Haqiqat uchun qurbonliklar

Jurnalistika — bu nafaqat kasb, balki mas'uliyatli hayot tarzi demakdir. Jurnalist bo'lishning asl mohiyatini anglash uchun uning qanchalar mashaqqatli, xavfli va shu bilan birga, jamiyat uchun ahamiyatli ekani isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Jurnalistika — jamiyat uchun kurash, haqiqat uchun yashash va insonlikni himoya qilish sohasi.

Yakunlanayotgan 2024 yil jurnalistlar uchun eng og'ir va qayg'uli yillardan biri sifatida tarixda qolmoqda. Joriy yilda dunyoda 54 nafar jurnalist kasbiy faoliyati ortidan vafot etgan. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF)ning shu yil 12 dekabr kuni chop etgan yillik hisobotida keltirilgan.

Bu so'nggi besh yil ichidagi eng yuqori tashvishli ko'rsatkichdir.

Qayd etilishicha, G'azo sektori ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun eng xavfli hudud bo'lib qolmoqda.  Xususan, joriy yilda dunyo bo'ylab 54 nafar jurnalist xizmat vazifasini o'tayotgan vaqtida o'ldirilgan bo'lsa, ularning uchdan bir qismi G'azo sektoriga to'g'ri kelmoqda.

Qamoqqa olingan muxbirlar soni bo'yicha esa Isroil va Belarus yetakchilik qilmoqda. Dunyodagi barcha hibsdagi jurnalistlarning deyarli yarmi to'rtta davlat qamoqxonalarida: Xitoy, jumladan Gonkong (124), Myanma (61), Isroil (41) va Belarus (40). Bundan tashqari, 2024 yilda Rossiya Federatsiyasida yana sakkiz nafar jurnalist hibsga olingan. Isroil G'azo sektorida urush boshlanganidan beri hibsga olinganlar sonini muntazam ravishda qayd etib keladi. Unga ko'ra, o'tgan yil davomida 17 muxbir hibsga olingan.

“Ommaviy axborot vositalari xodimlari o'ldiriladi, qamoqqa olinadi va o'g'irlanadi va ko'pincha bu shafqatsiz jinoyatlar jazosiz qoladi. Bizga xabar berganlarni himoya qilishimiz kerak. Ularning jasoratli mehnati odamlarning urush, korrupsiya va hokimiyatni suiiste'mol qilishdan azob chekayotganini ochib beradi”, degan “Chegara bilmas muxbirlar” nemis bo'limi boshqaruvi a'zosi Anya Osterxaus.

Jurnalistlar qurbon bo'lgan asosiy hududlar

Jurnalistlar, asosan mojaro hududlarida yoki tanqidiy materiallar tayyorlayotgan vaqtda yo'q qilinmoqda. G'azo sektori eng xavfli joylardan biri bo'lib, u yerda 16 nafar jurnalist 2024 yilda halok bo'lgan. Bu yerdagi jurnalistlar ko'pincha o'z vazifalarini bajarish vaqtida hujumlarga uchragan. Shuningdek, Ukraina, Suriya va Afg'oniston ham jurnalistlar uchun xavfli hududlardan bo'lib qolmoqda.

So'z erkinligiga tahdid

Jurnalistlarga nisbatan zo'ravonlik nafaqat mojaro hududlari bilan cheklanadi, balki avtokratik rejimlar hukmron bo'lgan mamlakatlarda ham avj oldi. Bir qator mamlakatlarda jurnalistlarning qamoqqa olinishi va ularga bosim o'tkazilishi so'z erkinligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Matbuot erkinligi uchun kurash

Jurnalistlar hayotlari bilan haqiqatni tarqatish, jamiyatni xabardor qilish va adolat uchun xizmat qilishda davom etmoqda. Ulardan ayrimlari uchun bu kurash shaxsiy qurbonliklar bilan yakunlanmoqda. Ammo ularning merosi dunyodagi haqiqat va adolat uchun intilishlarni quvvatlab turibdi.

2024 yil yuqorida ta'kidlanganidek, jurnalistlar uchun xavfli yil bo'ldi. Bu holat matbuot erkinligi va jurnalistlarning xavfsizligini ta'minlash borasida jiddiy choralar ko'rish zarurligini ko'rsatadi.

Umuman olganda, jurnalistlar qurbonliklari so'z erkinligi va haqiqat yo'lidagi jiddiy jiddu-jahdlarni namoyon etmoqda. Jahon hamjamiyati jurnalistlarni himoya qilish, ularning xavfsizligi uchun ko'proq choralar ko'rishi lozim. Haqiqat uchun jon berganlarni yodga olish va ularning qadr-qimmatini tan olish insoniylikning muhim qismi hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoq ma'lumotlari asosida

Islom ASILBEKOV tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + nine =