Kitobning “navbati” qachon keladi?

Ozgina shoirligi bor, gazetalarga maqolalar yozib turadigan qo'shma korxona ish yurituvchisi Dilshodbek qishloqqa yo'l olishdan oldin ukalariga nima sovg'a qilish yuzasidan bir oz taraddudlandi-da, lop etib xayoliga yorqin fikr kelib qoldi. “Kitob olib boraman!”. Axir behudaga “Bolaning qo'liga nondan keyin kitob bering” demagandir mashoyixlar. Qaniydi, nondan oldin kitob beradigan kunlar kelsa?! Kitob bilan xonadonga ma'rifat kirib boradi, nur kirib boradi. “Qandingni ur, Dilshod! Shunchalik oltin bosh bo'ladimi?” Bu sovg'a bahonasida bir o'q bilan bitta emas, o'nta quyonni urgandek bo'ladi, ham bolalar xursand, ham dillar charog'on, ham jamiyat yuksalgan.

Endi yaxshi kitob topish muammosi ko'ndalang bo'ldi. Ko'plab buyuklarning fikrlari bilan tanishib chiqishga to'g'ri keldi: ular ko'proq qaysi tafakkur durdonalarini e'tirof etishgan? Kitoblarning zo'ri-ku ensiklopediya! Birdaniga “O'zME”ning hamma jildini ko'tarib borsami? Bu shirindavron xayolidan o'zi ham nash'a qilib, kulib yubordi, buning uchun otliq bo'lishi kerak, hozircha esa u piyoda.

Uzoq mulohazadan keyin Jyul Vernning “O'n besh yoshli kapitan” asariga to'xtaldi. Ko'plab mashhur kishilar uni yer va osmon ilmlarini o'rganishga qiziqtirgan, buyuk sayohatlarga ilhomlantirgan, kashfiyotlarga yo'l ochgan, hayajonlantirgan, yig'latgan, yana allaqancha fazilatlari bo'yicha maqtagan ekan. Balki qishloqning biqiq muhitida mol yetaklab, o't chopib o'sayotgan ukalar dunyosiga Kolumb yoki Gagarin bo'lish havasi paydo bo'lib qolsa… Kitobni topish qiyin bo'lmadi, kitob do'konlar huvullab yotardi, javonlar mayishib ketgan, odamlarimiz kam kitob olishadi. Xullas, ukalar, ularga qo'shilib maktab, butun qishloq yayraydigan bo'ldi. Hozir chekka joylarga kitoblar kam boradi, talashib, yutoqib o'qishsa kerak. Yaqin yillarda biror tanishining qishloqqa, bolalariga kitob olib borganini eslay olmaydi. Bu ishni u birinchi bo'lib amalga oshirayapti. Birdan g'o'dayib ketdi.

Shunday qilib, kitob egalarining qo'liga tegdi. Muqovasi yaltirab turgan mo''tabar sovg'ani ukalariga topshirar ekan, ularda biror qiziqish, hatto shunchaki o'zgarish ham sezmagan Dilshod buni kattalarning beparvoligiga to'nkadi. Ularni ichidan yanidi. “Shirinlig-u ichimlik, kiyim-boshu poyabzal olib kelishgan, biror marta kitob xarid qilishmagan…”

— Mana bu kitob — zo'r kitob. Unda ham geografiya, ham biologiya, ham zoologiya, tarix, ob-havo, dengiz va quruqliklar haqida, umuman, juda ko'p ma'lumot bor. Jyul Vernni eshitgansizlarmi?

Atrofini o'rab olgan o'ninchi, sakkizinchi, oltinchi, to'rtinchi sinflarda o'qiyotgan ukalari burnini tortib turar, uning savollariga faqat boshini irg'ab javob berishardi. “Hechqisi yo'q, — o'ylardi Dilshod, — bular hali kitobning ta'mini olmagan. Bir mazasini tatib ko'rsin, asalaridek bochkaning atrofidan ketmay qolishadi”.

— Keyingi safar kelishimda mazmunini so'rayman, — bolalar jilmaydi, lekin qotib turaverdi. Ularning qiziqishini oshirish uchun:

— Qancha tez o'qib bo'lsalaring, shuncha tez kelaman, — deb qo'ydi go'yo ukalari “Bir haftadan keyin keling” deydigandek.

Oy o'tkazib kelgan Dilshod va'dasiga muvofiq ukalarini to'pladi.

— Kitob zo'r ekanmi?

Uning nazdida ukalari hozir chug'urlashib, uni savollar bilan ko'mib tashlaydigandek edi. Jimlik, faqat burunni tortgan ovozlar quloqqa chalindi.

— Bular kitob o'qiydimi? Ertaminan ko'zini ochgandan televizor tagidan qimirlashmaydi. Kechasi uxlagandan keyin bechora qora quti dam oladi, — gapga qo'shildi onasi iymanibgina.

— Shuni o'chirib qo'ysa bo'lmaydimi?

— E, qo'yishadimi? Hammasi jovva tarmashadi. Ayniqsa, maktabga bormaydiganlari qo'ymaydi, osilib, yig'lab oladi.

— Esliroqlari ovutsa…

— Kattalari telefondan bo'shamaydi-ku…

“Boradigan joyiga boribmiz…” degan mulohaza xayoliga keldi-yu, shaharlik yigit o'zini tiydi. Mehr bilan ukalariga kitob o'qishning foydasi haqida gapirdi.

— Jyul Vern — zo'r yozuvchi. U saksonga yaqin roman yozgan. U hatto bizning yurtlarga temir yo'l kelishini yuz yil oldin bashorat qilgan…

Keyingi safar kelishida ham bildiki, hali kitobga navbat yetmagan. “Balki yetmaydi ham…”. Tomog'iga nimadir tiqildi, faqat ukalarining qiziqishini oshirish (o'zi qiziqish bo'lmasa, qaydan oshadi?) uchun ataylab:

— Jyul Vern bilan birga ishlayapman. Zo'r odam ekan, bir xonada o'tiramiz, — dedi.

Ammo ukalari pinagini buzishmas, faqat ahyon-ahyonda burnini tortib qo'yishardi. Na o'ninchida, na sakkizinchida, na oltinchida, na to'rtinchida o'qiyotgan uka: “O'tgan safar uning yuz yil oldin yashaganini aytuvdingiz, siz uni qanday ko'rasiz?” deya olmasdi.

Shunda xo'rligi kelib, ularning ko'ziga tikildi. Ko'zlar xuddi kuchukchaning ko'ziga o'xshar, ularda na aql va na uchqun bor edi…

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 13 =