“Xorazm jadidchilik harakati ensiklopediyasi” nashrdan chiqdi

Ma'lumki, ensiklopediya muayyan tizimga solingan keng qamrovli bilimlar to'plami, ilmiy yoki ilmiy-ommabop nashrdir. Ensiklopediya maqolalari alifbo tartibida joylashtirilib, maqolalarda so'zlarning etimologiyasi, transkripsiyasi muayyan tartib bilan beriladi. Yoritilayotgan tushuncha haqida ko'proq ma'lumot olish uchun muhim adabiyotlar ro'yxati (bibliografiya) ko'rsatib o'tiladi.

Agar dunyo tajribasiga e'tibor qaratsak, XIX asr va XX asrning birinchi yarmida Fransiya, Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda ham universal va soha ensiklopediyalari nashr etilgan. Xalqaro doiralarda hozir ham Buyuk Britaniyaning “Britannika” (“Britaniya ensiklopediyasi”), Fransiyaning “Katta Laruss”, Germaniyaning “Katta Brokgauz” universal ensiklopediyalari e'tirof etiladi. O'zbekistonda ham 1971-80 yillarda 14 jildlik “O'zbek sovet ensiklopediyasi” (O'zSE) nashr qilingan edi.

Dunyo davlatlarida insoniyat taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan Dante, Shekspir, Gyote, Betxoven, Dikkens, Byorns singari adabiyot va san'atning buyuk darg'alariga bag'ishlangan ensiklopediyalar allaqachon o'z muxlislarini topib ulgurdi, ilmu fanda e'tirof qilindi.

Yoki Belarusda Yanka Kupala, Rossiyada Dostoyevs­kiy, Lermontov, Ukrainada Taras Shevchenko, Qirg'izistonda “Manas”, Ozarbayjonda “Dada Qo'rqut”ga bag'ishlangan ensiklopediyalar yaratilganini ham olqishlash, e'tirof etish kerak.

Istiqlol yillarida O'zbekiston Respublikasida “Toshkent” ensiklopediyasi, 1 jildlik Bolalar ensiklopediyasi, Xotin-qizlar ensiklope­diyasi va 12 jildlik “O'zbekiston milliy ensiklope­diyasi” chop etilganini mamnuniyat bilan aytish mumkin.

Ayniqsa, Bobur nomidagi xalqaro fondning tashabbusi natijasida “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” yaratilganini xalqimizga qilingan ma'naviy tuhfa bo'ldi desak bo'ladi.

Tabiiyki, ensiklopediya yaratish zahmatli ilmiy mehnatni, vaqtni talab qiladi va bunga ko'plab intellektual ilmiy xodimlar jalb qilinib, ularning ishlari umumlashtirib borilsagina yetuk ilmiy nashr yuzaga keladi.

Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, turkiy musulmon xalqlar hayotidagi fenomen, Milliy uyg'onish harakati bo'lgan jadidchilik harakati, xususan, Xorazm jadidlari harakatiga oid tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent Umid Bekmuhammad tomonidan yaratilgan “Xorazm jadidchilik harakati ensiklopediyasi”ni zahmatli mehnat, izlanishlarning o'ziga xos natijasi, muhim yutug'i deya e'tirof etish mumkin.

Umid Bekmuhammad hali talabalik davridan Xorazm jadidlari hayoti, faoliyati bilan qiziqib, ular to'g'risida izlanishlar olib boradi. Xususan, 1995 yil mart oyida viloyat matbuotida uning bir bosma taboqli Islomxo'jaga bag'ishlangan ocherki chop etilgandi. Muallif Bobooxun Salimov, Xudoybergan Devonov, Polvonniyoz Yusupov, Bekjon Rahmon, Xorazm Xalq Respublikasining birinchi rahbari Jumaniyoz Sultonmurodov va uning qizi, jadidlar izdoshi Maryam Sultonmurodova va bosh­­qa namoyandalarning faoliyati to'g'risida matbuot­­da, kitoblarida, internet saytlarida 100 ga yaqin maqolalar nashr qildirdi.

Natijada o'tgan davr mobaynida tarixchi tomonidan Xorazm jadidlari, jadidchilik harakati, ularning maqsad, vazifalari bo'yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borayotgani uchun, unda o'sha yillardagi jarayonlar, namoyandalar faoliyati, umuman, davr manzarasi to'g'risida taassurot, ilmiy salohiyat shakllangandi. Shu bois hozirgacha yaratgan maqolalari, kitoblaridagi ma'lumotlarni boshqa manbalarga qiyosan taqqoslagan, yangiliklarni qo'shgan holda ushbu ensiklopediyani yaratishga jazm qildi. Ensiklopediyada faqat Xorazm jadidlarigina emas, ular bilan bog'liq maktab, pedagoglar va ularning bitiruvchilariga, matbuot, dramaturgiya, islohotlar, xonlik va respublika davridagi hamkorlik qilgan shaxslarga ham to'xtalib o'tilgan hamda shu orqali davr manzarasini yaratishga, o'quvchi ko'z o'ngida namoyon qilishga harakat qilingan.

E'tiborlisi, ensiklopediyada Xorazmda tashkil etilgan jadid maktablari, ularning qaysi hududlarda faoliyat ko'rsatgani, tashkilotchilari, pedagoglari, o'quvchilari, o'tkazilgan islohotlar, jadidlar bilan bog'liq shu davrdagi jarayonlar, xullas, o'sha davr manzarasi qamrab olingan.

Ayrim misollar:

Abdurahmon AFANDI (? — 1907) — Xorazmdagi jadid maktablarida o'qituvchi bo'lib faoliyat ko'rsatgan tatar ma'rifatparvari. 1898 yilda Orenburgdan Xivaga taklif qilingan. Dastlab Xivadagi, so'ngra Yangi Urganch shahridagi jadid maktabida o'qituvchilik qilgan. 1907 yil Yangi Urganchda vafot etgan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasi, 1908 yil 18 yanvar.

AHMAD NURIDDIN — Xivadagi jadid maktabida faoliyat ko'rsatgan pedagog. Bosh vazir Islomxo'ja tomonidan tashkil etilgan Xivadagi jadid maktabida o'qituvchilik qilgan. Ushbu ta'lim maskani “Maktabi Rushdiya” (o'rta maktab) deya nomlangan. 1907 yil 28 may kuni valiahd Asfandiyor va bosh vazir Islomxo'ja, 31 may kuni Qozikalon Salimoxun va boshqa oxun, mudarrislar maktab o'quvchilarini imtihondan o'tkazishadi. Natijada Ahmad Nuriddinning xorazmlik o'quvchilarga berayotgan ta'limi yuqori baholanadi. Ahmad Nuriddinning hayoti va Xorazmdagi pedagogika taraqqiyotiga qo'shgan faoliyati tarix fanida tadqiq qilinmagan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasi, 1908 yil 18 yanvar.

YuSUF AFANDI AHMAD O'G'LI — Xorazmdagi jadid maktabida faoliyat olib borgan pedagog. 1907 yilda Xiva xoni Feruzxon tomonidan Qozon shahridan Husayn afandi bilan birga taklif qilingan va Xivadagi jadid maktabida o'qituvchilik qilgan. Yusuf afandi ishlagan maktab tezda o'quvchilar, ota-onalar e'tiborini tortib, ta'lim sifati bo'yicha Xorazmdagi rus-tuzem, jadid va an'anaviy eski maktablar o'rtasidagi raqobatda oldingi darajaga chiqqan. Yusuf afandining hayoti va Xorazmdagi ta'lim taraqqiyotiga qo'shgan hissasi tarix fanida tadqiq qilinmagan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasi, 1908 yil 4 aprel.

MAMAT (MUHAMMAD) MAHRAM — Xiva xonligida Feruzxon davrida mahram lavozimida faoliyat ko'rsatgan va o'z uyida jadid maktabi tashkil qilgan shaxs. O'sha davrda xonlikda ikkita shu nomdagi mahram bo'lgan: birinchisini katta Mamat mahram, ikkinchisini kichik Mamat mahram deya atashgan. Jadid maktabi ochgan va me'moriy obidalar — madrasa, masjid va minora barpo ettirgan katta Mamat (Muhammad) mahram bo'lgan. Kichik Mamat mahram Feruzxon va Asfandiyorxon davrlarida saroydagi eng ishonchli amaldor darajasiga erishgan va 1912 yilda Asfandiyorxon boshliq delegatsiya tarkibida Sankt-Peterburg shahriga borgan.

Katta Mamat Mahram taraqqiyparvar shaxs sifatida “Tarjimon” (Qrim), “Taraqqiy” (Toshkent) va boshqa gazetalarga obuna bo'lgan. Ramazon Saydashev, Ahmad Agiyev singari tatar o'qituvchilar bilan maslakdoshlikda Xorazmda jadid maktablari ochilishi uchun sa'y-harakat olib borgan. 1903 yilda Deshon qal'aning janubi-g'arbiy qismidagi Kaltaminor mahallasida masjid, madrasa, minora ham barpo ettirgan.

Saroy amaldorlariga ibrat tarzida o'z uyida jadid maktabini ham 1905 yilda tashkil etgan va unda Qozon shahridan kelgan tatar o'qituvchilari ta'lim berishgan. Mamat (Muhammad) mahram 1909 yilda vafot etgan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasining

1900-1910 yillardagi sonlari.

MUHAMMAD RIFO KARVONBOShI — XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Xorazmda yashab o'tgan va jadid maktablarini qo'llab-quvvatlagan taraqqiyparvar shaxs. Eron, Rossiya hududlariga savdogarlarning yuklarini tashiydigan karvonga va Orenburg, Qozon, Mashhad, Xiva, Yangi Urganchdagi savdo do'konlariga egalik qilgan. Dunyo taraqqiyotini bevosita ko'rib kuzatgan va Xorazmni ham rivojlantirish istagida o'z davri uchun zamonaviy do'konlar tashkil qilgan. Daromadidan jadid maktablarini ta'minlab turgan. 1898 yil Orenburg, 1907 yili Qozon shaharlaridan Xorazmdagi jadid maktablari uchun o'qituvchilarni olib kelishga boshchilik qilgan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasining 1884-1916 yil sonlari.

Xorazmdan Qrimdagi Ismoil Gaspralining “Tarjimon” gazetasiga maqolalar yuborib, vohadagi jarayonlarni yoritib borgan jurnalistlar faoliyatiga ham ensiklopediyada to'xtalib o'tilgan:

SAYDAShEV RAMAZON — XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Xorazmda faoliyat ko'rsatgan pedagog va jurnalist. Ramazon Saydashev Xivadagi dastlab rus-tuzem, keyinchalik Mamat mahramning jadid maktabida faoliyat ko'rsatgan. Ramazon Saydashevning maktabdagi pedagoglikdan ham ahamiyatli tomoni Xorazmdan Qrimga — “Tarjimon” gazetasi bosh muharriri Ismoilbek Gaspraliga maqolalar yozib turganidir. Ismoilbek Gasprali xorazmlik Ramazondan kelgan har bir xabarni gazetada “Xivadan maktub” ruknida chop etib turgan. “Mulla Ramazon”, “Ramazon Saydashev”, “R.Saydashev” nomlari ostida vohada kechayotgan har bir jarayon, voqelik­lar gazetada nashr qilinib turilgan. Oldinlari Rossiya, Kavkaz, Turkistondagi gazetalar va muxbirlar orqali yoritib borilgan Xorazm bilan bog'liq jarayonlar bevosita Ramazon Saydashevning jurnalistlik faoliyati orqali Qrimda nashr etilib, minglab muxlislar va turli hududlarga yetib bordi. (R.Saydashev maqolalari sarlavhalari va sanasi ilovada berildi). Ramazon Saydashevning pedagoglik va jurnalistik faoliyati tarix fanida umuman tadqiq qilinmagan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasining 1884-1916 yil sonlari.

Vohadagi jadidlar bilan bog'liq tashkilotlar ham muallif e'tiboridan chetda qolmagan:

TA'SISOTI XAYRIYa — Xorazm jadidlarining ta'lim, ma'rifatparvarlik g'oyalarini qo'llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan tashkiloti nomi. 1912 yilda Xivada tashkil etilgan. Bosh vazir Islomxo'ja tashabbusi bilan tashkil qilingan. Ismoilbek Gaspralining 1912 yil 24 fevralda “Tarjimon” gazetasida yozilishicha, “Islomxo'ja Xivada ta'sisoti xayriya vujudga keltirish uchun o'zidan 100 ming rubl iona yetgan”, Boshqa jadid mulkdorlari ham tashkilotni qo'llab xayriya ishlarini olib borishgan.

Ad.: “Tarjimon” gazetasining 1912-1916 yil sonlari.

XALQ UNIVERSITETI — 1921 yilda Xorazm jadidlari tomonidan Xivada tashkil qilingan oliy o'quv yurti. Universitetning tashkilotchisi va rektori Bekjon Rahmon bo'lgan. O'z davri uchun eng zamonaviy o'quv-uslubiy dasturlar, adabiyotlar bilan ta'minlangan. 1922 yilda oliy o'quv yurti faoliyati tugatilgan.

Ad.: Ollanazar Sobirov. “Qurbon Beregin”,   “Xorazm” nashriyoti. Urganch — 1996 y.

YaNGI URGANCh SAVODXONLIGI JAMIYaTI — Xiva xonligida 1913 yilda jadidlar tomonidan tashkil etilgan jamiyat. Islomxo'janing 9 avgustdagi o'limidan so'ng uning taraqqiyparvarlik ishi ko'lamini kengaytirish, jadid maktablari sonini ko'paytirish, ularga o'qituvchilar taklif qilish, darslik va qo'llanmalarni yaratish, maktab bitiruvchilarini xorijga yuborishni maqsad qilib olishgan. Bu maqsad yo'lida 1914 yilda Yangi Urganchdagi zamonaviy binoda Qozon shahridan kelgan o'qituvchilar ikkinchi jadid maktabini tashkil qilishadi. Biroq 1916 yil qo'zg'olonlari va 1917 yildan ke­yingi tazyiqlar sabab Chorjo'y shahriga ketib, faoliyatini davom ettirishadi. Jamiyat ham 1917 yil kuzida o'z faoliyatini to'xtatadi.

Xullas, ensiklopediyadan shu singari muallifning yillar davomida arxiv hujjatlari, ilmiy nashrlar, matbuot nashrlari, qolaversa, “Tarjimon” gazetasining 1883-1916 yillardagi sonlaridan to'plagan ma'lumotlari asosidagi maqolalari o'rin olgan.

Tabiiyki, bu tadqiqotga o'tgan davr ichidagi Umid Bekmuhammadning izlanishlari sabab yaratilgan ensiklopediyaning dastlabki varianti deb qaramoq lozim. Ensiklopediyada qandaydir akademik ilmiy uslub aks etmay qolgan fikrlar, gohida publitsistikaga xos so'zlar va yana e'tiborimizdan chetda qolgan juz'iy kamchiliklar bordir, ehtimol. Negaki, tarixiy davrga oid qomusni tayyorlash katta bir ilmiy intellektual guruhning birlashgan, ular ishini umumlashtirgan tarzdagi zahmatli mehnatini talab qiladi. Tabiiyki, birlashib ishlash uchun mavzuimiz bo'lgan jadidlarga xos matonatli, fidoyi bo'lish shaxs siyratida bo'lmog'i lozim. Ushbu nashr esa bor-yo'g'i Umid Bekmuhammadning tayyorlagan materiallaridan iborat.

Urganch shahridagi “Milleniumus print” nashriyotida chop etilgan 340 sahifalik ushbu kitobda ilova sifatida Xorazm jadid ijodkorlarining she'rlari, namoyandalar faoliyatiga oid noyob rasmlar, hujjatlar, jadid maktablaridagi darslik, qo'llanmalarning ayrimlari ilova qilingan.

Muallifni zahmatli mehnati, intilishlari natijasi bilan qutlagan holda, shu mavzuga oid yangi asarlarini kutib qolamiz.

Ishoqjon ISMOILOV,

filologiya fanlari nomzodi,

dotsent.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =