Nonning uvoli yomon

Qadim zamonlardan beri non insoniyatning asosiy rizq–ro'zi, dasturxon ko'rki bo'lib kelmoqda. Tandir taftini olib pishgan so'lqildoq nondan ham xushbo'y, lazzatliroq ne'mat topilmasa kerak.

Har birimiz yoshligimizdan “Nonni uvol qilma”, “Nonning ushog'i ham non”, “Non urvog'ini bosma, gunoh bo'ladi” kabi pandu nasihatlarni eshitib ulg'ayganmiz, albatta. Sir emaski, u kundalik zarur ozuqa mahsulotlari qatorida birinchilardan bo'lib turadi. Ertalab nonushtaga novvoyxonadan issiq obinon olib uni qaymoq bilan mazza qilib iste'mol qilmaydigan odam kam bo'lsa kerak. Yoki har kuni ishdan qaytishda do'kondan shirmoy olishni kanda qilmaydigan yurtdoshlarimiz ham ko'p.

Elas–elas yodimda. Yoshligimizda bug'doy uniga imkonimiz bo'lmasdi. O'sha paytlar deyarli hammada shu ahvol edi. Shunda buvimlar bir xaltami, ikki xaltami makkani tegirmonchi amakiga olib borib, un qildirib kelardilar. Men ularga hamroh bo'lganim bois, kichkina xaltadagi unni ko'tarib olardim. Keyin esa buvim uni zog'ora qilib o'choqdagi qizil cho'qqa qo'yib pishirardilar. Rosti, juda mazali bo'lardi. Maktab, bog'chaga ham zog'oradan olib ketardik. Sinfda kimdir bug'doy undan non olib kelsa, unga havas bilan qarardik. Go'yoki undan baxtli odam yo'qdek…

“…Mustaqillikning ilk yillarida non qadri qanchalar baland bo'lgani, odamlar soatlab, kunlab nonga, unga navbatda turgani, qishloqlarda aholining boshoq tergani chiqqanlari hali ko'z o'ngimda turibdi, — deydilar onam. — Ikkinchi jahon urushi davrlarida ham ota-bobolarimiz bir burda nonga qanchalar zor bo'lishgan. Otalarimiz, onalarimiz bizni hozirgi farahli kunlarga yetkazish uchun och-nahor ter to'kib, mehnat qilganlar!”.

Chindan ham, katta avlod vakillari ana shunday og'ir davrlarni boshlaridan o'tkazishgan. Bugun esa ming shukurlar bo'lsinki, ochlik zamoni ortda qoldi…

Yaqinda bir ma'lumotni o'qib qoldim. To'g'risi, o'qib ancha xafa bo'ldim. Unda aytilishicha, Toshkentda har kuni 3 tonnaga yaqin non mahsulotlari axlatga tashlanar ekan. Bu haqda “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi bosh inspektori Ismoil Sagdullayev aytib o'tgan.

Uning so'zlariga ko'ra, ayni paytda poytaxtda eng ko'p chiqindiga tashlanadigan mahsulot bu — non va oziq-ovqat mahsulotlaridir. Bu mahsulotlarni yildan-yilga chiqindiga tashlash holatlari ortib bormoqda. “Toshkent shahrida bir kunda 2300 tonna chiqindi yig'ib olinsa, shundan 3 tonnaga yaqini nondan iborat”, — deydi u.

Bilamizki, koronavirus ofati jahon iqtisodiyotiga katta zarba berib, qattiq zarar keltirdi. Ayniqsa, dunyoning oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta'sir o'tkazdi. Natijada jahon bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, qarama-qarshiliklar kuchayib ketdi. O'sha paytda xalqaro ekspertlar pandemiya oqibatida ocharchilikdan qiynalayotgan aholi soni ikki barobar oshib, ularning soni 1 milliard 600 millionga yetganini aytgan edi. Bugun ham ahvol juda zo'r bo'lib ketgani yo'q. Misol uchun, bir qator mamlakatlarda, xususan, Suriya, Afg'oniston, Iroq, Liviya, Yaman, Sudan, Efiopiya, Nigeriya kabi davlatlarda oziq-ovqat, non yetishmovchiligi holatlari hamon kuzatilmoqda. Oqibatda aholi yegulik izlab, har qanday ishga qo'l urmoqda, yosh go'daklar esa axlat qutilarini titkilashga majbur bo'lmoqda.

Ming shukurki, bizning mamlakatda dasturxonlarimiz to'kin, qora qozonimiz esa qaynab turibdi. Nafaqat pandemiya paytida, undan keyin ham yurtimizda bu borada taqchillik kuzatilmadi. Xalqimiz uchun yetarli zaxiralar borligi bot-bot takrorlab turildi.

Biz mazkur maqolani tayyorlash jarayonida yurtdoshlarimiz fikrlari bilan ham qiziqdik.

Gulzaynab Zulhaydarova, san'atshunos–jurnalist:

— Non bo'laklari chiqindiga tashlab ketilgani menga juda qattiq ta'sir qiladi. Kimdir dunyoning boshqa bir chekkasida shu nonning kichik ushog'iga zor bo'lib o'tiribdi. Qaerlardadir odamlar hatto ochlikdan o'lib ketishyapti.

Dunyoning ikkinchi chekkasida esa kimlardir non bo'laklarini, ortib qolgan ovqatlarni chiqindixonalarga otib ketmoqda. Tarixni eslasak, kechagina bobolarimiz, momolarimiz ocharchilik zamonlarda shu nonning bir bo'lagiga zor bo'lib yashashgan, nonning o'rniga kepakni, “qani endi bir burdagina non bo'lsa edi”, deb o'tni chaynashgan. Keksalarimizning aytishlaricha, o'sha davrda “qani endi bir to'ysam-u, keyin o'lsam armonim yo'q edi” degan odamlar ham bo'lgan. Endi esa to'qchilik zamonlarda o'sha insonlarning bolalari nonni oyoqlari ostiga olib tepkilamoqda, isrof qilib chiqindixonalarga tashlab ketmoqda.

Nilufar Egamberdiyeva, pedagog:

— Inson tabiatan isrofgarchilikka moyildir. Isrofning katta-kichigi yo'q. Hamma katta isrof­garchiliklar kichiklaridan boshlanadi. Hamma narsa kichikdan kattaga qarab boradi. Xuddiki kichik irmoqcha ummonga borib quyilganidek. Ayniqsa, axlatlar orasida nonning ham borligi uvoldan qo'rqmaslik alpozini anglatadi. Bu esa isrof haqida bilmasligimizni, shu xususda hadislar haqida, umuman, tushunchaga ega emasligimizni bildiradi.

Haq gap. Uvoldan qo'rqish kerak. Har narsaning me'yori yaxshi. Aytishadi-ku “Asalning ham ozi shirin”. Rivoyat qilinishicha, bir faqir kishi Hotamtoyning boyligi, saxovatini eshitib, bir burda non ilinjida uning huzuriga keladi va uyining tomida bug'doy yeyayotganiga ko'zi tushadi. Shunda Hotamtoy yerga tushgan bir dona bug'doyni olib, tomga olib chiqadi. Buni ko'rgan faqir “Mening eshitganlarim yolg'on ekan-da” deya xayol surgancha hech narsa so'rayolmaydi. Ko'p o'tmay Hotamtoy bir qop bug'doyni sadaqa qilib yuboradi. Bu vo­qeani ko'rgan faqir “Faqirlikning sababidan biri bu ne'matga shukur qilmaslik va isrofgarchilikda ekan” deya xulosa hosil qiladi.

Islom ASILBEKOV,

O'zJOKU magistranti.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven − 6 =