Milliylikka kushanda “milliy” seriallar

Keyingi to'rt-besh yil ichida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning milliy kino san'atini rivojlantirish, “milliy seriallar ishlab chiqarishning mavjud tizimini tubdan isloh qilish va bu borada ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash”,  milliy qahramonlar haqida multiplikatsion film va seriallar ishlab chiqarishga qaratilgan bir qator Farmon va qarorlari chiqdi; ularga  asosan milliy kino hamda seriallar ishlab chiqarishga mas'ul va daxldor bo'lgan tashkilotlar, idoralarga bu muhim vazifani bajarishlari uchun juda katta mablag'lar ajratilmoqda.

Ayni talab va e'tiborga javoban tarixiy siymolar, jadidlar, zamonamiz qahramonlari siymosi aks ettirilgan qator kinolar, seriallar ishlanib, xalq ma'naviyati-ma'rifatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Lekin… hujjatlarda ayni e'tibor qaratilgan, xalqimiz uchun hamisha muqaddas bo'lib kelgan  “milliylik”  me'yorlarini umuman nazar-pisand etmaslik hollari ko'pgina kinossenaristlar, rejissyorlar, aktyorlar ijodida oddiy hol bo'lib qoldi. Shu bois juda ko'pchilikning savollari, e'tirozlari, takliflari, qarama-qarshi fikrlarga sabab bo'layotgan milliy seriallar bilan bog'liq og'riqli mavzularda Respublikada xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, uzoq yillar davomida O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat ko'rsatgan oliy toifali rejissyor, “Gulxan atrofidagilar”, “Opa-singillar”, “Tutash taqdirlar”, “Yillar armoni” kabi el e'tiborini qozongan milliy seriallar muallif-rejissyori Zamira BEGIMQULOVA bilan suhbatlashdik.

— Asrlar davomida xalq hayotining ajralmas qismi bo'lgan bir qator qadriyatlarimiz o'tgan yuz yil davomida yupqarib, ko'plab moddiy va nomoddiy meroslarimiz yo'qolib bordi.  Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy sohalaridagi yangilanishlar, izlanishlar tufayli bunday yo'qotishlar asta-sekin tiklanib bormoqda.

Ammo qizig'i, Zamiraxon, “Zangori ekran”lar orqali xonadonlarimizga o'ttiz yillar muqaddam kirib kelgan kinoseriallar juda ko'p(!) oilalar turmushining ajralmas qismiga aylanib bo'ldi. Daraxtni silkitsang, salkam serial yog'iladigandek… Milliy seriallarimizning ildizlari qay irmoqlardan suv ichdi?

— Ilgari telepostanovka deyilardi, dastlab 4-5 qismli telepostanovkalar ishlangan. Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Mirzo Ulug'bek haqidagi; “Girdob”, “Diyonat”, “Dunyoning ishlari”, “Bahor qaytmaydi” kabi ko'p qismli telepostanovkalar ssenariysi taniqli, iqtidorli yozuvchilarimiz asarlari asosida yozilgan. Ularning hammasi studiyada videotasvirga olingan. Birinchi marta naturada, ya'ni studiyadan tashqari yo'llarda, xonadonlar, tabiatda ham tasvirga olinib ishlangan ko'p qismli videofilm bu — rejissyor Meli Mahkamovning “Qutlug' qon” video asari.

Takrorlayman, dastlabki teleseriallar ssenariysi faqat mashhur yozuvchilarning qalamiga mansub, xalq o'qigan, e'tirof etgan asarlar bo'yicha yozilgan. Alohida telessenarist yo'q edi, rejissyorning o'zi ssenariy yozmagan.

— O'sha seriallar hozir saqlanganmi?

— Hammasi “Oltin fond”ga olib qo'yilgan. Ayni shu kunlarda “Diyonat” telepostanovkasi “Mahalla” kanalidan efirga uzatilyapti. To'g'ri, ancha sifat ketgan, lekin undan hozirgi ssenaristlar ham, rejissyorlar ham ko'p narsa o'rganishi mumkin.

— Milliy seriallarni ommaviy ravishda ishlab chiqarishga ehtiyoj tug'ildimi yo boshqa sabab  bormi?

— O'tgan asrning oxirgi o'n yilliklaridan boshlab chet elda ishlangan seriallar kirib kela boshladi. Masalan, Braziliyaning “Kanizak Izaura”, turklarning “Oila”  (o'zimizdagi “Otalar so'zi”ga o'xshagan)… hind, koreys, yapon seriallari keng tomoshabinlarni o'ziga jalb etdi. Shularga o'xshatib bizda ham “Ko'ngil ko'chalari”, “Ayol zoti”, “Charxpalak” degan ko'p seriyali telepostanovkalar ishlandi. Muxlislar yaxshi qabul qildi, lekin ular ko'pincha oxiriga yetmay to'xtab qolishi tomoshabinning asabiga tega boshladi. Bunga, asosan, mablag' yetishmasligi sabab bo'ldi. Chunki mashhur asarlar asosida yozilgan ssenariyga nisbatan muallifning yangidan yozgan asari ssenariysiga to'lanadigan qalam haqi   qimmat bo'ladi.

Shundan keyin turkiy seriallar sotib olinib, efirlarni bosib ketdi. “Oshin” seriali mashhur bo'ldi. Teleekranlarni xorijiy filmlar egallab oldi. Shunda Birinchi Prezident “Nima uchun o'zimizning milliy seriallarimiz yo'q?” degan masalani ko'ndalang qo'ydi. Davlat rahbarining 2005 yil 27 dekabrdagi “O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo'yicha tadbirlar haqida”gi qarorida “Milliy serial” ijodiy-ishlab chiqarish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish” vazifasi qo'yilgandi.

— Adashmasam, o'sha qarordan keyin birinchi ishlangan serial “Tutash taqdirlar” edi. Unga siz muallif va rejissyorlik qilgansiz…

— Ha, bunga sabab shuki, ayni shu qaror chiqishi arafasida mening besh qismdan iborat “Gulxan atrofidagilar” videofilmim efirga uzatilgan, tomoshabinlar va kinotanqidchilar orasida ijobiy fikrlar olgan, hatto Davlat mukofotiga nomzod qilib ham qo'yilgandi. Surxondar­yolik muallif Zoyir Mamajonovning qissasi asosida yozilgan edi, asarning kompozitsion tuzilishi, undagi qahramonlar menga mashhur qozoq yozuvchisi Mar Bayjiyevning asarlarini eslatgandi. Videofilm shov-shuv bo'lib ketdi. Shuning uchun “Bizda ham seriallar ishlash mumkin, bu ishda tajribali ijodkorlar bor” degan fikr paydo bo'ldi. Ham o'zi ssenariy yozib, ham o'zi rejissyorlik qila olarkan, deb bu ishni menga  topshirishgan bo'lsa kerak.

O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida ishlardim. “Tutash taqdirlar” 54 seriya bo'ldi. Tashkiliy ishlarda, mualliflikni belgilashda kutilmagan vaziyatlar ham bo'ldi. Bir yoqda “Telefilm”dagilar bu katta ishni bajarishga o'zlarini eng haqli deb bilishardi. Lekin ular ishlagan telemahsulotlar milliylikdan uzoqlashib ketadi, degan fikrda rahbariyat bu ishga meni jalb qilishgan.

— O'sha paytda tomoshabinlar uchun “Tutash taqdirlar” kutilmagan voqea bo'lgandi… Uni topshiriqqa binoan maxsus yozganmisiz?

— Yo'q, aslida, uning ssenariysini qaror chiqishidan oldin yozishni boshlaganman, ancha qismlari tayyor edi. Shuning uchun tezda montajini boshlab yuborganmiz. Ma'lum qismi tayyor bo'lib, ko'rikdan o'tkazilgandan keyinoq, efirda namoyish etilayotgan turk seriali shartta to'xtatilib, hali oxirigacha ishlab tugatilmagan serialimiz hatto anons ham berilmay, namoyish etila boshlandi. Hech qancha muddat o'tmay,  tomoshabin shu serialga “qadalib qoldi”.

— Tomoshabinni o'ziga jalb etgan jihatlar nimalar edi, deb o'ylaysiz?

— Balki, qiyofalar, voqealar, hayot tarziyu muammolargacha o'zbekona bo'lgani uchundir. Aslida, bu serialdan o'zimning ko'nglim to'lmasdi. Chunki azaldan qaynona-kelin o'rtasidagi kelishmovchilikka quriladigan asarlarni uncha yoqtirmayman. O'sha paytgacha taniqli yozuvchilarning asarlari asosida ishlaganman. Birinchi marta mustaqil ssenariy yozganim uchun, hech ko'nglim to'lmasdi. Lekin aytishlaricha, serial boshlanadigan paytda hamma uyiga kirib ketardi. Tomoshabinlar tinmay telefon qilishar, voqealarning davomini so'rashardi. Shunday qilib, telefilmda seriallar yaratish yo'li ochildi.

— Undan keyin “Opa-singillar”ni ishladingiz. Shu serialni efirda  hatto shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kuzatib borgan ekanlar.

— Shunday bo'lgan ekan. “Tutash taqdir”larniyam, “Opa-singillar”niyam ayrim rahbarlarning xohishi, ko'rsatmasi bilan hammualliflikda yozdik. “Opa-singillar”dagi qaynota obrazi ancha passivligi ko'rinib turardi. Hammuallif shu otani Rossiyaga ishga ketganday qilib, markaziy voqelikdan yiroqlashtirish fikrini bergandi, vaziyatdan bunaqa osongina chiqib ketish taklifi menga yoqmadi. O'ylab ko'rdim-da, hatto “O'tkan kunlar”dagi Yusufbek hojidek insonlar o'zbek oyimlarga har doim ham so'zini o'tkaza olmaganligi bir yo'nalish berdi. Ona obrazi garchi so'zamol, aytganini qildiradigan, gapini doim o'tkazishga o'rgangan bo'lsa-da, uning eri mulohazali, ibratli inson bo'lishi mumkin, deb o'yladim. Kitoblarni o'qib o'rgandim. Otaning tabiati, xatti-harakatlari, gaplariga hadislar hikmatlarini singdirishga harakat qildim. Bu borada maslahatlar oldim. Qarang, rahmatli shayx hazratlari ham o'sha serialni ko'rar ekanlar, aynan mana shu jihat e'tiborlarini tortgan.

Bir kuni ko'p qavatli uyimizdan ko'chaga chiqsam, qo'shni erkak yonimga yugurib kelib, tabriklay boshladi. Hayron bo'ldim. Shunda qo'shnim kechagina juma namozida shayx hazratlari “Mana shu serial rejissyori ayol kishi ekan. U Qur'on oyatlari, hadislar hikmatini qahramonning tabiatiga, gap-so'zlariga singdirgan. Kelinglar, shu ayolni bir duo qilaylik”, — deb  jamoatda duo qilishibdi… Seriallarga mualliflik, rejissyorlik, aktyorlaru rahbarlar bilan bog'liq turli voqealarni boshdan kechirdim. Ba'zan pishirib qo'ygan oshingniyam shartta tortib oladiganlar bo'larkan. Ko'p vaziyatlarda men uchun hayotimdagi eng katta mukofot — o'sha duoni esladim, eslayman, ko'nglim osmondek ko'tariladi.

— Milliy seriallarimizdan tomoshabinning noroziligi, nima sababdan milliyligimizga mos kelmaydi, degan fikrlar qachondan boshlandi?

— Bunday munosabat, asosan, nodavlat kanallardan namoyish etilgan seriallarga nisbatan boshlangan. Sababi — serial voqealari xohlagan paytda xohlagan yo'nalishga o'zgartirib yuborilgan; undagi ayrim yo'nalishlar to'satdan to'xtab qolgan, ayrim qahramonlar ijrochisi birdan yo'qolib, o'sha rolni boshqa aktyor davom ettirgan, serial oxiriga yetmay to'xtatilgan…  Buning sabablari iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog'liq bo'lgan, deb o'ylayman. Chunki nodavlat kanallarda seriallar muallifi yoki aktyorlar ijrosi uchun qalam haqi to'lash imkoniyatlari cheklangani uchun muallif ssenariyni tugal yozib bermagan, shuningdek, aktyorlar ham gonorar qoniqarsizligi uchun rol ijrosini yakuniga yetkazmay tashlab ketgan hollari ko'p bo'lgan.

— “Arzonning sho'rvasi” degandek, ayni o'sha paytda nodavlat telekanallarning seriallariga iqtidori o'rtamiyona yoki undan ham past bo'lgan ssenaristlar, aktyorlarni jalb etish oqibatida “qozonga tushgan masalliqqa yarasha taom chiqqanmi”, deyman?..

— “Milliy” telekanalida ishga tushirilgan “Bu – hayot” serialimizning bosh qahramoni ko'zi ojiz yigit edi. U ssenariyni yozguncha ko'zi ojizlarning hayoti bilan yaqindan tanishdim, juda ko'p suhbatlashdim, ayni shunday insonning hayotini bosh syujet qilib oldim. Asosiy qahramon rolini ijro etadigan aktyor ham xuddi mendek ko'zi ojizlar hayoti, qiziqishlari, ichki olami bilan yaqindan tanishdi, ularning ichida yashadi. Efirga uzatila boshlangach, serial reytingda turk seriallaridan ham o'zib, nodavlat telekanallar orasida birinchi o'ringa chiqib oldi. Tay­yor qismlar efirga uzatilishi barobarida keyingilarini tasvirga olib, montaj qilib, peshma-pesh efirga uzatardik.

Serial voqealarining o'zgarib ketishiga prodyuserlar saviyasi bilan bog'liq talablar ham sabab bo'larkan. “Bu – hayot” serialining asosiy qahramonlaridan biri rolini iqtidorli aktyor yaxshi ijro etayotgandi, tomoshabinga manzur bo'layotgandi. Lekin uni qalam haqi qoniqtirmadi. Shunda prodyuser ayni shu qahramonni qisqartirishni, serial voqealaridan chiqarib yuborish uchun uni halok etish voqeasini kiritishni taklif qildi. Bu osongina, o'z-o'zidan bo'ladigan yechim emas-ku. “Mening o'zimni qisqartira qolinglar”, — dedimu ketdim. Men bu videoasarda juda ko'pchilik ko'zi ochiqlar ko'ra olmagan hayot siru sinoatlarini ko'zi ojizlar qalbi, sezgirligi, hushyorligi bilan ko'ra olishini; yaxshi maqsadni oldiga qo'yib astoydil intilsa, ko'zi ojiz, ammo qalb ko'zlari nurli insonlar o'zigayam, jamiyatgayam  ko'zi ochiq “basir”lardan ko'ra ko'proq nafi tegishini ko'rsatmoqchi edim. Ijodiy guruhdan ketganimdan keyin ishni boshqa muallif davom ettirdi, serial ko'zi ojizning ko'zi ochilib ketishi bilan yakunlandi.

— Seriallar voqeasi qanchalar hayotiy bo'lsa, u muxlislarga yoqadi-da.

— Buni ko'pchilik yaxshi biladi. Ammo keyingi paytlarda seriallar voqealari mayda-chuyda, yengil-elpi bo'lib ketdi. Kecha bir serialda farzand yigit ota-onasiga qo'l ko'tardi. Hayotda shunday voqealar ham bordir, balki. Ammo bundaylar bosh qahramon bo'ladigan emas-da.

Mana, siz odamlarning ayrim seriallardan noroziligi haqida gapiryapsiz. Men kuzatishlarimdan boshqa holatniyam angladim: yengil-elpi, shov-shuvli seriallarni tomosha qilayotganlarning juda ko'pchiligi bu holatdan norozi ham emas. Qarang, yuqorida aytganim “Bu – hayot” seriali reytingda birinchi o'ringa chiqib ketgan bo'lsa-da, anons tayyorlash paytida  menga: “Anons qiladigan, ya'ni baqir-chaqir, urush-to'polon joyi yo'q, odamlar ko'rmay qo'yadi”, — deyishardi.

Keyingi yillarda tomoshabin, asosan, nodavlat telekanallardan uzatilayotgan seriallarni ko'rayotganini bildim, ularga: “Davlat kanallarida ham yaxshi seriallar namoyish etilyapti. Nima uchun ularni ko'rmaysizlar?” — desam, “Ular qiziqmas-da” degan javob ko'p bo'ldi. “Urush-janjal, axloqsizlik yaxshi emas-ku” degan fikrimga: “Endi, u qiziq-da. Oxiri nima bo'larkin, deb ko'raveramiz”, — deyishadi.

— “Qars — ikki qo'ldan” deyilgan. Demak, keyingi o'n yilliklarda (bir tomondan) oilalarda, maktablarda, jamiyatda qadriyatlarimizning asosiy maqsadi bo'lgan chiroyli fazilatlarga muhabbat, ularni o'zlashtirishga ishtiyoq, hayotga jiddiy munosabatni tarbiyalashdan ko'ra axloqsizlikka o'chlik, oldi-qochdi, urush-janjallarga ishqibozlikni ko'proq shakllantirib qo'yibmiz-da! Ikkinchi tomondan, shu ishqibozlikni yanada kuchaytiradigan, uyatsizligu oriyatsizlik, illat bo'lgan xislatlarni qo'llab-quvvatlaydigan seriallar “ko'rgazmali vosita” sifatida deyarli hamma xonadonlar to'rida turadigan teleekranlar orqali kechasiyu kunduzi namoyish etildi-da!

— Achinarlisi, ibrat bo'ladigan emas, milliy mentalitetga teskari holatlar to'la seriallar ko'payib, ayni shu borada bir-biridan o'tib bormoqda. Axloqsizlik sahnalari tobora tubanlashyapti. Ilgari qaynota kelinning yotoqxonasi oldiga kelib qarab qo'ygan yoki nimadir degan bo'lsa, endi yotoqning ichiga kirib, kelin bilan yonma-yon va undan battar holatda voqealar sodir bo'lmoqda. Ko'p masalalar yotoqxonada hal bo'ladi.

Bizning mentalitetimizga to'g'ri kelmaydi, deb chet el seriallari efirlardan olib tashlandi. Turk seriallari qadriyatlarimizga mos emas, deb ko'p tanqid qilindi. Ammo o'zimizning ko'plab seriallarimizdagi andishasizlik, behayolik turk seriallaridan ham ortib ketdi.

Bizning kinoijodkorlarimiz  turk seriallaridan “ommaviy madaniyat” ko'rinishlarini emas, dramaturgiyani, so'zlar va dialoglar ustida puxta ishlashni, voqealarni  bir-biriga ishonchli va tabiiy bog'lashni,  obrazlarning puxta ijrosi orqali maqsadni ochib berishni o'rgansalar, million-million mablag'u millionlab odamlarning bebaho vaqti bekorga uvol bo'lmasdi.

— Shunday rollarni oliy ma'lumotli, elga taniqli aktyorlarimiz ham ijro etishyapti-ku?!

— Bu ham juda og'riqli masala. Talabchan, badiiy asar maqsadu mohiyatini tushunadigan, o'zini hurmatlaydigan aktyorlar sayoz, oldi-qochdi seriallarda rol o'ynashni istamaydilar-u, ammo hamma kanallarni shunday seriallar bosib ketgan bo'lsa, nima qilsin? U rad etgan rolni boshqa hamkasbi o'ynaydi, “sen bo'lmasang, boshqasi” degandek. Yashashi kerak, oilasi, bola-chaqasi bor, kasbini tashlab ketolmaydi…

Bir misol: Mehriddin Rahmatovni juda hurmat qilaman. Iqtidorli, bilimli, dramatik aktyor. Shu aktyor yaqinda o'sha o'g'lidan kaltak yegan ota rolini o'ynayapti-yu, mening xayolimdan: “Ruhan baquvvat, kuchli dramatik obrazlarni ijro etish imkoniyatlari bo'lgan bu iqtidorli san'atkor o'g'ligayam  gapini o'tkaza olmaydigan nochor ota rolini o'ynayapti-da” degan fikr o'tdi. Birinchidan, bu obrazga yoshi ham to'g'ri kelmagan. Ancha vaqt seriallarda rol o'ynamagandi, qarasaki, ishsiz qolyapti, tomoshabinning esidan chiqayapti…

Biz oila haqidagi videofilmlarga bir-biriga o'xshash qiyofali aktyorlarni  tanlardik. Hozir seriallardagi otayu bola, eru xotinlar ko'rinishi tugul yosh jihatidan ham mutanosib emas. Hatto o'zidan o'ttiz, qirq yosh kichkina bo'lgan yigitlarni “o'g'lim” deb yurib, keyin “sevib qolib”, bu muhabbati uchun kurashadiganlar obrazlari yaratilyapti.

Aktyorning rol ijrosi oldiga qo'yilgan talablar buzilib ketyapti. Yodingizda bo'lsa, chet ellik aktyorlar ham turli seriallarda qatnashardi. Lekin, aytaylik,  aktyor bitta serialda sochlari uzun bo'lsa, boshqasida kalbosh chiqardi. Uning nafaqat ichki dunyosi, tashqi qiyofasi ham o'zga olam bo'lardi. Bizda esa… hozirgi kunda aktyorlar sumkasini ko'tarib filmlarni tasvirga olishda ishtirok etish uchun boradi-da, bitta rolni ijro etib bo'lgach, ikkinchisiga chopadi. Kiyimini almashtirishga zo'rg'a ulguradi. Shunday bo'lgach, o'ynayotgan rolidagi obrazlarni tushunishga, his qilishga qaerdan vaqti, imkoni bo'lsin? Ularga ssenariy ham berilmaydi, yo'l-yo'lakay “Siz yomon xotinsiz, shallaqisiz”, “Uyatchansiz…” va hokazo deyiladi, bo'ldi. Bir aktrisa bir serialda yaxshi qaynona bo'lsa, boshqasida shallaqi, tirnoq ostidan kir qidiradigan yuziqora. Lekin ikkala serialda ham o'sha soch turmagi, o'sha kiyimlar, o'sha makiyaj… Uniyam qo'yavering, bir serialdagi ona yigirma yoshida qanday bo'lsa, o'g'li balog'atga yetganda ham qiyofasi, hatto kiyimlariyam o'zgarmaganiga nima deysiz?

— Haqiqatan shundaymi, ham kulging, ham yig'laging keladi…

— Qaysi soha, qaysi kasb egasi haqida asar yaratiladigan bo'lsa, o'sha sohani yaxshilab o'rganib yozish, qahramonlarni shu ishning odami qilib chiqarish kerak. Hozirgi aksariyat seriallar qahramonlarining kasbi yo'q. O'qimaydi ham. Asosan, “dedi-dedi”, bir-birining aybini izlash, kimgadir choh qazish bilan ovora…

— Kino asarlarda, seriallarda ham qahramonlar qiyofasi tabiiy, o'sha millatning tashqi va ichki dunyosini mujassamlashtirgan bo'lishining ahamiyati katta. “Jannat onalar oyog'i ostida” filmida haqiqiy qirg'iz onasi timsoli yaratilgandek. Agar bizda ham shu tipdagi ona obrazini gavdalantirish kerak bo'lsa, uni qaysi aktrisalar ijro etishi mumkin?

— Men bir videofilmda eri vafot etgan, bittagina qizi ham o'lib qolib, nevarasi yangidan uylanish tashvishida yurgan ota qo'lida qolgan ona roliga aktrisa topishga juda qiynaldim. Hayotda taqdiri shunga o'xshash ayollar qoshini tatuaj qildirib, labini do'rdaytirib, uzun tirnoq ulab yurmaydi-da.

Mardikorlar haqidagi serialda birovning uyini tozalashga borgan mardikor ayolning uzun tirnoqlari bo'yalgan, uning ichiga gullar naqshlangan. Bunaqa tirnoq juda qimmat turishini yoshlar, ayollar yaxshi bilishadi. Seriallarda kambag'al qahramonning ham, boy qahramonning ham hayoti bir xil — qimmatbaho divanu stol-stullar bilan jihozlangan uylarda kechaveradi.

Achchig'u og'ir bo'lsa ham e'tirof etmasak bo'lmaydi: millionlab tomoshabinlar telekanallardagi barcha seriallardan boxabar bo'lish uchun kanaldan kanalga tinmay sakrab, seriallardagi qo'l jangiyu dahanaki janglarga, aql bovar qilmas yuzsizlik, axloqsizliklar, oqibatsizliklar, shafqatsizliklarga hayronu lol bo'lib, voqealar ishonchlimi yoki yolg'onligini o'ylashmayapti. Nimanidir bir narsani tomosha qilib o'tirishsa bo'ldi, mana shunday kayfiyatdagilar ko'payib boryapti… “Ijodkorlar bu serial orqali nimalarni ibrat qilib ko'rsatmoqchi?” degan savolni xayolga ham keltirmay, umri va imkoniyatlarini uvolu isrof qilib o'tkazayotganlar, o'zlari bilib-bilmagan holda “oq”dan ko'ra “qora” xislatlarni yuqtirib olayotganlar, afsuski, oz emas…

— Zamiraxon, bugungi kunda garchi nafaqada bo'lsangiz ham, odamlar e'tiboriga havola etilayotgan oddiy lavhadan tortib, seriallargacha befarq emassiz. Hamon telekanallar, yosh rejissyorlar maslahat so'rashadi, ular bilan ijodiy hamkorsiz. Salomat bo'ling, siz kabi tajribali ustozlardan o'rganuvchilar ko'payishini istaymiz. Suhbatimizni hozircha shu yerda to'xtatsak-da, “…tele- va radiokanallar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino va qo'shiqlarni “ma'naviy ekspertiza”dan o'tkazish tartibi joriy” etilishini “Ma'naviyat niqobi ostida senzura o'rnatilmoqda”, — deb ayyuhannos bilan kutib olganlarga savol bersak: siz qalblarni qoraytirib, bukchaytirib, yuzlardanu dillardan insoniy fazilatlar pardasini yulib olishi mumkin bo'lgan; millatning qizu ayollariga besharmlik va erkaklariga oriyatsizlik, bekorchilikdan bema'nichilik ko'chalarini ochayotgan mana shunday seriallar ko'payishini istaysizmi? Mulohazali, e'tiborli, farosatli yurtdoshlarimiz bugungi seriallarning juda ko'pida kuzatgan yuqoridagi kabi holatlardan siz bexabarmisiz? Yoki bizning fikrlarimizni ortiqcha vahima, lof deb o'ylayapsizmi? Unda kattayu kichik o'g'il-qizlaringiz, ota-onalaringiz, ayolingiz, opa-singillaringiz, kelinlaringiz bilan bitta xonada jam bo'lib, bitta ekrandan “muhabbat erkinligi, bir marta beriladigan hayotda yayrab yashab qolish huquqi” tarannum etilgan bitta serialni oxirigacha tomosha qilib ko'ring-chi!

Muhtarama ULUG'OVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + two =