NAYSON

Sariosiyo tumanidagi 45-sonli maktabda o'qiganman. Sakkizinchi sinfda o'qib yurgan paytlarimda maktabimizda turli tadbir va musobaqalarga qatnashish men uchun juda qiziq edi. Sinfimizda alohida bir liderlar guruhi bo'lar, zakovat yoki yosh kitobxon kabi tanlovlar o'tkazilsa, jamoaviy qatnashib, har doim oliy o'rinlarni olar edik.

Direktorimiz Furqat Saidov  adabiyot ustozi bo'lganliklari uchun ham  o'quvchilarga alohida adabiyot to'garagini ochishga qaror qildilar. Unga nom  tanlab berish maqsadida akalari O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyidga qo'ng'iroq qildilar. Ustoz bahor yaqin bo'lgani sababli   “Nayson”, ya'ni “bahor” deb nomladilar va bizning rivojimiz uchun duo qildilar.

To'garagimiz maktabimizdagi Sirojiddin Sayyid tomonidan tashkil etilgan  kutubxonada bo'lar, guruh a'zolari 18 ta  bo'lsa, shundan 8 tasi men va mening sinfdoshlarimdan iborat edi. Haftada bir marta, dushanba kuni darsimiz tugagach, ikki-uch soatlab ustozning darsiga kirib yangidan-yangi bilimlar va vazifalar oladigan bo'ldik. Darslarning birida ustozimiz Chingiz Aytmatovning urush davri haqida hikoya qiluvchi “Erta qaytgan turnalar” va “Jamila” asarlarini  o'quvchilarni ikki guruhga bo'lib uyga vazifa qilib berdi. Men birinchi guruhda bo'lganim uchun “Erta qaytgan turnalar” qissasini o'qishim lozim edi. O'sha kuni birinchi marta katta bir kitobni 3 kunda o'qib tugatdim. Qissaning ichidagi voqealarga shunchalik sho'ng'ib ketganimdan uydagi ko'p ishlarni bir chekkaga surib, tasavvurimda kino yaratar  edim.

Mana, dushanba kuni ham keldi. Hamma berilgan vazifalarni muhokama qila boshladi. Ular shunchaki o'qigan hikoyani so'zlab ketdilar, ammo hech qaysi bir o'quvchi qissalarni oxirigacha o'qimagandi, shuning uchun hamma o'zlarining fikrlarini to'liq bayon qilib bera olmadi. Qissani to'liq  o'qiganim uchun eng so'ngida chiqmoqchi bo'ldim. Va nihoyat, menga navbat keldi. Direktorimiz bizning guruhga yuzlandi va “Kim qissani o'qib keldi? Sug'diyona, uyga vazifaga tayyormisan?” deya savol berdilar. “Ha, ustoz, tayyorman”, dedim va o'rnimdan turib qissa hamda undan olgan taassurotlarimni so'zlay boshladim.

— Kitob 1975 yilda nashrdan chiqqan. Asarda erkaklar urushga ketgach, kolxoz ishlari ayollar, maktab o'quvchilariga qolgani va ular bug'doy yetishtirish uchun og'ir mehnatga jalb qilinganligi, bolalar erta qaytgan turnalarni ko'rganda bu yilgi hosil mo'l bo'lishidan umid qilganligi to'g'risida salkam 20 daqiqa  gapirdim. So'ng ustozimdan “Qissa yakunlanmay qolganmi?” – deya so'radim.

Ular esa yozuvchilar har doim ham asarni oxirigacha tugatmasligi, o'quvchilarga o'zlari fikrlashi uchun savol tashlab qo'yishi va bundan o'zlari xulosa chiqarib olishi haqida fikr bildirdilar.

Uyga vazifa berish vaqti ham kelib qoldi. Bu safar ustozimiz bizga Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf she'rlaridan namunalar berib, bizga ham bir-ikkita o'z qalamimizga doir she'rlar yozib kelishimizni aytdilar.  Ustoz darsni tugatar ekan, bizni yanada kitobxonlikka qiziqtirish uchun dushanba kuni kim berilgan uyga vazifani chiroyli ifodalab bersa, Sirojiddin Sayyidning yangi nashrdan chiqqan she'riy kitobini sovg'a qilishlarini aytdilar.

Bu biz uchun katta sovrin edi. Shu kitobni olish uchun ham do'stlarimiz bilan ancha raqobatlashardik. Sog'lom raqobat esa, insonni yuksaltiradi. Bu darsimiz o'sha yil hisobidagi so'nggi darsimiz bo'ldi. Koronavirus sababli karantin boshlangach, maktab ham, to'garak ham to'xtatildi. Men esa  uyda zerikib qolmaslik uchun keyingi o'quv yilining yosh kitobxon tanloviga tayyorlana boshladim. Buning uchun bobomning kutubxonalaridagi kitoblardan foydalandim. Aynan “Nayson” to'garagi mendagi kitoblarga bo'lgan mehrimni kuchaytirdi va jurnalistikaga bo'lgan qiziqishimni oshirgan desam, aslo xato bo'lmas.

Sug'diyona ABDUG'AFFOROVA,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =