Arpa ekib, bug'doy kutmayapmizmi?
1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Toshkentning Ashxobod parkida bolajonlarga tekin o'yinchoqlar tarqatilishi munosabati bilan yuz bergan tartibsizliklar, ko'ngilsizliklar ijtimoiy tarmoqlarda, davlat telekanallarida an'anaviy muhokama, munozaralarga sabab bo'lgan edi.
An'anaviy deganimki, “Biz ta'lim-tarbiyada dunyoga ibrat bo'ladigan ajdodlar naslimiz, bizga bunday xatti-harakatlar yarashmaydi”, “Tekin narsa tarqatilsa, shunchalar ochko'zlik qilamizmi?”, “Bunday tarbiya oiladan boshlanishi kerak”, “Avvalo, kattalar o'zi qitob o'qib yoshlarga o'rnak ko'rsatsin”, “Ashxobod bog'idagi noxush voqea ijtimoiy tarmoqlardan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ning ta'siri”, “Targ'ibot-tashviqot ishlarini zamonaviy, ta'sirchan usullarda olib borish kerak…” xullas, ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi har qanday mavzuni yoritishda ham, tahlil etishda ham “navbatchi”ga aylanib qolgan shu kabi fikrlar yana gurkirab maydonga chiqdi. Go'yoki oftob charaqlab, osmonda bir parcha bulut bo'lmagan yoz kunida do'l savalagandek; hech qachon o't-o'lan unmagan yerdan o'z-o'zidan alaf o'sib chiqqandek, notig'u tahlilchilarning aksariyati taassuf bilan taajjublanishdi: “Xalqimiz qanday qilib (yoki nega) tekin beriladigan narsalarga bunaqa chopib boradigan bo'lib qoldi?”
To'g'risi, har qancha chiroyli bo'lmasin, maqolalar avvalidagi kirish qismlar ham ba'zida ko'ngilga sig'may qoladi. Joning og'rib turganda, achchiq bo'lsa ham, muolaja tezroq boshlangani yaxshi-da! Maqsadga o'tsak.
Yurtboshimiz yaqindagina katta minbardan aytgan quyidagi gaplar hali quloqlarda yangrab turibdi: “Kecha Kogon tumanining prokurori 100000 dollar pora bilan qo'lga tushdi… uning o'zi kurashchi bo'lib, xodimi o'g'ri bo'lsa, dardimizni kimga aytaylik?”
“O'zbekiston-24” telekanali axborot dasturlarida e'lon qilingan xabarlardan namunalar:
“Kogon tumani xalq banki aksiyadorlik tijorat bankining axborotlashtirish sho''basi rahbari Ilhom Shomamatov bir abiturientni oliy o'quv dargohiga kiritib qo'yish uchun 25 ming AQSh dollari so'rab olmoqchi bo'lganda, Buxoro viloyat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo'lga olindi…”
“Jizzax viloyati tuman prokurorlaridan biri ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari bilan shug'ullanadigan davlat unitar korxonasining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan qo'zg'atilgan jinoyat ishi yuzasidan qurilish firmasi rahbariga qamoqqa olish chorasi qo'llamaslik va mazkur firmada aniqlangan kamomad miqdorini kamaytirib ko'rsatish evaziga 2 ming AQSh dollari so'rab, undan muqaddam 1200 AQSh dollari oladi. Prokuror qolgan 800 dollarni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi…”
“Andijon ichki ishlar boshqarmasining tergov boshqarmasi katta tergovchisi hamda vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig'i o'zaro kelishgan holda jinoyat doirasida… moddalar bilan ayblanayotgan fuqaroga sud idorasidagi mansabdor shaxslar orqali ozodlikdan mahrum etish bo'lmagan jazo tayinlanishini va'da qilib, uning opasidan 12 ming AQSh dollari talab qilishadi. Tezkor tadbir natijasida mazkur shaxsar ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi…”
Ijtimoiy tarmoqlarda ham mavzu bo'yicha so'rov bersangiz bo'ldi: deyarli barcha sohalarga tegishli tashkilotu idoralar bilan bog'liq yuqoridagiga o'xshash ma'lumotlar, marhamat, tizilib chiqib kelaveradi:
“Respublikamiz viloyatlaridan birida hududiy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyati rahbari mansab vakolatini suiiste'mol qilib, o'z qo'l ostidagi xodimi bilan kelishgan holda, yangi tashkil etilgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shaxobchasini unga yaqin masofadan o'tgan elektr tarmog'iga ulanishga ruxsat berish uchun 15000 AQSh dollari talab qiladi. DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyat bo'limlari xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs o'z xonasida porani olgan vaqtda ushlandi”.
“YPX xodimi pora bilan qo'lga tushdi” sarlavhali videoda YPX xodimi haydovchi uzatgan hujjat ichidan pulni olib, hujjatni egasiga qaytargani tasvirlari sekinlashtirilgan holatda ko'rsatilgan.
“Samarqand viloyatida fuqarolardan pul talab qilgan, xizmat vazifasi paytida spirtli ichimlik ichgan, formada bo'lmagan bir guruh ichki ishlar xodimlari ishdan olindi”.
“Samarqand viloyat Oqdaryo tumani fermer xo'jaligi raisi tuman hokimligida bosh mutaxassis vazifasida ishlovchi xodim bilan kelishgan holda o'zi rahbarlik qilayotgan yer zaxirasining bir gektar yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib, so'ngra uni issiqxona tashkil qilmoqchi bo'lgan fuqaroga hujjatlashtirib berish evaziga undan 50000 AQSh dollari va “Neksiya” avtomashinasini talab qilishadi. Viloyat prokuraturasi va ichki ishlar xodimlari tomonidan ushbu shaxslar so'ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi”.
“Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimining o'rinbosari, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limi boshlig'i chorvachilik qilmoqchi bo'lgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga mazkur tuman hududidan 500 ga yer ajratib berish evaziga 40 ming hamda mansabdor tanishlari yordamida Muborak tumanining zaxira yer fondidan 500 ga yer olib berish evaziga 40 ming — jami 80 ming AQSh dollari so'radilar. Ular bu so'ralgan pulning 50000 dollarini olgan paytda viloyat xavfsizlik xizmati va prokuraturasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi”.
“Yuqori lavozimda ishlaydigan rahbarlar pora bilan qo'lga tushdi”, “Qator rahbarlar pora bilan qo'lga tushdi”… xullas, oxiri ko'rinmaydi…
Hozir millionlab yurtdoshlarimiz (aksariyati yoshlar, o'rta yoshlilar) kuzatib, ko'rib, o'qib borishiga imkon bo'lgan ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga yetib borayotgan kundalik xabarlar, voqea-hodisalarning qancha foizi ibratli, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qiladi-yu, qancha foizi buning aksi degan nuqtai nazardan tahlil etiladigan bo'lsa, tarozining salbiy axborotlar turgan pallasi ancha og'irligini hech kim rad etmasa kerak. Kun-kun ora bir shov-shuv chiqadi: “Falonchi o'g'ri ushlanibdi”, “Falon tumanning falonchisi pora bilan (axloqiy buzuqlik, mansabni suiiste'mol qilib…) qo'lga tushibdi”, “O'qituvchi (tarbiyachi) o'quvchisini (tarbiyalanuvchisini) uribdi” yoki aksincha, “Falon mansabdorga voyaga yetmagan qizlarni yillab nomusiga tekkani uchun bir yarim yil shartli jazo berilibdi”, “Kasalmand onaning yolg'izgina o'n to'rt yashar bolasi do'kondan o'n yetti ming so'mlik mayda-chuyda yeguliklarni olgan ekan, qamab qo'yishibdi, ikki kunda o'smirning o'ligi chiqibdi”… O'ylab-o'ylab, yaqin-o'rtada ijtimoiy tarmoqda yurtimizning oddiy, mehnatkash kishilari bilan bog'liq bo'lgan, o'qib ko'ngling ko'tariladigan yoki o'rnak oladigan, yoki qadrdonlaru bolalaringga ibrat qilib gapirib beradigan narsa uchratganimni eslolmadim. Ayrimlar nazdida “global o'zgarishlar davrining odamlari o'qib o'tirishga vaqti ham bo'lmaydigan” bosma nashrlar: adadlari jildirab yotgan ariqchadek nochor bo'lgan gazeta, jurnallarda e'lon qilinayotgan chin vatanparvarlar, xalqsevarlar, fidoyi tadbirkorlar, tajribali otaxonu onaxonlar, o'z kasbining mohir ustalari haqidagi, tarix va bugun bilan bog'liq ibratli qadriyatlaru urf-odatlar to'g'risidagi maqola, ocherk, esse, suhbatlarni ayni kunda yurtimiz aholisining, hech bo'lmasa, bir foizi o'qirmikin? Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi layk bosuvchilar sonini ko'paytirish uchun rostu yolg'on aralash, xom-xatala, imloviy va mantiqiy savodsizlik uslub darajasiga ko'tarilib yozilgan kontentlarning million-million o'quvchilari bor. Biz ularni ayblashga, “nimaga uni emas, buni o'qiyapsan?” deyishga haqimiz yo'q. Chunki adabiyot, jurnalistikaning hayotdagi o'rni, ahamiyati; ularning vazifasi va shundan kelib chiqib xalqqa taqdim etiladigan axborot oqimining mazmun-mohiyati, shaklu shamoyili qanday bo'lishini yaxshi bilgani uchun mamlakat ommaviy axborot tizimi idoralarida mas'ul vazifalarda o'tirganlarki, jamiyat ongiga sog'lom, milliy manfaatlarga xizmat qiladigan, yuksak madaniyatu ma'naviyatni shakllantiradigan vositalar kirib borishiga befarq bo'lsalar, boshqalardan nima gina?
Endi xolis javob beraylik: ijtimoiy tarmoqlarda, yon-atrofidagilarning bahsu suhbatlarida o'zlari shundoq ham jamiyatning iqtisodiy ta'minlangan toifalari vakili bo'la turib, yana to'ymaslikka qolgan, nafs botqog'iga botgan, qanday qilib bo'lmasin jamiyat mulkini kemirishga ruju qo'yganlarning poraxo'rligi, haromxo'rligi, pastkashligi haqida o'qiyvergach, eshitavergach… kimlardir “Hadyaga berilayotgan ekan, tekin o'yinchoqni olishning nimasi yomon? Nimasi uyatli?” desa, e'tirozga o'rin yo'q. Faqat… bepul tarqatilgan o'yinchoqlarga ega bo'lish jarayoni juda xunuk bo'ldi, deysizmi?
Tajribali telejurnalistlar, taniqli aktyorlar hamkorligida tayyorlanadigan ayrim teleshoularda ishtirok etish uchun tomoshabinlarga iloji boricha ko'proq qopqoqlar to'plash sharti qo'yilganiga (inson umri band etilayotgan mashg'ulotni qarang!) nima deysiz? Buni to'plash uchun nafaqat pulni, balki ma'naviy, jismoniy sog'likni ham garovga qo'yib, kimyoviy moddalar bilan rang berilgan yuzlab salqin ichimliklarni ichib, sochgan kap-katta erkagu ayollardan bir nechtasi shou dasturlarida shodu xandon gardkam o'ynab o'tirishlari Ashxobod bog'idagi noxushliklardan ming bora achinarli emasmi? Ular oson daromad topish ilinjida bo'lganlar tegirmoniga suv quyib, belingni og'ritmay boylik orttirish mumkin, degan tarbiyaga mutlaqo zid fikrlarini ekranlar orqali millionlarga tarqatmayaptilarmi?
Oriyat, nomus tushunchalarining ildizi vaqtga nisbatan olinganda, millatning shakllanish davriga borib taqalar balki… har bir insonga muqoyasa qilinsa, uning millatga nechog'liq munosibligini belgilovchi ulug' ne'mat, desa bo'larmikin?..
Yuqorida hammaga birdek ma'lum bo'lgan ma'lumotlar keltirildi. Achinarlisi… ostona bosib tashqariga chiqsang, “tekin bo'lsa, mixni yutadiganlar” orasida mahallalarda imkoniyati cheklangan oilalar farzandlariga qonunan ajratilgan moddiy yordamni taqsimlovchilardan tortib, qonun ustuvor bo'lgan davlat qurish yo'lida bo'lgan mamlakatimizning huquq-tartibot idoralari xodimlari vakillarigacha topiladi. Yoqimsiz gaplarni muxtasar qilgim keladi, biroq… mana hozir ham ijtimoiy tarmoqda tarqalgan bir yozuvda buxorolik maktab direktorining yuqoridagilarga bergan sovg'a-salomlarini sanab, unga ketgan mablag'ni o'qituvchilardan undirish haqida kuyib-yonib aytgan gaplari jaranglab turibdi…
Ulug'larning ajoyib fazilati bor: ular “men” deb gapirmaydilar. Yutuqlarniyam, kamchiliklarniyam “biz” deya sharhlaydilar. Ulardan o'rganaylik. Yutuqlar haqida so'zlaganda havolanib ko'pdan ajralmaylik, kamchiliklarni tahlil etganda o'zimiz “oppoq” bo'lib chetda turmaylik. Yaxshiroq ishga kirish, mansab pog'onalaridan ko'tarilish, maqtovu mukofotlar olish, rahbarga yaxshi ko'rinish, kimdir mehnatu mashaqqat bilan erishgan yutuqlarga sherik bo'lish yoki uni tamoman o'zlashtirib olish ilinjida so'zi, mulozamati, xizmati va yana nimalarnidir ko'rinar-ko'rinmas pora sifatida ishlatayotganlar va ularga boshqacha “iltifoti”ni yashirmayotganlar topilmaydimi atrofimizda? Bu illatlar o'zimizda yo'qmi? Toki shu savolga rost javob berib, o'zimizni, jamiyatdoshlarimizni bunday gunohlardan tiymas ekanmiz, yuqoridagi kabi voqealar achigan xamir uchidan mittigina patircha bo'lib qolaveradi.
Darvoqe, Ashxobod bog'ida sovg'a tarqatishlarini avvaldan e'lon qilgan yigitlarga: o'ng qo'l ehsonini chap qo'l ham bilmagani afzal ekani haqidagi hadis hikmatini unutmaylik.
Muhtarama ULUG'OVA