Dabdaba-yu as'asa kimga kerak?
“To'y va ta'ziyaga sarf qilinaturg'on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm yo'lig'a sarf etsak, ovrupoyilaridek taraqqiy etamiz”.
Mahmudxo'ja Behbudiy
Xalqimiz o'yin-kulgi, mehmonnavozlik, bayram-u tantanani sevadi. Tug'ilishdan tortib, vafotgacha marosim-u urf-odatlar qurshovida yashaymiz: chilla saqlash, beshik to'y, sunnat to'y, nikoh to'y, kumush to'y, oltin to'y va hokazolar. Bu kabi marosimlar me'yorida o'tkazilsa mayli-ku-ya, ammo quyushqondan chiqqanlarga zorimizni aytib, zo'rimizni ko'rsatolmay qolaveramiz.
Qadimda yashab o'tgan adib Sayfi Saroyi to'y haqida shunday deydi: “To'y ulug' yumushdir. Lekin bu yumushdan manmanlik yo'lida foydalanmak qiyomat-qoyim ishdir”. Behuda chiranish belni sindiradi, deydilar, sharoit bo'lmasa-da, qarz evaziga o'tayotgan dabdabali to'ylar qancha insonning yillab topgan pulini bir kunda sovurib, yana uzoq yillar bosh ko'tarmay mehnat qilishga majbur qiladi. Agar shu dabdaba-yu as'asalar farzandlar baxtini kafolatlasa, ikki qo'limni ko'tarib, yo'lingiz ochiq bo'lsin, deymiz. Yaxshiyam baxt bu narsalarga bog'liq emas.
Har ishda xayr bor, deganlaridek, butun dunyoda tarqalgan koronavirus ofati to'ylarimizni oz bo'lsa-da tanobini tortib qo'ydi. Bu balo insoniyat boshidan ko'tarilgandan so'ng esa “devlar o'lib, Sulaymonlar qutuldi”, to'ylar avvalgi holiga qaytdi. Nima uchun hamma narsa boricha, asliyatidek qabul qilinmaydi? O'zimizda yo'q narsalarni ko'z-ko'z qilishni qachongacha davom ettiramiz? Buning oxiri bormi?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda ko'plab bahs-munozaralarga sabab bo'lgan videolavha e'tiborimni tortdi. 50 yoshli erkak ichak kasalligi sabab vafot etdi. Ha, bu oddiy hol-da, dersiz, ehtimol. Lekin bu o'limga urf-odatlarimizdagi ortiqcha dabdabalar sabab ekanligini bilasizmi? Otaning to'ng'ich qizi o'g'il farzand ko'radi, kelin taraf beshik to'yi qilish kerak ekan. Beshik to'yining ham xarajati kichik emas. Bemor ota shifoxonaga yotsa to'y qilolmasligini bilib, borini to'y uchun sarflaydi. Sog'liq esa oxirgi o'rinda qolavergan. Meni bir savol o'ylantiryapti: azaga aylangan to'y kimga tatidi ekan? Nahot matohlarning bahosi inson qadr-u qiymatidan yuqori bo'lsa? Bu holat sizni tushkun qilgan bo'lsa, navbatdagilari asab torlaringizni “chertadi”.
Hozir nima yaxshi, ijtimoiy tarmoq yaxshi, dunyoning bu burchagida turib narigi burchagidagi vaziyatdan lahzalarda xabardor bo'lasiz. Tarmoqni “portlatib” yuboradigan kontentlarning aksariyati to'y mavzusida. To'ylardan olingan lavhalar ko'p hollarda tomoshabinlar qatorida meni ham taajjublantiradi. Quda tomonning boshiga “pullar marjoni” taqilishi (pullarni bir ipga tizib, quda bo'lmishning bo'yniga to'yona sifatida taqib qo'yishadi), kelin-kuyovning madaniyatni bir chetga uloqtirib, to'yxonaga otda kirib kelishi, oziq-ovqat isrofgarchiligi, gulxan atrofida aylanish (bu marosimda olov sabab jarohat olganlar ham bo'lgan), mard erkaklarning orini keltirayotgan kuyov salom… Ehhe, davom ettiray desam, barmoqlarim yetarmikin? Ajablanarlisi esa ko'plab insonlarning bu marosimlarga odatiy holdek baho berishidir. Ayollarning tabiatan hoyu havas, hashamatga moyilligini ozgina tushunsa bo'lar, lekin bu holatda uning jilovini tortadigan erkaklar-chi? Tomoshabin bo'lib turaverish qachon ularning joniga tegar ekan?!
Endi to'yni qo'yib, gapni ta'ziya marosimlaridan eshiting. Inson vafotidan keyin yaqin qavm-u qarindoshlari bir qator urf-odatlarni bajarishadi. Ta'ziyadan 3 kun, 7 kun, 20 kun, 40 kun, bir yil o'tib turli yig'inlar tashkil etishadi. “Bahramand” esa bu kabi urf-odatlarni chiqargan xalqning o'zi. Inson tiriklik chog'ida ham o'ziga atalgan bunchalik ko'p marosimning guvohi bo'lmasa kerak.
Ayonki, to'y mavzusida biz kabi jon kuydirib gapiruvchilarning e'tirozlari hashamatni sevuvchilarga zarra ta'sir qilmaydi, lekin bu ishni davlat nazoratga olsa, tizginni birmuncha ushlash mumkin. O'tkaziladigan to'yu marosimlar davlat nazoratida ekanligidan xabaringiz bormi?
2019 yil 14 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senatining “To'ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o'tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qo'shma qarori imzolangan. Unda qayd etilishicha, so'nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an'analarini o'zida aks ettirgan to'ylar, ma'raka va marosimlar o'tkazishda shuhratparastlik, o'zini ko'z-ko'z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an'analarini mensimaslik kabi illatlar ko'zga tashlanmoqda.
Ayrim fuqarolar dabdabali to'y marosimlari va ularni o'tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda. Ba'zi fuqarolar to'y va marosimlarni dabdaba bilan o'tkazishni qo'shnilar, qarindoshlar tomonidan bo'ladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos bo'lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o'rtasida qarzdorlikning vujudga kelishiga va oqibatda keskin ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Shuningdek, qo'shma qarorda shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik; 3 tadan ko'p bo'lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik; milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to'ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo'shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “charlar”, “ota ko'rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog'ora yuborish” va hokazolarni) o'tkazishga yo'l qo'ymaslik; mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik; jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat'iy amal qilish belgilab qo'yilgan. Dafn etish va motam marosimlari bilan bog'liq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi. Ma'lumot o'rnida: mazkur qo'shma qaror 2020 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan.
To'yni o'tkazishdan maqsad ezgulik, xolos. Xursandchilik, o'yin-kulgiga hech qanday e'tiroz yo'q. Shunchaki qisqarishi kerak bo'lgan udumlar turli xil “yangilik”lar bilan boyib, jamiyatni xavotirga solmoqda. Me'yor tushunchasi barcha narsaga mezon qilib olinsa, hech qanday tahlika va e'tirozga o'rin qolmaydi. Xulosa o'rnida aytish joizki, sarvat-u mulkingizni nimaga sarflashni bilmayotgan bo'lsangiz, ta'limga, ilmga xarjlang. Ishonavering, bir kunda boringizni sarflab xonavayron bo'lishdan ko'ra, ilm-u ma'rifatga sarmoya kiritish ham foydali, ham savoblidir.
Iroda Rahmonaliyeva
