Ayol avtomashina haydaydi
Bu endi oddiy holat
Ko'zimiz ko'nikkan manzara: erkaklar mashina ruliga o'tirsa, umuman ajablanmaymiz. Agar ulovni ayol boshqarib ketayotgan bo'lsa-chi? Bir paytlar bunga hayratlanib qaralar, lekin hozir… bu tabiiy holga aylandi, to'g'rimi? Bu — gender tenglikning yana bir ko'rinishi, aslida. Kimdir bu holatni ma'qullasa, birov rad etadi. Globallashgan jamiyatda tezlashib ketgan vaqtdan yutish, davrga moslashish, zamon bilan qadam-baqadam yurish ilg'or fikrlaydigan xotin-qizlarning shiori bo'lib qolmoqda.
Haydovchilik guvohnomasini qo'lga olish — erishilgan orzu, hayajon! Ammo bunga qadar chekiladigan mashaqqat va ovoragarchilik qancha? Ayniqsa, uy-ro'zg'or, ish, o'qish, farzand tarbiyasi bilan band bo'lgan xotin-qizlarning o'z tashvishidan ortib, avtomaktabga yugurishini ko'z oldingizga keltiring.
Avtomashina haydash kasb emas, qiziqish va xohishning ifodasi, qolaversa, imkoniyatni kengaytirish, qulaylik uchun intilish. Haydash huquqiga ega bo'lish uchun, albatta, avtomaktabda o'qish shart. Mudofaaga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga qarashli va mustaqil faoliyat yurituvchi avtomaktablarda har yili turli soha vakillari haydovchilik guvohnomasini oladi.
— ”Vatanparvar” tashkiloti tasarrufida 205 ta o'quv muassasasi mavjud bo'lib, unda 700 dan ortiq opa-singillarimiz faoliyat yuritadi, – dedi ushbu tuzilma markaziy kengashi matbuot kotibi Laziz Bo'ronov. — Rahbar, muovin, ish yurituvchi, sport murabbiysi, o'qituvchi, instruktor lavozimlarida ishlab kelayotgan ayollarimiz erkaklar bilan teppa-teng o'z xizmat postida sergak, hushyor. Instruktor bo'lib ishlash oson emas. Avtomashina haydashning hadisini olgan 68 nafar instruktor ayol tinglovchilarga amaliy mashg'ulotni o'z vaqtida o'tkazib kelmoqda. Haydovchilik kurslarini o'tgan yili 90 mingga yaqin fuqaro bitirgan bo'lsa, shundan 11 991 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Xususiy avtomaktab tinglovchilari orasida ham ular soni kam emas.
— So'nggi o'n yillikda avtomaktabimiz tinglovchilarining 60-70 foizi opa-singillarimiz hisoblanadi, – dedi mudofaaga ko'maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Yashnobod tumani o'quv sport-texnika klubi rahbari Odil Barotov. — 2023 yilda avtomaktabimizni bitirgan 288 tinglovchining yarmidan ko'prog'i xotin-qizlar bo'ldi. To'rt oy-u yigirma kunlik muddat ichida biz ularga 216 soatlik nazariy va 69 soatlik amaliy mashg'ulot o'tib, avtomashina rulini boshqarishning barcha sir-sinoatlarini o'rgatamiz. 8 o'quv predmeti mazmun-mundarijasiga yo'l harakati qoidalari, sohaga oid qonunchilik asoslari, haydovchi madaniyati, avtomashina tuzilishi, uning texnik xavfsizligini ta'minlash, yo'l-transport hodisasi ro'y berganda jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish kabi eng muhim jihatlar singdirilgan. Haftaning belgilangan uch kunida olib boriladigan nazariy mashg'ulotdan so'ng har bir o'rganuvchiga 69 soatlik amaliy saboq tashkil qilinadi. Instruktor avtomaktabning yopiq maydonchasida o'quv mashqlarini o'tkazib, avtoulov boshqarish bo'yicha har bir o'rganuvchiga saboq beradi. Erkaklar bilan teppa-teng, hattoki ulardan o'zib haydovchilik malakasini o'zlashtirayotgan opa-singillarimiz ko'p. Yakuniy bosqichda ularning har biri test savollarini yechib, zaruriy ballni to'plasa, avtomashinani bexato haydasa, haydovchilik guvohnomasini olishi mumkin.
Ko'plab turar-joy, madaniy-maishiy inshootlar, ko'priklar, yo'llar bunyod etilayotgani, transport vositalarining ko'payishi, xullas, tuman, shahar infratuzilmalarining o'zgarishi rulga o'tiradigan kishidan sergaklikni, ogohlikni talab qilmoqda. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, har yili yo'l-transport hodisalari tufayli 1,3 million kishi vafot etadi. Bu esa haydovchidan o'ta sergaklikni, ogohlikni talab qiladi. Poytaxtimiz markaziy ko'chalari, mahallalari va kamqatnov bo'lgan ichki yo'llari, barcha viloyat, tumanlarda avtomashinani ravon va xavfsiz boshqarib ketayotgan xotin-qizlarni ko'rasiz.
— Avtomaktabda o'qishimga turmush o'rtog'im qat'iy qarshi chiqqan, – deya eslaydi Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor Feruza Xolmurodova. — Serqatnov yo'ldan kesib o'tishda qo'rqqanim, yo'l harakati qoidalarini puxta bilmasligim tufaylimikan, ancha vaqtgacha rozi bo'lmadi. O'rganib qo'yaveray, zarari yo'q, bir kuni foydasi tegib qolar, deb oyoq tirab turib oldim. Xullas, u kishi ko'ngachgina, 2018 yil iyun oyidan boshlab uyimizga yaqin hududdagi avtomaktabga qabul qilindim. O'sha kezlarda o'quv kursi uch oy belgilangan edi. Avgust oyi oxirlarida imtihon topshirib, sal vaqtdan so'ng haydovchilik guvohnomasini oldim. Endi meni juda katta qo'rquv — avtomashinani boshqarish amaliyoti kutardi. To'g'ri, avtomaktabda instruktor ko'magi bilan rulga o'tirganman, haydaganman. Ammo mustaqil rulga o'tirishning hayajoni boshqacha bo'larkan. Instruktor qulog'imga quydi: “O'rindiqqa yaxshilab joylashib oling, xavfsizlik kamarini taqing va diqqatni jamlang”. Rioya qildim, sekin-asta, kamqatnov yo'laklarda, maxsus maydonchalarda mashina ruliga o'tirib, haydashni o'rgandim. Ilk bor o'tirganimda, shunaqa katta ulovni boshqara olarmikanman, degan tahlika butun vujudimni egallab olgan. Yoqimli musiqa qo'yib, kengfe'l dugonalarimni yonimga o'tirg'izib, o'rganib oldim. Mana, besh yildirki, mashinani qo'rqmasdan, ikkilanmay boshqaraman. U meni to'g'ri tushunadi, men uni. Mashinam bilan barcha ishlarim qisqa vaqtda bitadi. Boshida qarshilik qilgan turmush o'rtog'im hozir: “Yaxshiyamki, o'qib-o'rgangan ekansan, farzandlarimizning o'qishga qatnovidan ko'nglim to'q”, deydi. Ba'zan yo'l harakati qoidalarini buzib qo'yganim, tezlikni oshirganim uchun jarima to'lagan kezlarim ham bo'ladi. Bu holat men kabi rulga o'tirgan opa-singillarimizni hushyorlikka va saboq chiqarishga undaydi.
— Men 2007 yildan beri avtomashina rulidaman, – deydi Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi yana bir ayol Munisa Ergasheva. — Rulga o'tirishim bilanoq xavfsizlik kamarini taqib olaman. Turli rusumdagi mashinalarni haydaganman, ayni vaqtda “Monza” rusumli Xitoy avtomashinasi bilan uydan ishga, ishdan uyimga qatnayman. Muntazam ravishda haydagach, yo'lning qaerida, qanday holat, mo'ljalni qanday olish kerak, bilib qolasiz. Ishga barvaqt ketaman, yo'llar tirbandlikdan xoli, yurishga xalaqit beruvchi transport vositalari bo'lmasa, emin-erkin, xavfsiz, ammo yo'l harakati qoidalariga rioya qilgan holda osoyishta rul boshqarib ketaman. Kechki payt ishdan kech chiqqanim bois, yo'lda bemalol harakatlanib, birpasda uyimga yetib olaman.
Ha, har birimizni har kuni yo'llar chorlaydi. Xoh erkak, xoh ayol bo'lsin, avtomashina rulidagi insonlar manziliga eson-omon yetib olsin!
Hulkar TO'YMANOVA,
jurnalist.
