Zo'ravonlik chegara tanlamaydi

…Haq gap. Zo'ravonlik chegara, millat, vaqt va yosh tanlamaydi. Ko'p yillar davomida O'zbekistonda maishiy zo'ravonlik muammosi mavjud bo'lmagandek qabul qilingan, chunki ko'pchilik uchun xotinini bir shapaloq urish yoki uni tahqirlash oddiy holatga aylangan. Bu haqda birinchi marta 2018 va 2019 yillarda Prezident ayollarni himoya qilish va oilaviy zo'ravonlikning oldini olish bo'yicha ikkita hujjatni imzolaganidan keyin gapira boshlandi.

JSST ma'lumotiga ko'ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o'z umr yo'ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o'tkazib kelinadi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo'ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma'lum qiladi. Xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo'ravonlikdan himoya qilish, og'ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini ta'minlash bugun davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida. Davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo'lidagi dadil qadam bo'ldi, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Markaziy Osiyodagi zo'ravonlik muammosini o'rganuvchi “HeForShe” harakati ma'lumotlariga ko'ra, 2021 yilda O'zbekistonda qizlar va ayollardan huquqni muhofaza qilish organlariga zo'ravonlik va bosimga uchraganiga oid 39 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shu bilan birga, ushbu holatlarning 87 foizi oilada sodir bo'lgan. Haqiqiy raqamlar yanada qo'rqinchli bo'lishi mumkin, chunki ko'plab qurbonlar bu haqda hatto eng yaqinlariga ham aytmaydilar, chunki jamiyatimizda barcha ayb qurbonlarning o'ziga to'nkalishi odatiy holdir.

O'tgan hafta AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O'zbekistondagi huquqiy islohotlar dasturi tashabbusi bilan bir guruh OAV vakillari Jizzaxdagi “Istiqlol avlodi”, Samarqanddagi “Rahmdillik” va Buxorodagi “Oydin nur” nodavlat-notijorat tashkilotlari (aniq yashash joyiga ega bo'lmagan, zo'ravonlik va tazyiqlarga uchragan yoki qurbon bo'lgan shaxslarga yordam ko'rsatish markazlari-shelterlar)ga media tur tashkil etildi. Aynan zo'ravonlik qurboni bo'lgan ayollar, qizlar, bolalar, oilalar bilan suhbatlashdik. Ularning og'ir dardini tingladik. Bu oson emas. Kinolarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko'rish, eshitish boshqa va ayni paytda qarshingizda zo'ravonlikning jonli qurboni bilan gaplashib turish umuman boshqa.

Olib borilgan tahlillarga ko'ra, kundalik hayotda oila a'zolari (er bilan xotin, qaynona yoki qaynopa va kelin, aka-uka, opa-singillar) o'rtasidagi kelishmovchilik oqibatida vujudga keladigan nizoli vaziyatlarni 100 foiz deb oladigan bo'lsak, undan oilada bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga nisbatan jismoniy kuch ishlatishi 34,8 foiz, shaxsga zo'rlik bilan ruhiy ta'sir ko'rsatish 30,8 foiz, oilada o'z hukmronligi va ta'sirini o'tkazishga qaratilgan xatti-harakatlar 7,8 foiz, jinsiy zo'ravonlik qilish 4,7 foiz, qiynash orqali ruhiy azob berish 8,3 foiz, qo'rqitish va zulm qilish 3,7 foizni tashkil etadi. “Nima uchun oiladagi zo'ravonlik jabrlanuvchilari bu haqda ichki ishlar organlariga xabar berishmaydi?” degan savol bilan murojaat qilinganda, zo'ravonlik qurbonlarining 63,1 foizi o'z oilasining obro'sini saqlash maqsadida huquqlari poymol bo'lishiga jim qarab turishganini aytishgan.

Afsuski, oiladagi zo'ravonlik bilan bog'liq huquqbuzarliklar jabrini, asosan, ayollar ko'radi. Bu ko'plab ayollarning huquqlari toptalishiga, turmush tarzidan qoniqmay, hatto o'z joniga qasd qilish darajasigacha borishiga, voyaga yetmagan farzandlarning ona mehridan erta mosuvo bo'lishiga sabab bo'lmoqda. Har qancha davlating, obro'-mansabing yuqori bo'lmasin, oilangda totuvlik bo'lmasa, yegan luqmang ham, bir burda noning ham tatimaydi. Endi unib-o'sib, balog'at yoshiga yetayotgan farzand kun ora oilaviy nizolarga guvoh bo'laversa, notinch muhitda voyaga yetsa, o'qib-o'rganib o'z kelajagi haqida qayg'urish kabi asosiy maqsadidan ham chalg'ib qolishi hech gap emas.

Yana bir masala bor. Afsuski, so'nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo'ravonliklar soni ham oshib bormoqda. Har yili kamida bir milliard bola u yoki bu zo'ravonlikka duch keladi. Bu dunyo bolalarining qariyb yarmi demakdir. Dunyodagi 2 yoshdan 4 yoshgacha bo'lgan bolalarning to'rtdan uch qismi — taxminan 300 million nafari uyda o'z qarovchilari tomonidan ruhiy tazyiq yoki jismoniy jazoni boshdan kechiradi.

Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, 30 ta mamlakatda bir yoshli bolalarning taxminan 10 tadan 6 tasi muntazam ravishda zo'ravonlikka asoslangan tarbiya asosida voyaga yetmoqda. Dunyo bo'ylab har yetti daqiqada bir o'smir zo'ravonlik oqibatida vafot etadi. Qayd etilishicha, nogiron bolalar sog'lom bolalarga qaraganda zo'ravonlikni boshdan kechirish ehtimoli deyarli to'rt barobar yuqori. Maktab yoshidagi bolalarning yarmi — 732 million nafari maktabda jismoniy jazo to'liq taqiqlanmagan mamlakatlarda yashaydi.

Mamlakatimizda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash, bolaning hayoti va sog'lig'ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ko'maklashish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari sifatida qaralmoqda. Bugun bolalar majburiy mehnatiga butunlay chek qo'yildi, mehnatga ma'muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.

Shuningdek, maktabgacha ta'lim bilan qamrov darajasi oshirilib, maktab ta'lim tizimi tubdan isloh qilindi. Iqtidorli bolalar o'zlarini namoyon qila olishlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Prezident maktablari, maxsus iqtidorli bolalar maktablari, ijod maktablari va “Temurbeklar maktabi” tashkil etilgani ham shular jumlasidan.

Mavjud qonunchilikda bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo'yilgan. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog'lig'ini muhofaza qilishi, ularga g'amxo'rlik ko'rsatishi hamda zararli ta'sir ko'rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, qonunda bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, zo'ravonlikka uchragan bolalarga himoya orderi berish va bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordamlar ko'rsatish lozimligi qayd etilgan.

Soha vakillarining ta'kidlashicha, zo'ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek, telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkin.

Tartibga ko'ra, zo'ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o'ttiz kun muddatgacha berilishi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshirilishi aytilgan. Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo'lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo'ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakili arizasiga ko'ra, jinoyat ishlari bo'yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

…Jamiyatdagi har qanday illatga qarshi kurashishni oiladan boshlasakkina uni ildizi bilan quritish mumkin. Huquqbuzarlik, jinoyatchilik, korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashish qanchalik keng ko'lam kasb etmasin, natija maqtanarli emas. Aslida, har bir inson oilada ularga qarshi immunitet bilan tarbiya topsa — olam guliston, muammo o'z-o'zidan barham topib ketadi. Xo'sh, buning uchun nima qilish zarur? Ishni nimadan boshlagan ma'qul? Zo'ravonlik holatlarining oldini olish mumkinmi? Albatta! Unga qarshi kurashishda har kimning o'z o'rni bor. Va shunday bo'lishi ham kerak. Odamlarning zo'ravonlikka munosabatini o'zgartirish, jazosiz qolishga chek qo'yish, ijobiy tarbiya me'yorlari va amaliyotini targ'ib qilish, jabrlanganlarga malakali yordam ko'rsatish tizimini uzluksiz yo'lga qo'yish eng muhim omil sifatida ko'rilishi kerak.

Shu o'rinda yana bir taklif: farovon oilani bunyod etishda Kanada tajribasi keng e'tirof etiladi. Nima uchun? Chunki Kanada davlatida oiladagi huquqiy profilaktika bo'yicha bir yilda ellikdan ortiq hujjatli film, videoroliklar olinar ekan. Agar bizning yurtimizda ham maishiy turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning profilaktikasiga oid videofilm, reklama va boshqa materiallar tayyorlanib, OAVda muntazam ravishda namoyish etilib borilsa, bu oilalarda sog'lom ma'naviy muhit qaror topar edi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =