarli qolmagani ham aynan gazetalarga nisbatan e'tiborsizlikning natijasi deyish mumkin. Asl jurnalistika maktabini asrab qolish zarur!!!
Bosma nashrlar albatta kerak!
Davlatimiz rahbari o'qituvchilar, ma'naviyat xodimlari, eng asosiysi, rahbarlar bosma nashrlarni o'qishi lozimligini alohida qayd etadilar. Shubhasiz, mamlakatimiz yetakchisining bu jonkuyarlik bilan bildirgan fikrlari bejiz emas.
Bilasizmi, internet faqat O'zbekistonda emas, boshqa joylarda ham ta'sirini ko'rsatyapti. Lekin boshqa mamlakatlarda baribir gazeta o'qishadi, hayotini bosma nashrlarsiz tasavvur qilolmaydiganlar bor. Millionga yaqin tirajda chiqayotgan gazetalar bor-ku!
To'g'ri, bozor iqtisodiyoti har bir sohani o'z “qilichi”dan o'tkazmoqda. Qilich damiga duchor bo'layotganlarning boshida bosma nashrlar ham turibdi. Eng avvalo, bosma rasmiy nashrlar — u hokimlik, siyosiy partiya, tarmoq yoki xususiy nashr bo'lmasin, uni moliyalashtirish muammosini hal etishning aniq mexanizmi ishlab chiqilmagan. To'g'ri, adadi yuqori bo'lgan nashrlarda moliyaviy muammolar ham kam bo'ladi. Ammo hokimliklar tasarrufidagi aksariyat gazetalarning bugungi moliyaviy ahvoliga havas qilib bo'lmaydi.
Davlat gazetasi hisoblangan bosma nashr borki, bugun “o'z kunini o'zi ko'rish” bilan ovora. Bir amallab obuna pulini noxolis obuna uyushtiruvchilardan undirsa ham katta gap. Boshqa daromad manbai deyarli yo'q. Shunday ekan, bu nashrlarni mahalliy hokimliklar tasarrufida saqlab turishning nima keragi bor? Hokimliklar muassis sifatida o'z nashrini moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlash tizimiga ega emas ekan, bu yerda qanday ma'no va mantiq bor? Siyosiy partiyalarga davlat tomonidan mablag' ajratiladi. Agar o'sha partiya rahbariyati istasa, bu mablag'ning bir qismini o'zi muassis bo'lgan gazetani moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlashga yo'naltirishi mumkin. Tarmoq va xususiy nashrlarda ham uning muassisining o'z nashriga bo'lgan munosabatiga bog'liq. Foyda bo'lsa xususiy nashr yashaydi, bo'lmasa… Keyingi yillarda o'nlab xususiy nashrlar moliyaviy qiyinchilik tufayli faoliyatini to'xtatishga majbur bo'ldi. Hatto “Darakchi”, “Bekajon”, “Hordiq” kabi baquvvat xususiy nashrlar ham bugungi kunga kelib, o'z adadini bir necha baravarga kamaytirib yubordi…
Bugun gazeta, jurnal deb atalmish bosma nashrlar tarixiga nazar solsak, ular shunchaki oddiy ehtiyoj emas, jamiyat taraqqiyotini jadallashtirish, inson ongini takomillashtirish hamda bilim va qobiliyatini oshirishga xizmat qilganligiga ishonch hosil qilamiz.
Qadimgi Rim imperiyasida paydo bo'lgan ilk xabarlar varaqasi bugungi bosma nashrlarning o'tmishdoshi hisoblanadi. Imperiyadan so'ng oradan qancha asrlar o'tdi hamki, garchi imperiyaning o'zi tanazzulga yuz tutgan bo'lsa-da, uning bag'rida dunyoga kelgan bosma nashrlar imperiyadan-da katta taraqqiyot bosqichini bosib o'tdi. Bugun rivojlangan davlatlar va ularda yashayotgan xalqlar hayotini qadimiy axborot vositasi —bosma nashrlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi jadal taraqqiyoti, AQShning olamshumul sanoat inqilobi, G'arbiy Yevropa mamlakatlarining qaddini rostlashi, Xitoy va Koreyaning dunyo hamjamiyatidagi bo'y ko'rsatishida bosma nashrlarning o'rni katta bo'lgan. Negaki, bundan 50-100 yil muqaddam oddiy radio, ilk qadam tashlayotgan televideniedan farqli o'laroq bosma nashrlar hayotda keng o'rin egallagan edi. Shu boisdan ular tegishli mamlakatdagi siyosat, g'oyaviy mazmun va mohiyatni xalqqa yetkazishda davlat va el o'rtasida ko'prik vazifasini bajargan.
AQShda ham ahvol chatoq, ammo…
Yaqinda AQShda mahalliy, asosan, hududiy bosma va elektron nashrlarni saqlab qolish bo'yicha hukumat darajasida harakat boshlanibdi. Vashington, Oregon va Arizonadan saylangan uch nafar senator Mariya Kantvell, Mark Kelli va Ron Uayden “Hududiy jurnalistikani qo'llab-quvvatlash” to'g'risida qonun loyihasini taqdim etishdi. Qonun loyihasiga ko'ra, koronavirus pandemiyasi borgan sari “sindirayotgan” mahalliy gazetalarni saqlab qolish bo'yicha muayyan takliflar berilgan.
Dunyoda yuzaga kelgan koronavirus bilan bog'liq murakkab vaziyat barcha sohalar qatori bosma nashrlar — gazetalar taqdirini ham alg'ov-dalg'ov qilib tashladi. Agar Amerikadek ulkan davlatda gazetalarning obunasi, mutolaasi bilan bog'liq muammo yuzaga kelgan ekan, demak, shunday ekan vaziyat jiddiy. Shu o'rinda o'zimizda kuzatilayotgan holatlarni aslo qoniqarli deb ayta olmaymiz. Yil boshida 20, 30 ming nusxada chop etilgan nashrlar uch-to'rt oydan so'ng ikki-uch barobar minusga tushib ketadi. Shundan anglashiladiki, obunaga qo'l uchida qaralgani, “mendan ketguncha egasiga yetguncha” qabilida ish ko'rilgani ayon bo'ladi. Birgina bolalar nashrlarining (nega aynan bolalar nashrlariga urg'u berayapmiz, sabab shuki, bugun 20, 30 sahifalik jurnal o'qimagan bola ertaga katta hajmdagi jurnal, kitobni mutolaa qilishi mushkul, ma'naviyatga yo'l esa albatta, bolalar nashrlariga bo'lgan e'tibordan boshlanadi) ayni ahvoli juda achinarli holatga kelib qolgan. Bir paytlar 100 ming nusxada chop etilgan jurnal va gazetalarning bugungi adadi 2 ming nusxaga ham bormaydi.
Ha, AQSh harakatni boshladi. Mamlakatda bosma nashrlarga bo'lgan salbiy holatlarni o'zgartirish uchun yuqorida sanab o'tilgan senatorlar tomonidan qator takliflar ilgari surildi. “Koronavirus pandemiyasi mahalliy nashrlar va muxbirlar insonlarning yangilikka bo'lgan ehtiyojini qondirish uchun qanchalik muhim ekanini ko'rsatib berdi. Demokratiyamizning kuchi haqiqatga asoslangan. Mahalliy nashrlar jiddiy savollarni ko'tarishmoqda, dezinformatsiyaga qarshi kurashmoqda, tariximizni hikoya qilmoqda. Jamiyatimizning ajralmas bo'lagi bo'lgan bu sohani himoya qilishimiz kerak”, — deyilgan qonun loyihasida mahalliy gazetalarning o'rni haqida.
Arizona shtatidan saylangan senator Kellining fikricha, jismoniy shaxslarga mahalliy nashrlarga obuna bo'lgani yoki homiylik mablag'lari ajratgani evaziga soliq imtiyozini taklif qilish kerak. Ya'ni, pandemiya vaqtida gazetalar obunasini bekor qilish orqali pulini tejab qolgan amerikaliklarga obunani davom ettirish evaziga soliq imtiyozi taklif etilmoqda. “Mahalliy nashrlar faoliyatidagi pasayish dezinformatsiyani kuchaytirib, yolg'on ma'lumotlar tarqalishiga imkon yaratdi. Hududiy kengash va meriyalar uchun yagona oyna aynan mahalliy nashrlar hisoblanadi. Amerikaliklar mahalliy nashrlar misolida eng ishonchli manbalarini yo'qotishmoqda. Jurnalistning farzandi sifatida meni ham bu holat befarq qoldirmadi. Bizning qonun loyihamiz demokratiyamiz va hayotimiz uchun sinovli damlarda mahalliy nashrlarni iqtisodiy qo'llab-quvvatlashga qaratilgan”, — dedi Oregon shtatidan saylangan 72 yoshli senator Ron Uayden.
Ma'lum bo'lishicha, 2004 yildan buyon AQShda 1800 birlashma o'z gazetasini yo'qotgan. Pandemiya boshidan buyon esa 37 ming jurnalist ishsiz qolgan yoki maoshi kamaytirilgan. Oxirgi 20 yillikda Amerikadagi mahalliy gazetalar daromadi 70 foizga kamaygan. Nashrlar 40 ming nafar yangilik yig'adigan xodimini ishdan bo'shatishga majbur bo'lgan. Bu esa butun personalning 60 foizi degani. Senator Kantvell mahalliy gazetalarni ko'p marta qo'llab-quvvatlagan. Ularning guvohlarni tergov qilish jarayonida ishtirok etishini ta'minlash bo'yicha senatda nutq so'zlagan. U o'tgan yili pandemiya vaqtida iqtisodiy qo'llab-quvvatlov bo'yicha qonun loyihasiga mualliflik qilgan. Bu qonunga ko'ra, 2 mingdan ortiq gazeta, 3384 tele- va radiostansiyalar moliyaviy ko'mak olgan, hududiy muxbirlar ish haqini himoyalash dasturiga kiritilgan.
160 mingdan ortiq aktyorlar, jurnalistlar va ijodkorlar kasaba uyushmasi bo'lgan “SAG-AFTRA” korxonasi prezidenti Gabriel Karteris bu qonun loyihasi haqida shunday dedi: “Amerikaliklar mahalliy xabarlarni pandemiya davrida bo'lganidek ko'p o'qishmagan edi. Chunki voqealar juda tez o'zgardi. Qonun ijodkorlari bo'lgan senatorlarga rahmat aytmoqchiman, bu qonun biz uchun juda muhim insonlar bo'lgan hududiy muxbirlarni, nashrlarni saqlab qolish uchun juda muhim”.
“News Media Alliance” ijrochi direktori Devid Chavernning fikricha, hududiy nashrlar juda muhim, chunki odamlar doim tekshirilgan, ishonchli ma'lumotga muhtoj bo'lishgan va bu demokratiyaning ham asosi hisoblanadi. Amerikaliklar ilgari surayotgan takliflar, qonun loyihasi bilan tanishib chiqar ekanman, bir holat e'tiborimni tortdi. Ya'ni, hududiy nashrlarning ahvoli, ularni saqlab qolishga alohida urg'u berilgan. Bizda ham vaziyat jiddiy. Ayrim tuman nashrlari 200, 300 nusxada chop etilayotgani, bir nafar xodim ham muxbir, ham redaktor, ham tahrirchi, fotograf, sahifalovchi kabi barcha yumushlarni bajarib, gazeta chiqarmoqda. Yangi xodim olay desa unga oylik to'lash kerak, obuna pastligidan tushum yo'q, arzimas nusxadagi tirajning puli bosish xarajatlariga yetadi, xolos.
“Mutolaa tanazzuli” uchun sharoit
O'tgan asrning 80 yillarida g'arb davlatlarida keng jamoatchilik orasida bolalar va o'smirlarning “mutolaa inqirozi” masalasi qizg'in muhokamaga aylangan ekan. Bunga sabab mutolaaga nihoyatda kam vaqt ajratilishi bo'lgan. Jumladan, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish borasida Germaniyada televidenie va ommaviy axborot vositalari (hozirda internet ham) yetakchi o'ringa chiqib, kitob o'qish ikkinchi darajaga tushib qolgani, har uchinchi o'smir funksional savodsizga aylangani aniqlangan.
Fransiyada ikki talabadan biri “Uch mushketyor”ning muallifi kimligini aytib bera olmagan. Angliyada esa yoshlarning ulg'aygan sari kitob o'qish darajasi pasayib borishi kuzatilgan. Bu shunchaki faktlar emas, balki ayni haqiqat. Mutolaa madaniyatining pastligi, kitob o'qishga bo'lgan qiziqishning yo'qolib borishi, bu o'z-o'zidan millat ma'naviyatining tanazzulidir. Yuqorida aytganimizdek, yoshligida gazeta-jurnallarni o'qishga hafsala qilmagan o'quvchi, ertaga kattaroq hajmdagi kitob o'qish uchun ham erinadi. Bilim darajasi esa haminqadar ma'lumotlar bazasi bilan to'lib, oqibatda o'z sohasi bo'yicha malakali kadr bo'lib yetisha olmaydi. Oliy ta'limda ham sust, xo'jako'rsinga o'qib, diplom oladi-da, ziyonini esa davlat ko'radi.
Obuna matbuot do'konidan arzonmi?
Dunyoda obuna matbuot do'konidan arzon bo'lgani bilan jozibali. Masalan, Britaniyada “The Economist” nashri do'konda 3 funt, obuna orqali esa 1 funt turadi, ya'ni 3 barobar arzon. Afsus bilan qayd etish lozimki, bizda ko'p nashrlar obuna ortidan kun ko'radi, xorijdagi kabi reklama hisobidan emas. Shu sababli, paradoks, ba'zan obuna narxi sotuvga nisbatan qimmat. Qolaversa, xorijda obunachi turli uslublar bilan rag'batlantiriladi. Masalan, vaucherlar, kuponlar beriladi. Turkiyada kitoblar, xususan, ensiklopediyalar taqdim etilishi odat tusiga kirgan. Shuning uchun, ayniqsa, katta avlod vakillari obuna bo'lishni afzal ko'radi.
Shuningdek, chet elda elektron obuna ham ommalashgan. Aytaylik, “The Guardian” nashrining bosma ko'rinishi haftasiga 12, elektron versiyasi esa oyiga 12 funt turar ekan. Gazeta-jurnallar saytlarida maqolalarning faqat boshlanishini o'qishingiz mumkin, davomi sizni qiziqtirsa va do'konga borishga vaqtingiz bo'lmasa, elektron ko'rinishiga obuna bo'lishingiz kerak. Ayrim nashrlarning bosma tirajidan ko'ra, elektron obunachisi ko'p.
Darhaqiqat, bugun ixtiyoriy tarzda obuna bo'lish juda kam uchraydi. Boisi, mahsulot sifati zamon talablariga javob bermaydi. Birinchidan, moddiy baza achinarli holatda, ikkinchidan, sahifalarda o'z yo'nalishiga aloqasi bo'lmagan maqolalar serob, uchinchidan, nashrni obunachilarga o'z vaqtida yetkazib berish borasida ham muammolar yo'q emas. Mazkur muammo o'z-o'zidan vujudga kelmagan, albatta. Nimaning hisobiga narx qimmat? Ma'lumki, aksariyat nashrlar chop etish xarajatlarini aynan obuna bilan qoplaydi. Boz ustiga yetkazib beruvchi tashkilotlarning gazetalarga qo'shimcha narx belgilashi, obunachi uchun qimmatga tushishi tayin. Obuna kamligi bois, tahririyat yetkazib berish xarajatlarini obunadan qoplashga majbur. Biroq ayrim g'arb mamlakatlarida yetkazib berish tahririyatning zarariga ishlaydi. Narxlarni arzonlashtirish maqsadida mazkur chora-tadbirlar obuna sonini oshirish va reklama beruvchilar e'tiborini qozonishga qaratilgan. Aniqrog'i, Yevropa matbuotida tahririyatlar nashrni yetkazib berish xarajatlarini reklama va e'lonlardan tushgan mablag'lar hisobidan qoplaydi.
Polsha Respublikasi aholi soni va iqtisodiy jihatdan mamlakatimizga ancha yaqin. Mamlakatda matbuot sohasi yaxshi rivojlangan. Birgina “WPGOST” haftalik gazetasini 2 milliondan ziyod obunachi o'qir ekan. Obuna miqdorining ko'pligiga sabab narxi arzon va gazetani yetkazib berish xizmati mamlakat miqyosida juda sifatli tashkil etilgan. Rivojlangan xorijiy davlatlarda bugun chiqqan gazeta 2-3 soatda obunachi qo'liga yetib boradi.
Biz nega gapni doktorant bilan boshladik va keyin esa tahlillarga, qiyoslashlarga o'tib ketdik? Negaki zamon bilan hamnafas bo'lish, unga moslashish kerak, albatta. Biz buni inkor qilish fikridan yiroqmiz. Faqatgina bunday murakkab pallada soha xodimlari bir-birini qo'llab-quvvatlashi, madad bo'lishi kerak demoqchimiz, xolos. Qolaversa, bizga ana shunday “beqiyos fikr”li doktorantlarni keyingi 20, 25 yillik gazeta-jurnal o'qimaydigan davr yetkazib berdi. Shunday ekan, yana 20, 25 yildan so'ng nima bo'ladi?!
Islom ASILBEKOV.