Ijtimoiy tarmoq: Halovatdan fojiagacha bir qadam
Barcha ota-onalar farzand istiqbolini, kelajagini o'ylaydi, ularning yaxshi tarbiya topishi, olijanob inson bo'lib hayotda o'rnini topishini istaydi. Ammo hozirgi paytda harchand harakat qilmaylik, bolalarga uncha-muncha pand-nasihatlar ta'sir qilmaydi. Yo'q, bu bolalarning yomonligi yoki beta'sirligidan emas, sabablari ko'p. Shulardan eng jiddiysi — bolalar fikru xayolini jilovlab olgan, ta'lim-tarbiyada jiddiy muammolar keltirib chiqarayotgan mobil aloqa vositalarining quliga aylanib qolganidadir. Afsuski, yoshlarni yosh desang, katta avlod vakillari ham ulardan qolishmaydi.
Fikrimizcha, bunga ikki sabab bo'lishi mumkin. Birinchisi, zamonaviy texnologiyalar davrida insoniyatning dunyo hayotiga oid axborotga chanqoqligi bo'lsa, ikkinchisi, o'sha axborot oqimi bilan yot mafkuraning ong ostiga oson singdirilishidir. Chetdan qaraganda, bu kimlardir tomonidan ataylab qilinayotgan siyosat emasday tuyulsa-da, insoniyatning vaqti va aqlu shuurini foydali narsalardan, masalan, o'qib-o'rganish, ilmiy salohiyatini oshirish kabi ezgu ishlardan chegaralab turadi.
Ko'pchilik ota-onalar dastlab ijtimoiy tarmoqlardagi tog'laru bog'larga sayr kabi qiziqarli lavhalarning salbiy oqibatlari bo'lishi mumkinligini o'ylamaydilar ham. Afsuski, ular bolalar tabiatiga moslab shakllantirilgan qiziqarli tabiat lavhalari, o'yinlar bora-bora jiddiy mavzulardagi targ'ibotlarga aylanib ketishini bilmaydilar.
O'zlari ham qo'llaridagi “quticha”ga tikilib, vaqtlarini besamar o'tkazayotganini norasida go'daklari kuzatib turgani bilan umuman ishi yo'q. Ana shunday muhitda tarbiya topayotgan bola maktab ostonasiga qadam qo'ymasdanoq, uyali telefon, kompyuter, internet, ijtimoiy tarmoqlar nimaligini, ularning imkoniyatiyu qulayliklarini bilib, hatto ulardan mohirona foydalanishni o'zlashtirib olmoqda. Ayrim ota-onalar bolasining bunday “uddaburon”ligidan xursand. Haqiqatan ham, buning nimasi yomon?
Bir toifa odamlar: “Hayotimizni kompyuter texnikalarisiz, uyali telefon aloqalarisiz, internetsiz tasavvur etish qiyin. Intellektual avlod asrining bolasi — farzandimiz hech kimdan kam bo'lmasin”, — deyishlari mumkin. Bunday imkoniyatli bolalar, albatta, ijtimoiy tarmoqlarda o'z sahifasini yaratadi. Virtual do'stlar orttiradi. Oqibatda ko'proq vaqtini “onlayn” tarzda o'tkazadi, odamlar bilan jonli muloqotlari kamayib boradi. Shu tariqa ular o'z tinchligini o'ylaydigan xudbin, loqayd, ishyoqmaslik olamiga kiradi. Endi ular ta'lim olish uchun o'quv muassasalariga borishsa-da, kim bilandir do'stlashishga imkoni bo'lsa-da, ularni virtual hayot o'ziga ko'proq jalb qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “suhbat”larga “sho'ng'ib ketgan” ota-onalar farzandi vaqtini nimalarga sarflayotgani bilan umuman qiziqmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlar hayosizlik, tubanlik targ'ibotiga xizmat qilayotganini qachon anglaymiz? Axir internet imkoniyatlaridan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga urinayotgan, ongi va hayotiy qarashlari shakllanib ulgurmagan yoshlarni to'g'ri yo'ldan chalg'itishga urinadigan g'arazli kuchlar changaliga tushib qolib, o'g'il-qizlar juvonmarg bo'layotgani achchiq haqiqat-ku!
Afsuski, ko'pchilik yoshlarimizda axborot iste'moli madaniyati sust, turli xabarlar oqimidan zarurini ajratib olishda bilim, malaka, ko'nikmalari yetishmaydi. Ta'lim muassasalarida telefondan foydalanishni taqiqlash bilan ish bitmaydi. Telefonning zarari vaqtini behuda sarflab, foydasiz suhbatlar qurishdangina iborat emas. Voyaga yetib-etmagan o'smiru yoshlarning telefon orqali o'zlari istagan mavzudagi, ayniqsa, ishqiy suhbatlari milliy sharmu hayoni o'ldirib bormoqda. Internetda topishganlarning ko'pchiligi bir-birlarini yaxshi bilmaydi. Yosh yigit yoki qiz real hayotda hali ko'pchilik bilan tanishib ulgurmay, kompyuter orqali butun dunyo bilan muloqot qilishi mumkin. Internet o'zining mana shunday “ulkan imkoniyat”lari bilan birga, odamlar bir-birini istagancha aldashi uchun imkon bermoqda.
Hozir internetga murojaat qilmaydigan, ijtimoiy tarmoqlarga kirmaydigan yoshlar kam topiladi. Bu — terrorchi tashkilotlar g'arazli g'oyalarini targ'ib qilishi uchun ham qulay imkoniyat. Kichik oilalardan tortib ayrim mamlakatlarni o'z domiga tortgan notinchliklarning kelib chiqishida internet xabarlarining ta'siri katta. Turli fitnalarga sabab bo'luvchi shov-shuvli yolg'on-yashiq ma'lumotlar yoshlar ongini zaharlamoqda.
Ko'rgan qo'rqinchli voqea-hodisalarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiruvchilar ortib boryapti. Kimdir avtomobil halokatiga tasodifan guvoh bo'ladi-da, qo'lidagi telefonida shoshilmasdan tasvirga oladi. Uyiga o't tushgan ayol norasida bolasi bilan tiriklayin yonayotgan bo'lsa yoki tepa qavatdan kimdir o'zini pastga tashlamoqchi bo'lib tursa-yu, baxtsiz hodisani u yog'idan, bu yog'idan chopqillab yurib videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa uzatgan odamni kim deb aytish mumkin? Axir aql-hushli, insoniyligi o'lmagan odam birinchi nav¬batda boshiga kulfat tushganlarni qutqarishi, yordam ko'rsatishni o'ylashi kerak emasmi?
Oqibati ayanchli voqea-hodisani tasvirga olib ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish orqali boshqalarni hayratga solish, bundan o'zi ham zavqlanish kimlar uchun shunchaki ermak, hatto inson hayotidan-da muhimroq bo'lib borayotgani fojia emasmi?!
Avvaliga dunyo ziyolilari, hur fikrli kishilar axborot erkinligi uchun kurashdi. “Kim axborotga egalik qilsa, u dunyoni boshqaradi” qabilidagi fikrlar amalga aylandi. Hozir dunyoda axborot eng qimmat tovar, uning kuchidan turli ijtimoiy-siyosiy maqsadlarda foydalaniladi. Darhaqiqat, kimlar uchun rost, kimlar uchundir yolg'on palla — globallashuv va integratsiyalashuv sharoitida oltin, platina, javohirdan ko'ra ko'proq jahon bozoridan axborot munosib joy oldi. Endi bashariyat axborotning haddan ortiq ko'payib ketganidan aziyat chekmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ko'p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazishga odatlangan aksariyat yoshlarning o'zlari ularni virtual olamdan chiqarishga qaratilgan urinishlarga qarshilik qilar ekan. Oqibatda ular atrofidagi real hayotdan, yaqinlaridan, tanishu do'stlaridan uzoqlashadi, hatto ovqatlanish, o'ziga qarash, dam olish, tabiiy ehtiyojlari uchun sarflash lozim bo'lgan vaqtini ham ijtimoiy tarmoqlarga bag'ishlaydi. Ish yoki o'qish bilan band bo'lgan chog'ida ham asosiy e'tibori o'qishga emas, smartfoniga qaratiladi. Bunday nosog'lom intilish, virtual suhbatdoshlar bilan haddan ortiq muloqot qilishni psixologlar ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik deb ataydi. Internetga qaramlik sog'liqni saqlash tashkilotlari rasmiy reestrlariga kasallik sifatida kiritilmagan bo'lsa-da, dunyo bo'yicha millionlab odamlar bu xastalikka chalingan. Ularning aksariyati yoshlardir.
Bir necha yillar ilgari Jazoirda faqat internetga, ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketgan, Afrika qit'asidagi internet-fanatizmi kasaliga chalinganlarni davolaydigan noodatiy klinika faoliyat boshlagan edi: shaxsiy akkauntiga kirmasdan, yangiliklar lentasini doimiy ko'rib chiqmasdan, virtual do'stlarining fotosuratlari va “postlari”ni ko'zdan kechirmasdan tura olmaydigan darajaga kelish kasallikning asosiy belgisi sifatida e'tirof etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bora-bora ruhiy zo'riqish, asab kasalliklariga olib kelishi mumkin. Bu holatlar, shubhasiz, shaxs tanazzuliga olib keladi. Qaram kishi o'zini xarob qiladigan “mashg'ulot”ga shunchalik berilib ketadiki, u tashqi dunyodan mutlaqo uzilib qoladi va atrofida qiziqarli, jonli va rang-barang hayot kechayotganini payqamaydi. Bu, ayniqsa, hali tafakkuri yetarlicha shakllanmagan bolalar va o'smirlar uchun xavf¬li. Yolg'iz va tortinchoq odamlar ijtimoiy tarmoqlarga ko'proq qaram bo'lar ekan. Chunki ularda haqiqiy suhbatdoshlar bilan muloqot yetishmaydi. Bu toifaga o'z teng¬doshlari bilan til topisha olmaydigan o'spirinlar va chaqalog'i uxlab yotganda bo'sh vaqtlarini ijtimoiy tarmoqda o'tkazadigan yosh onalar ham kiradi.
Ma'lumotlarga ko'ra, insonning tabiiy holatini yo'qotib, biror narsaga haddan tashqari berilib ketishi ish joyida ham, oilasida ham muammolar tug'ilishiga sabab bo'lishi bilan birga, uning o'ziga, salomatligiga ziyon yetkazadi. Ayniqsa, bundaylar virtual aloqalardan voz kechishi va virtual do'stlarining yangiliklarini tomosha qilishdan o'zini tiyishi yanada qiyin. Aynan shu sabab tufayli ham hozirgi davrda yosh eru xotinlarning ajrashishlari ko'payib borayotgani qayd etilmoqda.
Hindistonning mashhur davlat arbobi Maxatma Gandi: “Men uyimning darvoza va eshiklarini doim mahkam berkitib o'tira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Lekin shu bilan birga eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo'lib xonadonimni ag'dar-to'ntar qilib, o'zimni yiqitib tashlashini ham xohlamayman”, — degan edi. Demak, globallashuvning jadal quloch yozishida katta rol o'ynayotgan “o'rgimchak to'ri” — internetni chuqur o'rganish, mohiyatini anglash, chiqarilgan xulosalar asosida ijobiy xususiyatlaridan foydalanib, salbiy oqibatlaridan himoyalanishdan bo'lak oqilona yo'l yo'q. Kim yoqlaydi, kim qarshi bo'lishidan qat'i nazar, u mavjud bo'lib qolaveradi. Va shunday bo'lishi ham kerak. Chunki kompyuter, internet vahimali, xavfli narsa emas. Faqat ulardan to'g'ri maqsadlarda foydalanishni bilish, farzandlarga ham uning ijobiy va salbiy tomonlarini anglatish zarur.
Ota-onalar esa farzandlariga ezgulik, poklik va dinu diyonatga chaqiruvchi yaxshi kitoblar olib bersalar, kitob mutolaasida, avvalo, o'zlari ibrat bo'lsalar, o'g'il-qizlari qalbini har xil illatlardan himoyalash yo'lida ijobiy qadam qo'ygan bo'ladilar.
Rushana RO'ZIBOYEVA,
O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.