Jurnalist so'zi yelga sovurilmasin!

Zamonning shiddati bag'oyat tezlashib ketdi. Har kuni o'nlab yig'ilishlar, sayyor qabullar, press-turlar, konferensiyalaru tanlovlar jurnalist qavmini o'ziga chorlab turibdi. Jurnalist yugur-yugurlar ichida kunlarni shomlarga ulayapti. Yozgan narsalari hayal o'tmay eskiradi, o'qirmanning esidan chiqadi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar bu voqealarni tug'ilmasdanoq ovoza qilib bo'lgan chiqadi. Biroq jurnalistning bu ayqirib oqayotgan oqimdan biroz chetlashib, tanqidiy-tahliliy maqolalar yozishga vaqti oz qolmoqda.

Turfa gazetalarni ko'zdan kechirgan chog'imda ham shunday manzaraga ro'baro' kelaman. Gazeta esa yuhodek og'zini ochib turadi. Sahifalarni to'ldirish kerak. Pirovardida allaqachon hamma xabardor bo'lgan voqealar raqam etilgan maqolalar gazeta sahifalarini bezaydi. Chunki ijodiy xodimlar yil sayin qisqarib borayotgan tahririyatlarda ular yig'ilishlaru tadbirlardan ortmaydi. Aslida, ustozlar to'g'ri ta'kidlaganlaridek, bosma nashrlarni ularning sahifalarida e'lon qilinadigan tanqidiy-tahliliy maqolalar ko'taradi.

Shu o'rinda tanqidiy-tahliliy maqolalar yozishda jurnalistning qo'lini nima bog'lab turibdi, degan haqli savol tug'ilishi tabiiy. Buning bir necha ob'yektiv va sub'yektiv sabablari bor. Eng avvalo, keyingi yillarda bosma nashrlarda chop etilayotgan tanqidiy-tahliliy maqolalarga munosabat haddan tashqari quyiga tushib ketganligida ko'zga tashlanadi. 40 yildan ziyod vaqtdan buyon gazetachilik bilan shug'ullanib kelaman. Ilgarilari gazeta sahifalarida bulbulning qulog'idek bir luqma chiqsa ham mutasaddi tashkilotlar, albatta, o'z munosabatlarini bildirardilar. Hozir otning kallasidek tanqid e'lon qilinsa ham tegishli tashkilotlar lom-mim demaydi. Bunday vaziyat gazetxonlarda bosma nashrlarga nisbatan ishonchni yo'qota boshladi. Uzoqqa borib o'tirmay, o'zim ishlayotgan “Yangi Sirdaryo” gazetasi tahririyati hayotidan bir misol. Ilgarilari gazetamizga mehnat ahlidan muntazam ravishda arznomalar, shikoyat xatlari, dardlarini dasturxon qilgan murojaatlar kelib turardi. Keyingi paytlarda bu oqim suvi qurigan ariq yanglig' to'xtadi. Natijada gazetamizni xalq bilan bog'lab turadigan “Bir shikoyat izidan”, “Xat safarga chorladi” kabi ruknlarda dunyo yuzini ko'radigan o'qishli materiallar yo'q bo'lib ketdi hisob.

Albatta, gazeta chiqishlarining natijadorligi muassis va keng jamoatchilikning sa'y-harakatlariga chambarchas bog'liq. Buning uchun ular jurnalistlar bilan har chorak yoki yarim yilda uchrashib, yutuq va kamchiliklarni birgalikda muhokama qilib tursalar, yaxshi samara beradi. Ommaviy axborot vositalarining chiqishlariga nopisand munosabatda bo'layotgan tashkilotlarning rahbarlari ogohlikka chaqirilsa, vaziyat yaxshi tomonga o'zgaradi. O'zim guvohi bo'lgan bir misol. 2019 yili Guliston shahridagi “Marvarid” to'yxonasida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayram qilindi. Shunda o'sha paytdagi viloyatimiz hokimi G'ofirjon Mirzayev erkin mikrofon orqali jurnalistlarning muammolariga quloq tutdi. Kamina tanqidiy maqolalarga hech qanday aks-sado bildirilmayotganini ochiqladim. Mazkur muloqotdan keyin yaxshi bir tajriba yo'lga qo'yildi. Tanqidiy chiqishlarga joylardagi rahbarlarning ham hokimiyat, ham tahririyatga javob berishi yo'lga qo'yildi. O'shanda gazetamizning mavqei ancha tiklangan edi. Biroq bu tutum viloyatda rahbar o'zgargach, yana to'xtab qoldi. Vaziyat eski tos, eski hammom holiga keldi.

Albatta, bosma nashrlarning obro'sini oshirishda muassislarning matbuot kotiblari ham muhim rol o'ynaydi. Bir gal viloyat hokimligiga borganimizda uzoq yillar matbuot kotibi bo'lib ishlagan Ortiq Sultonov (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) qo'lida rangli flomasterlar bilan respublika va viloyatda chop etilgan gazetalar sahifalarini bo'yab o'tirgani ustidan chiqqanman. Hayron bo'lib so'raganimda: “Mana bu qizil bo'yoqlar bilan “bezatilgan” maqolalarga jiddiy munosabat zarurligi, sariq rangga bo'yalgan materiallar esa endi paydo bo'layotgan muammolarga diqqat qaratilishi lozimligini anglatadi, yashil “libos” kiygan maqolalar esa viloyatda yaxshi ishlar amalga oshirilayotganidan mujda beradi. Viloyat rahbari ushbu “bezak”larga qarab matbuotning chiqishlariga munosabat bildiradi. Zero, dasta-dasta gazetalarni o'qib chiqish uchun hokimning vaqti kam. Muammolar qalashib yotgan bo'lsa”, degandi.

Yaqinda bir qiziq voqea haqida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Mamatkarim Abdumo'minov gapirib berganida, hayron bo'lib yoqa ushladim. Uni viloyat miqyosidagi bir tashkilot tadbiriga chorlabdi. Chekka tumanda o'tadigan tadbirga mashinada boradigan bo'lishibdi. Qarasa, yana bir yigit mashina oldida paydo bo'libdi. Haligi odam tashkilot rahbariga xo'jayindek osmondan kelib gapira boshlabdi. Hamkasbim: “Bu kishi kim?” deb so'rasa, “bloger” debdi. Suhbat asnosida ma'lum bo'lishicha, necha oydan beri haligi “bloger” tashkilot rahbarini ijtimoiy tarmoqlarda yozaman deb po'pisa qilib, mashinasidan shaxsiy ulov sifatida foydalanib yurgan ekan. Hamkasbimiz “bloger”ni tergab boshlagan ekan, sichqonning ini ming tangaga aylanib, juftakni rostlab qolibdi. Haligi rahbar: “Bizni bir yelimdan qutqardingiz”, deya hamkasbimizga tashakkur bildiribdi.

Nega hozir ko'pgina rahbarlar jurnalistlar bilan emas, balki o'zini “bloger” atab olgan nusxalar bilan ko'proq hisoblashmoqda? Darhaqiqat, aksar rahbarlar gazeta o'qimasligini o'zlarini “bloger” atab olgan qavm biladi. Eng asosiysi, amal kursisini egallab o'tirganlar birorta ijtimoiy kanal yoki guruhga qo'yilgan tanqidiy material katta rahbarlarning nigohiga tushib qolishidan cho'chishadi. “Aybi borning oyog'i qaltiraydi”, degan gap bejiz aytilmagan-da. Haqiqiy, ya'ni ozgina bo'lsa-da, savodi, ma'lumoti bor blogerlar muammolarni dadil ko'tarib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo'shmoqda. Biroq bu “kasb”ni tilanchilikka, daromad manbaiga aylantirib olgan, yozgani betayin blogerlar qatlami kengayib bormoqda. Bizningcha, ularni saralaydigan, tartibga oladigan vaqt ham yetib keldi. Xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin” degan gap bor. Matbuot, OAVning o'rni, nufuzini haqiqiy jurnalistlargina ko'taradi, el dardini, yutug'iyu muammosini ham professional kasb egalari risoladagidek yoritib boradi. Ertadir, kechdir bu haqiqatni, ya'ni blogerga ishonib o'zini piar qildirayotgan yoxud undaylardan cho'chib yonida yugurgilab yurgan ayrim katta-kichik amaldorlarning asl qiyofasi, faoliyatiga avvalo xalq o'z bahosini beradi. Elu xalqning bahosini esa chinakam matbuot ko'rsatishga, yoritishga qodirdir. Ushbu oddiy oltin qoidani unutmaslik darkordir.

Qissadan hissa shuki, jamiyatimizda jurnalist kalomining qadri yelga sovurilmasligi, balki “to'rtinchi hokimiyat” darajasiga ko'tarilishi kerak. Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Jamiyatimizdagi ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborot olish, foydalanish va tarqatishga bo'lgan huquqlar qat'iy kafolatlanmoqda. Shu bilan birga, so'z erkinligi bu — mas'uliyat ham degani. Ya'ni axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini ham unutmasligimiz zarur.

Men haqiqat va adolatni o'z e'tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni — islohotlarning faol ishtirokchilari, o'zimning eng yaqin do'stlarim deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo'ladi”, degan so'zlari biz jurnalistlarga kuch-quvvat bag'ishlashi darkor.

Muhammadali AHMAD,

“Yangi Sirdaryo” gazetasi

bo'lim mudiri,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + nineteen =