Rasul Hamzatov “Tanlangan asarlar”

“Adabiyot” nashriyoti O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida atoqli avar shoiri Rasul Hamzatovning “Tanlangan asarlar” kitobini chop ettirdi. Kitob Rasul Hamzatovning xalqimizga, tilimizga, hazrat Alisher Navoiyga hurmat-ehtiromi ifodasi bo'lgan so'zlari bilan boshlangan: “O'zbek xalqiga havasim keladi. Sizlar buyuk shoir Alisher Navoiyning vorislarisiz, ulug' millatning farzandlarisiz, katta tilning egalarisiz. Bu bilan faxrlanishingiz, xalqingiz, tilingiz kamoliga xizmat qilishdan charchamasligingiz kerak”. O'quvchilar mashhur shoirning insoniyat, adabiyot, xalqi va Vatani oldidagi buyuk xizmatlarini teranroq anglashlari uchun taniqli zamondosh adiblarning Rasul Hamzatov haqidagi e'tiroflaridan lavhalar berilgan.
Rasul og'a yozgandilar: “Meni she'rlarimda burgut so'zini ko'p ishlatganim uchun tanqid qilishadi. Nima qilay, menga boshqa qushlardan ko'ra burgut ko'proq yoqadi. Negaki, burgutlar balandroq va uzoqroq uchishadi”. Bilamizki, burgutni yuksakliklarga qo'sh qanoti ko'taradi. Qaysi adabiy davrada bo'lmasin, Vatan, til, millat, qadriyatlarga bag'ishlangan eng yaxshi asar haqida so'z borsa, “Mening Dog'istonim” badiasi, dunyodagi eng aziz zot — Onani ulug'lovchi asar to'g'risida fikr yuritilsa, “Onalarni asrang” dostoni tilga olinadi. Darhaqiqat, adabiyot osmonida burgut yuksakligiga ko'tarilgan Rasul Hamzatovning birinchi qanoti “Mening Dog'istonim” badiasi bo'lsa, ikkinchi qanoti “Onalarni asrang” dostonidir. Shu bois bu asarlar jahonning ko'pgina tillariga tarjima qilingan.
Shoirning qo'sh qanoti bo'lgan badiasi va dostoni ona tilimizda chiqqan “Tanlangan asarlar” kitobidan munosib o'rinni egalladi. 1971 yili rus tilida, 2011 yili ona tilimizda chiqqan “Mening Dog'istonim” badiasida Vatanga muhabbat, milliy urf-odatlarga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, sof sevgiga sadoqat ajib rang-bo'yoqlarda tasvirlangan. Benazir shoir bu asarida xalq hikmatlari, iboralari, hikoyatlaridan unumli foydalangan. O'zining qiziqarli ko'rgan-kechirganlari, esdaliklari, asar ruhiga yo'g'rilib ketgan purma'no she'rlari esa badiaga tarovat bag'ishlagan. Shu bois sevimli shoirimiz Abdulla Oripov badiaga yozgan so'zboshisida quyidagi so'zlarni mehr bilan bitgandi: “Kitobda yuzlab, minglab yombi fikrlarni, hikmatlarni uchratish mumkin. Ularning hech biri atayin o'ylab topilgan emas. Muallif ajdodlar, zamondoshlar tajribasiga tayanadi. Har qanday siyosatning igna ko'zidek teshigidan ham “tuya”ni bemalol o'tkaza oladi. Mana buni mahorat desa bo'ladi”.
Hassos shoirning ikkinchi qanoti — “Onalarni asrang” dostoni 1951-1976 yillar oralig'ida avar tilida yozilgan, rus tilida 1978 yili, ona tilimizda 2012 yili kitob holida nashr qilingan. Ko'pchilik Rasul Hamzatovga omad rosa kulib boqqan, qo'lini qayoqqa uzatsa yetgan, deb o'ylaydi. Tarixdan ma'lumki, haqiqatni yozgan shoir hech zamonda faqat olqishlarga ko'milmaydi. Jahon adabiyotining javohirlaridan biri deya baholangan “Onalarni asrang” dostoniga bag'ishlangan “Buyuk tuyg'u” maqolasida shoir shunday yozadi: “Doston olam yuzini ko'rish uchun oson yo'lni bosib o'tmadi. O'zim ham dostonni oson yozgan emasman”.
Doston yetakchi nashrlar qatorida tilga olinmaydigan “Znamya” jurnalida chop qilindi. Biroq asarning qaysi nashrda chop etilishi muhim emas ekan. Doston nashr qilingan jurnal qo'lma-qo'l o'qildi, ko'plab tillarga o'girildi. Buni shoir dostonga bag'ishlangan o'sha maqolasida shunday ifodalagan: “Doston turli yoshdagi, turli millat kishilari, turli kasbdagi, hatto o'zlari maktublarida iqror bo'lishicha, ilgari she'r o'qimagan, avval mening nomimni eshitmaganlar o'rtasida ham katta qiziqish uyg'otdi. “Do'stlarni asrang”, “Sevgi haqida kitob”, “Mening Dog'istonim” kitoblarim, “Turnalar” qo'shig'im mashhur bo'lganda ham muxlislardan buncha ko'p maktub olmagandim”.
Dostonda dunyodagi eng mehribon, eng mehnatkash va eng aziz zot bo'lgan onalar tarannum etilgan. Shoir faqat o'z onasi haqidagina emas, jahondagi mehribonlik timsoli bo'lgan barcha onalar to'g'risida yozgani uchun doston barchada katta qiziqish uyg'otdi, sevib o'qildi, hamon sevib o'qilmoqda va bundan keyin ham sevib o'qilaveradi. Chunki dostondagi voqelik hayot haqiqatining ifodasi emas, balki hayot haqiqatining o'zidir.
Ijodkor hayoti va ijodi haqida yozish eng qiyin vazifa. Negaki, ijodkor ichki kechinmalarini boshqalar bilishi amrimahol. Shu bois Rasul Hamzatovning muxtasar tarzda yozgan “O'zim haqimda uch og'iz so'z” sarlavhali tarjimai holining kitobga kiritilgani ayni muddao bo'lgan. Uni o'qir ekansiz, beixtiyor hushyor tortasiz. Shoirning dil izhori har bir o'quvchini undan ibrat olib, chin yurakdan Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi. Shuningdek, yosh kitobxonlarga ma'lumot berish maqsadida tarjimon Asror Mo'minning Rasul Hamzatov hayoti va ijodiga bag'ishlangan maqolasi ham kiritilgan. Zero, tarjimon maqolasida ta'kidlaganiday: “Rasul Hamzatov asarlaridagi yombi fikrlarni, umrboqiy hikmatlarni dilda takrorlab turish har birimiz uchun foydalidir”.
Kuni kecha nashrdan chiqqan Rasul Hamzatovning “Tanlangan asarlar” kitobi adabiyot muxlislari uchun ajoyib tuhfa bo'ldi.
Malika UBAYDULLAYEVA