“Like” uchun… joniga qasd qilish telbalik emasmi?

Sir emas, bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ayniqsa, yoshlar orasida “like” (yoqtirish) tushunchasi nafaqat muloqot vositasi, balki go'yoki yangi turdagi “narkotik” — diqqatni, vaqtni va hatto hayotning o'zini egallab olmoqda. Ushbu “like”lar ortida yoshlar haqiqiy qadriyatlarini yo'qotib, ruhiy va ma'naviy bo'shliqqa duch kelmoqda.

Avvallari yoshlar ko'proq haqiqiy do'stlar bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy suhbatlar qilardi. Bugun esa “like” olish ularda o'zining qabul qilinishini baholash mezoniga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlarda yig'ilgan har bir “like” vaqtincha quvontiradi, o'zini qadrli his qilishga undaydi. Ammo bu faqat vaqtinchalik his — “like” qaramligi hosil bo'lib, uni doimiy izlash yoshlarning ruhiy holatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

Masalan, so'nggi yillarda Hindistonda yuz bergan bir voqea buni keskin tasdiqlaydi. Yosh qiz o'zining ijtimoiy tarmoqlardagi postiga yetarli “like” kelmagani uchun ruhiy bosim ostida qolib, hayotiga nuqta qo'yishga majbur bo'ldi. Bu achinarli voqea yoshlar orasida raqamlar ortidan quvishning, yuzaki qadrga erishish istagining qanchalik xavfli ekanligini ko'rsatadi.

“Like”ga qaramlik bir qator muammolarni keltirib chiqaradi:

  • Real hayotdagi munosabatlar zaiflashadi, do'stlik yuzaki bo'lib qoladi. Yoshlar ko'pincha o'z haqiqiy yuzini yashirib, boshqalar uchun qahramon obrazini yaratishga majbur bo'ladi.
  • Ko'p vaqt va kuch ijtimoiy tarmoqlarga ketadi, bu esa o'z-o'zini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni kamaytiradi.
  • Post yoki surat yetarlicha “like” olmasa, ayrim yoshlar o'zlarini past baholab, o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotish xavfini sezadi.
  • “Like” olish uchun doimiy yangi kontent yaratish va boshqalar bilan solishtirish yoshlarni ruhiy zo'riqishga soladi, stress va tushkunlikka olib keladi.

Bu muammoni hal qilish uchun yoshlar, ota-onalar, ta'lim muassasalari va jamiyat birgalikda harakat qilishi kerak. Yoshlarni ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishga o'rgatish, ularning ruhiy sog'lig'i va ma'naviyatini mustahkamlashga e'tibor qaratish zarur. Ayniqsa, yoshlarda vaqtini haqiqiy qadriyatlar, bilim olish, kitob o'qish, gazeta-jurnal mutolaa qilish, sport va ijodga yo'naltirish ko'nikmalarini bolalikdan shakllantirish kerak.

“Like” faqat vaqtinchalik raqam ekanini anglash juda muhim. Hayot esa bundan ancha keng va mazmunli — unda haqiqiy insoniy aloqalar, tajribalar va orzular bor. Yoshlar o'z hayotining boshqaruvchisi bo'lib, raqamlar ortidan quvish o'rniga, chinakam baxt va ma'naviy boylikni topishga intilishlari lozim.

Shahrizoda MUSAYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =