Olovlar yurti haqida hikoya

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Sharofiddin To'laganovning navbatdagi kitobi “OLOVLAR YURTI — OZARBAYJON” deb nomlanadi. Unda muallifning “O‘zA”, “tnews.uz” saytlarida e'lon qilingan qator maqolalari jamlangan.
Sharofiddin To'laganov Ozarbayjonda ijodiy safarda bo'lganida mamlakat tarixi, o'tmishi va buguni haqida keng ma'lumot to'plashga harakat qildi. O'zi kezgan shahar va qishloqlar hayoti, Ozarbayjonning yurtparvar, millatparvar fidoyi insonlari, xalqning urf-odatlari, udumlari, tarixiy va zamonaviy maskanlari haqidagi taassurotlarini qog'ozga tushirishni ijodkorlik burchi deb bildi.
Kitob O'zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov so'zboshisi bilan ochiladi. Unda, jumladan, shunday fikrlar aytilgan:
“…O'zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi o'rtasidagi davlatlararo munosabatlar asosini uzoq o'tmishga borib taqaladigan mustahkam do'stlik rishtalari va qardoshlik, madaniyatlar, tillar hamda an'analar mushtarakligi, qadim davrlardan buyon ikki mamlakat xalqlarini bog'lab kelayotgan ma'naviy va insonparvarlik qadriyatlarining umumiyligi tashkil etadi.
Ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalari yil sayin rivojlanib bormoqda. Ayni damda o'zbek adabiyoti Ozarbayjonda, ozarbayjon adabiyoti O'zbekistonda keng targ'ib qilinishi borasida loyiha ishlab chiqildi. “XX asr ozarbayjon adabiyoti antologiyasi” o'zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi. Nizomiy Ganjaviyning “Sirlar xazinasi” kitobi ham o'zbek tilida nashr qilindi.
O'z navbatida, Ozarbayjonda ham o'zbek xalqining boy tarixi va madaniyatiga, uning jahon tamadduni taraqqiyotiga qo'shgan hissasiga nisbatan hurmat bilan yondashiladi. Masalan, buyuk o'zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ijodi Ozarbayjon zaminida hamisha alohida qiziqish uyg'otib kelgan… Boku shahrida buyuk o'zbek shoiriga haykal qo'yildi. Ozarbayjon poytaxtining markaziy ko'chalaridan biriga jahonga mashhur olim va davlat arbobi Mirzo Ulug'bek nomi berildi.
O'ylaymanki, kelajakda madaniy aloqalarimiz yanada yuksalaveradi…”
Kitobda Ozarbayjonning qadimiy va boy davlatchilik tarixiga ega bo'lganligi aniq dalillar asosida ko'rsatib berilgan. Shundan so'ng sobiq Ittifoq davridagi Ozarbayjon haqida to'xtalib o'tilgan.
Muallif mustaqil Ozarbayjon Respublikasining e'lon qilinishi va o'z erkiga erishgan mamlakatning dastlabki yillardagi vaziyat haqida so'z yuritar ekan, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishdagi harakatlarni bayon etadi. Ozarbayjonda nishonlanadigan bayramlar va unutilmas sanalar, ta'lim tizimidagi sezilarli yutuqlar beixtiyor kitobxon e'tiborini tortadi.
Kitobdan o'rin olgan taniqli davlat va jamoat arbobi Haydar Aliriza o'g'li Aliyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va uning turmush o'rtog'i Mehribon Aliyevaning hayot yo'llari, yurt obodligi, xalq farovonligi borasida amalga oshirayotgan ishlari haqidagi ma'lumotlar o'quvchida qiziqish uyg'otadi.
Kitob sahifalarida “Ozarbayjon — turizm rivoj topayotgan o'lka”, “Bir marta ko'tarilgan bayroq hech qachon pastga tushmaydi”, “Ozarbayjon mo''jizasi va siri”, “Dunyoda yagona — Naftalan”, “Barcha yo'llar Qobustondan boshlanadi”, “Ko'zim to'ymas qilsam sayru sayohat”, “Ozarbayjon G'arb va Sharq sivilizatsiyalarini bog'lovchi ko'prik”, “Shusha — Ozarbayjon musiqasining beshigi”, “Rishtalar abadiydir”, “Toshkent qarori olqishlandi” sarlavhali maqolalar hamda unutilmas sanalarga bag'ishlangan bitiklarda Ozarbayjon hayoti tasvirlangan.
Xullas kalom, taniqli jurnalist, siyosiy sharhlovchi Sharofiddin To'laganovning “OLOVLAR YURTI — OZARBAYJON” nomli kitobi O'zbekistondagi Ozarbayjon Respublikasi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi Madaniyat markazi tomonidan “Niso nashriyot va matbaa uyi”da chop etilgan.
Kitobxonni zeriktirmaydigan mazkur to'plamni o'qishni tavsiya qilgan bo'lardik.
Abdulla AYIZOV.