Jurnalistlar uchun muhim qo'llanma

Yangi O'zbekiston sharoitida sud hokimiyati va OAV o'rtasidagi o'zaro munosabat qay darajada? Sud transparentligining mohiyati nimadan iborat? Yoki siyosiy partiyalarning faoliyatini targ'ib etishda Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati mavjudligidan xabaringiz bormi? Parlament jurnalistikasi qoidalaridan-chi? Bilasiz, huquqiy masalalar o'ta nozik. Shu masalalarni yoritishda kasb etikasiga rioya qilish juda zarur. Xo'sh, bu borada bilim va tajriba qay daraja muhim? Sud hali hukm chiqarmasdan, jurnalist sud jarayoni haqida maqola yozishi mumkinmi? Shu va boshqa savollarning aniq va mufassal, misollar bilan javoblari, albatta, har bir jurnalist uchun ahamiyatlidir. Chunki sohaga oid qonunlar va boshqa huquqiy me'yorlarni bilmasdan, ayniqsa, huquq mavzuiga oid qalam tebratishning iloji yo'q. Xo'sh, buning uchun nima qilish kerak? Bizga bu borada jurnalistika va huquq yo'nalishidagi kitoblar, darsliklar, qo'llanmalar rosa asqotadi.
Xayriyatki, so'nggi yillarda shunday kitoblar, qo'llanmalar chop etilmoqda.
Jumladan, yaqinda ko'pchilikning qiziqishini uyg'otgan “Ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari: nazariya va amaliyot” o'quv qo'llanmasi bu borada bizga, ayniqsa, jurnalistika maslagini tanlagan yoshlarga ham nazariya, ham amaliyot jihatidan ko'makdosh bo'lishiga shubha yo'q. Uning muallifi — filologiya fanlari nomzodi, dotsent Olimjon O'sarov mamlakatimiz jurnalistikasining bilimdonlaridan biri. U ham Toshkent davlat universiteti (bugungi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini, ham Toshkent davlat yuridik universitetini bitirgan. E'tiborlisi, jurnalistikaning barcha yo'nalishlarida: televidenie, gazeta-jurnal, internet, ayniqsa, axborot xizmatlarida ishlab, katta tajriba orttirgan yetuk mutaxassis. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati (II chaqiriq) sifatida faoliyat yuritish asnosida OAV sohasiga oid bir necha qonun hujjatlarini tayyorlashda ham faol ishtirok etgan edi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Sudi axborot xizmatining rahbari lavozimida ham samarali ishlagandi. Ya'ni u soha bo'yicha katta tajriba va maktabni o'tagan mutaxassis va ijodkor hisoblanadi.
Xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin” degan maqol bor. Olimjon O'sarovning tadqiqotlari bundan oldin ham kitob shaklida keng auditoriyaga taqdim etilganidan jurnalistlarimizning xabarlari bo'lsa kerak. Masalan, 2012 yilda “Pablik rileyshn”, keyinroq “Ommaviy axborot vositalari va sud hokimiyati munosabatlari: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot”, “O'zbekistonda siyosiy partiyalarning jamoatchilik bilan aloqalari” kabi monografiyalari chop etilgan edi.
“Ommaviy axborot vositalari va axborot xizmatlari: nazariya va amaliyot” qo'llanmasi esa, muallif va tadqiqotchining so'nggi yillarda Yangi O'zbekistonda yuzaga kelgan real holat, qonunchilikdagi yangiliklar hamda sohaning istiqbolini inobatga olgan holda tayyorlangan mukammal ishdir.
O'quv qo'llanma kirish, to'rt bo'lim va 11 ta bobdan iborat. Va har bir bob qonunchilik hamda mass-mediaga oid bugungi kunda o'ta dolzarb masalalarga aylangan, jumladan, sudlarda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashda mass-medianing o'rni va roli, siyosiy partiyalarning jamoatchilik bilan aloqalari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida jurnalistlarni akkreditatsiya qilish tartib va qoidalari, hozirgi zamonda demokratik jarayonlarni yanada rivojlantirish yo'lidagi muhim omillardan biri: jamoatchilik bilan aloqalarning samarali vositalari kabi mavzularni ichiga olgan. Barcha mazkur mavzularni yoritishda Prezidentimizning “Xalq bilan muloqot” tamoyiliga izchil rioya etilgan. Uning asnosida so'nggi yillarda to'plangan boy hayotiy tajriba hamda dunyoning rivojlangan mamlakatlarida mazkur masalalar qay darajada hayotiy tus va mazmun olgani sodda uslubda bayon etilgan. Talqin qilingan mavzularga tarixiy nuqtai nazar bilan yondashuvlar ham kuzatiladi. Masalan, Sharqda qadim va o'rta asrlarda jazolash jarayoni qanday amalga oshirilganiga oid misollar keltirilgan. Inson huquqlari va sud shaffofligi xususida so'z yuritilganda Shavkat Mirziyoyevning “Sud ostonasiga qadam qo'ygan har bir inson O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak” mazmunidagi so'zlari asosiy qoida sifatida talqin qilingan.
To'g'ri, sud tizimi O'zbekistonda yil sayin takomillashib, demokratlashib bormoqda. Ushbu hayotiy jarayonlar davomida jurnalistlar zimmasiga jiddiy fuqarolik mas'uliyati, professionalizm, masalaga huquqiy mos ravishda yondashuvi o'ta muhim ekanligini kitob mutolaasidan so'ng anglaysiz.
Muallifning har bir masala bo'yicha statistik ma'lumotlardan keng foydalangani bayon etilgan har bir talab, qonun-qoidaning ta'sirini oshirgan, ishonchli chiqqan. Shu tariqa, sud qarorlarini OAVga joylashtirish shakllarining qoidalari ham ifoda topgan.
Nima uchun fuqarolar huquqi buzilganda ko'p holatlarda sudlarga yoki huquqni muhofaza qilish organlariga emas, OAVga, jurnalistlarga murojaat qilishadi? Bu ham alohida bir mavzu, masala. Kitobda ushbu holat sabablari ham izohlab berilgan. Lekin, afsuski, aksar jurnalistlarimiz huquqiy bilimlari yetishmayotganligi, shuningdek, kasb etikasini unutish holatlari tufayli jamoatchilikka noto'g'ri ma'lumotlarni yetkazadi. Bunday xatolarning oldini olish uchun mazkur qo'llanma bilan mufassal tanishib olish jurnalistlarning professional darajasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Binobarin, so'nggi paytlarda jurnalistlarning ixtisoslashuviga alohida e'tibor berilayotgani ayni muddaodir. Aytishlaricha, bugungi kunda birgina O'zJOKUda jurnalistikaning 15dan ortiq yo'nalishi bo'yicha jurnalist-mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Yana bir muhim masala. Turli davlat va nodavlat tashkilotlar, idoralarning matbuot konferensiyalarida qatnashamiz. Albatta, bunday tadbirlarni tashkil etish borasida so'nggi paytlarda deyarli barcha darajadagi vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlarida faoliyat boshlagan axborot xizmatlari yoki matbuot kotiblarining o'rni beqiyos. Ammo gohida matbuot konferensiyasi uchun tayyorlangan “press-reliz” mukammal taqdim etilmaydi. Biroq, ushbu qo'llanma bu borada ko'mak beradi. Unda press-relizning tushunchasi va tasnifidan tashqari, uni tayyorlash usullari ham bayon etilgan. O'ylaymizki, press-relizga oid qo'llanmaning yakuniy qismidan joy olgan ma'lumotlar axborot xizmatlaridan tortib, mavzuni yoritishga azm qilgan jurnalistlargacha — barcha kasbdoshlarimiz uchun ahamiyatli.
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Yangi O'zbekiston — demokratik qonunlar, yuksak huquqiy madaniyatga ega fuqarolar mamlakati” ekan, jurnalistlar sohaga oid adabiyotlar, bu kabi qo'llanmalarni o'qib, ham nazariy, ham amaliy bilimlarini boyitib, barcha mavzularga professional yondashishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'yadilar. Xususan, mazkur qo'llanma va boshqa yuridik adabiyotlar bizga ko'makdosh va dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.
Shoqahhor SALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
a'zosi.